×

Xorijiy universitetlar diplomi qanday nostrifikatsiya qilinadi?


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

19422 marta

CHOP ETILGAN

28.10.2018

Chet eldagi universitet/institutlarda tahsil olib qaytgan aksariyat bitiruvchilarni tashvishga solgan muammo – xorij diplomini nostrifikatsiyalash. Bugungi maqolamizda bu masalaga oydinlik kiritishga harakat qilamiz.

Huquqiy asos

Xorij diplomini nostrifikatsiyalash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 25-iyuldagi 283-son qaroriga 2-ilova (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 3-apreldagi 173-son qarori ilovasiga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan) “Xorijiy davlatlarda taʻlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan amalga oshiriladi.

Dastlab

Avvalo, diplomingizni nostrifikatsiya qilish uchun maxsus sinovlardan o`tish masalasini hal etish zarur. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʻlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Oliy va oʻrta maxsus taʻlim vazirligi qoʻshma qaroriga asosan xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy taʻlim muassasalari reytingida birinchi 500 talik roʻyxatiga kiritilgan taʻlim muassasalarining yangilangan roʻyxati tasdiqlangan. Roʻyxat 3 ta yirik xalqaro reytinglar asosida ishlab chiqilgan boʻlib, quyidagi roʻyxatlarga kiruvchi taʼlim muassasalari diplomi maxsus sinovsiz nostrifikatsiya qilinadi:

Shuningdek, xorijiy davlatlarda taʻlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) quyidagi hollarda toʻgʻridan-toʻgʻri (maxsus sinovlarsiz) amalga oshiriladi:

  • Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qaror, farmoyish va bayonnomalari asosida xorijiy davlatlarda taʻlim olgan;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritishiga ruxsat etilgan xorijiy davlatlarning oliy taʻlim muassasalarida taʻlim olgan;
  • mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar)ga muvofiq tasarrufida oliy taʻlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralarning yoʻllanmalari asosida taʻlim olgan.

Qachon?

Hujjat topshirish dastlab onlayn tarzda amalga oshiriladi. Sentyabr oyining sinov belgilangan kuniga hujjatlarning qogʻoz variantlarini yigʻma jildga toʻplab, yoʻnalish uchun tashkil etilgan komissiyaga taqdim etish lozim. 2018-yil uchun sinovlar sentyabr, oktyabr va noyabr oylarida boʻlib oʻtadi. Ariza beruvchining hujjatlarini koʻrib chiqish, ekspertizadan oʻtkazish va qaror qabul qilish muddati ariza qabul qilingan kundan boshlab bir oydan oshmasligi kerak. *Onlayn hujjat topshirish: BU YERDA.

Onlayn hujjat topshirish bosqichlari quyidagicha:

Murojaat uchun

Nostrifikatsiyaga oid qoʻshimcha maʻlumot uchun Hujjatlarni legallashtirish, tan olish va nostrifikatsiyalash boʻlimiga murojaat qilish lozim.

Qabul kunlari: Seshanba, Payshanba 10-00 dan 17-00 gacha;
Tel: (+99871) 231-07-53; (+99871) 277-11-79; (ichki tel 1021;1022);
Elektron manzil: nostr@tdi.uz.

Kim tomonidan?

Nostrifikatsiyalash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish Davlat Inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Rasmiy sayt: http://tdi.uz. 2018-yilning 27-oktyabr holatiga koʻra respublikamizda quyidagi sohalarda ekspert komissiyalari faoliyat yuritmoqda:

  • “Huquqshunoslik”;
  • “Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy ta’minot”;
  • “Iqtisodiyot”;
  • “Qishloq xoʻjaligi, muhandislik, ishlov berish va qurilish”;
  • “Oʻqituvchilar tayyorlash va pedagogik fanlar” sohalari boʻyicha Ekspert komissiyalari.

*Ekspert komissiyalarining sinov qabul qilish kunlari haqida toʻliq maʼlumot: BU YERDA.

Qancha?

Nostrifikatsiya qilish uchun eng kam oylik ish haqining ikki barobari miqdorida davlat boji toʻlash kerak.

Rekvizitlar

Tashkilot nomi: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’li, sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi.
Hisob raqam: 234 020 003 001 000 010 10
INN: 201 122 919
Bank: XKKM Markaziy bank Bosh boshqarmasi
MFO: 00014
L/s: 401 410 860 126 294 342 223 352 2
INN: 305 131 656
Manzil: Toshkent shahar Chilonzor tumani Nurxon ko’chasi 21-uy

Qanday hujjatlar topshirish kerak?

