×

Huquq sohasida dunyoning birinchi raqamli oliygohi – Stenford universitetiga kirgan hamyurtimiz bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

11519 marta

CHOP ETILGAN

08.10.2020

Grantlar.uz jamoasi bu safar dunyodagi eng nufuzli oliygohlardan biri – Stenford universitetida huquqshunoslik bo’yicha magistratura kursida o’qish imkoniyatini qo’lga kiritgan hamyurtimiz – Asror Arabjanov bilan suhbat uyushtirdi. Suhbatni eʼtiboringizga havola etamiz.

Assalomu alaykum. O’zingiz haqingizda qisqacha ma’lumot bersangiz.

Ismim Asror Arabjanov. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster Universiteti Xalqaro Tijoriy Huquq fakulteti bitiruvchisiman. Talabalik davrimdan beri o’z yo’nalishimda xalqaro tijoriy huquqshunos / huquqiy maslahatchi bo’lib ishlab kelaman.

Huquqiy sohadagi ishimdan tashqari bir necha investitsion loyihalarda yetakchi rolda bo’lganman. Masalan, Namangan viloyati, Chortoq shahrida “Chortoq” tovar belgisi ostida mineral suv ishlab chiqaruvchi zavodning bosh direktori lavozimida ishlaganman va loyihani noldan ishlab chiqarish boshlanguncha o’z hissamni qo’shib kelganman. Undan tashqari, Andijon viloyati, Qo’rg’ontepa shahrida “Khantex-Group” tekstil klasteri ishchi guruhida yetakchi rolda bo’lganman. Jumladan, tekstil klasteriga paxta tozalash zavodi loyihasiga va mashina-traktor parkini yaratishga mas’ul bo’lganman.

 

Siz o’qishga kirgan kurs haqida ma’lumot bersangiz.

2020 yil Stenford Universiteti Huquq Maktabining Korporativ Boshqaruv va amaliyot kursiga magistraturaga (LLM in Corporate Governance and Practice) qabul qilindim. Barchaga ma’lum bo’lsa kerak, Stenford dunyoning axborot texnologiyalari markazi hisoblangan Kaliforniya shtatining “Kremniy Vodiysi” deb atalgan hududida joylashgan. Universitet nafaqat axborot texnologiyalari, balki huquq sohasida ham dunyoning yetakchi o’quv maskanlaridan hisoblanadi. Masalan, Times Higher Education’ning 2020-yilgi jahonning eng yaxshi universitetlari reytingida Stenford universiteti huquq sohasi bo’yicha dunyodagi birinchi raqamli o’quv maskani deb e’lon qilingan.

Men tanlagan yo’nalishga kelsak, LLM in Corporate Governance and Practice dasturi Stenfordning eng mashhur ikkita fakulteti –  Bizness Maktabi va Huquq Maktabi tomonidan taklif etilayotgan fanlarni o’z ichiga olgan. Dastur tarkibida huquqshunoslikka oid fanlardan tashqari buxgalteriya hisobi, bankrotlik, korporatsiyalar, moliya, kompaniyalarning birlashuv va qo’shilishi (M&A), qimmatli qog’ozlar, soliq va venchur kapitali kabi fanlar ham mavjud.

Korporatsiyalar va qimmatli qog’ozlar haqida dunyoning eng progressiv kompaniyalari (Apple, Google, Microsoft) joylashgan joyda o’rganmay, yana qayerda o’rganish mumkin?! 🙂

 

Stenford universiteti, u yerdagi tizim, sizga yoqqan (tanlashingizga sabab bo’lgan) jihatlari va boshqalar haqida nimalar deya olasiz?

Stenford Universiteti deganda talabalik paytlarimda tasavvurimga Stiv Jobs kelardi. Chunki o’sha vaqtlarda Stiv Jobsning Stenford Universiteti bitiruv kunida bergan “Stay hungry, Stay foolish” nutqi juda mashhur bo’lgan. Lekin janob Jobsning Stenfordga to’g’ridan-to’g’ri aloqasi yo’q. Hozirda esa, Stanfordni “Kremniy Vodiysi” asoschilari, janob Hyulet va janob Pakkard bilan, Google asoschilari Sergey Brin va Larri Peyj, Tesla asoschisi Ilon Mask bilan bog’layman.

Agar AQShni eng rivojlangan g’arb mamlakatlaridan deb aytsak, Stenford AQShning innovatsiyalar va yangiliklar qaynaydigan qozoni deb atashimiz mumkin. Axborot texnologiyalari yo’nalishi rok yulduzlaridan tashqari, Stenfordda juda ko’p mashhur huquq yo’nalishi talabalari ham bor. AQSh oliy sudi sudyalari bizning o’quvchilarga notanish bo’lishi mumkin, shu sababdan boshqa misol beraman. PayPal to’lov tizimi asoschisi Piter Till ham Stenford Huquq Maktabi bitiruvchilaridan.

