×

Oʻqish bepul universitetlar: Lyuksemburg universiteti


Blog

BO'LIM

Universitetlar

O'QILGAN

20554 marta

CHOP ETILGAN

26.09.2022

Bugun Lyuksemburgda joylashgan va oʻqish bepul boʻlgan Lyuksemburg universiteti haqida soʻzlab beramiz.

Ushbu universitetga yaqindagina (2003-yil) asos solingan boʻlsa-da, u allaqachon dunyoning eng kuchli oliygohlari roʻyxatiga kirib ulgurgan.

Jumladan, 2022-yil sentabr oyi holatiga koʻra, Lyuksemburg universiteti THE reytingi boʻyicha dunyoning eng yaxshi universitetlari roʻyxatida 251-300-oʻrinni egallab turibdi.

Xarajatlar

  • Lyuksemburg universitetida oʻqish uchun hech qaysi bosqichda va deyarli hech bir yoʻnalishda kontrakt summasi toʻlanmaydi.
  • Lekin roʻyxatga olish toʻlovi (enrollment fee) bor. Uning miqdori bosqichga qarab farq qiladi. Bakalavriatda dastlabki 2 semestrning har biri uchun 400 yevrodan, qolgan semestrlarning har biri uchun 200 yevroda. Magistratura va doktorantura uchun semestriga 200 yevrodan.
  • Magistraturaning ayrim yoʻnalishlarida kontrakt toʻlash talab etiladi (bunday kurslar kam). Bunda kontrakt summasi odatda yilida 1600 yevrodan 5000 yevrogacha.

Oʻqitish tili

Mazkur oliygoh koʻp tilli universitet hisoblanib, koʻpgina kurslar 2 yoki 3 tilda oʻqitiladi.

Masalan, Bachelor in Applied Information Technology yoʻnalishida darslarning 80%i ingliz, 20%i fransuz tilida olib boriladi.

Digital Engineering yoʻnalishidagi darslarning esa 70%i nemis, 15%i ingliz va 15%i fransuz tilida olib boriladi.

Aytish joizki, bakalavriatda toʻliq ingliz tilida oʻtiladigan yoʻnalish mavjud emas. Shu sababli nomzodlar kamida 2 ta tilni bilishi lozim.

Bakalavriat yoʻnalishlari va darslar qaysi tillarda boʻlishi bilan BU YERDA tanishing.

Magistraturada esa toʻliq ingliz tilida oʻtiladigan yoʻnalishlar anchagina. Shuningdek, magistraturada ham 2 yoki 3 tilda oʻtiladigan yoʻnalishlar mavjud.

Magistratura yoʻnalishlari va darslar qaysi tilda oʻtilishini BU YERDA bilib oling.

Doktorantura uchun taʼlim tilim aniq koʻrsatilmagan. Bundan kelib chiqadiki, nomzod oʻz izlanishlarini xohishiga qarab yo ingliz, yo fransuz yoki nemis tilida olib borishi mumkin.

Doktorantura dasturlari bilan BU YERDA tanishing.

Oʻqish qancha davom etadi?

Oʻqish muddatlari quyidagicha:

  • Bakalavriat – 3 yil.
  • Magistratura – odatda 2 yil, baʼzi kurslar 1 yil.
  • Doktorantura – maksimal 4 yil.

Talablar

  • Bakalavriatga qabul qilinishi uchun nomzod taʼlim olib boriladigan tillarni CEFRL tizimi boʻyicha B2 yoki C1 darajada bilishi hamda buni tegishli til sertifikatlari (IELTS, TestDaf, DELF va h.k) bilan isbotlashi kerak. BATAFSIL.
  • Magistratura uchun odatda nomzoddan taʼlim tilini B2 darajada bilish talab etiladi. Lekin turli yoʻnalishga qarab til talab ham farq qiladi. Til talabi boʻyicha aniq maʼlumot olish uchun kerakli yoʻnalishni tanlab, koʻrib olish mumkin.
  • Doktorantura uchun aniq til talabi belgilanmagan, lekin nomzod tilni tadqiqot olib bora oladigan darajada bilishi lozim.

Qabul qachon?

Qabul odatda har yili fevral-aprel oylarida boʻlib oʻtadi. Lekin bosqichlar va yoʻnalishlarga qarab, farq qilishi mumkin. Shu sababli har bir yoʻnalishga kirib, aniq qabul muddatini bilib olish mumkin:
Bakalavriat.
Magistratura.
Doktorantura.

Qabul jarayonlari bilan BU YERDA tanishing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!