Eslatma: Suhbat 2021-yil 13-noyabr kuni qilingan. Suhbatda keltirilgan maʼlumotlar TechGirls dasturining keyingi yillardagi qabulida biroz oʻzgarishi mumkinligini hisobga oling.
1. Asslomu alaykum, Gulasal. Avvalo, oʻzingiz haqingizda qisqacha soʻzlab bersangiz.
Assalomu alaykum. Ismim Gulasal Butaeva, 2005-yil 4-iyulda Qashqadaryo viloyatida tugʻilganman. Hozirda 12-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida 11-sinfda oʻqiyman. TechGirls dasturiga qabul qilinganimda 10-sinfni endigina tamomlagan edim (tah.: Gulasal TechGirls 2021 dasturi ishtirokchisi). Shu yil, 2021-yilda, AQSHning Oʻzbekistondagi Yosh elchisi (Young Ambassador) lavozimiga sazovor boʻldim, va mening bundagi vazifam ikkita mamlakat oʻrtasida yanada chuqur aloqalar oʻrnatish, ikki davlat yoshlarini hamkorlikka chaqirish va oʻzaro madaniyat almashinuvini yaxshilashdan iborat. Oʻzbekistonga qaytgach, “BraveCoders” loyihasini boshladim va loyihaning 1-mavsumi nihoyasiga yetdi.
2. TechGirls oʻzi qanday dastur? Dastur gʻoliblariga qanday imtiyozlar taqdim etadi?
TechGirls — bu Legacy International tashkiloti va AQSH hukumati hamkorligida tashkil qilingan boʻlib, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlarida yashovchi qizlarni ilm-fan va texnologiyalar sohasida ish yuritishga ragʻbatlantirish va ilhomlantirishga qaratilgan xalqaro almashinuv dasturi.
Bu dastur davomida, belgilangan davlatlardan (har bir davlatdan 3-4ta) qizlar tanlab olinadi va ularga 4 hafta davomida STEM (science, technology, engineering and mathematics) fanlari va liderlik darslari AQSHda VirginiaTech universiteti tomonidan oʻtiladi. Bizning dastur koronavirus pandemiyasiga toʻgʻri kelgani sababli mashgʻulotlar onlayn tarzda boʻldi va 6 hafta davom etdi.
Barcha tanlangan ishtirokchilar uchun dastur davomida barcha xarajatlar qoplanadi. Ovqatlanish, turar joy barchasi toʻlab beriladi. Dasturni tamomlagach, har bir ishtirokchi qiz oʻzining TechGirls tajribasini kamida 10 ta yosh avlod vakillari bilan boʻlishishi va Vatanga qaytgach bitta ijtimoiy loyihani amalga oshirishlari shart. Masalan, mening loyiham yuqorida aytilgan “BraveCoders” dasturlash marafoni.
3. Ushbu dasturda qatnashish uchun asosiy talablar nimalardan iborat?
TechGirls dasturida qatnashish uchun nomzod quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- Nomzod belgilangan davlatlardan birining fuqarosi boʻlishi kerak. Bu davlatlar Ichida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston ham bor.
- Nomzod almashuv dasturi boshlanishida 15-17 yosh boʻlishi kerak.
- Texnologiya, muhandislik va/yoki matematika sohalarida ilgʻor koʻnikma, taʼlim va jiddiy qiziqishga egaligini namoyish qilishi kerak.
- Nomzod texnologiya sohasida oliy taʼlim olish yoki karyera qilishni koʻzlagan boʻlishi kerak.
- Ingliz tilini yaxshi tushuna olishi va yaxshi gapira olishi kerak. Butun dastur ingliz tilida boʻladi.
- Nomzod oʻtkir zehnli, moslashuvchan va ochiq fikrli boʻlishi kerak.
- Nomzod Oʻzbekistonga qaytib kelgach, oʻrta maktabda hech boʻlmaganda bir semestr oʻqishi kerak.
- Nomzod uyga qaytgach, jamoatchilikka moʻljallangan foydali loyihani amalga oshirishi kerak.
- Avval AQShda boʻlmagan yoki cheklangan muddat davomida boʻlganlarga koʻproq imtiyoz beriladi. Agar soʻnggi uch yil ichida AQSHning Taʼlim va madaniy masalalar byurosi almashinuv dasturlari doirasida AQShga safar qilgan boʻlsangiz, ushbu dasturda ishtirok etishingiz mumkin emas.
4. Dasturda qatnashish uchun qanday hujjatlar topshirish talab etiladi?
Dasturda qatnashish uchun sizdan maktab, litsey yoki kollejda olgan baholar tabelining 1 yil oldingi olgan baholaringiz inglizcha varianti talab qilinadi. Masalan, ariza topshirish vaqtida 10-sinf boʻlsangiz sizdan 9-sinfda olgan baholaringiz soʻraladi. Siz oʻzingiz avval tabelni tarjima qilib, direktorga imzolatib, joʻnatsangiz boʻladi.
