×

Norvegiya: bepul oliygohlar, o’qishga kirish, viza va xarajatlar haqida


Blog

BO'LIM

Universitetlar

O'QILGAN

36190 marta

CHOP ETILGAN

24.07.2018

Norvegiya Yevropa bo’yicha eng yetakchi oliy ta’lim tizimlaridan biriga ega va undagi ta’lim sifati butun yevropadagi o’rtacha ta’lim sifatidan yuqori hisoblanadi. Bu yerdagi davlat oliy ta’lim muassasalari qoida bo’yicha barchani – ham mahalliy, ham xalqaro talabalarni kontrakt to’lovlaridan ozod qilgan. Norvegiyada barcha ta’lim bosqichlari – bakalavriat, magistratura va doktorantura tekin. O’qish uchun to’lanadigan yagona to’lov – har semestr administrativ ishlar uchun olinadigan 300-600 Norvegiya Kronasi miqdordagi mablag’ (taxminan 37-73 AQSh dollari atrofida) hisoblanadi. Istisno tariqasida davlat OTMlarining ba’zilarida odatda magistratura bosqichida uchraydigan ma’lum kurslarda kontrakt to’lovlari bor. Norvegiyadagi xususiy OTMlarning deyarli barchasida kontrakt to’lovlari joriy qilingan, lekin ularning miqdorlari dunyoning boshqa davlatlaridagi OTMlardagi bilan solishtirganda ancha past va hamyonbop hisoblanadi. Undan tashqari, ko’p davlatlarda xalqaro talabalar mahalliy talabalarga nisbatan ko’proq kontrakt to’lashadi. Norvegiyada esa kontraktlar hamma uchun teng.

Qaysi shaharlarda yashash yaxshiroq?

Tadqiqotlarga ko’ra, dunyodagi yashash uchun eng yaxshi hisoblangan davlatlar ichida Norvegiya eng yuqori o’rinlarni egallab kelmoqda. Bu yerda xalq o’qimishli, jamiyat tinch, muhit yaxshi. Ta’lim sifati a’lo darajada, shaharlar obod. Yashash qimmatroqqa tushsa ham u yerdagi hayotni, tajribada ko’rganlar, bunga arzirli deb hisoblashadi. Norvegiyaning eng yaxshi shaharlari deb esa quyidagilar ko’rsatilgan:

  1. Tromso
  2. Trondhem
  3. Aalesund
  4. Bergen
  5. Oslo

Qaysi OTMlarda bepul ta’lim olish mumkin?

Quyidagi oliy ta’lim muassasalarida talabalar kontrakt to’lovlaridan ozod qilingan. Kontrakt bo’lmasa ham, har semestr to’lanadigan kichik miqdordagi to’lovdan tashqari, oziq-ovqat, turar joy va hokazolar uchun anchagina mablag’ sarf bo’lishini eslatib o’tamiz. Norvegiyaning quyidagi ro’yxatdagi ilk 4 davlat OTMlari jahon universitetlari reytingidan joy olgan:

  1. Oslo and Akershus University Colloege of Applied Sciences – reytingi org sayti ro’yxatiga ko’ra Norvegiya bo’yicha birinchi o’rinda, dunyo bo’yicha 75-o’rinda. Bu yerda semestr to’lovi – NOK 660
  2. University of Bergen – reytingi Norvegiya bo’yicha ikkinchi o’rinda, dunyo bo’yicha 252-o’rinda. Bu yerda semestr to’lovi – NOK 480
  3. Norwegian University of Science and Technology – reytingi Norvegiya bo’yicha 3-o’rinda, dunyo bo’yicha 262-o’rinda.
  4. The Artic University of Norway – reytingi Norvegya bo’yicha 4-o’rinda, dunyo bo’yicha 489-o’rinda. Bu yerda semestr to’lovi – NOK 500.

Keyingi universitetlar:

  1. University of Nordland – semestr to’lovi – NOK 92500
  2. Hedmark University of Applied Science
  3. Lillehammer University College
  4. MF Norwegian School of Theology
  5. Molde University College – Specialized University in Logistics
  6. Bergen Academy of Art & Design, Norway

Norvegiyadagi bepul ta’lim joriy qilingan barcha oliygohlar ro’yxatini bu yerdan topasiz.

