×

LSAT: AQSH va Kanada yuridik oliy oʻquv yurtlarida oʻqishni istaganlar uchun


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

4446 marta

CHOP ETILGAN

17.10.2018

Law School Admission Test (LSAT) — AQSH, Kanada, Avstraliya kabi bir qator davlatlarning yuridik oliy oʻquv yurtlarida oʻqishni istagan talabgorlar uchun oʻtkaziladigan imtihon. Anʼanaga koʻra, u yilda toʻrt marta ixtisoslashgan markazlarda oʻtkaziladi. Qizigʻi shundaki, bu imtihon ishtirokchining aniq bir fan doirasidagi bilimlarini emas, oʻqish va mantiqiy fikrlashini tekshirish uchun ishlab chiqilgan.

LSAT haqida qisqacha:

Til – ingliz tili;
Roʻyxatdan oʻtish – onlayn tarzda https://www.lsac.org/lsat/taking-lsat/registering-lsat;
Tashkilotchi – Law School Admission Council, qisqartmasi LSAC;
Rasmiy sayt https://www.lsac.org 
Nechta davlatda oʻtkaziladi – 55 dan ortiq;
Yilda necha marta oʻtkaziladi – AQSHda yilda 4 marta, boshqa davlatlarda 1 dan 4 martagacha.

Oʻzbekiston atrofida topshirish mumkin boʻlgan markaz – Oʻzbekistonda imtihon qabul qiluvchi markaz mavjud emas. Markaziy Osiyo hududidagi davlatlardan birida topshirish haqida: https://www.lsac.org/lsat/published-test-centers/test-centers-outside-us-caribbean-and-canada.

Imtihon uchun toʻlov – Rasmiy tasdiqlangan markazda – 190 dollar. Oʻzbekistonda imtihon topshirmoqchi boʻlgan talabgor uchun tashkilotchi rasmiy tasdiqlangan markazlardan biridan 160 kmdan uzoqda joylashgan aynan imtihon topshiruvchi istagan joyda rasmiy tasdiqlanmagan markaz tashkil etishi mumkin. Buning uchun mana bu manbada: https://www.lsac.org/lsat/published-test-centers/requesting-nonpublished-test-center koʻrsatilgan manzilga soʻrov yuborish kerak. Lekin imtihon haqi 390 dollarni tashkil etadi.

Amal qilish muddati – 1 yil;
Baholash –  120 dan 180 ballgacha;

LSAT necha bosqichdan iborat va topshirish tartibi qanday?

Imtihonda beshta boʻlim boʻyicha topshiriqlar beriladi:

  • Logical Reasoning (Mantiqiy fikrlash);
  • Reading Comprehension (Oʻqilganni tushunish);
  • Analytical Reasoning (Tahliliy fikrlash);
  • Writing Sample (Yozma namuna);
  • Tajriba boʻlimi (baholanmaydi).

Sinov uchun maksimal ball — 180, oʻrtacha — 150, past — 120.

Logical Reasoning (Mantiqiy fikrlash) – ishtirokchining gazeta, jurnal, ilmiy nashrlarda berilgan manbalarni tadqiq etish, tahlil qilish va tanqidiy mushohada yuritish koʻnikmalarini baholaydi. Buning uchun talabgorga manbadan parcha beriladi va materialda keltirilgan dalil-isbotni qay darajada mantiqiy, analitik va tadqiqiy tushungani haqida bir nechta savol beriladi. Boʻlim ikki qism, har bir qism uchun 35 daqiqadan vaqt ajratilgan. Batafsil: https://www.lsac.org/lsat/taking-lsat/test-format/logical-reasoning .

Reading Comprehension (Oʻqilganni tushunish) – boʻlimning imtihon topshiruvchining maqsadi turli maʼlumotlarni, shuningdek, yuridik maktab/oliy oʻquv yurtida oʻqitiladigan materiallarda uchraydigan misollarga oʻxshagan uzun va murakkab matnlarni oʻqish, tushunib oʻqish qobiliyatini baholash. Bunda toʻrtta katta va bitta qisqa matn yoki parcha hamda maʼlumotlar yuzasidan savollar mavjud. Batafsil: https://www.lsac.org/lsat/taking-lsat/test-format/reading-comprehension

Analytical Reasoning (Tahliliy fikrlash) – LSATning eng qiyin boʻlimi hisoblanadi. Qabul qilingan qarorlarning natijalari va oqibatlari, oʻrnatilgan qoidalar asosida xulosa chiqarish, noaniq yoki murakkab vaziyatlarda mantiqiy fikrlash qobiliyatini tekshiradi. 35 daqiqa vaqt beriladi. Batafsil: https://www.lsac.org/lsat/taking-lsat/test-format/analytical-reasoning

Writing Sample (Yozma namuna) – bu boʻlimda 35 daqiqa ichida biror-bir mavzu yoki gʻoyani savodli ingliz tilida, dalil va isbotlarga tayangan holda tushuntirib beradigan esse yozish kerak. Esse yozishda keltirilgan maʼlumotlarning ishonchli, aniq, loʻnda bayon etishga eʼtibor berish lozim.

