Bunday chora-tadbirlar Prezidentning 01.12.2017 yildagi PF–5270-son «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar beradi.
2018/2019-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ravishda 2%li kvota ajratish boshlanadi. Bu qo‘shimcha kvota bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: 2016/2017-o‘quv yili uchun respublika bo‘yicha bakalavrlar uchun kvota 57 907 nafar etib belgilangan, 2017/2018-o‘quv yili uchun esa – 66 316 nafar (26.05.2016 yildagi PQ–2534-son va 05.05.2017 yildagi PQ–2905-son qarorlarga qarang). Shu tariqa, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bakalavriatda 1 150 – 1 300 ga yaqin o‘rin ajratilishini taxmin qilish mumkin.
Bundan tashqari, eslatib o‘tamiz: belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi quyidagilarni bakalavriatga o‘qishga qabul qilish uchun alohida davlat grantlarini ajratadi:
- davlat ta’minotidagi chin yetimlar – tegishli ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha “kontrakt”ga o‘tish ballini olish sharti bilan;
- ko‘rish qobiliyati bo‘yicha I guruh nogironlari – ko‘p balli tizimda kirish imtihonlarini topshirganda umumiy ballar miqdoriga nisbatan kamida 55% ball olish yoki 5 balli tizim bo‘yicha baholashda «3», «4» va «5» baho olish sharti bilan.
Abituriyentlarning boshqa imtiyozli toifalari (xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari, muddatli harbiy xizmatni tugatgan, qo‘mondonlik tavsiyanomasiga ega askarlar) umumiy kvotalar doirasida qabul qilinadi.
Qabul qilingan hujjatda quyidagilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytib o‘tilmagan:
- nogironlikning qanday darajasi o‘qishga imtiyozli qabul qilish huquqini berishi (nogironlikni tayinlash tartibi va uning darajasi haqida bu yerda o‘qing);
- o‘qish uchun qo‘shimcha kvota faqat bakalavriat uchun beriladimi yoki magistraturani ham qamrab oladimi;
- gap qo‘shimcha davlat grantlari ajratilishi haqida borayaptimi yoki to‘lov-kontrakt asosida qabul to‘g‘risidami;
- saralashning qanday mexanizmi joriy etiladi: nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida tanlovmi, abituriyentlar jumlasidan bo‘lgan o‘tish ballini to‘play olmagan shunday fuqarolarni qo‘shimcha 2 foizli qabul qilishmi yoki boshqa tartibmi?
Bu masalalarni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Iqtisodiyot vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda hal etadi. Ularga 2018-yilning 1-apreliga qadar oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni kvota asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilgan.
Manba: norma.uz