Yuqoridagi misollar sabab, Stenford mening ro’yxatimda birinchi o’rinni egalladi. Aytgancha, Stenford Huquq Maktabi Magistratura bitiruvchilarining boshlang’ich o’rtacha maoshi yiliga 120-150 ming AQSh dollarni tashkil qiladi.

 

O’qish to’lovi qancha va uni qanday moliyalashtirmoqchisiz?

Stenford huquq yo’nalishida magistratura kursining yillik o’qish to’lovi 64 ming AQSh dollarini tashkil qiladi. Undan tashqari, turar joy, sug’urta, kitoblar bilan birga yillik sarf-xarajat 102 ming AQSh dollariga yetadi. Moliyalashtirishni bir necha tashqi grantlar, ya’ni, Stenford universiteti emas, boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy ta’minot yordamida amalga oshirmoqchiman.

 

O’qish uchun tanlagan dasturingiz haqida ilk marta qayerdan yoki kimdan eshitdingiz?

Umuman olganda, huquq sohasida o’qiganlar Garvard, Oksford va Kembrij universitetlari haqida ko’p eshitishgan, lekin Stenford Universiteti asosan axborot texnologiyalari yo’nalishida tanilgani sababli, bu universitetning huquq sohasida ham yetakchi ekanligidan avvaliga mening ham xabarim bo’lmagan. Lekin talabalik kezlarimda AQSh oliy sud tizimiga juda qiziqardim. O’sha vaqtlarda AQSh oliy sudi sudyalari aynan Stenfordni bitirganliklari haqida eshitganman.

Garvard universitetida o’qigan kursdoshim, Garvardni “Sharqiy sohil” Stenfordi, Stenfordni esa, “G’arbiy sohil” Garvardi deb atashlarini ham aytgan.

 

Bu dasturga kimlar hujjat topshirishi mumkin?

LLM in Corporate Governance and Practice magistratura kursi AQShdan boshqa davlatlarda huquqshunoslik yo’nalishida bakalavr kursini tamomlagan talabalar uchun maxsus tashkil etilgan. Shuning uchun, AQShdan hududda huquqshunoslik sohasida o’qiganlar hujjat topshirishlari mumkin. Universitet saytida shu sohada ish tajribasiga ega bo’lish qabul uchun rasmiy talablardan biri sifatida belgilanmagan bo’lsa-da, u yerga asosan 4-8 yil ish tajribasiga ega huquqshunoslar hujjat topshiradi. Masalan, men bilan birga o’qishga qabul qilingan talabalardan biri – 38 yoshli Amsterdam Regional sudi sudyasi.

 

Hujjat topshirish sanalari (dedlaynlar) va jarayoni qanday? Saralash necha bosqichda bo’ladi?

LLM in Corporate Governance and Practice yo’nalishiga hujjat topshirish bo’yicha sal avval Medium portalida yozgandim. Qiziquvchilar kirib, o’qishlari mumkin.

Saralash 3 bosqichda bo’ladi. Birinchi bosqich, ingliz tili testi natijalari (IELTS, TOEFL), bakalavr diplomi baholari va boshqalar qabul uchun belgilangan minimal talablarga mosligiga ko’ra tanlab olinadi. Ikkinchi bosqichda 18-20 talaba qabul qilinishi kerak bo’lgan yo’nalishga 40 ta nomzod saralab olinadi. Bu tanlov asosan insholar, tarjimai hol va tavsiya xatlari asosida amalga oshiriladi.

Keyingi bosqichda esa, telefon yoki Skipe orqali suhbat o’tkaziladi.

 

O’qishga qabul qilinish uchun eng munosib nomzod qanday sifat va natijalarga ega bo’lishi kerak deb o’ylaysiz?

LLM in Corporate Governance and Practice yo’nalishi magistratura darajasi bo’lganligi sababli, eng munosib nomzod bakalavr darajasida yuqori natijalarga erishgan, mehnat tajribasi davomida yutuqlarga erishgan va o’qish va ishdan tashqarida ajralib turuvchi qiziqishlarga ega shaxs bo’lsa kerak. Lekin bu mening taxminim xolos, chunki tanlov jarayoni va talablarini faqat tanlov komissiyasi biladi.

