×

Sharqiy Osiyodagi 10 ta eng go’zal universitet


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

10112 marta

CHOP ETILGAN

23.03.2019

Oʻqish uchun universitet izlayotganda oliygohning tashqi koʻrinishiga qarab baho berish, balki, unchalik toʻgʻri emasdir. Ammo avvalgi maqolamizda aytilganidek, goʻzallik va qulayli taʼlimning yanada samarali, qiziqarli boʻlishiga xizmat qiladi. Bugungi maqolamizda eʼtiboringizga Times Higher Education Student tomonidan taqdim etilgan Sharqiy Osiyoda joylashgan eng chiroyli universitetlar 10 taligini havola etmoqdamiz.

1. Pekin universiteti, 1898-yilda Pekin Imperatorlik universiteti sifatida tashkil etilgan. Hozirda nomlanishi oʻzgargani bilan, binolar oʻsha davrdagi ulugʻvorligini yoʻqotmagan. “Yan bogʻi” va “Yan va Yuan” kabi nomlar bilan ataladigan universitetning kampusi qachonlardir Sin sulolasi saroyi boʻlgan. Oliygoh hududida Veymin koʻli ham bor. Universitet, ayniqsa, kuzda betakror goʻzal manzaraga ega.

2. Nanyan Texnologiya universiteti, Singapur. Bu universitetning mavqei uning arxitekturasi dizaynida aks etib turibdi. Universitet oʻquv binolari soʻnggi oʻn yillikning eng mashhur va iqtidorli arxitektorlari tomonidan qurilgan. Sanʼat, dizayn va media Maktabi binosi oʻzining maxsus “koʻkalamzor” tomi bilan koʻplab mukofotlarga sazovor boʻlgan. Oʻquv binosi tashqaridan sopol bilan qoplangandek koʻrinadi, uning ichki tomonida esa burchak (qirra) lari boʻlmagan xonalar joylashgan. Har qanday holatda ham, Nanyan Texnologiya universiteti arxitekturasi sizda katta taassurot qoldirishi aniq.

3. Kyong Xi Universiteti, Janubiy Koreya. 1949-yil Seulda asos solingan. Universitet binosi oʻzida mumtoz uslub va tabiat goʻzalligini uygʻunlashtirgan. Universitetning Jahon Zali Bryusseldagi Muqaddas Mixail va Muqaddas Gudula soborlarining aniq nusxasidir. Bu binolar oliygoh asoschisi doktor Yan Syuk Chouning Bryusselga qilgan sayohatidan olgan taassurotlari sabab shu koʻrinishda qurilgan. Kyong Xi universitetining eng eʼtiborli tarafi esa uning hududiga ekilgan minglab sakura daraxtlari hisoblanadi. Bahorda ularning gullaganida universitet 360 gradus barcha tomonlama oppoq gullarga qoplanadi.

4. Tokio universiteti, Yaponiya. Tokio universiteti – Yaponiyaning eng nufuzli oliygohlaridan biri. Taʼlim muassasasi 1877-yilda tashkil etilgan boʻlib, uning Gonkong, Komabe, Kasiba, Shirokan va Nakanoda beshta kampusi mavjud. Xongo kampusi oʻzining 120 yillik ginkgo daraxtlari bilan mashhur. Bu daraxtlar kuzda oltin rangda tovlanadi. Kampusda yana Sanshiro koʻli va bitiruv tadbirlarida foydalaniladigan va qizil gʻishtdan qurilgan Yasuda auditoriyasi ham bor. Universitet old qismidagi Edo davrida harbiy gubernatorlarning kelinchaklarini kutib olishga moʻljallangan Akamon, yaʼni, Qizil darvozalari bilan ham diqqatga sazovor. Akamon yapon milliy oʻziga xosligi va universitetning ramzi hisoblanadi.

