Qaysi stipendiyaga talabgorlik qilyotganingizga qarab, siz javob berishingiz lozim boʻlgan savollar tubdan farq qilishi mumkin. Ammo, boshqalaridan koʻra koproq uchraydigan savollar bor. Shunday savollardan biri: “Nima uchun siz bu stipendiyaga munosibsiz?”
Bir qarashda bu savolga javob berish uncha qiyin emasdek tuyuladi. Ammo barcha fikrlaringizni mutaxassislik doirasidan chiqmay turib, qogʻozda aniq-ravshan ifodalash muammo tug`dirishi mumkin.
Birinchidan, ko`pchilik yoshlar o`z imkoniyatlari va nimaga loyiqligini izohlashda qiynaladi. Shuning uchun ham sizga bu savol beriladi. Nima uchun aynan SIZ shu mukofotga loyiq ekanligingiz haqidagi savol shunchaki oddiy so`rov emas. U sizning boshqa nomzodlar bilan solishtirganda, stipendiyaga ko`proq munosibligingizni aks ettiradigan savol hamdir. Savolga yaxsh javob topish, talabaning o`ziga bo`lgan ishonchsizligi bilan kurashishga majbur qilishi mumkin.
Aytaylik, siz uy vazifasini avvaldan bajarib qo`ygansiz. Yoki nafaqat yo`riqnomani diqqat bilan o`qigan, balki sizga mos keladigan biror tashkilot yoki guruhda kichikroq tadqiqot o`tkazgan bo`lishingiz mumkin. Sizda nomzodga grant berishda homiy asosan nimalarga urg`u berishi, qaysi sifatlarni ko`rishni istashi haqida tasavvur bor. Demak, buni sizning foydangizga ishlatish kerak. Essega shu ma’lumotni qo`shib qo`ying.
Dastlabki qadam – kuchli boʻlishi kerak!
Ariza yoki esseni baholash komissiyasining diqqatini tortadigan va davomini o`qishga majbur qiladigan fikrdan boshlang.
Savolga javob berishning yaxshi usuli – tashkilotchi tomonidan qo`yilgan baholash mezonlari hamda siz nima uchun bu mezonlar qo`yilgan, deb o`ylaysiz, shundan boshlash. Asosiy matnda nimalarni muhokama qilmoqchisiz – kirish qismida shunga oid qisqacha ma’lumot berib keting. Komissiya sizga e’tibor qaratishi bilanoq, diqqatni erishgan yutuqlaringiz va ular aynan shu grantni olishda qanday ahamiyatga egaligiga yo`naltirasiz.
Ularga nima uchun gʻolib aynan siz boʻlishingiz kerakligini ayting
Deylik, komissiya a’zolari bilan ularning homiylik orqali erishmoqchi bo`lgan maqsadlari haqida gaplashmoqchisiz. Ularga umumiy hisobotlardan ko`ra, aynan siz nima qilganingizni ayting, ishlarnigizdan misollar keltiring. Chunki umumiy ma’lumotlarni kichkina esseda ifodalab bo`lmaydi.
Masalan, siz ariza berayotgan grant ekologik texnologiyalar bilan shug`ullanadigan korxona tomonidan moliyalashtirilayotgan bo`lsa, u holda atrof-muhit muammolaridan nima sizning diqqatingizni tortdi va bu qiziqishni qo`llab-quvvatlash uchun siz qanday ishlarni amalga oshirdingiz – shu haqida gapirib bering. Agar homiy jamoat ishlari, uyushmalarda faollik ko`rsatadigan talabalardan manfaatdor bo`lsa, buni “shpargalka” sifatida ishlating: masalan, o`zingiz qatnashgan volontyorlik ishlari va bu siz uchun qanday ahamiyatga egaligini aytib berishingiz mumkin.
Siz erishmoqchi bo`lgan mukofot bilan bogʻliq qiziqishlaringizni ifodalashga bor kuchingiz bilan harakat qiling. Ammo esse faqat shunchaki erishilgan yutuqlar ro`yxati bo`lib qolmasligi kerak. Aynan yutib olmoqchi bo`lgan grant mavzusiga oid bo`lgan yutuqlaringizdan chetga chiqmang.
Ko`pincha, esseni boshlashdan oldinroq o`tirib, yoziladigan va ifodalanadigan fikrlar pejasini tuzib chiqish yaxshi yordam beradi. Bu reja, asosan, nimalarni yoritishni istaysiz va aynan nimaga urg`u bermoqchi ekanligingizni eslatib turadi.
Ularga bu nima uchun muhimligini ayting
Bajarilgan ishlardan tashqari, kelajakda amalga oshirmoqchi bo`lgan rejalar haqida ham aytib otish kerak. Masalan, homiylik yordami va siz oladigan diplom kelajakdagi rejalaringizga qanchalik mos keladi va o`ylaganlaringizni amaliyotga joriy etishda qanday ta’sir koʻrsatadi, kabi.
Balki, grant sizga pul topish uchun ishlagandan koʻra ko`proq qimmatli tajriba orttirish mumkin bo`lgan amaliyot o`tash imkonini berar? Ehtimol, stipendiya sizga iqtisodiy jihatdan qurbingiz yetmaydigan yuqori darajali tashkilotda amaliyot o`tashga sharoit yaratar? Yoki, siz hech qachon o`z imkoniyatingiz doirasida chet elga chiqib ololmagan madaniy tajribani orttirishga sabab bo`lar?
Xulosa qat’iy boʻlishi kerak
Esseni yakunlash uchun yuqorida keltirilgan fikrlaringizni birma-bir, qisqacha sanab o`ting, tartibga keltiring va mavzu bo`yicha qat’iy xulosa yasang. Shuningdek, homiyga nomzod sifatida sizga vaqt ajratgani uchun minnatdorchilik bildirishni ham unutmang.
Esseni yozib bo`lgach, aytmoqchi bo`lgan hamma narsani aks ettira oldingizmi, muhim fikrlar qolib ketmadimi – shunga ishonch hosil qilish uchun yana bir marta o`qib chiqing. Matnda imlo xatolar yo`qligi va tinish belgilari to`g`ri yozilganiga ham e’tibor bering. Esseni tahrir qilish uchun muharrirga berish ham zarar qilmaydi. Begona nazar bilan tekshirilganda gap qurilishi, dolzarblik va ketma-ketlikning to`g`ri aks ettirilishi bo`yicha siz yo`l qo`ygan mayda xatolarni ilg`ash hamda tuzatish mumkin bo`ladi.
Nimani nazardan chetda qoldirmaslik lozim?
Odatda homiylik tashkiloti tomonidan essening hajmi, ya’ni so`zlar yoki belgilar miqdori, dedlayn kabi savollar bo`yicha aniq chegara belgilangan bo`ladi. Aynan shu talabga rioya qilmaslik ko`pincha ishning dastlabki texnik saralashdan o`ta olmasligiga sabab bo`ladi.
Ko`pincha, so`zlar miqdori cheklangani muammo tug`diradi. Demak so`zlarni aql bilan qo`llash kerak. Haddan ortiq obrazli va badiiy ifodalar o`rniga oddiy, sodda va chin dildan aytiladigan so`zlardan foydalaning. Siz yozgan esse toza ingliz tilida, ammo o`z shaxsiy ovozingizni aks ettirishi kerak. Komissiya a’zolarida taassurot qoldirish uchun jargon yoki murakkab so`z-jumlalardan foydalanish shart emas. O`zingizni qanday bo`lsangiz shundayligingizcha ko`rsating. Chunki, esse yozishdan asosiy maqsad – homiyni sizga mablag` ajratishga ishontirishdir.