×

Oʻzbekiston dunyoda barcha mahalliy talabalarga oylik stipendiya beruvchi yagona davlatmi?


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

4829 marta

CHOP ETILGAN

14.01.2020

Muallif: Maqsud Salomov

Eslatma: maqola 2020-yilning 14-yanvarida yozilgan va unda faqat davlat OTMlari hamda shu davlat fuqarosi hisoblanuvchi talabalar haqida soʻz yuritiladi. Shuningdek, matnda stipendiya deyilganda davlat tomonidan qaytarib olmaslik sharti bilan talabaga beriluvchi oylik pul mablagʻi nazarda tutilgan.

Hozirda Oʻzbekiston talabalari orasida eng dolzarb masala oylik stipendiya masalasi boʻlib turibdi. Barcha mahalliy talabalarga bir xil – 400 ming soʻm oylik stipendiya berilishi talabalar orasida norozilikka sabab boʻldi. 2020-yilning 13-yanvarida boʻlib oʻtgan Yoshlar press-klubining navbatdagi sessiyasida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inomjon Majidov joriy oʻquv yili davomida hammaga bir xil oylik stipendiya toʻlanishidan zarar koʻrgan talabalarga tez orada tegishli zarar pullar qaytarilishini aytgan. Tabiiyki, bir xil stipendiyadan norozi talabalar bu yangilikdan mamnuniyat bilan qabul qilishdi.

Shu kabi soʻnggi yangiliklar anchadan beri oʻylab yurgan mavzum – talabalar stipendiyasi mavzusida yozishimga turtki boʻldi. Quyida bu mavzudagi muhim jihatlarga toʻxtalib oʻtamiz.

Dunyoda barcha mahalliy talabaga oylik stipendiya beruvchi davlat faqat Oʻzbekistonmi?

Yoʻq, bu borada Oʻzbekiston yagona emas. Turkmaniston va Daniya Qirolligida ham mahalliy talabalarning barchasiga davlat tomonidan oylik stipendiya beriladi. Shaxsiy izlanishlarimga koʻra, Oʻzbekiston, Turkmaniston va Daniyadan boshqa ushbu amaliyot mavjud boʻlgan davlatni topa olmadim (balki yana bordir).

Daniyada qanday?

18 yoshga toʻlgan har qanday Daniya fuqarosi oliy taʼlim olish uchun 6 yil davomida hukumatdan oyiga 930 AQSH dollarigacha (6,243 Daniya kronasi) stipendiya olish huquqiga ega (2020-yil yanvar oyi holatiga koʻra). Lekin oylik stipendiya miqdori barcha talaba uchun bir xil emas. Talabalarga ularning ota-onasi bilan birga yashash-yashamasligi, oilaviy daromadi, yoshi (18-19 yoshlilar uchun kamroq) va shu kabi boshqa omillar asosida stipendiya belgilanadi. Agar talaba oʻqishini belgilangan muddatdan tugata olmasa va qayta toshirish jarayonlari 6 oydan oshib ketsa, ushbu iqtisodiy yordamdan mahrum etiladi.

Yana bir farqli jihati shundaki, ushbu stipendiya talabaga avtomatik tarzda berilmaydi. Stipendiyani olish uchun talaba ariza bilan murojaat qilish kerak (odatda barcha talaba ariza bilan murojaat qiladi).

Shuningdek, Daniyada talabalar bakalavriat bosqichida tahsil olayotganda ham rasman ishlashi mumkin. Va ularning bir yil davomida ishlab topgan puli davlat tomonidan shu bir yil davomida toʻlangan stipendiyaning jami miqdoridan ortiq boʻlsa, talabadan toʻlangan bir yillik stipendiyaning maʼlum qismini qaytarish talab etiladi.

Shuningdek, talabalar qaytarib berilmaydigan stipendiyadan tashqari oʻqish tugagandan keyin qaytarib berish sharti bilan qoʻshimcha mablagʻ (loan) olishi ham mumkin.

Turkmanistonda qanday?

