1. Assalomu alaykum, Sobira. Avvalo, oʻzingiz haqingizda qisqacha soʻzlab bersangiz.
Assalomu alaykum. Men Sobira Majidova. Yoshim 28 da. Samarqand viloyati Nurobod shahrida tugʻilganman. Bakalavr bosqichini Samarqand davlat chet tillari instituti roman-german filologiyasi nemis tili yoʻnalishida oʻqiganman. Hozirda Germaniyaning Nyurnberg shahrida yashab, shu yerda Erlangen-Nyurnberg universitetida (FAU) magistraturaning oxirgi bosqichida oʻqiyapman. Mutaxassisligim – taʼlimda empirik tadqiqotlar (Empirical education studies).
2. Hozir oʻqiyotgan universitetingizga oʻzingiz mustaqil topshirganmisiz yoki biror agentlik xizmatidan foydalanganmisiz?
Universitetga mustaqil ravishda topshirganman. Barcha kerakli hujjatlarni onlayn tarzda Oʻzbekistondan turib topshirganman.
3. Siz oʻqiyotgan universitetda talabalar, jumladan, xorijlik talabalar kontrakt puli (tuition fee) toʻlaydimi?
Germaniyaning koʻpchilik davlat universitetlari kabi bizning universitetda mahalliy talabalar ham, xorijiy talabalar ham oʻqish uchun kontrakt summasi (tuition fee) toʻlanmaydi. Yaʼni oʻqish – bepul.
4. Oʻqish davomida universitetga qandaydir toʻlov qilinadimi? Qilinsa, qancha va u universitet tomonidan nimalarga sarflanadi?
Oʻqish davomida talabalar har semestrda semestr badali toʻlashi kerak. Bu badal hozirda (2021-yil, mart) 127 yevroni tashkil qiladi. Bundan tashqari, talabalar har semestrda 75 yevro toʻlab jamoat transportlaridan 1 semestr davomida bepul foydalanish imkonini beruvchi chipta ham xarid qiladi. Mazkur miqdorda keyingi yillarda bir oz oʻzgarishi mumkin. Universitetda mana shu toʻlovlardan boshqa toʻlov mavjud emas.
5. Darslaringiz qaysi tilda olib boriladi?
Men oʻqiydigan yoʻnalishda darslar 2 tilda: nemis va ingliz tilida olib boriladi. Asosiy darslar nemis tilida boʻladi, xorijdan dotsentlar kelganda esa ingliz tilida olib boriladi. Adabiyotlar koʻpchiligi ingliz tilida. Bizning universitetning oʻziga xos jihatlaridan biri ham shu: koʻpgina magistrlik kurslari 2 tilda olib boriladi. Albatta, faqat nemis tilida olib boriladigan kurslar ham bor.
6. Toʻliq ingliz tilida oʻqitiladigan kurslar bormi?
Ha, bor. Universitetimiz injenerlik, iqtisod va informatika sohasida ilgʻor universitetlardan hisoblanadi. Ushbu soha boʻlimlari Siemens va boshqa koʻplab firmalar bilan hamkorlik qiladi. Shu boʻlimlarda toʻliq ingliz tilida olib boriladigan bakalavriat va magistratura yoʻnalishlar bor. Toʻliq ingliz oʻqitiladigan kurslar roʻyxati bilan BU YERDA tanishishingiz mumkin.
7. Siz oʻqiyotgan universitetda magistraturaga kirish uchun nomzodga qanday talablar qoʻyilgan?
Eng asosiy talablar – darslar olib boriladigan til(lar)ni yetarli darajada bilish (til sertifikati soʻraladi) va bakalavr diplomiga ega boʻlishdir.
8. Nomzod sizning universitetda magistrlik kursiga qabul qilinishi uchun qanday hujjatlar topshirishi kerak?
Chet ellik talabalar Germaniyaning koʻpchilik universitetlariga uni-assist.de portali orqali hujjat topshirishlari mumkin. Bu juda qulay, ammo pul toʻlovlari bor. Bizning universitet Uni-assist bilan hamkorlik qilmaydi, shuning uchun toʻgʻridan- toʻgʻri bepul hujjat topshirish mumkin.
Magistratura uchun asosan quyidagi hujjatlar soʻraladi:
- Litsey/maktab/kollej va bakalavrlik diplomi hamda ilovalari nusxasi va ularning rasmiy tarjimalari.
- Til sertifikatining rasmiy nusxasi (yoʻnalishga qarab C1 yoki B2).
- CV.
- Pasport nusxasi.
Fakultetlarga qarab boshqa qoʻshimcha hujjatlar ham talab etilishi mumkin. Hujjatlarning toʻliq roʻyxati bilan tanishish uchun kerakli yoʻnalish veb-sahifasiga kirish va maʼlumot olish kerak.
9. Hujjatlar onlayn topshiriladimi yoki pochta orqali qogʻoz shaklda yuborilishi kerakmi?
Hujjatlarni onlayn topshirish ham, pochta orqali topshirish ham mumkin. Onlayn tarzda campo.fau.eu portali orqali topshiriladi.
10. Nima deb oʻylaysiz, mazkur hujjatlardan qabul qilinishda hal qiluvchi rol oʻynaydigan hujjatlar qaysilar?
Hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan hujjatlar – bu til sertifikati hamda diplom baholaridir. Shu ikkalasi universitetga qabul qilinishingizni deyarli hal qiladi.
