×

Ta’lim krediti haqida batafsil


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

2336 marta

CHOP ETILGAN

26.08.2018

Huquqiy asos: Vazirlar Mahkamasining 26.07.2001 yildagi “Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari berish to‘g‘risida”gi 318-sonli qarori

Kredit miqdori: talaba va OTM o‘rtasida tuzilgan to‘lov-kontrakt shartnomasi miqdorida

Muddati: bakalavr bosqichi uchun – 10 yilgacha, magistratura bosqichi uchun – 5 yilgacha.

Foizi: ikki xil kategoriya bo‘yicha turli foizlarda beriladi:

a) chin yetimlarga, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va II guruh nogironlariga – nol foiz stavkasi (foizsiz kredit);

b) talabalarning qolgan toifalariga – Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan miqdorda (hozir 14%).

Kimlarga beriladi: OTMlarga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan talabalarning o‘zlariga, ularning ota-onalariga yoki vasiylariga.

Kredit ta’minoti: kredit ta’minoti sifatida quyidagilardan biri yoki bir nechtasi taqdim etilishi mumkin:
a) mol-mulk yoki qimmatli qog‘ozlarni garovga qo‘yish;
b) bankning kafolati;
v) uchinchi shaxsning kafilligi;
g) sug‘urta kompaniyasining qarz oluvchining kreditni qaytara olmasligi xavfi sug‘urta qilinganligi to‘g‘risidagi sug‘urta polisi;
d) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kafilligi (faqat chin yetimlar va “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari va kam ta’minlangan oilalardan chiqqanlar uchun).

Qanday hujjatlar kerak?

Ta’lim kreditini olish uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) ariza;
b) talaba va OTM o‘rtasidagi shartnoma (kontrakt);
v) mahalladan yashash joyi to‘g‘risida ma’lumotnoma:
g) kreditni qaytarishning ta’minlanishi to‘g‘risida hujjat;
d) imtiyozli ta’lim kreditlari olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar tegishli tasdiqlovchi hujjat.

Ariza qancha vaqtda ko‘rib chiqilishi kerak?

Ariza bank tomonidan 10 ish kunida ko‘rib chiqilishi va kredit shartnomasi imzolanishi kerak. Agar kredit berilmasligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda arizachiga kredit berishning rad etilishi sababi ko‘rsatilgan yozma xulosa berishi lozim. Sizga shunchaki og‘zaki rad javobi berishlariga yo‘l qo‘ymang. Albatta asoslangan yozma javob berishsin. Bu kelgusida asossiz rad qilinganlik uchun shikoyat qilish huquqini beradi.

Kredit qachon to‘lanadi?

Ta’lim kreditlari bo‘yicha mablag‘lar har yarim yilda o‘qish uchun yillik to‘lovning to‘liq miqdorini ikki teng qismga bo‘lish yo‘li bilan o‘tkaziladi. Bunda, yangidan qabul qilingan talabalar uchun 1-yarim yillikda o‘qiganlik uchun boshlang‘ich to‘lov joriy yilning 1 oktyabrigacha, 2-yarim yillik uchun – navbatdagi kalendar yilining 15 martigacha to‘lanishi mumkin. Ikkinchi yildan boshlab sentyabr va mart oyining 5-sanasidan kechiktirilmasdan to‘lanadi.

Kam ta’minlanganlar uchun imtiyoz bormi?

Kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan talabalar uchun kredit bo‘yicha qo‘shilgan foizlarning 50 foizi tuman Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tomonidan Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘laridan to‘lanadi.

Maxsus sirtqi, kechki va sirtqi ta’lim uchun ham ta’lim krediti olsa bo‘ladimi?

Nizomga ko‘ra, ta’lim krediti faqat kunduzgi bo‘limlarda o‘qiyotgan talabalarga beriladi. Shunga ko‘ra, maxsus sirtqi, kechki va sirtqi bo‘limlar uchun ta’lim krediti ajratish nazarda tutilmagan.

Xorijlik fuqarolar ham ta’lim krediti olishi mumkinmi?

Yo‘q. Nizomga ko‘ra, ta’lim krediti faqat O‘zbekiston fuqarolariga beriladi. Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham Nizomda nazarda tutilmagan.

Super-kontrakt uchun ta’lim krediti olish mumkinmi?

Yo‘q, super-kontrakt uchun ta’lim krediti berilmaydi. Lekin banklar super-kontrakt uchun kattaroq foizlarda oddiy kredit berishi mumkin. Buni o‘zlari hal qiladi.

Agar talaba talabalar safidan chetlatilsa nima bo‘ladi?

Agar talaba o‘qish davri tugamasdan talabalar safidan o‘chirilsa, OTM rahbariyati rektor (direktor)ning buyrug‘i chiqqan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida bu haqda bankka xabar berishi kerak, qarz oluvchi esa o‘z navbatida uch oy muddatda ta’lim krediti va unga qo‘shilgan foizlar bo‘yicha qarzlarni to‘liq qaytarishi lozim.

Agar OTM o‘z vaqtida bankni ogohlantirmasa nima bo‘ladi?

Talabaning talaba safidan chiqarilishi OTM tomonidan bankka o‘z vaqtida ma’lum qilinmagan taqdirda, OTM ushbu davr uchun hisoblangan foizlarni bankka to‘lashga majbur. Faqat ushbu shartlar shartnomada aks etgan bo‘lishi kerak.

Kreditni muddatidan oldin yopsa bo‘ladimi?

Ha, kreditni muddatdan oldin qaytarish mumkin.

Manba: Xushnudbek.uz

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!