×

TÖMER imtihoni nima va qanday imkoniyatlar beradi?


Blog

BO'LIM

Yangiliklar

O'QILGAN

44016 marta

CHOP ETILGAN

29.10.2021

TÖMER – 1984-yilda tashkil etilgan boʻlib, turk tili va madaniyatini chet ellarda oʻrgatish hamda targʻib qilish uchun qurilgan tashkilot sanaladi. Yaʼni TÖMER tashkiloti British Council, Goethe Institut, Instituto Cervantes va Alliance Française kabi transmilliy tashkilotdir.

Turkchaning xorijiy til sifatida oʻrgatilishini koʻzda tutgan mazkur tashkilot avvalo turk, keyin esa xalqaro doiradagi qiziquvchilarga turkcha, inglizchadan tortib oʻn ikkita til doirasidagi sertifikatli taʼlim kurslarini taklif qiladi.

Oʻzbekistonlik talabalar uchun ahamiyati

TÖMER chet ellik talabalarning turk tilini bilish darajasini baholash maqsadida universitetlar tomonidan qoʻllaniluvchi dastlabki vosita ekanligini unutmaslik kerak. Universitetning barcha imtihonlaridan oʻtgan xorijlik talabalar qarshisida ikkita yoʻl turadi (turk tilida oʻqimoqchi boʻlsa):

  1. Universitet tomonidan maxsus tashkil qilinuvchi turkcha til yetarlilik imtihonini (Türkçe Yeterlilik Sınavı — TYS) topshirish.
  2. TÖMER imtihoniga kirib, olingan sertifikatni universitetga taqdim qilish va til yetarlilik imtihoniga kirmay turib, oʻqishni toʻgʻridan-toʻgʻri boshlash.

Koʻp hollarda xorijlik talabalarga ikkinchi variant tavsiya qilinadi. Chunki siz TÖMER darslari davomida nafaqat til, balki turk xalqining madaniyati, etnik psixologiyasi, tarixi va orzu-umidlarini ham oʻrganishingiz mumkin. Bu sizga oʻqish boshlangan payt madaniy shokka uchrashning oldini olishda katta yordam beradi. Bundan tashqari, har bir universitetning maxsus imtihonga oid muayyan talablari bor. Misol uchun, Istanbul universiteti imtihon payti sizning oʻqib tushunishingizga, Ege universiteti esa suhbatlashish koʻnikmangizga koʻproq eʼtibor beradi. TÖMER esa bularning barini sizga standart shaklda oʻrgatish imkoniga ega.

TÖMER besh bosqichli tizimda taʼlim beradi:

  1. Oʻqib tushunish;
  2. Tinglab tushunish;
  3. Yozish koʻnikmasi
  4. Yuzma-yuz suhbat;
  5. Gapirib tushuntirish.

Ushbu bosqichlar ham oʻz oʻrnida ingliz tili darajalar kabi sinflarga ajratiladi:

Boshlangʻich (A1-A2)

  • A1.1 = Boshlangʻich 1
  • A1.2 = Boshlangʻich 2
  • A2.1 = Boshlangʻich 3
  • A2.2 = Boshlangʻich 4

Oʻrta (B1)

  • B1.1 = Oʻrta 1
  • B1.2 = Oʻrta 2
  • B1.3 = Oʻrta 3
  • B1.4 = Oʻrta 4

Yuqori (B2-C1)

  • B2.1 = Yuqori 1
  • B2.2 = Yuqori 2
  • C1.1 = Yuqori 3
  • C1.2 = Yuqori 4

TÖMER til kursi va imtihoni toʻlovlari

TÖMER til kurslari pulli boʻlib, 2020-2021 oʻquv yili holatiga koʻra 32 hafta, yaʼni 960 soatlik dars narxi umumiy 3750 turk lirasi (taxminan 392 AQSH dollari) ekanligini koʻrishimiz mumkin.

Agar siz ushbu 3750 liralik kursni olgach, oʻsha kursga tegishli imtihonga kirsangiz yo universitet talabasi boʻla turib, oʻsha universitetning turkcha TÖMER imtihoniga kirsangiz, imtihon bepul boʻladi. Biroq siz turkchani tashqarida oʻqib, TÖMER kurslaridan faqat sertifikat olish uchungina uning imtihoniga kirsangiz, tashkilotga 300 turk lirasi (taxminan 31 AQSH dollari) miqdorida toʻlov qilishingiz kerak. Kursdan olingan sertifikat 2 yil amal qiladi.

Oʻzbekistonda har yili TÖMER kurs va imtihonlari xalqaro Yunus Emro instituti (Yunus Emre Enstitüsü), Toshkent Davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkentdagi Turkiya elchixonasiga oid turk maktabi va Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari boshqarmasida oʻtkaziladi. Mazkur imtihonlarga Turkiyada oʻqish va ishlashni istovchilar yoki Turkiya Harbiy Qoʻshinlari tarkibida malaka oshirishni istovchi oʻzbek harbiylari qatnashishi mumkin.

TÖMER tarkibida til kurslaridan tashqari, madaniyat, sport, sanʼat, tabiat, ijtimoiy fanlar kabi bir qancha loyihalar ham mavjud boʻlib, ulardan baʼzilari bevosita Yevropa Ittifoqi tomonidan amalga oshiriladi. Ittifoqning aynan til boʻyicha amalga oshirgan loyihalari esa quyidagilardir:

  • LANCELOT (Sertifikatli oʻqituvchilardan tilshunoslikka oid onlayn darslar)
  • Yevropa tillar tarmogʻi (Avrupa Diller Ağı)
  • NEWAP (Qiyosiy tilshunoslik)
  • Muhojirlikdan Yevropa Fuqaroligiga (Göçmenlikten Avrupa Yurttaşlığına)
  • LINGUA
  • FIRST STEPS
  • EUROPODIANS

Ushbu kurslar haqidagi maʼlumotlarni bevosita  tomer.ankara.edu.tr saytidan olishingiz mumkin.

Mirzohid Muzaffar,
Anqara universiteti talabasi,
Grantlar.uz uchun maxsus.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!