×

Xorij universitetidan Oʻzbekiston oliygohiga oʻqish qanday koʻchiriladi?


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

14750 marta

CHOP ETILGAN

05.11.2018

Chet eldagi universitetda tahsil olayotgan talabalar ayrim hollarda baʼzi sabablarga koʻra oʻqishni Oʻzbekistondagi turdosh oliy taʼlim muassasalariga koʻchirishga majbur boʻladilar. Bugungi maqolamizda bu masalaga oydinlik kiritishga harakat qilamiz.

Huquqiy asos

Xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan talabalar oʻqishini koʻchirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asosan belgilanadi.

Qachon?

Xorij universitetlaridan talabalar oʻqishini koʻchirish boʻyicha arizalarni taqdim etish har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar, arizani koʻrib chiqib, qaror qabul qilish esa har yili 5 avgustdan 30 avgustga qadar amalga oshiriladi.

Talabalar oʻqishini koʻchirish uzrli sabablarga koʻra (respublikaning bir hududidan ikkinchi hududiga doimiy yashash uchun yoki turmushga chiqish munosabati bilan turmush oʻrtogʻi doimiy yashaydigan (pasport boʻyicha doimiy roʻyxatdan oʻtgan) hududga koʻchib oʻtganda, turmush oʻrtogʻi yoki ota-onasi harbiy xizmat oʻtash joyini oʻzgartirganda Oʻzbekiston Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun, yoxud ota-onasi (turmush oʻrtogʻi) xorijdagi davlat xizmatidan qaytganda) bahorgi semestrda oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin ham amalga oshirilishi mumkin. Bunda oʻqishini koʻchirish boʻyicha ariza topshirish har yili 20 dekabrdan keyingi yilning 20 yanvariga qadar, hamda oʻqishini koʻchirish boʻyicha arizani koʻrib chiqib, qaror qabul qilish — har yili 25 yanvardan 15 fevralga qadar amalga oshiriladi.

Kim tomonidan?

Xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega boʻlgan OTMlardan Oʻzbekiston Respublikasi OTMlariga talabalar oʻqishini koʻchirish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qaroriga 4-ilovaga asosan Idoralararo komissiya qarori bilan amalga oshiriladi.

Idoralararo komissiyaning ishlash tartibi va tuzilishi haqida toʻliq maʼlumotlar: SHU YERDA.

Quyida komissiyaning ishlash tartibi va muddati haqida maʼlumot berilgan:

Qanday holda rad javobi berilishi mumkin?

Idoralararo komissiya quyidagi holatlar fuqaroning oʻqishini koʻchirish haqidagi arizasiga rad javobini berishi mumkin:

  • xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega boʻlmagan oliy taʼlim muassasalarida yoki ularning filiallarida oʻqiganlarga;
  • respublika oliy taʼlim muassasalaridagi mavjud taʼlim shaklidan oʻzga (boshqa) taʼlim shaklida oʻqiganlarga;
  • oliy taʼlim muassasalarining markazlari, boʻlimlari, oʻquv-maslahat punktlari va boshqalarda oʻqiganlarga;
  • oliy taʼlim muassasasida mos (turdosh) taʼlim yoʻnalishi (mutaxassisligi) yoki taʼlim shakli mavjud boʻlmasa;
  • namunaviy oʻquv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari boʻyicha farqlar 4 tadan oshganda;
  • toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etilganlar toʻlovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;
  • talabaning shaxsiy yigʻma jildi (akademik maʼlumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;
  • oliy taʼlim muassasasiga davlat granti asosida koʻchirish va qayta tiklash davlat granti asosida taʼlim oluvchilar soni (qabul kvotalari) doirasida boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlmasa;
  • oliy taʼlim muassasasining moddiy-texnika bazasining imkoniyati cheklanganda;
  • maqsadli qabul qilinganlar boshqa taʼlim yoʻnalishi yoki taʼlim shakliga, boshqa oliy taʼlim muassasasiga;
  • bir taʼlim shaklidan boshqa taʼlim shakliga (oʻqish davrida farzandli boʻlgan ayollarning oʻqishini koʻchirishi bundan mustasno);
  • bir taʼlim shaklidan maxsus sirtqi taʼlim shakliga hamda maxsus sirtqi taʼlim shaklidan boshqa taʼlim shakliga;
  • qonunchilikda belgilangan boshqa holatlarda.

