×

Italiya: Oʻqish va yashash xarajatlari butunlay tekin boʻlgan Scuola Normale Superiore universiteti


Blog

BO'LIM

Universitetlar

O'QILGAN

8735 marta

CHOP ETILGAN

19.11.2018

Qisqacha:

Qachon asos solingan: 1810-yilda;
Asoschi: Napoleon Bonapart;
Rektor: Vinchenso Barone;
Darslar olib boriladigan til: italyan, fransuz, ingliz;
Rasmiy sayt: https://www.sns.it/;
Talabalar soni: bakalavriat: 180 ta; magistratura: 120 ta; doktorantura: 190 ta;
Qayerda joylashgan: Piazza dei Cavalieri, 7, 56126 Pisa PI, Italiya; telefon: +39.050.509111; faks: +39.050.563513; elektron pochta: protocollo@pec.sns.it.

Nima uchun Scuola Normale Superiore?

Scuola Normale Superiore, qisqacha SNS (Piza) (Oliy Norma Maktabi) 1810-yilda Napoleon Bonapart tomonidan Parijdagi École normale supérieure filiali sifatida asos solingan boʻlib, Italiyaning eng nufuzli oliygohi hisoblanadi. Oliy Maktab ijtimoiy, gumanitar, aniq va tabiiy fanlar boʻyicha taʼlim beradi. Xalqaro oliygohlar reytingida (2018-2019-oʻquv yili boʻyicha) 184, Milliy reytingda 1-oʻrinni egallagan. Maktabda  Enriko Fermi va Karlo Rubbia kabi uchta Nobel mukofoti laureatlari hamda shoir Djozue Karduchchi,  Djoakkino Volpe, Delio Kantimori, filolog Luidji Russo, matematiklar  Vito Volterra, Mauro Pikone, Aldo Andreottilar oʻqigan.

Scuola Normale Superioreda oʻqiyotgan talabalar bir vaqtning oʻzida Piza universiteti talabalari hisoblanadi. Oʻqish ikki universitet dasturlarini qamrab oladi: BATAFSIL.

Scuola Normale Superioreda oʻqish tekin boʻlib, maktab talabalarning barcha xarajatlarini qoplaydi.

Oliy Maktab haqida toʻliq maʼlumot: SHU YERDA.

Qaysi tilda va qancha muddat?

SNS da oʻqish italyan va ingliz tillarida (gumanitar fakultetda italyan, ingliz fransuz tilida) olib boriladi. Ammo, tahsil olish mobaynida barcha fanlardan yetarli darajada bilim olish uchun italyan tilini bilish talab etiladi:

Baholash 30 ballik tizimda. Oliy Maktabda oʻqish uchun kamida 30 dan 27 ball, individual kurslardan esa 30 dan 24 ball toʻplash zarur.

*Muhim: Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan davlat vakillari, jumladan oʻzbekistonliklar Oliy Maktabga hujjat topshirish uchun Italiya elchixonasi/konsulligiga Piza universitetiga hujjat topshirishga ariza berishlari lozim: BATAFSIL.

Bakalavriat:

Siyosiy va ijtimoiy fanlar boʻlimi:

Gumanitar fakultet:

Aniq va tabiiy fanlar fakulteti:

Doktorantura:

Siyosiy va ijtimoiy fanlar boʻlimi:

Gumanitar fakultet:

Aniq va tabiiy fanlar fakulteti:

Magistratura dasturlari haqida maʼlumot: SHU YERDA.

Italyan tilini qayerda oʻrganish mumkin?

Italyan tilini:

Qancha?

Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan talabalar, jumladan yurtimiz vakillari Oliy Maktabda tekin (bepul) oʻqiydi. Shuningdek, Maktab talabalarni turar joy bilan taʼminlaydi, kutubxona, oʻquv qurollari, oziq-ovqat kabi barcha xarajatlarini qoplaydi. Tahsil olish muvaffaqiyatli yakunlanganda bitiruvchi Oliy Maktab va Piza universiteti diplomlarini oladi.

Stipendiya. PhD dasturlarida tahsil olayotgan tadqiqotchilarga yiliga 17 ming yevro stipendiya ajratiladi. Bakalavriat va magistratura talabalari taxminan 1000 yevro atrofida stipendiya oladilar (2017-2018-yil uchun 1280 yevro boʻlgan).

