×

Rossiya universitetlarida oʻqish: hujjat topshirish, xarajatlar va stipendiyalar


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

178986 marta

CHOP ETILGAN

15.06.2023

Nima uchun Rossiyada?

Rossiya – Kaliningraddan Vladivostokkacha boʻlgan 82 hududda 766 ta oliy taʼlim muassasasi joylashgan, deyarli yarmidan koʻp aholisi oliy maʼlumotli boʻlgan mamlakat. Aynan taʼlim olish maqsadida bu yerga har yili 170 dan ortiq davlatlardan abituriyentlar tashrif buyuradilar. Rossiya oliygohlari koʻp yillik taʼlimiy tajribaga ega. Universitetlar injenerdan filologgacha turli mutaxassislar va tibbiyot, texnika, gumanitar kabi alohida yoʻnalishdagi ixtisosliklar boʻyicha kadrlar tayyorlaydilar. Shuni eʼtirof etish kerakki, Rossiya universitetlarida tahsil olish AQSH yoki Buyuk Britaniyadagiga nisbatan moddiy johatdan ancha qulay, bundan tashqari, oliygohlarda davlat grantlari asosida bepul oʻqish imkoniyati mavjud.

Shuningdek, Rossiyadagi oliy taʼlim muassasalaridan olingan diplomlar Oʻzbekistonda toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinadi (asos: Oʻzbekiston Respublikasi hukumati bilan Rosssiya Federatsiyasi hukumati oʻrtasidagi Taʼlim, malaka va ilmiy darajalarni oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi bitim).

Qaysi bosqichda qancha oʻqiladi?

Rossiya universitetlarida oʻqish bosqichlari va muddati Oʻzbekistonda qabul qilinganidan birmuncha farq qiladi va ular quyidagicha:

  • Bakalavriat – 4 yil;
  • Spetsialitet (mutaxassislik) – kamida 5 yil;
  • Magistratura – 2 yil;
  • Aspirantura – 3-4 yil (kunduzgi), 4-5 yil (sirtqi);
  • Ordinatura (tibbiyot sohasi uchun) – koʻpi bilan 2 yil;
  • Assistentura-strajirovka (madaniyat sohasida magistratura va spetsialitetni tugallaganlar uchun) – 2 yil (faqat kunduzgi).

Nimadan boshlash kerak?

Dastlab, oʻzingizni qiziqtirgan soha boʻyicha universitet va dastur tanlash lozim. Rossiya oliy taʼlim tizimi abituriyent uchun keng doiradagi mutaxassisliklar turlarini taqdim etadi:

  • Matematika, aniq fanlardan tortib aktyorlik mahoratigacha boʻlgan mutaxassisliklar ichidan keraklisini tanlash mumkin;
  • 82 hududda joylashgan 766 ta universitet Sizni talabalar safiga qabul qilishi mumkin;
  • Siz bakalavriat, spetsialitet, magistratura va aspiranturadan tashqari malaka oshirish hamda qayta tayyorlash dasturlarida oʻqishingiz, rus tilini professional darajada oʻrganishingiz mumkin.

*Rossiyadagi ayrim universitetlar va dasturlar bilan BU YERDA tanishishingiz mumkin.

Moliyalashtirish turlari haqidagi maʼlumotlar

Rossiyada oʻqish quyidagi variantlarda amalga oshiriladi:

  • Kontrakt asosida. Barcha chet ellik abituriyentlar uchun. Shaxsiy mablagʻlar yoki homiy tashkilot (shaxs)lar hisobiga oʻqish mumkin.
  • Davlat stipendiyasi olib oʻqish. Odatda, bu har yili hamkorlik kelishuvi imzolangan davlatlar abituriyentlari uchun Rossiya hukumati tomonidan ajratilgan kvotalar asosida amalga oshiriladi (Oʻzbekiston bilan hamkorlik kelishuvi mavjud).

*Oʻqish xarajatlari va moliyalashtirish haqida toʻliq maʼlumot: SHU YERDA.