Turkmanistonda stipendiya holati boʻyicha internetdan biror maʼlumot topa olmadim. Shu sababli, turkmanistonlik tanishlarimdan bu haqida soʻradim va quyida keltiradigan maʼlumotlar turkmanistonliklardan ogʻzaki olingan axborotga asoslanadi.

Demak, Turkmanistonda ham barcha mahalliy talabalar davlatdan oylik stipendiya oladi. Stipendiyaning miqdori – talabaning oʻzlashtirish koʻrsatkichiga qarab oyiga 400 manatdan 1200 manatgacha, yaʼni Turkmanistondagi davlat kursi boʻyicha taxminan 114 AQSH dollaridan 342 AQSH dollarigacha. Lekin shuni hisobga olish kerakki, Turkmanistonda AQSH dollarining davlat kursi bozor kursidan deyarli 6 baravar arzon. Shu sababli, amaliyotda 400-1200 manat AQSH dollarida tasavvur qilinganidek katta summa emas.

Norvegiyada ham barcha mahalliy talaba oylik mablagʻ bilan taʼminlanadi-ku…

Ha, Norvegiyada ham barcha mahalliy talabalarni davlat har oy 8265 NOK (taxminan 929 AQSH dollari) miqdorida mablagʻ (loan) bilan taʼminlaydi (2020-yil holatiga koʻra). Lekin bu siz va biz tasavvur qilgan Oʻzbekiston tizimidagi begʻaraz stipediya emas. Norvegiyalik talabalar oʻqishni bitirgan davlat tomonidan toʻlangan ushbu summani maʼlum vaqt ichida qaytarishi kerak boʻladi (Daniya holatida, ayrim istisnolarni hisobga olmaganda, talaba oʻqishni tugatgach stipendiyani qaytarish sharti mavjud emasligini yuqorida koʻrib chiqqandik). Baʼzi vaziyatlarda ushbu qaytarilishi kerak boʻlgan mablagʻ (loan) qaytarilmaydigan mablagʻ (grant)ga aylantirilishi mumkin. Demak, Norvegiya Oʻzbekiston misoliga tushmaydi.

Taʼkidlash joiz-ki, Norvegiyadagi kabi tizimni boshqa davlatlarda ham uchratish mumkin.

Koʻrib turganimizdek, hozirda barcha mahalliy talabalarni bir xil miqdordagi oylik stipendiya bilan taʼminlovchi yagona davlat – Oʻzbekiston.

Boshqa qoʻshni davlatlar-chi?

Shu oʻrinda, qoʻshnilarimiz Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistonga ham qisqacha toʻxtalib oʻtsak.

Qozogʻistonda kirish imtihonlarida taʼlim grantni uchun yetarli ball toʻplagan bakalavriat talabalariga 1-semestr davomida har oy 20 949 tanga (taxminan 55 AQSH dollari) miqdorida stipendiya beriladi (2020-yil yanvar oyi holatiga koʻra). Kirish imtihonida taʼlim granti uchun yetarli ball toʻplay olmaganlarga stipendiya berilmaydi.

Stipendiya oluvchilar keyingi semestrlarda aʼlo bahoga oʻqish orqali beriladigan stipendiya miqdorini 15% ga oshirish mumkin. Shuningdek, taʼlim grantini olayotgan talabalarning oʻqishi “qoniqarli” darajaga tushib qolsa, oylik stipendiyadan mahrum etiladi.

Qoʻshimcha sifatida, qozoq talabalari davlat tomonidan yiliga ikki marta yoʻl haqi mablagʻi bilan taʼminlanishini ham qayd etish lozim. Yoʻl haqi mablagʻi miqdori oylik hisoblangan koʻrsatkichining 4 baravariga teng (2020-yil yanvar holatiga koʻra, oylik hisoblangan koʻrsatkichi 2651 tanga – taxminan 7 AQSH dollariga teng).