11. Universitetingizda magistraturaga kirish uchun qandaydir imtihon boʻladimi yoki talabalar faqat hujjatlar asosida qabul qilinadimi?
Aksariyat yoʻnalishlarda, jumladan, men oʻqiyotgan yoʻnalishda ham talabalar faqat topshirgan hujjatlari asosida qabul qilinadi. Lekin sanʼat, dizayn kabi ijodiy sohalar boʻyicha magistraturaga topshirishda ayrim ijodiy imtihonlarni topshirish talab qilinishi mumkin.
12. Aynan sizning universitetga kirishni xohlovchilar uchun qanday tavsiyalar bera olasiz?
Germaniyada oʻqishni xohlovchilarga bir vaqtning ichida bir necha universitetlarga hujjat topshirishni maslahat beraman. Mening universitetimga kirmoqchi boʻlgan talabalarga aniq bir yoʻnalishga hujjat topshirishdan oldin, tayyorlov kurslariga (Studienkolleg) yoki til kurslariga qatnashishni maslahat beraman. Unversitet muhitini oʻrganib, tizimga integratsiya qilingandan soʻng aniq bir yoʻnalishga hujjat topshirish mumkin, chunki bu yerda oʻqish davomida, ayniqsa, magistratura bosqichida talabalardan katta mustaqillik talab qilinadi. Taʼlim tizimi Oʻzbekistondagidan ancha farq qilgani uchun tayyorlov kurslari Germaniya akademik standartlariga moslashish uchun muhim deb oʻylayman.
Albatta, tayyorlov kurslarisiz, bevosita hujjat topshirish ham mumkin.
Shuningdek, oʻqimoqchi boʻlgan tilni chuqur oʻrganim, til sertifikatidan imkon qadar yuqori ball olish hamda hozir oʻqiyotgan bosqichidagi baholarini imkon qadar yuqoriroq olishni tavsiya qilgan boʻlardim.
13. Oʻqish davomida ishlash mumkinmi? Mumkin boʻlsa, yiliga necha kun ishlash mumkin?
Oʻqish davomida haftada 20 soat ishlash mumkin. Oyiga oʻrtacha 800 yevro pul topish mumkin.
14. Ishlash orqali talaba Germaniyada hayot kechirish xarajatlarini toʻliq qoplay oladimi?
Ha. Qoplay oladi. Faqat bu qiyin kechishi mumkin. Oʻqishga kelish va oʻqishni boshlashda maʼlum mablagʻga ega boʻlishni maslahat bergan boʻlar edim.
15. Germaniyada oʻqish va yashash davomida qanday qiyinchilik yoki noqulayliklarda duch kelgansiz/kelyapsiz?
Oʻqish boshlanishida yangi muhitga moslashish biroz qiyin kechgan, lekin bu tabiiy holat deb oʻylayman. Shuningdek, taʼlim tizimidagi farqlar ham biroz qiyinchilik tugʻdirgan. Germaniyada oʻz sohangiz boʻyicha fanlar, darslarni mustaqil tanlab, dars jadvalini oʻzingiz shakllantirishingiz kerak. Mana shu narsa menga boshida qiyinchilik tugʻdirgan.
16. Germaniya taʼlim tizimining ustunlik va noqulaylik jihatlari nimalardan iborat deb oʻylaysiz?
Ustunlik taraflari:
- talabalardagi erkinlik, qiziqishlaringizga qarab kurs va mavzularni tanlash imkoniyati mavjudligi;
- oʻqituvchilarning professionalligi (dolzarblik, obyektivlik, istiqbollilik, mulohazalilik, chuqur bilim va malaka);
- boshqa nemis universitetlari yoki xorij universitetlari bilan doimiy ilmiy-tajribaviy almashinish (Oʻrta Osiyodagidek umumiy til resurslariga ega boʻlmasligiga qaramasdan);
- taʼlimning milliylikka emas, balki globallikka yoʻnaltirilganligi;
- oliy taʼlimning faqat mutaxassislikka yoʻnaltirilganligi, yaʼni faqat sohaga tegishli yoki bogʻliq boʻlgan fanlar bilan oʻrgatilishi. Sohaga aloqador fanlarni oʻqishga majbur emassiz.
Noqulayliklar:
- federal oʻlkalar orasidagi taʼlim tizidagi bir qarashda yaxshidek tuyuladigan farqlar, koʻp hollarda koʻplab qogʻozbozlik va qiyinchiliklarga olib keladi.
16. Kelajakda Oʻzbekistonga qaytish niyatingiz bormi yoki Germaniyaning oʻzida ishlab qolmoqchimisiz?
Hozircha Germaniyada qoʻlmoqchiman. Magistraturadan soʻng shu universitetda Qozogʻiston bilan olib borilayotgan loyiha uchun ilmíy xodimlik qilaman. Loyiha yakunida doktorantura uchun oʻzimning mustaqil loyihamni Oʻzbekiston bilan olib borish niyatidaman.
Grantlar.uz: Ajratgan vaqtingiz va suhbat uchun tashakkur.
Sobira: Sizlarga ham suhbat uchun rahmat.
Erlangen-Nyurenberg universiteti bilan BU YERDA tanishing.