×

Path to the US High Schools: Maktab va kollej/litsey oʻquvchilari uchun oʻqishni AQSH maktablarida davom ettirish imkoniyati!


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

10495 marta

CHOP ETILGAN

09.06.2022

“Path to the US High Schools” – Grantlar.uz loyihasi tomonidan Oʻzbekiston yoshlari, shuningdek Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston va Qozogʻistondan boʻlgan hamda oʻzbek tilida muloqot qila oladigan yoshlarga AQSH maktablarida oʻqish/oʻqishini davom ettirish uchun ariza topshirish va grant yutishda amaliy koʻmak koʻrsatish maqsadida tashkil etilgan dasturdir.

Ushbu dasturda 2022-yil sentabr oyi holatiga koʻra, maktabning 9 va 10-sinfida yoki litsey/kollejning 1-kursida oʻqiydigan oʻquvchilar qatnashishi mumkin. Dastur mashgʻulotlari oʻzbek va ingliz tilida olib boriladi. Dastur mashgʻulotlari onlayn tarzda (Zoom va/yoki telegram uchrashuvlar orqali) olib boriladi.

Dastur imkoniyatlari:

  • Dasturga qabul qilinganlarga sentabr-oktabr oylarida Amerika maktablariga hujjat topshirish va qabul qilinishgacha kechadigan barcha jarayonlar oʻrgatiladi;
  • Hujjatlarni tayyorlashda bevosita yordam koʻrsatiladi. Ariza va hujjatlarni xatolarsiz, toʻgʻri va muvaffaqiyatli topshirishingizni taʼminlaydi.
  • Dastur ishtirokchilariga Amerika maktabi intervyusidan oʻtish individual tarzda oʻrgatiladi.
  • Ariza topshirishdan boshlab, to qabul qilinish va grant yutishgacha boʻlgan barcha jarayonda istalgan payt istalgan savolingizni berishingiz va javob olishingiz mumkin boʻladi.

Talab va shartlar:

“Path to the US High Schools” dasturiga ariza topshirish va unda qatnashish mutlaqo bepul. Dastur ishtirokchilari talablarga javob bera olsa va qabul jarayonlaridan muvaffaqiyatli oʻtsa, finalist boʻladi (yaʼni dasturda ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritadi). Har bir ishtirokchi bir yilda bir marta ariza topshirishi mumkin. Ikki va undan ortiq ariza topshirgan nomzod dasturdan chetlashtiriladi.

Dasturga ariza topshirayotgan nomzodlar quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:

  • Nomzod 2022-yil sentabr oyi holatiga koʻra maktabning 9 va 10-sinfida yoki litsey/kollejning 1-kursida o’qiyotgan bo’lishi kerak. Ya’ni 2022-yil may oyida 8 yoki 9-sinfni bitirgan oʻquvchilar hujjat topshira oladi.
  • Nomzodning ingliz til darajasi kamida “Intermediate” boʻlishi lozim va dastur boshlangunga qadar (sentabr-oktabr oyigacha) “Upper-Intermediate” darajada boʻlishi kerak. Darajasi “Intermediate”dan past boʻlgan nomzodlar dasturda finalist boʻla olmaydi.
  • Nomzod yaxshi yoki aʼlo baholarga ega bo’lishi lozim.

Dasturga qabul jarayoni 3 bosqichda amalga oshiriladi.

1-bosqich: onlayn anketa va insho. Dasturga 2022-yilning 10-iyunidan 20-iyul soat 23:00gacha hujjat topshirish mumkin. Anketada nomzod shaxsiy maʼlumotlarini kiritishi, baholarini yuklashi, insho yozishi va ota-ona ruxsatini yuklashi kerak boʻladi.

Yozib kiritiladigan maʼlumotlar va insho ingliz tilida boʻlishi lozim. Inshoda belgilar soni 1000 ta belgidan oshib ketmasligi zarur. Baholari taʼlim muassasasida qaysi tilda qoʻyilgan boʻlsa, oʻsha tilda topshiriladi. Ota-ona ruxsatini oʻzbek, ingliz yoki rus tilida topshirish mumkin.

