×

TestDAF – Germaniyada o’qish uchun kalit (nima, qayerda, qachon va qancha?)


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

11300 marta

CHOP ETILGAN

24.10.2018

TestDAF – nemis oliy taʼlim muassasalarida tahsil olishni yoki barcha nemis oliy oʻquv yurtlari tomonidan tan olinadigan sertifikatga ega boʻlishni xohlovchilar uchun nemis tilini egallaganlik darajasini aniqlash boʻyicha oʻtkaziladigan imtihon. TestDAF Xagendagi TestDAF instituti tomonidan ishlab chiqiladi va tekshiriladi, shuningdek, imtihonni jahonning 96 dan ortiq mamlakatlarida joylashgan rasmiy tan olingan test markazlarida topshirish mumkin.

Imtihon haqida qisqacha

Til: nemis tili;
Tashkilotchi: Xagen TestDAF instituti;
Rasmiy sayt: https://www.testdaf.de/;

Manzil: Germaniya, TestDaF Institute, Universitätsstrasse 134, D-44799 Bochum; Murojaat uchun telefon: +49 234 32 29770; Faks: +49 234 32 14 988; Onlayn bogʻlanish: BU YERDA; Onlayn roʻyxatdan oʻtish: BU YERDA;

Nechta davlatda oʻtkaziladi: 96 dan ortiq;
Muddat: yilda 6 marta;
Toʻlov: darajaga qarab 80 dan 295 yevrogacha (2018 yil uchun); 105 dan 295 yevrogacha (2019 yil uchun);
Qancha vaqt davom etadi: tanaffussiz 3 soat 10 daqiqa;
Nechta daraja bor: 3 ta;
Qanday baholanadi: 5 balli tizimda: 3 minimal, 5 maksimal;
Sertifikatning amal qilish muddati: chegaralanmagan;

Oʻzbekistonda qayerda topshirish mumkin: Goethe-Institut Tashkent;
Manzil: Toshkent shahri 100000, Amir Temur 42; Murojaat uchun telefon: +998 71 14 01 470; Faks: +998 71 14 01 471; Maʼlumot beruvchi: Tanya Gafurova; e-mail: Tanzilya.GafurovaTaschkent.goethe.org; Rasmiy sayt: https://www.goethe.de/ins/uz/de/index.html?wt_sc=taschkent.

TestDAF da nechta daraja mavjud va qanday talablar qoʻyiladi?

Imtihon natijalari uchta: TDN 5, TDN 4 va TDN 3 darajalarida aks etadi. Har bir daraja 4 qismda baholanadi: Leseverstehen (Reading), Hörverstehen (Listening), Schriftlicher Ausdruck (Writing) va Mündlicher Ausdruck (Speaking).

1) TDN 5 nemis tilini yuqori darajada egallaganlikni bildiradi. Har bir qism boʻyicha quyidagi bilim, malaka, koʻnikma va kompetensiya baholanadi:

Leseverstehen (Reading/Oʻqib tushunish) – Universitet mavzulari, universal tematikadagi ilmiy matnlardan murakkab tushunchalarni umumiy va alohida qismlarda tushunish, ulardan majoziy hamda yashirin fikrlarni anglay olish;

Hörverstehen (Listening/Tinglab tushunish) – Universitet mavzulari, universal tematikadagi ilmiy soʻzlashuvlardan murakkab tushunchalarni umumiy va alohida qismlarda tushunish;

Schriftlicher Ausdruck (Writing/Yozish) – Universitet mavzulari, universal tematikadagi ilmiy esse, konspekt, yozishmalarda nemis tili grammatikasiga rioya qilgan holda murakkab tushunchalarni umumiy va alohida koʻrinishda oʻz fikrlari bilan bayon eta olish;

Mündlicher Ausdruck (Speaking/Soʻzlashish) – Dissertatsiya himoyasi, seminarda ishtirok etish va kundalik vaziyatlarda oʻz fikrini bemalol, ilmiy va mantiqiy qoidalarga amal qilgan holda erkin bayon qilish.

2) TDN 4 nemis tilini umumiy (yaxshi) darajada egallaganlikni bildiradi. Har bir qism boʻyicha quyidagi bilimlar kerak boʻladi:

Leseverstehen (Reading/Oʻqib tushunish) – Universitet hayoti, turli mavzulardagi ilmiy matnlardan standart tushunchalarni umumiy va alohida qismlarni tushunish;

Hörverstehen (Listening/Tinglab tushunish) – Standart shaklda tuzilgan gaplardan universitet mavzulari, universal tematikadagi ilmiy soʻzlashuvlar tarkibidagi tushunchalarni umumiy va alohida holda tushunish;

Schriftlicher Ausdruck (Writing/Yozish) – Yetarli darajada kundalik hayotda kerak boʻladigan fikrlarni, oʻquv yurti hayotiga oid mavzular, har xil tematikada ilmiy esse, konspekt, yozishmalarni nemis tili grammatikasiga rioya qilgan holda umumiy koʻrinishda oʻz soʻzlari bilan yozma ifodalay olish;

Mündlicher Ausdruck (Speaking/Soʻzlashish) – Dissertatsiya himoyasi, ilmiy yoki hayotiy mavzudagi seminarlarda ishtirok etayotganda, kundalik vaziyatlarda oʻz fikrini yetarlicha tushunarli, umumiy qoidalarga amal qilgan holda nisbatan erkin bayon qilish.

