×

Germaniyada tibbiyot sohasida ta’lim: bakalavrdan keyingi bosqichlarda tahsil olish


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

22480 marta

CHOP ETILGAN

23.10.2018

Mamlakatda tibbiyot darajasi – yuksak darajadagi texnologiyalar, mutaxassislar mahorati, ilmiy izlanishlar uchun ajratiladigan salmoqli mablagʻ hamda katta miqdordagi davlat va xususiy klinikalar bilan belgilanadi. Germaniyadagi tibbiy taʼlim juda sifatli ekanligini davolash hamda xalqaro reytinglar toʻliq tasdiqlaydi. Shifokorlik Germaniyada soʻrovtalab kasb va unga katta hajmda maosh toʻlanadi.

Tibbiy maʼlumotni davom ettirish

Germaniyada tibbiy taʼlim boshqa koʻplab mutaxassisliklar qatori bakalavriat va magistraturaga boʻlinmaydi, yaʼni, magistraturaga hujjat topshirish va oʻqish imkoni yoʻq. Kamida uch yillik tibbiyot, psixoterapiya, farmatsevtika boʻyicha maʼlumotga ega boʻlgan, ammo davlatda qabul qilingan taʼlim darajasiga mos keladigan hujjatga ega boʻlmagan chet ellik talabalar diplom yoki akademik maʼlumotnomasini Germaniyaning tibbiy maʼlumot toʻgʻrisidagi xorij hujjatlarini tasdiqlash Markaziy boʻlimidan tasdiqdan oʻtkazib, biratoʻla yuqori semestrlarga oʻqishga qabul qilinishlari mumkin. Oliy ta’limni boshqa davlatda tugallaganlar esa, PhD dasturlarida ishtirok eta oladilar.

Quyida aspirantura (PhD) dasturlarida bepul oʻqish mumkin boʻlgan Germaniyaning bir nechta taʼlim muassasalari keltirilgan:

Qayerda joylashgan: Lyubyek , Germaniya;
PhD: Tibbiyot va fan sohasida hisoblash texnikasi;

Dastur: fanlararo va xalqaro muhitda tizimlashtirilgan oʻquv va tadqiqot dasturlari orqali yuqori malakalari tadqiqotchilarni tayyorlash. Dastur professional kuzatuv va sifatli oʻquv dasturi bilan xarakterli. Universitet 2007 yilda tashkil etilgan. Universitet informatika, meditsina va hayot haqidagi fanlar (life sciences)ni uygʻunlashtirgan;

Reytingi: Best Global Universities Rankings roʻyxatiga koʻra 2018 yilda 649-oʻrinda;
Oʻqish muddati: 3 yil;
Ta’lim puli: bepul, ya’ni ta’lim olish tekin.
Rasmiy sayt: https://www.uni-luebeck.de/en/research.html.

Qayerda joylashgan: Gyottingen, Germaniya;
PhD: Molekulyar meditsina; Sensor va motor neyrologiya;
Reytingi: ARWU tashkilotining 2018 yil roʻyxati boʻyicha butunjahon OOʻYulari reytingida 99-oʻrinda;
Oʻqish muddati: 3 yil;
Toʻlov: bepul, ya’ni ta’lim olish tekin.
Rasmiy sayt: http://www.uni-goettingen.de/.

Qayerda joylashgan:  Hannover, Germany;
PhD: Molekulyar meditsina; Regenerativ fanlar; Infeksion biologiya;
Reytingi: ARWU tashkilotining 2018 yil roʻyxati boʻyicha butunjahon OOʻYulari reytingida 301-oʻrinda;
Oʻqish muddati: 3 yil;
Toʻlov: bepul, ya’ni ta’lim olish tekin.
Rasmiy sayt: https://www.mh-hannover.de/index.php?L=1.

Qayerda joylashgan:  Heidelberg, Germany;
Oʻqish muddati: 3 yil;
Toʻlov: bepul, ya’ni ta’lim olish tekin.
Rasmiy sayt: https://www.dkfz.de/en/index.html.

Qayerda joylashgan:  Tübingen, Germany;
PhD: Molekulyar neyrologiya;
Reytingi: ARWU tashkilotining 2018 yil roʻyxati boʻyicha butunjahon OOʻYulari reytingida 151-oʻrinda;
Oʻqish muddati: 3 yil;
Toʻlov: bepul, ya’ni ta’lim olish tekin.
Rasmiy sayt: https://uni-tuebingen.de/en/university.html.

Germaniyada oʻqish boʻyicha batafsil BU YERDA tanishing.

Qaysi tilda?

Germaniyada odatda faqat nemis tilida tibbiy taʼlim berish yoʻlga qoʻyilgan, ammo davlat chet ellik, jumladan oʻzbekistonlik tadqiqotchilar uchun nemis va ingliz tilini uygʻunlashtirgan holda darslarni tashkil etish imkoniyatiga ega. Shu sababli til boʻyicha bilimlar B2, C1 darajalarida boʻlishi tavsiya etiladi.