5. Ewha Womans universiteti, Janubiy Koreya. Bu universitetga 1886-yilda amerikalik ayol Meri F.Skranton tomonidan asos solingan. Universitet Janubiy Koreyadagi ayollar oliygohi hisoblanadi. Yaqinda qurilgan Ewha Campus Complex Janubiy Koreyadagi eng katta yer osti kampusidir. U taniqli arxitektor Dominik Perro tomonidan loyihalangan boʻlib, “Yashirin Momo Havo vodiysi” deb nomlanadi. Dominiy Perro Fransiya Milliy Kutubxonasini ham loyihalagan. Universitet kampusining ustki qismi toʻliq koʻkalamzorlashtirilgan. Xuddi tepalikning geologik yoriqlariga oʻxshab koʻringan tirqishlarda soʻnggi texnologiyalar bilan jihozlangan auditoriyalar, yer osti avtomobil toʻxtash joylari va kafeteriylar joylashgan.

6. Sinxua universiteti, Xitoy. Universitet Xitoyning eng yirik va obryli oliygohlaridan biridir. Universitet Sin sulolasining Pekin shimoli-gʻarbidagi saroyi hududida joylashgan. Universitet kampusi Xitoyga oʻsha davrdagi Amerikaning taʼsiri sifatida aks etgan gʻarb uslubida qurilgan boʻlib, oʻzida lotosli koʻl va manzarali daraxtlarni jamlagan. Shutterbugs binosi Sinxua tabiati va muhiti bilan koʻzni quvontiradi.

7. Gonkong shahar universiteti, Gonkong. Agar sizni zamonaviy arxitektura qiziqtirsa, albatta Gonkong shahar universitetiga boring. Oliygohning asosiy kampusida 14 dan ortiq binolar mavjud boʻlib, ularning har biri shisha va silliq liniyalar koʻrinishida qurilgan. Ayniqsa, 2011-yilda qurilgan 9 qavatli “Run Run Shaw” mediamarkazi oʻziga xos kreativ usuldagi dizayni bilan ajralib turadi. Bino dizayni Berlindagi Yaxudiy muzeyi hamda Jahon Savdo markazi maydonining asosiy rejasini loyihalashtirgan Nyu Yorklik arxitektor Daniel Libeskind tomonidan ishlangan.

8. Tama Sanʼat universiteti, Yaponiya. Baʼzan katta davralar qatoriga kirish uchun birgina xususiyat yoki obektning oʻzi kifoya qiladi. Tama Sanʼat universitetida uni eng chiroyli universitetlari qatoriga kirita oladigan shunday bino bor. U Seullik arxitektor Toyo Ito tomonidan loyihalangan Tama Sanʼat universiteti kutubxonasidir. Inshoot kulrang beton ustunlardan foydalanib qurilgan. Osoyishtalik va tabiiy yorugʻlik hukmron boʻlgan bu binoda talabalar bemalol oʻz boʻsh vaqtlarini kitob mutolaasi bilan oʻtkaza oladilar.

9. Syamin universiteti, Xitoy. 1921-yilda biznesmen va filantrop Tan Kax Ki tomonidan asos solingan universitet AQSH prezidenti Richard Nikson tomonidan “Sharq Gavayyasi” deb eʼtirof etilgan shaharda joylashgan. Talabalar koʻm-koʻk tepaliklar yonbagʻirlarida joylashgan kampusda bajonidil oʻqiydilar. Syamin universitet shaharchalarining har biri oʻziga xos koʻl, parvarishlangan goʻzal bogʻlari va Tan Ka Keye uslubida qurilgan, yaʼni sharq va gʻarb usullarini birlashtirgan kampuslari bilan ajralib turadi.

10. Petronas Texnologiya universiteti, Malayziya. Universitet Kuala Lumpurdan taxminan 300 km uzoqlikdagi Seri Iskandar shahrida joylashgan boʻlib, davlatning asosiy neft kompaniyalaridan biri hisoblangan Petronasga tegishli. Oliygoh tropik oʻrmonlar va tepaliklar bilan qurshalgan boʻlsa-da, oʻz hududida ochiq maydon, koʻllar va har taraflama taʼlim olishga qulaylik yaratadigan kampuslarga ega. Chancellor Complex kampusi shisha va poʻlatdan aylana koʻrinishida qurilgan, boshqa binolar esa tepadan qaraganda yulduz shaklida joylashganligini koʻrish mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!