×

Fransiyada tahsil olish: University of Paris


Blog

BO'LIM

Universitetlar

O'QILGAN

18307 marta

CHOP ETILGAN

07.11.2018

Qisqacha:

Qachon asos solingan: 12-asrda;
Asoschi: Rober de Sorbon;
Qayta tashkil etilgan: 2018-yilda;
Til: fransuz, ingliz;
Rasmiy sayt: http://sorbonne-universite.fr/;
Prezident: Jean Chambaz;
Talabalar soni: 53 400;
Tarkibi: 13 ta mustaqil universitetlardan iborat;
Qayerda joylashgan: 28 Rue Serpente, 75006 Paris, Fransiya; Telefon: 01 44 27 44 27.

Nima uchun Parij Universiteti?

Parij universiteti (University of Paris, hozirda Sarbonne University) Rober de Sorbon tomonidan 12-asrda asos solingan Yevropaning eng qadimgi taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Koʻp asrlar davomida universtitet ilmiy tafakkur markazi boʻlgan va Foma Akvinskiy, Pyer Kyuri, Ignatiy de Loyola, Simona de Bovuar, Emmanyuel Makron, Anri Puankare, Jan Kalvin, Iren Jolio-Kyuri, Deni Didro, Jan Bodriyyar, Fransua Mitteran, Jan Fransua Liotar, Xabib Burgiba, Bernard Lyuis, Maksimilian Robespyer, Mayster Ekxart, Edgar Dega, Jyul Mishle kabi oʻrta asrlar hamda hozirning buyuk shaxslarini yetishtirgan. 1968-yilda Parij universiteti 13 ta alohida yoʻnalishlarga ega universitetlarga ajratildi.

Parij Universiteti hozirda bir nechta OTMlarni o’z ichiga oladi. Ular quyidagilar:

  • Universitet Parij I, Panteon-Sorbonna nomi bilan mashhur, huquq, boshqaruv, sanʼat va tarixga ixtisoslashgan. Qisman Sorbonnaning tarixiy inshootlaridan birida joylashgan. Tarkibida iqtisod, demografiya, amaliy matematika, kommunikatsiya va ijtimoiy fanlar boʻyicha 15 ta fakultet mavjud.
  • Universitet Parij II yoki Panteon-Assa huquqshunoslik va yurisprudensiya boʻyicha Yevropaning eng yaxshi oliygohlaridan biri hisoblanadi. Tarkibida Fransuz jurnalistika instituti va bir qancha boshqa fakultetlar bor. Panteon-Assa mashhur Lyuksembers bogʻi roʻparasida joylashgan.
  • Universitet Parij III yoki Yangi Sorbonna, adabiyot, tillar, teatrshunoslik, kommunikatsiya, kino sanʼati va sivilizatsiya tarixi kabi yoʻnalishlar boʻyicha 13 ta fakultetda kadrlar tayyorlaydi. Sena daryosi boʻyidagi Lotin kvartalida joylashgan.
  • Universitet Parij IV yoki Parij-Sorbonna, Parijning asosiy gumanitar oliygohi. Jurnalistika, tilshunoslik, tarix, arxeologiya kabi 16 ta fakulteti bor. Sorbonna binosida joylashgan.
  • Universitet Parij V yoki Parij Dekart davlat tibbiyot universiteti. Bulon-Bilankur va Monrujda joylashgan. Parij Dekart 8 fakultet, Psixologiya instituti va yuzlab tibbiy laboratoriyalarini oʻz ichiga oladi.
  • Universitet Parij VI, Pyer va Marii Kyuri nomida, Parijning aniq va tabiiy fanlari boʻyicha bosh oliygohi. 7 fakultet va 5 ta institutdan iborat. Tarkibiga 180 ta ilmiy laboratoriyalar kiradi. 20% talabalari chet elliklar hisoblanadi.
  • Universitet Parij VII, Deni Didro nomi bilan ataladi, tabiiy, aniq va gumanatar qanlarga ixtisoslashgan. Oʻquv binolari Parijning turli qismlarida, shuningdek, shahar tashqarisidagi Myodone va Fontenbloda joylashgan.
  • Universitet Parij VIII yoki Vinsan-Sen-Deni asosan gumanitar fanlarga ixtisoslashgan, ammo informatika va huquq, falsafa, kino sanʼati, gender tadqiqotlarga oid fakultetlari mavjud. Sen-Deni tumanida joylashgan.
  • Universitet Parij IX yoki  Parij-Dofin, iqtisodiyot fanlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydi. NATO tashkilotining avvalgi binosida joylashgan.
  • Universitet Parij X — Nanter-lya-Defans —Parijdan bir necha km uzoqlikdagi Nanter shahrida joylashgan, huquq va iqtisod boʻyicha kadr tayyorlaydi. Tarkibida 9 fakultet, universitet teatri, olimpiya basseyni mavjud.
  • Universitet XI yoki Parij-Janub, aniq fanlar boʻyicha Fransiyaning eng yaxshi universitetlaridan biri hisoblanadi. Parij janubidagi Orse shahrida joylashgan, 5 ta fakultet iva yuzlab laboratoriyalari bor.
  • Universitet XII – Val de Marn Parij tashqarisidagi Kretey shahrida joylashgan. Universitet administrativ fanlar, menejment, adabiyot, huquq va aniq fanlar boʻyicha kadr tayyorlaydi. 7 ta fakultet va tadqiqot institutlari, shuningdek, oliy maktablar tarkibiga kiradi.
  • Universitet XIII – Parij-Shimol 5 ta fakultetdan tashkil topgan, adabiyot, huquq, kommunikatsiya, tibbiyot va biologiyaga yoʻnaltirilgan. Parijning Sen-Deni tumanida joylashgan.