Hujjat topshirish va oʻqishga qabul

Rasmiy tartibda doktoranturada oʻqishning oʻziga yarasha afzalliklari bor, masalan, chet el rezidenti sifatida yuridik maqomga ega boʻlish. Ammo buning uchun, avvalo, universitet sizni doktorantlikka nomzod sifatida qabul qilishi kerak. Lekin barcha boʻlimlar ham nomzodni doktoranturaga rasmiy qabul qilinishini talab etmaydi. Roʻyxatdan oʻtish boʻyicha maʼlumotlar, odatda, universitet saytiga joylashtiriladi. Masalan, Tyubingen Universitetining “Molekulyar neyrologiya” dasturiga hujjat topshirish uchun:

  1. Dastlab ilmiy rahbar/maslahatchi topish lozim. Ilmiy rahbar masalasi aniq boʻlgandan keyin tegishli fakultetga bogʻlanib, fakultetga qabul qilish toʻgʻrisida ariza berish kerak (boʻlajak ilmiy rahbar arizaga imzo chekishi kerak);
  2. Ilmiy rahbar tomonidan nomzod tasdiqlanganidan soʻng talabalar safiga qabul qilish uchun onlayn-soʻrov joʻnatish zarur. Bu kelgusida talaba/aspirant sifatida oʻrnatilgan tartibda qulaylik va chegirmalardan foydalanish uchun kerak (masalan, jamoat transportlarida yurish);
  3. Onlayn-ariza uchun quyidagi hujjatlarni tayyorlab qoʻying:
    – fakultetga qabul qilinganingiz toʻgʻrisidagi hujjatning PDF nusxasi;
    – magistr yoki tegishli darajaga egaligingiz haqidagi hujjatning PDF nusxasi. Batafsil.
  4. Talabalikka qabul qilinganingizdan keyin universitetga kelib, Chet ellik talabalarni oʻqishga qabul qilish va konsultatsiya boʻlimiga fakultetga qabul qilinganingiz haqidagi hujjatlaringizning asli yoki notarial tasdiqlangan nusxasini topshiring. Murojaat uchun: reinhard.brunner@abz.uni-tuebingen.de;
  5. Keyin Talabalar administratsiyasiga kirib roʻyxatdan oʻting. Buning uchun quyidagi hujjatlar kerak boʻladi:
    – Fakultetdan doktoranturaga qabul qilinganligingiz haqidagi hujjatning nusxasi;
    – Chet ellik talabalarni oʻqishga qabul qilish va konsultatsiya boʻlimidan ruxsat berilganligi haqidagi hujjat;
    – Pasport;
    – Pasport formatidagi fotosurat;
    – Sugʻurta haqidagi hujjat. Batafsil
  6. Doktorantlikka qabul qilinganingizdan soʻng, universitet orqali turar joy masalasida ariza berishingiz mumkin. Muqobil variant sifatida talabalikka qabul qilinganingizdan keyin Talabalik xizmatlari – Studierendenwerk Tübingen-Hohenheimga talabalar turar joyida yashash uchun murojaat qilishingiz mumkin.

Oʻqish vaqtida ishlash mumkinmi?

Aspirantlar odatda oʻqish davomida ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritadilar hamda maosh yoki stipendiya oladilar.

Ta’lim puli qancha?

Germaniyada tibbiyot oliy taʼlim muassasalari doktoranturasida oʻqish bepul. Rasmiy ravishda oʻqishga qabul qilingandan soʻng aspirant (doktorant) faqatgina semestrda bir marta 80 yevrodan 430 yevrogacha (federal yerga qarab) turar joy, oziq-ovqat va boshqalar uchun talabalik semestr toʻlovini toʻlashi kerak boʻladi. Chet ellik, jumladan oʻzbekistonlik talabgorlar uchun Germaniya oʻquv vizasini olish uchun nomzodning bank hisob raqamida 8800 yevro bo’lishi yoki Germaniya fuqarosining kafilligi talab qilinadi. Lekin bu mablagʻ bir yil yashash uchun kamlik qiladi. Nemis talabalar assotsiatsiyasi oʻtkazgan soʻrovlarga koʻra, mamlakatda oʻqiyotgan talaba/aspirant bir oyda oziq-ovqat, turar joy, sayohat va boshqa xarajatlar uchun 918 yevro sarflaydi. Germaniyada doktoranturada oʻqish, moliyalashtirish, stipendiyalar haqida toʻliq maʼlumotlar hamda yoʻriqnoma bilan BU YERDA tanishishingiz mumkin.

Oʻzbekistonlik talabgorlar uchun Germaniyada meditsina boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish va ilmiy darajaga erishish kelajakda yetuk mutaxassis, kerakli kadr sifatida nufuzli taʼlim va tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritish imkonini beribgina qolmay, xorijning eng soʻnggi yangiliklari bilan hamkasblarni tanishtirish, shuningdek, tajriba almashish uchun ham muhim vosita boʻlib xizmat qiladi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!