Masalan, Toshkent Davlat Yuridik Universiteti faqat eng ko’p ball yig’gan abituriyentlarni qabul qilsa, Stenford huquq yo’nalishi magistraturasi qabul komissiyasi 4 000 ta bir xil baho va profilga ega bo’lganlardan qanday qilib 18-20 tasini tanlaydi deb o’ylaysiz? Mening fikrimcha, yuqori baholarga va tajribaga ega abituriyent qo’shimcha qilib har yili marafon yugurishini yozib ketsa, yoki talabalik davrida kam ta’minlanganlarga bepul konsultatsiyalar berganligi haqida yozsa, ko’pchilikdan ajralib turish imkoni bo’ladi.

Ayting-chi, talabalik davrida har yili Afrika davlatlariga borib qishloqlarda yoshlarga bepul ingliz tili o’qitib kelgan nomzoddan qanday ustunlik ko’rsata olasiz? Yoki, “21” filmida aytilganidek, sizning bir oyoqlik Vyetnamlik migrant talabadan nima ustunligingiz bor? Nimaga aynan sizni qabul qilishlari kerak?

AQSh universitetlariga hujjat topshirish jarayoni insonni o’ziga-o’zi boshqa tarafdan nazar solishga majburlaydi. Ko’pchilikka hujjat topshirish jarayonining o’zi juda katta motivatsiya beradi.

 

O’qishga qabul qilinishingizda nimalar asosiy rol o’ynadi deb hisoblaysiz?

Asosiy sabablardan biri, mening fikrimcha, “huquq talabasi”, “huquqshunoslik kursi bitiruvchisi”, yoki, umuman, “huquqshunos”, deganda xayolga keladigan standart obrazga to’g’ri kelmaganligim bo’lgan. AQShda huquq yo’nalishi bitiruvchilari juda standart yo’ldan yurishadi. O’qish jarayonida eng oldi yuridik firmalarda amaliyot o’tashadi, bitirib shu firmalarga ishga kirishadi va har yili bir pog’ona o’sib, karyera qiladi.

Huquq yo’nalishidan tashqari ishlab chiqarish, paxtachilik va tekstil yo’nalishlarida qilgan tajribam meni nomzod sifatida boshqalardan ajratib qo’ygan bo’lsa kerak. Top o’quv maskanlari xilma-xillikka (diversity) juda qattiq e’tibor berishadi. Shu sabab, O’zbekistondan bo’lganligim ham ancha ustunlik bergan. Masalan, bu yil Stenford huquq yo’nalishida magistraturaga, nafaqat O’zbekiston, balki sobiq ittifoq davlatlaridan ham hech kim kira olmadi.

 

O’qishni boshlagach va tamomlagandan keyinga rejalaringiz qanday?

O’qish davomida o’ylab qo’ygan bir necha loyihalarim bor. Juda ko’pi axborot texnologiyalari asosida huquq sohasiga yangilik kiritish. Undan tashqari, O’zbekistonlik yoshlar uchun chet el o’quv maskanlariga kirish borasida maslahatlar berib borish niyatim ham bor.

Bitirgach esa, O’zbekistonda qimmatli qog’ozlar va kapital bozori rivojlanishiga o’z hissamni qo’shmoqchiman. Do’stlarim bilan aholi yuridik savodxonligini oshirish bo’yicha ham bir nechta loyihalarni o’ylab qo’yganmiz.

 

Shu kursga hujjat topshirish niyatidagi nomzodlarga qanday tavsiyalar berasiz?

Dunyoning eng nufuzli universitetlariga kirish erishib bo’lmaydigan orzu emas. U yerda o’qib yurganlar ham sizdek oddiy inson. Har bir insonning o’ziga yarasha ajralib turuvchi tarafi bor, shu xislatni o’zingizdan qidiring. O’zingiz va boshingizdan o’tganlar haqida sizdan boshqa hech kim sizchalik yaxshi bilmaydi. Insholaringizni o’quvchi Ekzyuperining “Kichkina Shahzoda”sini o’qigandek qiziqib o’qiydigan qilib yozing.

Izlanishlarni 1-2 yil oldin boshlang. Hujjatlarni kamida 6 oy oldin tayyor qilib qo’ying. Agar qabul uchun suhbatga chaqirishsa, qabul jamoasi bilan xuddi do’stingiz yoki boshqa yaqin sirdoshingiz bilan gaplashganday gaplashing.

 

Grantlar.uz sayti haqida fikr va tavsiyalaringiz bor bo’lsa, ularni bilishni xohlar edik.

Juda foydali resurs. Saytingizga ko’proq ma’lumotlar, yuzma-yuz suhbatlar joylashtirsangiz yaxshi bo’ladi. Nafaqat universitet talabalari, balki maktab o’quvchilari va ota-onalarga ham qiziq bo’lgan ma’lumotlar qo’yib borsangiz, yana-da yaxshi bo’ladi deb o’ylayman.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!