Ota-ona ruxsatida ruxsat berayotgan ota yoki onaning toʻliq ism-sharifi, farzandining toʻliq ism-sharifi, farzandining ushbu dasturda qatnashishiga ruxsat berishi koʻrsatilishi hamda imzo va sana bilan tasdiqlanishi lozim (bu hujjat qogʻozga yoziladi va uni rasmga olingan yoki skanerlangan nusxasi ariza shakliga yuklanadi).

Birinchi bosqich natijalari 30-iyul kuniga qadar e’lon qilinadi. Quyidagi havola orqali ariza topshirishingiz mumkin: https://forms.gle/n8zS3WVza4d2oUQ88

Eslatma: Ariza topshira olish uchun Gmail hisobingiz (account) boʻlishi lozim. Agar Gmail hisobingiz boʻlmasa, BU YERDAGI maqolani oʻqib, hisob yarartishingiz mumkin.

2-bosqich: ingliz til darajasini aniqlovchi imtihon. Ikkinchi bosqichga o’tgan ishtirokchilarni ingliz til darajasini aniqlash uchun Efset testini topshiradi. Bu bosqich iyul oyi oxirlari va avgust oyi boshlarida bo’lib o’tadi. Ingliz til darajasi “Intermediate”dan past bo’lmagan ishtirokchilar keyingi, ya’ni so’nggi bosqichga o’tadi. 2-bosqich natijalari 15-avgustga qadar e’lon qilinadi.

3-bosqich: suhbat. Suhbat bosqichi 17-25-avgust kunlari o’tkaziladi. Bunda nomzod bilan Zoom platformasida suhbat boʻlib o’tadi. Suhbatda nomzoddan turli xil savollar so’raladi. Suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan ishtirokchilar bilan dastur koordinatorlari bog’lanadi, email yuboriladi va finalistlarga darslar 10-sentabr kuni boshlanadi. Finalistlar 31-avgust kuniga qadar eʼlon qilinadi.

Dasturga koʻpi bilan 15 nafar finalist tanlab olinadi. Bundan tashqari, «Waitlist» ham mavjud. «Waitlist» uchun 3 nafar nomzod tanlab olinadi. Dastur boshlanganda yoki boshlangunga qadar finalistlardan biri ma’lum sabablarga ko’ra ishtirok eta olmasa yoki dastur qoidalarini buzsa, “Path to the US High Schools Program”dan avtomatik tarzda chetlashtiriladi va uning o’rniga «Waitlist»dagi nomzod qo’shiladi.

Dastur mashgʻulotlari oʻzlari AQSH maktablariga hujjat topshirgan va bu borada tajribaga ega oʻquvchilar tomonidan oʻtiladi. Shuningdek ayrim mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun FLEX dasturi gʻoliblari va AQSH maktablarida tahsil olish tajribasiga ega boshqa oʻquvchilar ham taklif etiladi.

MUHIM: Dasturga qatnashish mutlaqo bepul. Biroq dastur finalistlarning hujjat topshrish, oʻqish va boshqalar bilan bogʻliq hech qanday xarajatlarini qoplamaydi. Dastur finalistlariga AQSH maktablariga hujjat topshirish, suhbatdan oʻtish, grant yutishda eʼtibor qaratiladigan jihatlar haqida maʼlumot beriladi, bu jarayonlarda amaliy yordam koʻrsatiladi, lekiin ularning toʻliq yoki qisman grant yutishiga kafolat berilmaydi. Dasturga hujjat topshirayotgan nomzodning ingliz til darajasi “Intermediate” boʻlsa ham qabul qilinadi. Lekin sentabr-oktabr oyiga qadar kamida “Upper-Intermediate” darajada boʻlishi kerak.

Dastur yuzasidan biror savolingiz boʻlsa, maxsus ochilgan telegram guruhida soʻrashingiz yoki pathtotheus2022@gmail.com email manziliga savolingizni yozib yuborishingiz mumkin.

Dastur boʻyicha yangiliklarni rasmiy sahifalarimizda kuzatib boring:

Veb-sayt | Telegram | Instagram | You Tube | Facebook

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!