Kerakli hujjatlarni tayyorlash

Universitetga topshirish uchun qanday hujjatlar zarurligini aniqlaymiz:

Hujjat topshirish onlayn tarzda birinchi murojaatnomadan boshlanadi. Bunda odatda quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  • Maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat (attestat, diplom va h.k.), rus tiliga tarjima qilingan boʻlishi kerak;
  • Shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport, ID karta);
  • Toʻldirilgan holatdagi soʻrovnoma (anketa blankasini universitet yoki Rosʼhamkorlik vakolatxonasi beradi);
  • Fotosurat (muassasa tomonidan talab qilinsa).

*Barcha hujjatlar rus tiliga tarjima qilingan va tegishli tartibda notarial yoki elchixona departamentining konsulligi tomonidan tasdiqlangan boʻlishi shart.

*Toʻliq hujjatlar tarkibini va qanday tasdiqlanishini universitetdan aniqlashtiring!

Universitetning oʻziga hujjat topshirishda quyidagilarni qogʻoz variantda taqdim etish lozim:

  • Oʻqishga qabul qilish haqida ariza (taʼlim shakli va tanlangan mutaxassislik koʻrsatiladi);
  • Shaxsni va fuqarolikni tasdiqlovchi hujjat (pasportning asli va rus tiliga tarjima qilingan hamda noratial tasdiqlangan nusxasi);
  • Maʼlumotga egalik haqidagi hujjat (diplom yoki attestatning asli, baholar koʻrsatilgan ilovasi bilan birgalikda, rus tiliga oʻgirilgan va notarial tasdiqlangan nusxasi bilan);
  • Oʻrnatilgan tartibda tibbiy maʼlumotnoma (OIV infeksiyasiga tekshirilganligi hamda barcha tibbiy tahlillar aks etgan, Rossiya Federatsiyasida oʻqish uchun qarshi koʻrsatmalar yoʻqligi haqida. Yoki tibbiy sertifikat);
  • Tegishli tartibdagi fotosurat.

Rossiya hududiga kirib borganda dastlab hujjatlarning asli va notarial tasdiqlangan nusxalari taqdim etiladi. Keyingi bosqichlarda esa qoʻshimcha maʼlumotnomalar topshiriladi. Navbatdagi bosqichlar uchun hujjatlar haqidagi masalalar yuzasidan OOʻYuning xalqaro boʻlimi (agar mustaqil topshirayotgan boʻlsangiz)ga, Rossiya elchixonasi yoki Rosʼhamkorlik tashkilotiga murojaat qilish kerak.

*Chet ellik abituriyentlar uchun odatda, hujjatlarni legallashtirish talab etiladi. Ammo, Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston oʻrtasida legallashtirishni bekor qilish haqidagi kelishuv mavjud boʻlganligi uchun, oʻzbekistonlik abituriyentlar uchun hujjatlarini legallashtirish talab qilinmaydi. 2018-yil 28-oktyabr holatiga legallashtirish haqida: BATAFSIL.

Onlayn hujjat topshirish uchun Rossiya Federatsiyasi Fan va Oliy taʼlim vazirligining rasmiy sayti orqali amalga oshiriladi: https://studyinrussia.ru. Topshiriladigan hujjatlar haqida BU YERDA maʼlumot olishingiz mumkin.

Viza rasmiylashtirish

Universitetga qabul qilingan Oʻzbekiston fuqarosi uchun Rossiya Federatsiyasiga borish uchun zagranpasport (xorijga chiqish uchun pasport) taqdim etishning oʻzi kifoya (30.11.2000 yilda Rossiya Federatsiyasi hukumati va Oʻzbekiston Respublikasi hukumati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro bordi-keldisi haqida kelishuv imzolangan: BATAFSIL).

Oʻquv vizasini rasmiylashtirish uchun taklifnoma kerak.

  • Chet ellik talabalar uchun taklifnomani Rossiya Xalqaro ishlar vazirligi va Rossiya Ichki ishlar vazirligining Migratsiya masalalari boʻyicha Bosh Boshqarmasi rasmiylashtiradi;
  • Gosstipendiya (kvota asosida) oʻqishga qabul qilinganlar uchun viza Rossiya Xalqaro ishlar vazirligi koʻrsatmasiga asosan beriladi;
  • Umumiy asosda oʻqishga qabul qilinganlar uchun vizani universitet joʻnatadi.