*Agar Siz Germaniya universitetlaridan biriga oʻqishga kirmoqchi boʻlsangiz, Sizdan aynan TDN 4 daraja sertifikati talab etiladi.

3) TDN 3 nemis tilini umumiy (qoniqarli) darajada egallaganlikni koʻrsatadi. Har bir qism boʻyicha quyidagi bilim, koʻnikma va malakalar talab qilinadi:

Leseverstehen (Reading/Oʻqib tushunish) – Universitet hayotiga oid matnlarni umumiy va asosan tushunish, turli mavzulardagi ilmiy tekstlarni qisman tushunish;

Hörverstehen (Listening/Tinglab tushunish) – Oddiy tuzilgan gaplardan universitet mavzulari haqidagi soʻzlashmalarni umumiy gʻoyasini tushunish, universal tematikadagi ilmiy soʻzlashuvlarni qisman tushunish;

Schriftlicher Ausdruck (Writing/Yozish) – Kundalik va universitet hayotda kerak boʻladigan fikrlar, mavzularni, umumiy soʻzlar bilan (masalan, homiy uchun xat) yoza olish, har xil tematikada ilmiy yozishmalarni (masalan, konspekt, tezis) nemis tili grammatikasiga rioya qilib qisman yozma ifodalay olish;

Mündlicher Ausdruck (Speaking/Soʻzlashish) – Dissertatsiya himoyasi, ilmiy yoki hayotiy mavzudagi seminarlarda ishtirok etayotganda, kundalik vaziyatlarda oʻz fikrini umumiy qoidalarga amal qilgan holda sodda va tushunarli bayon qilish. Nemis tilini bilish darajalariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida BATAFSIL tanishing.

Qancha vaqt, nechta topshiriq?

Har bir daraja qismlari murakkabligi turlicha, lekin bir xil hajmda vaqt va topshiriqlar beriladi:

Leseverstehen (Reading/Oʻqib tushunish) – 3 ta matn, 30 ta topshiriq va 60 daqiqa;
Hörverstehen (Listening/Tinglab tushunish) – 3ta audiomatn, 25 ta topshiriq, 40 daqiqa;
Schriftlicher Ausdruck (Writing/Yozish) – 1 ta mavzu, 60 daqiqa;
Mündlicher Ausdruck (Speaking/Soʻzlashish) – 7 ta soʻzlashuv mavzusi, 35 daqiqa.

Imtihon haqida yoʻriqnoma: BU YERDA.

Qanday baholanadi?

Har bir daraja berilgan topshiriqlardan qanchasi toʻgʻri yechilganiga qarab 3 balldan 5 ballgacha baholanadi. Agar imtihon topshiruvchi 3 ball olsa, yaxshisi, oʻqish uchun taʼlim ingliz tilida olib boriladigan institut/universitetni tanlagani maʼqul. Germaniyadagi aksariyat oliy oʻquv yurtlari hujjat topshirilayotganda TDN 4 (B2 va C1 oʻrtasi) sertifikat talab qiladi. Ammo, ayrim nemis OOʻYu lari TDN 3 (B2) darajasini ham olishi mumkin. TDN 5 (C1) esa barcha muassasalarda beistisno qabul qilinadi. Oʻzingiz oʻqishni istagan oliygoh talablari bilan tanishgandan soʻng Sizga qaysi darajadagi sertifikat kerak boʻlishini bilib olasiz. Ayrim taʼlim muassasalari bu haqidagi maʼlumotlarni oʻz portallariga joylashtiradilar:

Til bilishning Yevropa kompetensiyasi boʻyicha baholash tizimiga koʻra, TestDAF darajalari quyidagi natijalarga mos keladi:

Sertifikat quyidagi koʻrinishda boʻladi:

Qayerda tayyorlanish mumkin?

  • Tashkilotchining rasmiy saytida imtihonga tayyorgarlik koʻrish uchun zarur boʻladigan barcha materiallar joylashtirilgan: batafsil;
  • Bilimingizni taxminan tekshirib koʻrish va mustaqil tayyorlanish uchun Deutsch-Uni Online resursida TestDaF TestDaFtraining pulli kurslari mavjud;
  • Imtihon haqida konsultatsiya uchun: BU YERDA murojaatnoma qoldiring. Savolingizga albatta, javob berishadi;
  • Nemis tili boʻyicha bilimlaringizni BU YERDA onlayn tekshirib koʻrishingiz mumkin.

Test natijalari qachon eʼlon qilinadi?

Imtihon natijalari sinovdan taxminan 6 hafta oʻtganda ishtirokchilar portalida eʼlon qilinadi. Xohlovchilar uchun TestDaF-Institute javoblar tahlilini joʻnatishi mumkin. Istalgan 4 qismning birini tahlil qilish uchun 30 yevro, barcha qismlar uchun 60 yevro toʻlash kerak boʻladi.

Germaniya oliygohlari butun dunyoda eng nufuzli taʼlim muassasalari hisoblanadi. Agar nemis universitet/institutlarida oʻqish istagingiz boʻlsa, TestDaF ni yuqori baholarga topshiring. Bu Sizning kelgusida tanlagan sohangiz boʻyicha yetuk kadr boʻlib yetishishingiz uchun dastlabki qadamingiz boʻladi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!