Tojikistonda ham faqat byudjetda oʻqiydigan mahalliy talabalar oylik stipendiya bilan taʼminlanadi. Kontrakt asosida taʼlim oluvchi talabalarga stipendiya berilmaydi. Dastlabki semestrda stipendiya kirish imtihonlarida toʻplangan ball asosida, keyingi semestrlarda esa semestr yakunidagi imtihonlarda toʻplangan ballar asosida belgilanadi.

Shuningdek, stipendiya miqdori talabaning oʻzlashtirish darajasiga qarab farq qiladi. Jumladan, oliy taʼlim muassasalarida stipendiya oluvchi talabalar uchun oylik stipendiya miqdorlari quyidagicha:

  • “aʼlo” bahoga oʻquvchi talaba uchun oyiga 208 somoniy (taxminan 21 AQSH dollari);
  • “yaxshi” bahoga oʻquvchi talaba uchun oyiga 150 somoniy (taxminan 15 AQSH dollari);
  • baholari “aʼlo”, “yaxshi” va koʻpi bilan 20% bahosi “qoniqarli” boʻlgan talabalar uchun oyiga 56 somoniy (taxminan 6 AQSH dollari).

Agar byudjetda oʻqiyotgan talabaning oʻzlashtirish koʻrsatkichlari belgilangan minimum chegaradan pastlasa, stipendiya berish toʻxtatiladi.

Qirgʻizistonda faqat byudjet asosida oʻqiydigan mahalliy talabalar stipendiya bilan taʼminlanadi. 2020-yil yanvar holatiga koʻra, byudjet asosida OTMda tahsil olayotgan talabalarga oyiga 800 qirgʻiz somi (taxminan 11 AQSH dollari) miqdorida stipendiya beriladi. Kontrakt asosida tahsil oluvchi talabalar stipendiya olmaydi.

Stipendiya va korrupsiya

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Kun.uz muxbiri bilan suhbatda barcha talabaga bir xil stipendiya berilishi oliygohlarda korrupsiyaning qisqarishiga xizmat qilishini aytib oʻtgan. Vazirning soʻzlariga koʻra, bahoga qarab beriluvchi stipendiya talabalarning bahoni koʻtarish uchun oʻqituvchilarga pul berishini ragʻbatlantirishi mumkin.

Ha, bunday ehtimol mavjud va buni inkor etmoqchi emasman. Lekin shu yerda oʻrinli bir savol tugʻiladi: Mana, 1-semestr ham yakuniga yetay deb qoldi. Stipendiyaning barcha talabaga bir xil qilingani oliy taʼlimda korrupsiyani qisqartirishga qanchalik hissa qoʻshdi? Shu masala yuzasidan kerakli va tizimli kuzatuv, tadqiqot olib borilyaptimi? Umuman, bir xil stipendiyaning oliy taʼlimda korrupsiya kamayishiga xizmat qilgan yoki qilmaganini aniqlash mumkinmi? Mumkin boʻlsa, qanday aniqlash mumkin va buning natijalari qanday boʻlyapti yoki boʻladi (1-semestr toʻliq tugagach)?

Oliy taʼlimdagi korrupsiya haqida soʻz ketar ekan, oliy taʼlim tizimida korrupsiyaga qarshi kurash choralarini tizimli va muntazam kuzatib, oʻrganib borish, ularning natijalarini umumlashtirish va shu asosda kerakli natijani bermagan ayrim choralardan voz kechish yoki aksincha, yangi choralarni qoʻllash harakatlar qoniqarli darajada olib borilmayotgandek tuyuladi menga. Balki bunday tadqiqotlar allaqachon amalga oshirilayotgandir. Agar shunday boʻlsa, ularning natijasi va samaradorlik darajasi ommaviy eʼlon qilib turilsa, maqsadga muvofiq ish boʻlardi.

Oʻzing-chi, stipendiya haqida qanday fikrdasan?

