×

Norvegiyadagi oʻqish bepul boʻlgan oliygoh – NTNU universitetida tahsil olayotgan hamyurtimiz bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

3963 marta

CHOP ETILGAN

14.03.2021

1. Assalomu alaykum, Oʻtkurbek, Avvalo, oʻzingiz haqingizda qisqacha soʻzlab bersangiz.

Men Safoyev Oʻtkurbek Baxtiyor oʻgʻli 1996-yilda Toshkent shahrida tugʻilganman. 2014-yil Toshkentdagi Inha Universiteti (IUT)ning Axborot va kommunikatsiya muhandisligi fakultetiga (BSc in Information and Communication Engineering) birinchi qaldirgʻoch sifatida oʻqishga qabul qilinganman. 2018-yil avgustda IUTni tamomlab, bilimlarimni chuqurlashtirish va yangi texnologiyalarga boʻlgan qiziqishim tufayli magistraturaga topshirishga qaror qilganman. Universitet tanlashda asosan universitetning arzonroq, lekin oʻqitish sifati yuqori boʻlganlarini qidirganman. Omadim kelib Norvegiyaning yaxshi universitetlaridan biri – Norvegiya fan va texnologiyalar universiteti (NTNU)ning Magistratura bosqichidagi Amaliy kompyuter fanlari (Masters in Applied Computer Science) yoʻnalishiga  oʻqishga qabul qilindim va hozirda mazkur universitetda oʻqimoqdaman.

2. Norvegiya universitetlari magistraturasiga kirish uchun asosiy qabul talablari qanday?

Talablar topshirmoqchi boʻlgan universitetingiz va yoʻnalishingizga qarab biroz farq qiladi. Umumiy va asosiy talablar quyidagilardan iborat:

  1. Oʻqish tilini yaxshi bilish. Agar ingliz tilida oʻqishga topshirayotgan boʻlsangiz, ingliz tilini, norveg tilida oʻqimoqchi boʻlsangiz, norveg tili yaxshi bilishingiz lozim.
  2. GPA, yaʼni baholaringizning oʻrtachasi 5 lik tizimda 4 dan past boʻlmasligi kerak.
  3. Norvegiyada bir yil davomida yashashingizga yetarli mablagʻni bank raqamingizda bor ekanligini haqida hujjat ham taqdim etishingiz lozim. Bu summa oʻqishga borishdan oldin Norvegiyadagi hisobingizga oʻtkazilishi kerak boʻladi. Shu uchun Oʻzbekiston bankiga 1 kunga kerakli summani qoʻyib, bankdan maʼlumotnoma olish orqali mazkur hujjatni hal qilib boʻlmaydi. 2021-yil mart oyi holatiga koʻra, mazkur summa miqdori 123 519 NOK (taxminan 14 760 AQSH dollari)ga teng. Bu miqdor keyingi yillarda biroz oʻzgarishi mumkin.

3. Norvegiya universitetlari magistraturasiga topshirish uchun odatda qanday hujjatlar talab etiladi?

Odatda quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  1. Ingliz tilida oʻqish uchun kamida IELTS 6.5 yoki shu darajaga teng boʻlgan boshqa xalqaro til sertifikati.
  2. Bakalavr diplomi va diplom ilovasi ingliz tilida taqdim etilishi kerak. Shuningdek, bakalavr bosqichida oʻzingiz topshirayotgan magistratura yoʻnalishi bogʻliq fanlarni oʻqigan boʻlishingiz ham kerak. Bu talab universitetga qarab farq qilishi mumkin.
  3. Kollej yoki litsey diplomi yoxud maktabning yuqori sinflaridagi baholar ingliz tilida taqdim etilishi kerak (Upper secondary school diploma).
  4. Bir yil davomida yashashingizga yetarli mablagʻni bank hisobingizda bor ekanligini haqida hujjat (Document of financing) taqdim etilishi kerak.
  5. Motivatsion xat (Letter of Motivation).
  6. Tarjimai hol (CV).
  7. Onlayn ariza(Application form).

Yuqoridagi hujjatlar tarkibi ta ularga qoʻyilgan talab qaysi universitetga topshirayotganingizga qarab bir oz farq qilishi mumkin.