*Viza rasmiylashtirish haqida batafsil: SHU YERDA.

Oʻqish toʻlovi qancha?

Rossiyada  ta’lim olish uchun haq tanlangan universitet, muxassislik va hududga qarab yiliga taxminan 123 500 – 715 000 rublni (1900-11000$) tashkil etadi.

Stipendiya bormi?

Byudjet yoki kvota asosida oʻqiyotgan talabalar tekin (bepul) oʻqiydilar hamda har oyda stipendiya olishlari mumkin. Bakalavriatda oʻqiydigan talaba uchun stipendiya eng kami 3200 rubldan (taxminan 38 AQSH dollari) boshlanadi. Stipendiyalar miqdori 2018 yil holatiga berilgan, valyuta kursi va muddatga qarab oʻzgarishi mumkin.

*Stipendiya dasturlarida ishtirok etish haqida batafsil: SHU YERDA tanishing.

Yashash xarajatlari qancha?

Va nihoyat talaba boʻldingiz. Rossiyada yashash uchun qancha pul kerak? Odatda, talaba oyiga 300-400 dollar pul sarflaydi. Bir yilda (sentyabr-iyun) uchun 3000-4000 dollar xarajat qilasiz. Pul sarfini hisoblayotganda, universitetingiz qayerda joylashganini ham inobatga olish zarur, chunki, Moskva va Sankt-Peterburgda narxlar juda yuqori. Katta shaharlardan uzoqlashgan sari, narxlar arzonlashib boradi.

Turar joy. Tanlangan joy, universitet, shahar (yotoqxona, ijaraga olingan xona yoki kvartira)ga qarab oyiga taxminan 500 dan 35 000 rublgacha (8-583$) boʻlishi mumkin. Agar yotoqxonada yashasangiz, taxminan 5000 rubl.

Tibbiy sugʻurta. Yiliga 4000 dan 12 000 rublgacha.

Oziq-ovqat. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari (non, shakar, goʻsht, baliq, sut mahsulotlari, sabzavotlar, mevalar) uchun bir oylik xarajat taxminan 4209 rubl. Mahsulotlarni bozor yoki supermarketdan olish narxga taʼsir qilishi mumkin. Restoran, kafelarda ovqatlanish bilan birga oyiga taxminan 10 000 rubl.

Transport. Rossiya metrosida bir martalik chipta 55 rubl. 20 martalik chipta 747 rubl boʻladi. Masalan, talabalar uchun imtiyozdan foydalanganda, Moskva shahri metropolitenidan foydalanish bir oyda 380 rublga tushadi. Boshqa shaharlarda yoʻlkira arzonroq. Batafsil maʼlumot: SHU YERDA.

Internet va telefon. Taxminan 800 rubl.

Madaniyat, sport va hk. Taxminan 4000 rubl.

*Maʼlumotlar 2023 yil uchun taxminan berilgan hamda vaqt oʻtishi bilan berilgan summalar miqdori oʻzgarishi mumkin.

*Shaharlar haqida toʻliq maʼlumot: SHU YERDA.

Rosssiya universitetlariga ariza topshirishdan kimdan yordam olsam boʻladi?

“RuStudy” konsalting agentligi Rossiya davlat universitetlariga hujjat topshirish hamda byudjet va kontrakt asosida o’qishga kirishga yordam berish bilan shugʻullanadi. Agar hujjatlarni tayyorlash va topshirishda yordam kerak boʻlsa, “RuStudy” jamoasiga murojaat qilishingiz mumkin.

Ushbu agentlik bilan bogʻlanish uchun maʼlumotlar:

Manzil: Toshkent shahri, Chilonzor dahasi 10 kvartal, Qatortol ko’chasi, 11 uy.
Mo’ljal: Shuhrat Media Park ro’parasida.
Email: director@rustudy.site
Telefon: +998940031001
Rasmiy sayt: www.rustudy.uz

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!