Qabul jarayoni

Norvegiya OTMlari arizalarni to’g’ridan-to’g’ri qabul qiladi, lekin bakalavriat bosqichi uchun  “Universities and Colleges Admission Service“ deb nomlangan umumiy ariza qabul qilish tizimi mavjud. Bu tizim orqali hujjat topshirishning oxirgi muddati mart oyi hisoblanadi. Bakalavr bosqichiga o’qishiga kirmoqchi bo’lgan nomzodlardan talab qilinadigan eng asosiy hujjat bu yuqori maktab (high school) shaxodatnomasi/diplomi. Bunda nomzod maktabni muvaffaqqiyatli tugatgan, barcha imtihonlardan o’tgan bo’lishi kerak. Ba’zi davlat fuqarolaridan OTM darajasida kamida bir yil o’qiganlik talab qilinishi mumkin. Kursning yo’nalishiga asoslangan holda ba’zan OTMning talablarida, imtihonlar soni va turida o’zgarish kuzatiladi. Aniq ma’lumot uchun o’zingizni qiziqtirgan universitetning barcha talablari bilan ancha oldindan tanishib chiqishingiz kerak.

Magistratura uchun nomzod kamida 3 yillik bakalavriat kursini tamomlagan bo’lishi zarur. Undan tashqari bakalavr kursi qanday yo’nalishda bo’lsa, kurs davomida shu yo’nalish uchun maxsus fan(lar) kamida bir yarim yil, to’liq stavkada o’tilgan bo’lishi zarur.

Doktorantura uchun esa magistrlik diplomi kerak.

OTMlarda kurslar ingliz tilida bo’lsa, nomzoddan ingliz tilini bilish darajasini ko’rsatuvchi dalil talab qilinadi. Qanday darajadagi ingliz tili talab qilinishi esa, albatta, universitetning talablaridan kelib chiqadi.

O’qish tizimi

Norvegiyada o’quv yili avgust o’rtalaridan to iyun o’rtalarigacha davom etadi. Bakalavriat  va doktorantura kurslari uch yil, magistratura kurslari esa 2 yil davom etadi. Kurslar davomiyligidagi istisnolar pedagogika va amaliy san’at va musiqa yo’nalishlarida mavjud. Baholash A dan F gacha bo’lgan (A, B, C, D, F – bunda A “qizil” baho, “F” esa o’tolmaslikni bildiradi) tartibda olib boriladi, ballar esa ECTS (European Credit Transfer System) kreditlari asosida qo’yiladi.

Yashash xarajatlari

O’qish tekin bo’lgani bilan, Norvegiyadagi oliygohga hujjat topshirish haqida o’ylayotgan abituriyent u yerda yashash xarajatlarini o’zi to’lashi kerak ekanligini va bu ancha qimmatga tushishini ham tushunishi zarur. Yashash uchun ketadigan xarajatlar yiliga tahminan 90000-100000 Norvegiya Kronasi (NOK)ni tashkil qiladi (taxminan 11-12 ming AQSh dollari). O’qishga kirgach, viza olish uchun Norvegiya banklaridan birida hisob ochib, u yerga ma’lum miqdordagi mablag’ qo’yish shart, ask holda nomzodga viza berilmaydi. U yerdagi hayotni oldindan rejalashtirib olish muhim, chunki ko’pchilik xalqaro talabalar u yerga borgach ishlashni boshlashsa-da, hali kirilmagan ish joyiga ishonib uchib ketish ehtiyotsizlik hisoblanadi.

Viza masalalari

Norvegiyada 90 kundan ortiq yashamoqchi bo’lgan talabalar viza emas, talaba uchun vaqtinchalik rezidensiya ruxsatnomasi olishlari kerak bo’ladi (student residence permit). Vizalar faqat 90 kun uchun beriladi, keyingi muhlat uchun esa ruxsatnoma kerak bo’ladi. Buning uchun talaba chet elda payti o’z xarajatlarini qoplash uchun yetarli mablag’i borligini ko’rsatishi zarur. Bu minimum mablag’ miqdori belgilab qo’yilgan bo’ladi – 2018-2019-yillar uchun talabaning hisobida kamida 116369 NOK  ( taxminzn 14200 AQSh dollari) bo’lishi kerak. Agar siz qabul qilingan universitetning kontrakti ham bo’lsa, bu summaga u ham qo’shiladi. Norvegiyada paytingiz agar bir yildan uzoq vaqtga kelgan bo’lsangiz salomatligingiz avtomatik tarzda sug’urta qilinadi.

O’qish davomida ishlash

Norvegiyada yashash uchun vaqtinchalik ruxsatnoma olsangiz, sizga avtomatik tarzda qisman stavkada ishlash huquqi beriladi va birinchi yilda haftasiga 20 soat ishlashingiz mumkin bo’ladi. Ruxsatnomangizni har yili yangilash kerak, uni yangilaytganda ishlash huquqini ham yangilash uchun o’qishingiz yaxshi ketayotganligini ko’rsatishingiz kerak bo’ladi.

Norvegiyadagi hayot haqida qo’shimcha ma’lumot va o’zgarishlarni o’rganib chiqish uchun mana bu hujjat bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

Keyingi maqolalarda ta’lim bepul bo’lgan boshqa davlatlar va universitetlar haqida batafsil ma’lumot berib boramiz. Biz bilan bo’ling.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!