Nomzodlarga qoʻyiladigan talablar (bakalavriat uchun):

Millatidan qatʼiy nazar, barcha nomzodlar quyidagi talablarga javob berishlari shart:

  • Italyan universitetlariga qabul qilish imkonini beruvchi kvalifikatsiyaga ega boʻlishi;
  • 1996-yilning 31-dekabridan keyin tugʻilgan boʻlishi;
  • Oliy Maktab kirish imtihonlari olinadigan fanlardan universitet kursida avval oʻqimagan boʻlishi kerak.

Tanlovdan quyidagilar chiqariladi:

  • Oliy Maktab ichki qoidasining 20-moddasi boʻyicha oʻqishdan haydalgan boʻlsa;
  • 3 va undan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan bo’lsa;
  • Qabul uchun talablarni toʻliq bajarmagan boʻlsa.

Ariza topshirish va dedlayn.

Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlmagan davlat vakillari hujjat topshirish uchun Piza universitetiga yurtimizdagi Italiya konsulligi orqali murojaat qiladilar: Oʻzbekistondagi Italiya elchixonasi/konsulligi; manzil: 100031 Tashkent Yusuf Xos Xojib koʻchasi 40; telefon: (+99871)2521119, (+99871)2521120; faks: (+99871)1206606; elektron pochta: consolare.tashkent@esteri.it; rasmiy sayt: https://ambtashkent.esteri.it/ ambasciata_tashkent/ru/.

Dedlayn: har yilning avgust oyi boshida (2018-2019-oʻquv yili uchun 2018-yilning 9-avgustida tugagan).

Onlayn-ariza berish: SHU YERDA.

Nomzodlar Italiya Respublikasi Prezidentining 2000-yilning 28-dekabridagi “Maʼmuriy hujjatlarga tegishli Qonuniy holatlar” haqidagi № 46 farmoniga mos tarzda quyidagi maʼlumotlarni taqdim etishlari lozim:

  1. Ism, familiya, tugʻilgan sanasi va joyi, milliy sugʻurta/ijtimoiy sugʻurta raqami;
  2. Fuqaroligi;
  3. Yashash joyi; manzil, agar turar joyga mos boʻlmasa; xabar qabul qilish uchun telefon raqami va elektron pochta manzili;
  4. Uch yil va undan ortiq muddatga qamalmagan va jinoiy javobgarlikka tortilmagan;
  5. Oliy Maktabdan haydalmagan;
  6. Amaldagi maʼlumotga egalik hujjati (attestat, diplom), hujjat olingan maktab yoki universitet, tamomlangan vaqti;
  7. Tanlovdan oʻtish uchun hujjat topshirilayotgan fakultet va yoʻnalish;
  8. 2018-2019-oʻquv yilida oʻquv kursida ishtirok etgan boʻlsa, universitet nomi, ilmiy daraja bosqichi, oʻqituvchilar tarkibini koʻrsatish kerak;
  9. Hujjat topshirilayotgan Piza universitetining bakalavriat yoki magistrlik kursi;
  10. Qabul qoidalaridan xabardorligi va uni toʻliq qabul qilishga rozilik;
  11. Shaxsiy maʼlumotlarni tekshirishga oid axborotdan xabardorlik;
  12. Agar nomzod Italiya Respublikasining 1992-yil 5-fevraldagi 104-sonli Qonuni 20-moddasi boʻyicha ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlsa (imkoniyati cheklanganlar uchun) rasmiy soʻrov beradi;
  13. Agar nomzod Italiya Respublikasining 2010-yil 8-oktyabrdagi 170-sonli Qonuniga tegishli hollarda oʻqish masalasida aniq kamchiliklarga ega boʻlsa, test topshirish uchun yordam yoki qoʻshimcha vaqt olishni istasa, rasmiy soʻrov taqdim etadi;
  14. Yahudiy uyushmalari uchun shanba kunida dam olish kunidan foydalanish soʻrovi;
  15. Italyan tilidan boshqa tillarda topshirmoqchi boʻlgan imtihonlar;

Nomzodlar “Framework-tests”dan chetga chiqmagan holda qaysi mavzularda test topshirishlarini koʻrsatishlari lozim.