Qaysi tilda va qancha muddat?

Parij Universiteti hamda uning tarkibiga kiruvchi oliygohlarda oʻqish fransuz va ingliz tillarida olib boriladi. Agar fransuzchani qisman tushunsangiz, yaxshisi, taʼlim ingliz tilida olib boriladigan guruhlarni tanlaganingiz maʼqul.

Parij universitetlari Bolonya tizimiga aʼzo, hamda qaysi bosqichligidan qatʼiy nazar, yiliga 60 kreditdan toʻplash talab etiladi:

  • Bakalavriat: 3-4 yil;
  • Magistratura: 1-2 yil;
  • Doktorantura: 3 yil.

Fransuz tilini qayerda oʻrganamiz?

Fransiyada erkin oʻqish va yashash uchun hech boʻlmasa kundalik hayotda va universitet faoliyatida fransuz tilida gaplasha olishingiz zarur. Buning uchun bir necha variantlar mavjud:

  • Fransuz tili kurslarida oʻqish;
  • Fransuz millatiga mansub talaba bilan yotoqxonaga joylashish (bunda oʻquv kurslariga nisbatan tezroq va tabiiy gaplashishni oʻrganishingiz aniq);
  • Oʻqiyotgan universitetingizda mavjud fransuz tili kurslarida ishtirok etish;
  • Universitetda oʻtiladigan fanlardan tushunishingiz uchun osonroqlarini fransuz tilida, qolganini ingliz tilida oʻqishingiz mumkin. Masalan, Panteon-Sorbonna universiteti fransuz tili kurslari haqida toʻliq SHU YERDA

Qancha?

Parij universitetlarida 2018-yilning 6-noyabr holatiga koʻra Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan talabalar, jumladan yurtimiz vakillari bir oʻquv yiliga ming yevrodan 10 ming yevrogacha toʻlab oʻqiydi. Masalan, Panteon-Sorbonna universiteti Iqtisodiyot, Matematika, Huquq dasturlari uchun toʻlov 5000-6500 yevroni tashkil etadi: BATAFSIL.

Qanday hujjatlar topshiriladi?

Avval Siz istagan mutaxassislik boʻyicha dasturni aniqlash lozim. Oʻzingizga maʼqul dasturni tanlash uchun yuqorida koʻrsatilgan universitetlarning rasmiy saytlariga murojaat qiling. Masalan Panteon-Sorbonna universiteti ingliz tilidagi kurslarni tanlash uchun maʼlumot: SHU YERDA.

Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan davlat vakillari, jumladan, oʻzbekistonliklar uchun topshiriladigan hujjatlarning umumiy tarkibi quyidagicha:

  • Ariza (onlayn shaklda toʻldirilgan, chop etilgan va imzo qoʻyilgan boʻlishi kerak);
  • Pasport nusxasi;
  • Pasport formatidagi fotosurat;
  • Imtihonlar muddati uch oydan koʻp boʻlgan universitetlar uchun viza haqidagi maʼlumotnoma (pasportga qoʻshimcha);
  • Attestat/kollej/litsey diplomi (fransuz tiliga tarjima qilingan va notarial tasdiqlangan nusxasi);
  • Motivatsion xat;
  • Iqtisodiyot va moliya yoʻnalishlari uchun GRE/GMAT sertifikati;
  • Til bilish darajasi sertifikati (ingliz tili uchun IELTS/TOEFL sertifikati);
  • Fransuz tilida oʻqishni tanlaganlar uchun fransuz tili testidan DALF (C1 darajasiga toʻgʻri keladi) yoki DELF (B1 yoki B2). Oʻzbekistonda topshirish uchun: BATAFSIL;
  • Ayrim universitetlar uchun esse, tavsiyanoma va rezyume talab qilinishi mumkin;
  • Tugʻilganlik haqidagi guvohnoma (fransuz tiliga tarjima qilingan va notarial tasdiqlangan).
  • Roʻyxatdan oʻtish badali tanlangan yoʻnalishga koʻra minimal 170 yevrodan boshlanadi (masalan, Panteon-Sorbonna universiteti uchun registratsiya badali haqida: SHU YERDA tanishing).

*Topshiriladigan hujjatlar va ularning shaklini tanlagan universitetingizdan aniqlashtiring.

