Test natijalari chiqishni boshlagach, abituriyentlardan qoʻshimcha kontrakt (xalq tilida “super kontrakt”) haqida savollar koʻpaydi. Shularni inobatga olib, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev qoʻshimcha kontrakt haqidagi ayrim savollarga javob berib oʻtdi.
1. Qoʻshimcha kontraktda oʻqish uchun necha ball olish kerak?
Farqi yoʻq. Testga kirgan boʻlsa, kifoya. 1 ball olgan boʻlsa ham, qoʻshimcha kontraktda oʻqishi mumkin. Faqat narxi baliga qarab farq qiladi.
2. Qoʻshimcha kontraktda oʻqishni xohlaganlar qachon ariza berish kerak?
Oʻqishga kira olmagan abituriyentlar qoʻshimcha kontraktda oʻqish uchun test natijalari eʼlon qilingandan boshlab 1 oy ichida ariza berishi kerak.
3. Ariza qayerga beriladi?
Qoʻshimcha kontraktda oʻqish istagida boʻlganlar OTM rektori nomiga ariza beradi.
4. Beshta yoʻnalishdan qaysi birida oʻqish mumkin?
Oʻtgan yili istalgan 3 ta yoʻnalishdan birida super-kontraktda oʻqishga ruxsat berilgandi. Joriy yilda ham istalgan beshta yoʻnalishdan birida oʻqishga ruxsat berilsa kerak.
Qoʻshimcha kontraktning narxi qancha?
Qoʻshimcha toʻlov-kontrakt miqdori amalda oʻrnatilgan toʻlov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
1-toifa
Kirish chizigʻiga 4 ball yetmaganlar nisbatan ancha arzon kontrakt toʻlaydi. Jumladan:
- 1 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — 1,5 barobar;
- 1.1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,0 barobar;
- 2.1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,5 barobar;
- 3.1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun — 3,0 barobar.
Masalan, kirish bali 140 boʻlgan deylik. 139 ball toʻplagan abituriyent kontraktning 1,5 barobarini toʻlaydi. Masalan, asli 10 mln soʻm kontrakt boʻlsa, 15 mln soʻm toʻlasa kifoya.
138,9 ball olgan abituriyent esa 2 barobarini toʻlaydi, yaʼni 20 mln soʻm. Va h.k.
2-toifa
56,7 balldan koʻp toʻplagan, lekin kirish chizigʻiga 4 balldan koʻproq yetmay qolgan abituriyentlar kontrakt summasining 10 baravaridan oshiq miqdorda toʻlaydi.
Masalan, yana oʻsha kirish 140 ball boʻlgan yoʻnalishni misol olsak, 135,9 balldan kam 56,7 balldan koʻp toʻplaganlar 2-toifaga tushadi.
Joriy yilda 2-toifa uchun narxlar hali tasdiqlanmadi. Oʻtgan yildagi narxlarni BU YERDA koʻrib olishingiz mumkin. Shuningdek, joriy yildan super-kontrakt narxlarini OTMlar oʻzlari belgilashadi.
3-toifa
56,7 balldan kam toʻplaganlar (masalan, 1 ball boʻlsa ham) 2-toifadagi super-kontrakt miqdorining 2 barobarini toʻlab oʻqishlari mumkin. Masalan, oddiy super-kontrakt 15 barobar boʻlsa, 56,7 balldan kam toʻplaganlar 30 barobar toʻlab, super-muper kontraktda oʻqishi mumkin.
5. Qoʻshimcha kontrakt har yili toʻlanadimi yoki bir marta?
Bir marta toʻlanadi. 1-oʻquv yilini tugatgandan soʻng keyingi yillarda el qatori oddiy kontraktni toʻlab oʻqishadi.
6. Magistraturada ham qoʻshimcha qabul bormi?
Ha, bor. Faqat magistraturada bakalavrga oʻxshab tabaqalashtirilgan qimmat kontrakt toʻlanmaydi, oddiy kontrakt narxi qancha boʻlsa, qoʻshimcha qabul qilingan magistrlar ham shuncha toʻlashadi.
7. Super-kontraktni boʻlib-boʻlib toʻlasa boʻladimi?
Oʻtgan yili super-kontraktni yil davomida ikkiga boʻlib yoki hattoki oylarga boʻlib toʻlash imkoniyati ham berilgan edi. Joriy yilda ham berilsa kerak.
8. Super-kontrakt uchun taʼlim krediti olsa boʻladimi?
Yoʻq, super-kontrakt uchun taʼlim krediti berish amaldagi qonunchilikda belgilanmagan. Lekin banklar bozor narxlarida oʻz kreditlarini taklif etishi mumkin.
ESLATMA: 10 yoki 20 barobar degani bu eng kam oylik ish haqiga nisbatan emas, oʻsha yoʻnalishdagi stipendiyasiz kontrakt narxiga nisbatan. Yaʼni stipendiyasiz kontrakt 7 mln soʻm boʻlsa, 10 barobar boʻlganda qoʻshimcha kontrakt uchun 70 mln soʻm toʻlanadi.