Gumanitar fakultetga hujjat topshiruvchilar yozma imtihon uchun 3 ta va ogʻzaki imtihon uchun 3 ta (yozma imtihon bilan mos boʻlsa ham) fanni koʻrsatishlari kerak.

Aniq va tabiiy fanlar fakultetiga hujjat topshiruvchilar agar tanlov berilsa, qanday testlarni topshirishlarini koʻrsatishlari zarur.

Imtihonlarni oʻtkazilish tartibi

Tanlov testlari nomzodning tayyorgarlik, isteʼdod, salohiyat va motivatsiyasini madaniy hamda professional rivojlanishi sifatida baholashga moʻljallangan. Imtihonlar yozma va ogʻzaki shaklda qabul qilinadi.

Nomzodlar “Imtihon asoslari” da koʻrsatilgan kun va vaqtda belgilangan joyga yozma imtihonga kelishlari, oʻzlari bilan shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etishlari lozim. Imtihon vaqtida saralash komissiyasi tomonidan berilgan yoʻriqnomaga amal qilish lozim, aks holda tanlovdan chetlashtirilish mumkin.

Yozma imtihon natijalariga koʻra ogʻzaki imtihon jadvali SNS rasmiy saytida eʼlon qilinadi. Roʻyxatda koʻrsatilgan nomzodlarga qoʻshimcha xabar berilmaydi, belgilangan kunda ular imtihonga kelishlari kerak.

Har bir fan boʻyicha olingan ballar “identifikatsiya raqami” boʻyicha Oliy Maktab rasmiy saytida eʼlon qilinadi. “Identifikatsiya raqami” nomzodning roʻyxatga olinganligi tasdigʻi toʻgʻrisida elektron pochtasiga joʻnatilgan PDF ilovada aks etadi.

Barcha oʻzgarishlar shu tartibda eʼlon qilinadi.

Qanday sabab boʻlishidan qatʼiy nazar, nomzodning belgilangan testlardan birida ishtirok etmasligi uning tanlovdan chetlashtirilishiga asos boʻladi.

Yozma imtihonning har biri uchun nomzodga maksimum 6 soat vaqt ajratiladi.

Gumanitar fakultet uchun testlar ingliz, italyan yoki fransuz tilida olinishi mumkin.. Aniq va tabiiy fanlar fakulteti uchun testlar italyan yoki ingliz tilida olinadi (nomzod qaysi tilda imtihon topshirishini arizasida aniq koʻrsatishi shart).

Imtihon qoʻmitasi nomzodning italyan tilini bilish darajasi kursda nazarda tutilgan tadbirlarda ishtirok etishiga yetarliligini ogʻzaki usulda tekshirishga haqli.

Imtihonlar va baholash

Yozma imtihon

Saralash komissiyasi tomonidan har bir yozma imtihon 100 ballik tizimda baholanadi.

Gumanitar fakultetga nomzodlar yozma imtihonlardan oʻrtacha 70% baho olganda ogʻzaki sinovga ruxsat beriladi.

Aniq va tabiiy fanlar fakultetiga nomzodlar esa yozma imtihonlarda oʻrtacha 60% natija bilan ogʻzaki sinovga qoʻyiladi.

Baholashning oʻrtacha foizini ishlashda asosiy 60% natija nomzod hujjat topshirayotgan mutaxassislik fani boʻyicha olgan bahosi, qolgan 40%i esa qoʻshimcha 2 ta fan bahosi umumlashmasi orqali chiqariladi.

Yozma imtihon baholash natijalari (oʻrtacha ball) Oliy Maktabning rasmiy saytida eʼlon qilinadi.

Ogʻzaki imtihon

Saralash komissiyasi tomonidan har bir ogʻzaki imtihon 100 ballik tizimda baholanadi.

Gumanitar fakultetga nomzodlar ogʻzaki imtihonlardan oʻrtacha 70% baho olganda qabul qilinadi.

Aniq va tabiiy fanlar fakultetiga nomzodlar esa ogʻzaki imtihonlarda oʻrtacha 60% natija bilan oʻtganda oʻqishga qabul qilinadi.

Yakuniy baho ogʻzaki va yozma imtihonlar umumlashmasining oʻrtachasi nisbatiga chiqariladi. Imtihon baholash natijalari (oʻrtacha ball) Oliy Maktabning rasmiy saytida eʼlon qilinadi.