Tajriba boʻlimi (baholanmaydi) – erkin yoziladigan, baholanmaydigan boʻlim. Bunda muammo va uning ikki xil yechimi koʻrsatiladi. Ishtirokchi ikki yechimdan birini tanlashi va tanlovini izohlashi, yoki boshqa fikri boʻlsa, oʻz javobini himoya qilishi kerak boʻladi.

LSAT haqida maʼlumotnoma quyidagi koʻrinishda boʻladi:

LSATga qaysi manbalardan foydalanib mustaqil tayyorlanish mumkin?

Law School Admission Council – LSAT rasmiy sayti.

Test Preperation Review – LSATga tayyorgarlik uchun onlayn kurs, bepul materiallar.

The LSAT Center  LSAT test haqida umumiy maʼlumot, topshiriqlardan namunalar, tavsiyalar va onlayn tayyorganlik.

Xan akademiyasi rasmiy sayti – https://www.khanacademy.org/prep/lsat imtihon uchun materiallar va tavsiyalar.

Imtihonga olib kirish uchun ruxsat etiladigan buyumlar:

Koʻpi bilan 3,79 litr hajmli sumka. Sumkaga quyidagilarni joylashtirish mumkin:

  • Shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
  • Hamyon;
  • Avtomobil kaliti va pulti (agar flesh-port boʻlmasa);
  • Diabet dorilari yoki shaxsiy gigiyena vositalari (salfetka va h.k.);
  • Marker;
  • Oddiy qalam;
  • Oʻchirgʻich;
  • Qalam ochqich;
  • Dastroʻmol;
  • 591 mlgacha boʻlgan plastik konteynerda suv, sharbat va yengil yegulik. Tanaffus paytida isteʼmolga ruxsut beriladi. Alyuminiy idishlar bilan imtihonga kirish taʼqiqlanadi.

LSAT haqida yana nimalarni bilib qoʻyish foydali?

  • Imtihon javoblari https://www.lsac.org saytida roʻyxatdan oʻtgan talabgorlar uchun test kunidan uch hafta oʻtganda eʼlon qilinadi (akkauntga maʼlumotnoma kelib tushadi);
  • Onlayn akkaunti yoʻq ishtirokchilar uchun javoblar imtihon kunidan toʻrt hafta oʻtgandan keyin pochta orqali joʻnatiladi;
  • Imtihon javoblari talabgor hujjat topshirgan yuridik taʼlim muassasasiga ham joʻnatiladi, shuningdek, javobni oʻqituvchi/maslahatchiga koʻrsatish mumkin;
  • Imtihon kunini talabgor tomonidan oʻzgartirish uchun qoʻshimcha 125 dollar toʻlanadi;
  • Test markazini oʻzgartirish uchun ham 125 dollar qoʻshimcha toʻlanadi;
  • Imtihon topshiruvchi roʻyxatdan oʻtishni bekor qilganda tashkilotchi 50 dollar qaytarib beradi;
  • Onlayn roʻyxatdan oʻtish uchun toʻlovni VISA, MasterCard, American Express, DISCOVER dan toʻlash mumkin;
  • LSAT tashkilotchilari 2018 yilning 3 oktyabrida “LSAT ning raqamli formatini ishga tushirish haqida” eʼlon qildi. Testning raqamli rejimiga oʻtish 2019 yilning iyul oyida boshlanadi, 2019 yilning sentyabr oyidan Shimoliy Amerikada test tizimi toʻliq raqamli rejimda ishlay boshlaydi. Topshiriqning raqamli varianti taxminan quyidagicha boʻladi:
  • Imtihon kuni roʻyxat shaklini toʻldirish kerak, bunda taqdim etiladigan fotosurat onlayn roʻyxatdan oʻtishda joylashtirilgan fotosurat bilan bir xil boʻlishi shart;
  • Imtihonga kirish uchun shaxsni tasdiqlash uchun pasport, ID karta, fotosurat boʻlishi kerak;
  • AQSH hududidan tashqarida yashaydiganlar uchun toʻlov soliq va konvertatsiya hisobiga farq qilishi mumkin.

Law School Admission Test (LSAT) ni muvaffaqiyatli topshirib xalqaro doiradagi oliy ta’lim muassasalarida oʻqish va kelajakda yetuk xalqaro huquqshunos boʻlib yetishish imkonini qoʻldan boy bermang!

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!