Qancha?

Davlat oliy taʼlim muassasalarida oʻqishni koʻchirish yoki qayta tiklash jarayoni bepul amalga oshiriladi.

Qanday hujjatlar topshirish kerak?

Oʻqishini koʻchirish yoki qayta tiklash istagini bildirgan fuqaro quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  1. Koʻchirishni istagan taʼlim yoʻnalishi (mutaxassisligi), oʻquv tili va shakli koʻrsatilgan holdagi ariza (arizada oʻqigan oliy taʼlim muassasasi va taʼlim yoʻnalishi (mutaxassisligi), koʻchirish sabablari, koʻchirish qoidalari bilan tanishganligi koʻrsatiladi).
  2. Talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik maʼlumotnoma nusxalari (oʻzbek tiliga tarjima qilingan va notarial tasdiqlangan).
  3. Pasportning nusxasi.

Qanday tartibda?

  • Xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan oʻqishini Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga koʻchirish va koʻchirib qayta tiklash istagini bildirgan Oʻzbekiston fuqarolari tasarrufida oliy taʼlim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarda tashkil qilingan komissiyalarda muayyan taʼlim yoʻnalishidagi oʻqishga kirish fanlari boʻyicha oʻqiydigan tilidan maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) topshiradi;
  • Turmush oʻrtogʻi yoki ota-onasi xorijiy davlatdagi davlat xizmatini oʻtash joyi Tashqi ishlar vazirligi (vakolatli idoralar) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtkazilgan, Hukumat qarorlari va topshiriqlari hamda oliy taʼlim muassasalariga ega vazirlik va idoralar tomonidan davlat buyurtmasi bilan xorijga oʻqishga yuborilganlarning oʻqishini Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga koʻchirish maxsus sinovlarsiz Davlat komissiyasi qaroriga asosan amalga oshiriladi;
  • Fuqaroning maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) natijasi Idoralararo komissiyaga taqdim etiladi. Maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) natijasidan kelib chiqib, fuqaro Idoralararo komissiya qarori bilan koʻrsatilgan oʻquv shaklidagi guruhlarga toʻlov-kontrakt asosida koʻchiriladi;
  • Koʻchirilayotgan oliy taʼlim muassasasida tegishli oʻqitish tili mavjud boʻlmasa, oʻqitish tilini tanlash fuqaroning arizasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Agar fanlar tarkibi boʻyicha farqlar mavjud boʻlsa

Talabalar oʻqishini koʻchirish va qayta tiklash vaqtida oʻquv rejalardagi fanlari boʻyicha farqlar aniqlanganda talaba akademik qarzdor sifatida oʻqishga qabul qilinadi.

Joriy semestr davomida akademik qarzdorlik (farqlar) bartaraf etilgan muddatdan boshlab, oliy taʼlim muassasasi rektorining talabaga oʻrnatilgan tartibda stipendiya berish haqidagi buyrugʻi chiqariladi. Stipendiya miqdorini belgilashda fanlar boʻyicha farqlarni topshirish koʻrsatkichlari ham hisobga olinadi.

Imtihon qachon topshiriladi?

Imtihonlar tarkibi mutaxassisliklar va asosiy fanlar tarkibiga muvofiq belgilanadi va oʻtkaziladi. Masalan, 2018/2019 oʻquv yilida xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan oʻqishni Oʻzbekiston Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalariga koʻchirayotgan va koʻchirib qayta tiklayotgan talabalarning dastlabki guruhlari 24 avgust kuni test sinovlaridan oʻtishgan.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmati maʼlumotiga qaraganda, sinovlarda ishtirok etish uchun 3356 kishi hujjat topshirgan.

Xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan oʻqishni Oʻzbekiston Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalariga koʻchirish va koʻchirib qayta tiklash boʻyicha oʻtkaziladigan test sinovlari grafigiga binoan imtihonlar 25 avgust kuni ham davom ettirilgan. Manba: SHU YERDA.

Kimlar imtihon topshirmay oʻqishini koʻchirishi mumkin?*

  • Xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy taʼlim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik roʻyxatdan joy olgan Rossiya oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan talabalarning arizalariga muvofiq oʻqishi Davlat komissiyasi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga sinovlar (test, yozma ish)siz toʻlov-kontrakt asosida koʻchiriladi.
  • Xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy taʼlim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik roʻyxatdan joy olgan Rossiya davlat oliy taʼlim muassasalari roʻyxati har yili Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi rasmiy saytida eʼlon qilinadi.
  • Xorijiy oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar oʻqishini Oʻzbekiston Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalariga koʻchirilishiga ruxsat etilmaydi (turmush oʻrtogʻi yoki ota-onasi xorijiy davlatdagi davlat xizmatini oʻtash joyi Tashqi ishlar vazirligi (vakolatli idoralar) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtkazilgan Oʻzbekiston fuqarolari (xorijiy oliy taʼlim muassasasining bakalavr diplomiga ega boʻlganlarning diplomi oʻrnatilgan tartibda nostrifikatsiyadan oʻtkazilgan taqdirda) bundan mustasno).

*Bu oʻzgartirishlar “Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017 yil 20 iyundagi 393-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga asosan tadbiq qilinishi mumkin.

Oʻqishni koʻchirishda OTM roziligi

Oʻqishni koʻchirish chogʻida talaba ilgari taʼlim olgan OTM roziligi talab etilmaydi.

OTMda yuridik shaxs bilan tuzilgan toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalar oʻqishini koʻchirish ushbu yuridik shaxsning roziligi bilan amalga oshiriladi.

Talabani boshqa OTMga oʻqishini koʻchirib qayta tiklashda uning ilgari taʼlim olgan OTM roziligi talab etilmaydi.

Oʻqishni koʻchirganda kontrakt toʻlash kerakmi?

Fuqaroning maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) natijasi Idoralararo komissiyaga taqdim etiladi. Maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) natijasidan kelib chiqib, fuqaro Idoralararo komissiya qarori bilan koʻrsatilgan oʻquv shaklidagi guruhlarga toʻlov-kontrakt asosida koʻchiriladi..

Qachondan OTMda oʻqishni boshlash mumkin?

Oliy taʼlim muassasasi rektorining talabani talabalar safiga qayta tiklashga, oʻrnatilgan tartibda va belgilangan muddatlarda darslarga qatnashishiga ruxsat etish toʻgʻrisidagi buyrugʻi (koʻchirib tiklashda talaba ilgari taʼlim olgan oliy taʼlim muassasasidan uning shaxsiy yigʻma jildi (shaxsiy yigʻma jild joʻnatilishi mumkin boʻlmagan hollarda – akademik maʼlumotnomasi) olingandan keyin) rasmiylashtiriladi

Toʻlov-kontrakt asosida oʻqishi koʻchirilganlarni talabalar safiga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi oliy taʼlim muassasasi rektorining buyrugʻi ular tomonidan belgilangan muddatda shartnoma toʻlovlari bajarilgandan soʻng 10 kun muddatda qabul qilinadi.

Akademik qarzdorligi tufayli kursdan qoldirilgan talaba toʻlov-kontrakt asosida oʻqishini namunaviy oʻquv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari boʻyicha farqlar 4 tadan oshmagan taqdirda muayyan kursdagi oʻquv semestri boshidan boshlashi mumkin.

*Maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga hamda Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida “Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017 yil 20 iyundagi 393-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi toʻgʻrisida 2018  yilning 27 iyulida eʼlon qilingan manbalardan foydalanib tayyorlandi. Batafsil SHU YERDA va SHU YERDA tanishing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!