Sizdan shaxsiy rasmingiz ham soʻraladi. Iloji boricha, rasm sifatiga eʼtibor bering, chunki rasm orqali ham taassurot uygʻotishingiz mumkin.
Bunday tashqari, bir nechta insho (essay) savollariga javob berish kerak. Men ularni essay demagan boʻlardim, chunki ular sizdan essay emas, kamida 50 tacha soʻzli matn kutishadi, yozish mumkin boʻlgan soʻzlar soni ham juda kam edi. Arizangizni toʻldirib, boshqa hujjatlar bilan birga joʻnatib boʻlganingizdan keyin yarim final (semi-final), yaʼni keyingi bosqichga oʻtgan yoki oʻtmaganlik natijalarini kutish boshlanadi.
5. Nima deb oʻylaysiz, ushbu hujjatlar orasida dasturni qoʻlga kiritish uchun eng muhimlari qaysilar?
TechGirls dasturi uchun hujjatlardan ham koʻra, oʻzingiz haqingizda savollarga bergan javobingiz muhimdir. Ammo baholar ham qaysidir darajada muhim hujjat. Baʼzilar baholarni oʻzgartirishadi: matematika, IT, kimyo kabi fanlardan oʻzlariga aʼlo baholar yasashadi. Siz bu yoʻl bilan ariza topshirish jarayonidan oʻtishingiz mumkin, xolos. Lekin sizdan intervyu oladigan shaxslar kuchli psixolog. Ularga oʻzingiz bilmagan holda koʻp narsani aytib qoʻyasiz. Shu uchun rostini ayting. “Baholarim yaxshi emas, lekin oʻz ustimda ishlayapman” deb yozing yoki ayting (agar intervyuga taklif qilinsangiz). Dasturda oʻqitiladigan materiallar oson emas, shu sababli oʻquvchidan yaxshi koʻnikma va bilim talab qilinadi. TechGirls jamoasi baholar orqali sizning bilim darajangizni bilib olishmoqchi boʻlishadi.
6. Nomzoddan ingliz tilini qay darajada bilish talab qilinadi? Siz dasturga topshirganda ingliz tili sertifikatiga (IELTS/TOEFL) ega edingizmi? Necha ball edi? Sertifikatingiz boʻlmasa, ingliz tilini taxminan qay darajada bilasiz.
Ingliz tilidan hech qanaqa til sertifikati shart emas, lekin ingliz tilini shu tilda soʻzlovchilarni tushuna oladigan va ular bilan muloqot qila oladigan darajada yaxshi bilishingiz kerak. Ariza topshirish vaqtida Men IELTS dan 7.0 ball olgan edim. Lekin sertifikatim borligini faqat intervyuda aytdim, arizamda u haqida yozmaganman ham.
7. Dasturga ariza topshirganingizda baholaringizning oʻrtacha koʻrsatkichi qanday boʻlgan? Gʻolib boʻlishda baholar qanchalik ahamiyatli deb oʻylaysiz?
Baholarim 100% aʼlo edi. Faqat “5” baho olganman. Baholarning ahamiyati haqida yuqorida aytib oʻtganimdek, ular sizni texnologiya va ilm-fan sohasidagi qobiliyatingiz, bilimingizni tasdiqlovchi hujjat va manbadir. Shu sababli, baholar imkon qadar yuqori boʻlgani yaxshi.
8. Dasturning 2-bosqichi suhbat ekan. Suhbatda qanday savollar soʻraldi?
Ariza topshirish bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtganlarga email yuboriladi. Emailda yarim final bosqichiga oʻtganingiz haqidagi xabar va intervyuga taklif boʻladi. Intervyudan asosiy maqsadni sizni yanada yaqindan bilib olish va ingliz tili malakangizni tekshirishdir.
Intervyuda odatda psixologik va dunyoqarashingizni tekshirishga moʻljallangan savollar beriladi.
Masalan, menga “Agar Oʻzbekiston Respublikasi bilan gaplashish imkoniga ega boʻlsangiz, u kishidan nimani soʻragan boʻlardingiz?”, “Hozirgi dunyodagi qanday global muammolar sizni bezovta qiladi?”, “Oʻz hayotingizda nimani oʻzgartirishni xohlardingiz?” va shunga oʻxshash boshqa savollar berishgan.
9. Suhbatdan hamma ham oʻta olmagan. Nima deb oʻylaysiz, aynan qanday sifatlar yoki harakatlar suhbat bosqichidan ham muvaffaqiyatli oʻtishingizga sabab boʻldi?
Suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtishimga birinchi sabab hayajonlanmaganim, deb oʻylayman. Hayotimda juda koʻp intervyulardan oʻtganman, koʻplab tanlovlarda qatnashganman va natijada hayajonlanish odati yoʻqolgan.
Intervyu kuni ham koʻp oʻylanmadim, oʻtolmay qolsam nima boʻladi degan fikr ham kelmadi. Onlayn intevrvyu boshlanishidan 5 daqiqa oldinga budilnik qoʻygandim, intervyu boshlangach, hayajonlanmasdan, savollarga xuddi tanishlarim, doʻstlarimning savollariga javob berayotgandan aniq hamda rostgoʻylik bilan javob berdim.
