×

Ovoz chiqarib oʻqish qanchalik foydali ekanligini bilasizmi?


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

5939 marta

CHOP ETILGAN

24.10.2019

Universitetga kirish imtihonlari uchun yoki oliygohda sessiyaga doʻstlaringiz bilan tayyorgarlik koʻrish jarayoni yodingizdami? Falonchioy kitobni ushlab olib, uning ichida aks etgan soʻzlarni koʻzlari bilan xuddiki taʼqibona quvlayotgandek oʻqiyapti. Falonchibek esa ovozini chiqarib, goʻyoki spektakl ssenariysidagi rolini qaytarayotgandek oʻqiyapti. Yodingizga tushdimi? Ha! Aslida kitob oʻqishning aniq belgilangan qat’iy qoidasi yoʻq. Lekin mazkur kitob oʻqish san’ati (desak xato bo’lmas) ning qaysi biri foydaliroq? Shubhasiz, ovoz chiqarib oʻqish. Quyida ovoz chiqarib oʻqishning foydali jihatlaridan baʼzilarini keltirib oʻtamiz.

1. Diqqatni jamlay olish qobiliyati yaxshilanadi. Ovoz chiqarib oʻqiganingizda, chalgʻituvchi omillar taʼsiriga tushmay, barcha kuch va eʼtiboringizni faqat oʻqish uchun yoʻnaltirishingiz osonroq boʻladi. Ya’ni miya va ovozning hamohang faoliyati natijasida aqliy va ogʻzaki qobiliyatingiz bir markazga jipslashib, kitobdagi soʻzlarni  yanada toʻgʻri oʻqiysiz va yaxshiroq tushunasiz.

2. So’zlarni toʻgʻri talaffuz qilishni boshlaysiz. Ovoz chiqarib oʻqish insonga oʻz-oʻzidan masʼuliyat yuklaydi. Oʻz ovozingizni eshitar ekansiz, tabiiy ravishdayozilgan soʻzlarni toʻgʻri talaffuz qilishga urinasiz. Buning natijasida ogʻzaki nutqda ham ushbu soʻzlarni toʻgʻri talaffuz qilishga odatlanasiz. Koʻz yugurtirib oʻqishda esa faqat ong ishlaganligi sababli soʻzlar talaffuzi quyi darajaga tushib qoladi va baʼzan oʻzingizga tanish, lekin talaffuzi murakkab soʻzlarni toʻliq oʻqimasdan ham oʻtib ketish mumkin (bu esa talaffuz ravonligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi). Chunki miya sizga tanish boʻlgan soʻzdagi barcha harf va harf tovushlarini bittalab oʻqimaganda ham tushunish qobiliyatiga ega.

3. Soʻz boyligingiz oshishi va mustahkamlanishiga yordam beradi. Aytaylik biror kitob oʻqiganingizda, orasida siz oldin uchratmagan yangi soʻzlar uchrashi mumkin. Mazkur matnni koʻz yugurtirib oʻqisangiz, kitobdagi soʻzlarni ichingizda oʻqiysiz va soʻzlarning sizga taʼsiri kam boʻladi. Agar ovoz chiqarib oʻqisangiz, soʻzlardan chuqurroq maʼnolarni topishingiz mumkin, chunki ular talaffuz qilinganda tiriladilar va sizning til boyligingizni bir qismiga aylanadi.

4. Maʼlumot uzoqroq va yaxshiroq esda qoladi. Olimlar yangi maʼlumotlarni tez qabul qilish (xotirada qolishi) boʻyicha 4 usulda eksperiment oʻtkazishgan, unga ko’ra birinchi usul koʻz yugurtirib oʻqish, ikkinchi usul boshqa birov oʻqiyotgan matnni tinglash, uchinchi usul oʻz ovozini yozib olib tinglash va nihoyat toʻrtinchi usul ovoz chiqarib oʻqish. Sinov natijalari shuni koʻrsatdiki, ovoz chiqarib oʻqish inson xotirasida ma’lumotni uzoq vaqt va tez saqlab qoluvchi eng zoʻr “texnika” ekan. Demak, imtihon yoki dasrga tayyorgarlik koʻrishda koʻroq maʼlumotlarni yaxshiroq eslab qolmoqchi boʻlsangiz, albatta ovoz chiqarib oʻqish tavsiya qilinadi.

5. Yaxshiroq tushunish imkonini beradi. Ovoz chiqarib oʻqiganingizda ikki funksiyani amalga oshirasiz: koʻz bilan koʻrib oʻqish va eshitish. Bu esa oʻqilayotgan matnni yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

6. Ogʻzaki nutqda fikrni oson va aniq ifoda etishni oʻrganish imkonini beradi. Ovoz chiqarib oʻqish ogʻzaki nutqni rivojlantirish uchun eng yaxshi mashqlardar biridir. Ovoz chiqarib oʻqish diktsiyani, intonatsiyani, hissiy ranglarni, nutqni va uning boshqa elementlarini toʻgʻirlaydi, soʻzlash jarayonida tutilish, parazit soʻzlar va boshqa nutq nuqsonlaridan xalos boʻlishga imkon beradi. Omma oldida tutilmasdan, ravon nutq soʻzlashni oʻrganmoqchi boʻlsangiz, boshqa mashqlar qatorida ovoz chiqarib oʻqish mashqini ham muntazam bajarish tavsiya etiladi.

Tarixiy fakt. Tarixga nazar solsak, dastlab matnlar faqat ovoz chiqarib oʻqilgan. Chunki qadimda yozma matnlardan faqat boshqalarga oʻqib berish, biror farmoyish yoki xabarni boshqalarga yetkazish, omma oldida nutq soʻzlashda foydalanilgan. Ovoz chiqarmasdan ichida oʻqiyotgan Milan yepiskopi Ambroseni koʻrib hayratlangan faylasuf Avliyo Avgustin oʻzining “Iqrornoma” kitobida (taxminan milodiy 380-yil)  quyidagi fikrlarni yozib qoldirgan: “Ambrose oʻqiyotganda ovoz chiqarmasdan va lablarini qimirlatmasdan koʻzlarini sahifa uzra yugurtirar, soʻzlar maʼnosini qalbida kashf qilar edi.”

Demak, tarixda ovoz chiqarib kitob oʻqishgan, “ko’z yugurtirib” o’qiganlarga esa hayratlanib qarashgan. Hozirgi davrda esa buning mutlaqo aksi, kimningdir baland ovozda kitob oʻqishini koʻrsak hayratlanib qaraymiz. Balki shuning uchundir, yoshlar orasida soʻzlarni toʻliqsiz, notoʻgʻri talaffuz qilish  ancha ommalashgandir.

Madina Abdijalilova tayyorladi

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!