4. Siz oʻqiydigan universitetda xorijlik talabalar oʻqish uchun yiliga qancha kontrakt toʻlashadi?

Norvegiyada davlat universitetlarida oʻqish bepul. Agar davlat universitetiga oʻqishga kirsangiz, kontrakt summasi (tuition fee) toʻlamaysiz. Men oʻqiyotgan universitetda ham talabalardan kontrakt summasi undirilmaydi.

5. Kontrakt toʻlovidan tashqari universitetga toʻlanishi kerak boʻlgan boshqa toʻlovlar ham bormi? Agar boʻlsa, qancha?

Universitetda oʻqiyotgan har bir talaba har semestrda semestr badali (semester fee) toʻlashi kerak. Bu badal miqdori 2021-yil uchun  580 NOK (taxminan 70 AQSH dollari)ni tashkil etadi; keyingi yillarda bir oz oʻzgarishi mumkin. Bu toʻlov talabalarga turli xizmatlarni koʻrsatish uchun sarflanadi. Shundan boshqa toʻlov undirilmaydi.

6. Darslar qaysi tilda olib boriladi?

NTNUda darslar ingliz yoki norveg tilida olib boriladi. Oʻqishga topshirishda qaysi tildagi kurslarga topshirgan boʻlsangiz, darslar oʻsha tilda olib boriladi.

7. Norvegiyada tahsil oluvchi magistrantlarga oʻqishdan boʻsh paytlari ishlash uchun rasman ruxsat berilganmi?

Ha, magistratura talabalari uchun haftasiga 20 soatgacha ishlashga ruxsat etilgan.

8. Turar joy masalasida universitet qanday yordam beradimi?

Universitet bilan hamkorlikdagi yotoqxonalar mavjud, oʻqishga kirganingizda shu yotoqxonalardan joy olishingiz mumkin. Universitet yashash joy topishingizga yordam beradi.

9. Norvegiyada oʻqish va yashash davomida qanday qiyinchiliklarga duch kelyapsiz?

Qiyinchilikka duch kelyapman deb aytolmayman. Biror qiyinchilikka duch kelsangiz, har bir universitetda xalqaro boʻlim boʻladi, har qanday masalada maslahat soʻrashingiz mumkin. Lekin norveg tilini oʻrganishim oson boʻlmayapti, bu tilni oʻrganish ancha kuch va vaqt talab qiladi.

10. Norvegiya oliygohlari magistraturasida tahsil olmoqchi boʻlganlar nimalarga eʼtibor qaratishi va qay tarzda tayyorgarlik koʻrishi lozim?

Avvalo, qabul talablari bilan yaxshilab tanishib chiqish kerak. Harakatni imkon qadar ertaroq boshlagan yaxshi. Shunda nimagadir tushunmasangiz, universitetga email yozib, aniqlashtirishga, shuningdek, hujjatlaringizni koʻngildagidek tayyorlashga vaqtingiz yetarli boʻladi. Qabul odatda oktabr oyi boshidan dekabr oyi boshiga qadar davom etadi.

Hujjatlarni ham oldinroq tayyorlash kerak. Hujjatlarni yozish, tayyorlashda tartibli boʻlish lozim. Shuningdek, iloji boricha motivatsion xatni yaxshi yozish kerak. Qabul jarayonida motivatsion xatning oʻrni muhim.

Va albatta, oʻqimoqchi boʻlgan tilingizni yaxshi bilishingiz lozim. Xalqaro til sertifikatingiz balli yuqoriroq boʻlgani yaxshi.

11. Norvegiyada oʻqishga boruvchilarga yoʻlga chiqishdan oldin nimalarga eʼtibor berishni tavsiya qilasiz?

Norvegiya nisbatan sovuq mamlakat. Shu sababli oʻqishga borishda kiyimlarni Norvegiya iqlimiga moslab olishni tavsiya etgan boʻlardim.

Grantlar.uz: Ajratgan vaqtingiz va suhbat uchun tashakkur.

Oʻtkurbek: Sizlarga ham suhbat uchun rahmat.

NTNU universiteti haqida BU YERDA maʼlumot oling.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!