Ikkinchidan, fikrimni ingliz tilida uzoq toʻxtalishlarsiz, toʻliq tushuntirib bera olganim ham intervyudan muvaffaqiyatli oʻtishimning omillaridan biri deb oʻylayman.
Uchinchidan, intervyuda ular bilan doʻstona muloqotni oʻrnata oldim deb bilaman. Masalan, intervyudagi AQSH elchixonasi vakili Qarshidagi American Cornerʼga ham boring deb taklif qildi. Boshqacha qilib aytganda, faqat savol-javobdan tashqari biz oddiy suhbat ham qura oldik. Bu ham intervyu muvaffaqiyatli oʻtishining asosiy sabablaridan biri deb hisoblayman.
10. Umuman, nega aynan sizni gʻoliblardan biri sifatida tanlashdi deb oʻylaysiz?
Buning asosiy sabablaridan biri – bu texnologiya, robotlar va ilm-fanga boʻlgan kuchli qiziqishim deb oʻylayman. Yoshligimda ham elektronikaga qiziqishim katta boʻlgan, dadamning kompyuterini ham koʻp marta buzib qoʻyganman. Bozor yoki supermarketga borganimizda ham oilamizdagi boshqa qizlarni kiyimlar, oziq-ovqat oʻziga tortsa, meni doim elektron va texnologik buyumlar oʻziga jalb qilardi. Bunday paytlarda albatta birorta elektronika, hech boʻlmaganda bitta kabel bilan uyga qaytardim.
Fikrimcha, ushbu kuchli qiziqish va ishtiyoq sababli TechGirls dasturiga tanlandim deb oʻylayman. Umuman, sizda kuchli xohish va ishtiyoq boʻlsa, oʻzingiz xohlagan narsaga erishasiz deb oʻylayman. Menga TechGirls dasturi kerak edi, ishtiyoqim kuchli edi va dasturga qatnashish istagim amalga oshdi.
11. Keyingi yil ushbu dasturni qoʻlga kiritmoqchi boʻlganlarga qanday tavsiyalar bera olasiz?
Bu savol juda koʻpchilikni qiziqtiradi, koʻplab qizlar ham bu savolni mendan soʻrashyapti.
Birinchi navbatda, ariza topshirish, umuman, qabul jarayoni haqida pozitiv oʻylashlarini, dasturga qabul qilinishga kuchli ishonchga ega boʻlishlarini tavsiya qilaman.
Bundan tashqari, imkon qadar hayajonlanmaslikni maslahat beraman. Intervyu oldidan ham chuqur nafas olib, hayajonni bostirib olish kerak. Chunki hayajon sizdagi bor salohiyat va qobiliyatni ham yoʻqqa chiqarib qoʻyishi mumkin.
Shuningdek, intervyu uchun ham alohida tayyorlanish kerak. Ayniqsa, avval intervyuda qatnashmagan boʻlsangiz, koʻproq tayyorgarlik koʻrish kerak. Biror tanishingiz bilan yoki oynaga qarab ingliz tilida intervyuni mashq qilish mumkin, masalan.
Yana bir narsani aytishim kerak, toʻgʻri TechGirls dasturi dasturi boʻyicha bilim yoki koʻnikma talab qilmaydi. Baʼzi qizlar esa TechGirls dasturi faqat dasturlashdan xabari bor qizlar uchun deb oʻylab, ariza topshirmaydi. Aslida, bunday emas, dasturga qatnashish uchun dasturlashdan hech qanday bilim va koʻnikma talab etilmaydi. Dastur nomzodlardan faqat maktab, kollej yoki litseydagi fanlardan yaxshi bilimga ega boʻlish talab etiladi.
Lekin shunda ham imkon qadar oldinroq oʻqishdan tashqari turli toʻgaraklar, onlayn kurslar va shu kabilarga qatnashishni maslahat berardim. Masalan, arizani toʻldirishimda oʻqishdan tashqari qanday kurslar yoki toʻgaraklarda qatnashgansiz degan savol kelgan. Agar qatnashsangiz, shu savolga javob berish uchun yaxshi boʻladi. Qatnashgan kurslaringizni nomma-nom yozishingiz mumkin boʻladi.
Suhbat oxirida Grantlar.uz sayti, kanaliga oʻz minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Shaxsan oʻzim mendan dastur haqida savol soʻraganda hammasini batafsil tushuntirish imkoni boʻlmaydi baʼzida va Grantlar.uz saytini tavsiya qilaman. Oʻzbek qizlarining xalqaro tanlov va dasturlarda ishtirok etishiga oʻz hissangizni qoʻshayotganingiz uchun minnatdorchilik bildiraman. Faoliyatingizga omad tilayman.
Grantlar.uz: Ajratgan vaqtingiz va mazmunli suhbat uchun tashakkur.
Gulasal: Sizlarga ham suhbat uchun rahmat.