Talabalarning oylik stipendiya bilan taʼminlanishi va stipendiya miqdorining bir xil yoki turli xil boʻlishi mamlakatning iqtisodiy quvvati, aholining iqtisodiy holati, stipendiya berish maqsadi va shu kabi boshqa omillarga bogʻliq. Shu omillarni hisobga olgan holda stipendiya haqida fikrlarimni quyida bayon etaman:

1. Agar barchaga stipendiya berishdan maqsad (maqsadlardan biri) talabani yaxshiroq oʻqish uchun ragʻbatlantirish boʻlsa, stipendiya miqdori, albatta, talabaning oʻzlashtirish koʻrsatkichi, ilmiy izlanish faoliyati kabilarga bogʻliq ravishda turlicha boʻlishi lozim. Talabalarning ilmiy salohiyati va natijalaridan qatʼiy nazar bir xil stipendiya berish talabani yaxshiroq oʻqish uchun ragʻbatlantirmaydi.

2. Agar barchaga stipendiya berishdan maqsad (maqsadlarda biri) talabaning yaxshi oʻqishini ragʻbatlantirish emas, talabalarga moddiy yordam koʻrsatish boʻlsa, stipendiya miqdori talabaning oylik ehtiyojlarini imkon qadar hisobga olgan holda barcha uchun bir xil qilib belgilanishi mumkin. Bunda yaxshi oʻqishni qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshimcha ragʻbatlantiruvchi dasturlarni qoʻllash mumkin.

3. Yuqorida guvoh boʻlganingizdek, barcha talabani oylik stipendiya bilan taʼminlovchi davlatlar juda kam. Va bunday taʼminotni muntazam saqlab turuvchi davlat iqtisodiy jihatdan anchagina rivojlangan va barqaror boʻlishi kerak (Oʻzbekiston iqtisodiy jihatdan rivojlangan davlatlar qatoriga kirmasligi hech kimga sir emas). Chunki 250-300 ming talabani har oy maʼlum mablagʻ bilan taʼminlash juda katta xarajat hisoblanadi.

Soʻzimizga isbot sifatida, shu yerda “dehqoncha” misol keltirib oʻtsak: aytaylik, Oʻzbekistonda 300 ming nafar talaba bor va har biri oyiga 400 ming soʻmdan stipendiya olyapti. Bu har oy davlat byudjetidan 120 000 000 000 (bi yuz yigirma milliard) soʻm, yaʼni taxminan 12 million 540 ming AQSH dollari xarajat qilinyapti degani. Endi bu 1 yilda, undan keyin 4 yilda qancha boʻlishini tasavvur qilavering.

Davlatda iqtisodiy holat va taʼlim sifati yuqori boʻlmagan vaziyatda barcha talabalarni stipendiya bilan taʼminlash shart emas. Bunday holda stipendiya bilan taʼminlanadigan talabalar sonini qisqartirish orqali mablagʻni tejash hamda tejalgan mablagʻni taʼlim sifatini oshirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash yoʻlida sarflash maqsadga muvofiq hisoblanadi va men shu yoʻl tarafdoriman. Bunda stipendiya birinchi navbatda talabaning iqtisodiy ahvoli, soʻng ijtimoiy faolligi, ilmiy izlanish faoliyati va shu kabilar asosida belgilanadi hamda beriladi.

Lekin bunday vaziyatda aholi orasida oliy taʼlimga boʻlgan talab davlatning taklifidan koʻp boʻlsa (bizda allaqachon talab taklifdan koʻp), davlat xususiy oliygohlarning ochilishi va faoliyatini qoʻllab-quvvatlashi zarur. Xususiy oliygohlar davlat OTMlarida yetishmayotgan oʻrinlarni yaratib berish uchun xizmat qiladi.

4. Aynan hozirgi vaziyatda barcha talabalarga 400 ming soʻm miqdorida stipendiya toʻlanayotgani masalasiga kelsa, bu amaliyot huquqiy asosga ega emas. Buni huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev batafsil tushuntirib bergan va shu sababli, bu masalaga toʻxtalib oʻtish shart emas. Shunday ekan, hozirgacha va hozirda barcha talabalarga bir xil stipendiya toʻlanayotgani huquqiy jihatdan notoʻgʻri.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!