Xorijiy davlatlarda oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʻlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) haqidagi 2-ilovaga muvofiq shakldagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

  • shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
  • xorijiy davlatlarda taʻlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjat (diplom) va uning ilovasining asl nusxasi (oʻtilgan oʻquv kurslari va ularning hajmi, yakuniy baholar, amaliyot, kurs va bitiruv malaka ishlari roʻyxati, oʻquv jarayonining boshqa bajarilgan talablari koʻrsatilishi lozim);
  • diplom va uning ilovasining notarial tasdiqlangan va oʻzbek tiliga tarjima qilingan shakli – 2 nusxada;
  • davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat (toʻlov kvitansiya).

*Ariza qabul qilingandan keyin maʻlumot toʻgʻrisidagi hujjat va uning ilovasining asli hujjat egasiga qaytariladi.

Qanday tartibda?

Nostrifikatsiyalash Maxsus ekspertiza tomonidan quyidagilarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi:

  • oʻquv rejalari va dasturlarining mazmuni hamda muvofiqligi;
  • kirish sinovlarining mavjudligi;
  • imtihonlar va sinovlar tizimi;
  • taʻlim oluvchining oʻqish davridagi baholari (erishgan natijalari, reytingi, oʻzlashtirishi);
  • oʻzlashtirilgan fanlar hajmi (fanlarning nomi va soatlar miqdori);
  • amaliyotning mavjudligi va uning davomiyligi;
  • yakuniy malaka attestatsiyasining mavjudligi va darajasi;
  • bitiruv malaka ishining mavjudligi;
  • qoʻshimcha taʻlimning mavjudligi.
  • Olingan bilimlar va tajriba yakuniy tayyorgarlik nuqtai nazaridan oʻquv rejalari va taʻlim uslubiyatida boʻlishi mumkin boʻlgan farqlarni eʻtirof etgan holda baholanadi.

Sinov shakli qanday?

Maxsus sinovlar ekspert komissiyasi yoki uning vakili ishtirokida, ariza beruvchining diplom ilovasida mavjud boʻlgan 3 tadan koʻp boʻlmagan mutaxassislik fanlari boʻyicha, huquq va pedagogika yoʻnalishlarida esa qoʻshimcha ravishda tarix va ijtimoiy fanlardan oʻtkaziladi.

  • 30% farq boʻlganda – suhbat;
  • 31-55% farq – test (yozma ish) va suhbat;
  • 56-70% farq boʻlganda – tegishli mutaxassisik boʻyicha mos keluvchi taʼlim muassasalaridan birida pulli qayta tayyorgarlash kursidan oʻtish va test (yozma ish) va suhbatdan qayta oʻtish;
  • gumanitar yoʻnalishlar uchun oʻtilgan dasturlarning kamida 55% Oʻzbekiston Taʼlim standartlariga mos kelishi kerak.

Qanday diplom nostrifikatsiyadan oʻtkazilmaydi?

Maxsus sinov natijasiga koʻra 55% va undan kam ball toʻplagan ariza beruvchining taʻlim toʻgʻrisidagi hujjatlari nostrifikatsiyalashga (ekvivalentligini qayd etishga) tavsiya etilmaydi.

Shikoyat qilish mumkinmi?

Maxsus sinovlar natijasidan norozi boʻlgan ariza beruvchi sinov natijalari eʻlon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida shikoyat bilan Davlat inspektsiyasiga murojaat qilishi mumkin.

Maxsus sinovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha shikoyatlar sinov oʻtkazilgan kuni berilishi lozim.

Maxsus sinovlar natijasi boʻyicha tushgan shikoyat Davlat inspektsiyasi boshligʻining buyrugʻi bilan tashkil etilgan komissiya tomonidan ikki hafta ichida koʻrib chiqiladi va yozma ravishda muallifga javob yuboriladi.

Ekspert komissiyasi qaroriga muvofiq maxsus sinovlar natijasiga koʻra hujjatlari nostrifikatsiyalashga tavsiya etilmagan ariza beruvchilar belgilangan tartibda maxsus sinovlarni topshirish uchun qayta murojaat qilishlari mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!