*Dedlayn: topshirilayotgan yoʻnalish va semestrga qarab turlicha, masalan, Penteon-Sorbonna universiteti Iqtisodiyot magistratura yoʻnalishi uchun 15-oktyabrdan 1-maygacha.

*Chet ellik talabalarni oʻqishga qabul qilish, stipendiya dasturlari, yordam kabi har qanday qoʻshimcha savol va yordam olish uchun Parij Xalqaro universitetlari saytiga yoki Crous Paris tashkilotiga murojaat qiling. Ular xalqlar integratsiyasi va chet ellik talabalarning Fransiya muhitiga adaptatsiyasini taʼminlash bilash shugʻullanadilar.

Kirish imtihonlari:

Barcha imtihonlar Siz tanlagan (fransuz yoki ingliz) tilda oʻtkaziladi va barcha hollarda tegishli darajadagi fransuz yoki ingliz tilini egallaganlik haqida sertifikat talab etiladi. *Imtihonlarni tanlagan universitetingizdan aniqlashtiring.

Stipendiya bormi?

Stipendiyalar haqida Parij universiteti tarkibiga kiruvchi universitetlarning rasmiy saytlarida tanishish mumkin. Masalan, Parij-Sorbonna universiteti taqdim etadigan stipendiyalar quyidagilar:

  • Eiffel Scholarship, talabani oyiga 1180 yevro miqdordagi stipendiya bilan taʼminlaydi. Dedlayn 27-oktyabr, murojaat uchun freemover1@univ-paris1.fr;
  • Scholarship Master Ile-de-France / Scholarship Master Ile-de-France-Europe, talabani 450 yevro hajmda stipendiya bilan taʼminlaydi: BATAFSIL;

Shuningdek, Fransiya hukumati stipendiyalari:

Oʻqish mobaynida ishlash mumkinmi?

Oʻzbekistonlik talabalar oʻqish davrida haftasiga 20 soat ishlashlariga ruxsat beriladi. Ishlash uchun Bandlik bilan taʼminlash xizmatiga murojaat qilish lozim.

Yashash va viza xarajatlari qancha?

Turar joy: 250-700 yevro. Parij universitetlari talabalar uchun oʻz rasmiy saytlarida yotoqxonalar haqida maʼlumot joylashtirganlar. Masalan, Penteon-Sorbonna universiteti talabalar yotoqxonalari haqida batafsil: SHU YERDA tanishing. Shuningdek, Parij AILE tashkiloti talaba uchun bir martalik 900 yevro miqdorda yotoqxonaga joylashish yordami koʻrsatadi: BATAFSIL.

Oziq-ovqat, oʻquv anjomlari va boshqa xarajatlar, transport, uyali aloqa va internet, madaniyat, sport va hk.:uchun minimal 430-500 yevro sarflaydi. Masalan, Panteon-Sorbonna universiteti talabalarga imtiyozli restoranlarda ovqatlanish, WiFi xizmatidan foydalanishni tavsiya etadi.

*Maʼlumotlar 2018 yil uchun Panteon-Sorbonna universiteti misolida olindi. Toʻliq maʼlumot: SHU YERDA. Narxlar taxminan berilgan hamda valyuta kursi va muddatga qarab oʻzgarishi mumkin.

Viza xarajatlari. Imtihon topshirishga borish uchun sayohatchilar shengen vizasini olish kerak. Oʻqish davrida yashash uchun talabalik vizasini rasmiylashtirish lozim. 3 oylik Shengen vizasi va uzoq muddatli talabalik vizasi uchun Fransiya hukumatiga yoki yurtimizdagi Fransiya elchixonasi (Embassy of France in Tashkent)ga murojaat qilish lozim. Manzil: Istiqbol 25, Toshkent; Rasmiy sayt: http://www.ambafrance-uz.org/; Telefon: (+998 71) 233 53 82, (+99871) 233 53 84.

3 oydan 1 yilgacha beriladigan vizani rasmiylashtirishga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • Toʻldirilgan va imzo chekilgan anketa (arizaning elektron shakli: SHU YERDA);
  • 2 dona 3,5 x 4,5 mm formatdagi fotosurat;
  • Amaldagi pasport (oʻzbekistonlik talaba uchun zagranpasport);
  • Universitetga qabul qilinganlik haqida maʼlumotnoma;
  • 18 yoshdan katta talabaning hisob raqamida oyiga 430, yiliga taxminan 5 160 yevro boʻlishi lozim. Bu talabaning oylik xarajatlarini qoplash uchun zarur summa hisoblanadi;
  • Tibbiy sugʻurta;

3 oydan 1 yilgacha rasmiylashtiriladigan viza xarajatlari taxminan minimal 99 yevroni tashkil etadi. Masalan Panteon-Sorbonna universtiteti talabasi uchun viza haqida SHU YERDA tanishing. *Talabalik vizasini rasmiylashtirish haqida umumiy maʼlumot: SHU YERDA.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!