×

«Super kontrakt» narxi qancha va kimlar uchun?


Blog

BO'LIM

Yangiliklar

O'QILGAN

59383 marta

CHOP ETILGAN

26.08.2019

Test natijalari chiqishni boshlagach, abituriyentlardan qo‘shimcha kontrakt (xalq tilida «super kontrakt») haqida savollar ko‘paydi. Shularni inobatga olib, qo‘shimcha kontrakt haqidagi ayrim savollarga javob berishga harakat qilaman.

Qo‘shimcha kontrakda o‘qish uchun necha ball olish kerak?

Farqi yo‘q. Testga kirgan bo‘lsa, kifoya. 1 ball olgan bo‘lsa ham, qo‘shimcha kontraktda o‘qishi mumkin. Faqat narxi baliga qarab farq qiladi.

Qo‘shimcha kontrakda o‘qishni xohlaganlar qachon ariza berish kerak?

O‘qishga kira olmagan abituriyentlar qo‘shimcha kontraktda o‘qish uchun test natijalari e’lon qilingandan boshlab 1 oy ichida ariza berishi kerak.

Ariza qayerga beriladi?

Qo‘shimcha kontraktda o‘qish istagida bo‘lganlar OTM rektori nomiga ariza beradi.

Qo‘shimcha kontraktning narxi qancha?

Qo‘shimcha to‘lov-kontrakt miqdori amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

1-toifa

Kirish chizig‘iga 4 ball yetmaganlar nisbatan ancha arzon kontrakt to‘laydi. Jumladan:

1 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun – 1,5 barobar;

1.1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun – 2,0 barobar;

2.1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun – 2,5 barobar;

3.1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun – 3,0 barobar.

Masalan, kirish bali 140 bo‘lgan deylik. 139 ball to‘plagan abituriyent kontraktning 1,5 barobarini to‘laydi. Masalan, asli 10 mln so‘m kontrakt bo‘lsa, 15 mln so‘m to‘lasa kifoya.

138,9 ball olgan abituriyent esa 2 barobarini to‘laydi, ya’ni 20 mln so‘m. Va h.k.

2-toifa

56,7 balldan ko‘p to‘plagan, lekin kirish chizig‘iga 4 balldan ko‘proq yetmay qolgan abituriyentlar kontrakt summasining 10 baravaridan oshiq miqdorda to‘laydi.

Masalan, yana o‘sha kirish 140 ball bo‘lgan yo‘nalishni misol olsak, 135,9 balldan kam 56,7 balldan ko‘p to‘plaganlar 2-toifaga tushadi.

Joriy yilda 2-toifa uchun narxlar hali tasdiqlanmadi. O‘tgan yildagi narxlarni quyidagi manzildan (https://t.me/xushnudbek/826) ko‘rib olishingiz mumkin. Shuningdek, joriy yildan super-kontrakt narxlarini OTMlar o‘zlari belgilashadi.

3-toifa

56,7 balldan kam to‘plaganlar 2-toifadagi super-kontrakt miqdorining 2 barobarini to‘lab o‘qishlari mumkin. Masalan, oddiy super-kontrakt 15 barobar bo‘lsa, 56,7 balldan kam to‘plaganlar 30 barobar to‘lab, super-muper kontraktda o‘qishi mumkin.

Qo‘shimcha kontrakt har yili to‘lanadimi yoki bir marta?

Bir marta to‘lanadi. 1-o‘quv yilini tugatgandan so‘ng keyingi yillarda el qatori oddiy kontraktni to‘lab o‘qishadi.

Magistraturada ham qo‘shimcha qabul bormi?

Ha, bor. Faqat magistraturada bakalavrga o‘xshab tabaqalashtirilgan qimmat kontrakt to‘lanmaydi, oddiy kontrakt narxi qancha bo‘lsa, qo‘shimcha qabul qilingan magistrlar ham shuncha to‘lashadi.

Super-kontraktni bo‘lib-bo‘lib to‘lasa bo‘ladimi?

Yo‘q, ming afsuski hozirgi qoidalar bo‘yicha super-kontraktni to‘liq to‘lash talab etiladi. 100% to‘langandan keyingina buyruq chiqariladi. Lekin bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratish kerak, menimcha.

Super-kontrakt uchun ta’lim krediti olsa bo‘ladimi?

Yo‘q, super-kontrakt uchun ta’lim krediti berish amaldagi qonunchilikda belgilanmagan.

ESLATMA: 10 yoki 20 barobar degani bu eng kam oylik ish haqiga nisbatan emas, o‘sha yo‘nalishdagi kontrakt narxiga nisbatan. Ya’ni kontrakt 10 mln so‘m bo‘lsa, 15 barobar bo‘lganda qo‘shimcha kontraktda 150 mln so‘m to‘lanadi.

Manba: @xushnudbek; #abituriyent; shu yer.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!