Agar tanlovning oxirgi oʻrniga ikkita nomzod bir xil baho bilan talabgorlik qilsa, ulardan yoshi kichigi oʻqishga qabul qilinadi.

Oliy maktab reyting natijalarini faqatgina oʻqishga qabul qilingan nomzodga xabar qiladi.

Safar xarajatlari uchun mablagʻ

Yozma imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtib, ogʻzaki imtihonlarga ruxsat berilgan nomzodlarning yoʻl xarajatlarni 50 yevrodan oshganda Oliy Maktab tomonidan qoplanadi. Italiya hududidagi nomzodlarga 350 yevrogacha, Italiyadan tashqaridagi Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan davlatlardan keladigan nomzodlarga 1000 yevrogacha ajratiladi. Buning uchun safar xarajatlariga oid hujjatlarni oʻrnatilgan muddatda taqdim etish lozim.

Oʻqishga qabul qilinganlar

Oliy Maktab direktori oʻqishga qabul qilinganlarni baholash natijalari asosida chiqarilgan reytingga koʻra eʼlon qiladi.

Oʻqish boshlanishi talabalarga xabar qilinadi. Oʻqishning birinchi kunida ishtirok etmaganlar talabalar safidan chiqariladi.

Oʻqishdan chetlashtirilgan talaba oʻrniga Saralash komissiyasi 30 kun ichida reyting baholari asosida boshqa talaba qabul qilishga haqli.

Eʼlon qilingan sanada talabalar Oliy Maktabga qoʻyidagilarni taqdim etishlari kerak:

  • 3 oydan koʻp boʻlmagan muddatda olingan tibbiy maʼlumotnoma;
  • Piza universitetining birinchi yoki ikkinchi bosqichiga oʻqishga qabul qilinganligi haqida ariza;
  • SNS statusi qabul qilinganligi haqida deklaratsiya (deklaratsiya qoidalari bajarilmaganda maktabdan chetlashtirilish haqida). Balohat yoshiga yetmaganlar uchun deklaratsiyani ularning ota-onalari/vasiy shaxs toʻldiradi;
  • raqamli fotosurat yoki 2 ta pasport formatidagi fotosurat;
  • Oʻzbekistonliklar uchun diplom/attestatlariga institut yoki universitet tomonidan berilgan sertifikat kerak (agar sertifikat ingliz, nemis, fransuz, italyan tillaridan boshqa bilda boʻlsa, uning italyan tiliga tarjimasi taqdim etiladi).

SNS qonunda taʼqiqlanmagan ayrim hollarda (masalan, oʻqish pulini qoplash kabi) qoʻshimcha sertifikatlar talab qilishi mumkin.

Imtiyozlar va stipendiya

Talabalik maqomi Oliy Maktab Nizomi va ichki tartib-qoidalari asosida tartibga solinadi.

Talaba Oliy Maktab tomonidan belgilangan turar joylarda yashashga majbur.

Talaba Oliy Maktab oshxonalarida tekin ovqat va har yilning 1-oktyabridan kelgusi yilning 30-sentyabrigacha bepul turar joy bilan taʼminlanadi.

Talaba Oliy Maktab tomonidan belgilangan grant asosida ajratiladigan pul bilan taʼminlanadi (taxminan 1280 yevro) (buning uchun talaba moliyaviy yordamga muhtojligi haqidagi maʼlumotlarni topshirishi kerak).

*Hujjat topshirish, imtihon va boshqalar haqida toʻliq maʼlumot: SHU YERDA.

Viza

Imtihon topshirishga borish uchun sayohatchilar shengen vizasini olish kerak. Oʻqish davri uchun talabalik vizasini rasmiylashtiriladi. 3 oylik Shengen vizasi va uzoq muddatli talabalik vizasi olishga yurtimizdagi Italiya elchixonasiga murojaat qilinadi; manzil: 100031 Tashkent Yusuf Xos Xojib koʻchasi 40; telefon: (+99871)2521119, (+99871)2521120; faks: (+99871)1206606; elektron pochta: consolare.tashkent@esteri.it; rasmiy sayt: https://ambtashkent.esteri.it/ ambasciata_tashkent/ru/.

Viza uchun kerakli hujjatlar roʻyxati: SHU YERDA.

Viza xarajatlari taxminan (har biri) 50 yevroni tashkil etadi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!