×

Qoʻshni davlatlarda oʻqiyotgan talabalardan oʻqishni Oʻzbekiston OTMlariga koʻchirish uchun hujjatlar qabul qilinadi


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

4434 marta

CHOP ETILGAN

06.02.2020

Qoʻshni davlatlardagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan Oʻzbekiston Republikasi fuqarolaridan ularning oʻqishini koʻchirish boʻyicha arizalar qabul qilinadi.

Arizalar 2020-yilning 7-fevralidan 15-fevraliga qadar (shu kuni ham) har kuni soat 9:00 dan 17:00 gacha qabul qilinadi va suhbatlar oʻtkaziladi.

Oʻqishni koʻchirish boʻyicha arizalar quyidagi mezonlarga asosan qabul qilinadi:

  • fuqaroning doimiy yashash manzili (oliy taʼlim muassasasining sigʻimi yoki hududdagi oliy taʼlim muassasalarida tegishli soha boʻyicha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari mavjud boʻlmagan holatlarda, istisno tariqasida boshqa viloyatdagi oliy taʼlim muassasasiga tavsiya etilishi mumkin);
  • talaba oʻqiyotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishining oʻqishi koʻchirilayotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mosligi (bunday yoʻnalish mavjud boʻlmagan taqdirda, turdosh ekanligi);
  • xorijda talaba oʻqiyotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarining xususiyatlarini inobatga olgan holda, ularni asosan sirtqi va kechki taʼlim shakllariga tavsiya etish;
  • talabalar oʻqishini koʻchirishda Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining mavjud imkoniyatlari (moddiy-texnik baza, jumladan smenalik koeffitsiyenti, professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlanganlik darajasi va boshqalar) inobatga olinadi.

Fuqarolardan Hududiy ishchi guruhlariga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari soʻraladi:

  • ariza (joyida toʻldiriladi);
  • reyting daftarchasi yoki akademik maʼlumotnoma (transkript) nusxasi;
  • pasport nusxasi.

Xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan talabalar oʻqishini respublika oliy taʼlim muassasalariga koʻchirish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Oʻqishni koʻchirish toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qiluvchi hududiy ishchi guruhlari faoliyat koʻrsatadigan oliy taʼlim muassasalari quyidagilar:

  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi uchun – Qoraqalpoq davlat universiteti
  • Andijon viloyati – Andijon mashinasozlik instituti
  • Namangan viloyati – Namangan muhandislik-texnologiya instituti
  • Fargʻona viloyati – Fargʻona politexnika instituti
  • Sirdaryo viloyati – Guliston davlat universiteti
  • Jizzax viloyati – Jizzax politexnika instituti
  • Samarqand viloyati – Samarqand davlat chet tillari instituti
  • Qashqadaryo viloyati – Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti
  • Surxandaryo viloyati – Termiz davlat universiteti
  • Buxoro viloyati – Buxoro muhandislik-texnologiya instituti
  • Navoiy viloyati – Navoiy davlat konchilik instituti
  • Xorazm viloyati – Urganch davlat universiteti
  • Toshkent viloyati va Toshkent shahri – Toshkent davlat texnika universiteti

Murojaat uchun telefonlar:
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi – +998 71 246 38 57
Sogʻliqni saqlash vazirligi – +998 71 241 16 91

Manba: @eduuz

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!