×

Toshkent Shahridagi Inha Universiteti haqida batafsil: kurslar, o’qish to’lovi, imtihon va grantlar


Blog

BO'LIM

Universitetlar

O'QILGAN

87957 marta

CHOP ETILGAN

10.10.2020

Ushbu maqoladagi barcha ma’lumotlar https://inha.uz/ veb saytidan olindi. Universitetga hujjat topshirish oldidan universitet bilan shaxsan bog’laning yoki veb saytdagi ma’lumotlar bilan qayta tanishib chiqing. Universitet qabul jarayoni, o’qish to’lovi va boshqalarga o’zgartirishlar kiritishi mumkinligini unutmang.

Umumiy ma’lumot

Toshkentdagi Inha Universiteti Janubiy Koreyaning Inha Universitetining O’zbekistondagi filiali hisoblanadi. Universitetda ikkita fakultet mavjud: Kompyuter va axborot muhandisligi maktabi (SOCIE) va Logistika maktabi (SOL). Bu universitetni tamomlagan talabalarning diplomi O’zbekistonda nostrifikatsiyasiz qabul qilinadi. Barcha darslar ingliz tilida bo’ladi.

Universitetning 7 qavatli asosiy binosi Toshkent shahrida joylashgan. Hududida konferensiyalar zali va yana 3 qavatli o’quv binosi ham mavjud. Talabalar uchun quyidagi imkoniyatlar taqdim etilgan:

Axborot Resurs Markazi

Fizika laboratoriyasi

Ma’lumot (data) laboratoriyasi

Innovatsiya va sanoat hamkorligi markazi

Ko’rgazma markazi (bu yerda texnologiya va elektronika kompaniyalari mahsulotlari ko’rgazmalari mavjud).

Qanday kurslar mavjud?

Toshkentdagi Inha Universitetida ikkita yo’nalishda bakalavr kurslari mavjud:

  1. Kompyuter va axborot muhandisligi – qisqacha nomi SOCIE (Bachelor of Science diplomi beriladi). Bu yo’nalish ham 2 ga bo’lingan: CSE (Department of Computer Science and Software Engineering) and ICE (Department of Information and Communication Engineering).
  2. Logistika – qisqacha nomi SOL (Bachelor of Business Administration diplomi beriladi).

Kurslar 4 yil davom etadi. Undan tashqari, shu kurslarga qabul uchun imtihon olinadigan matematika, fizika va ingliz tili fanlaridan tayyorlov kurslari (podkurs) ham mavjud. Agar Inha universitetiga shu universitetning o’zida tayyorgarlik ko’rishni xohlasangiz, bu yerda qo’shimcha ma’lumot olishingiz mumkin. Bakalavr kurslariga qabul yopilgan.

Kontrakt qancha?

Universitetning SOCIE (kompyuter va axborot muhandisligi) fakulteti kurslarida o’qish to’lovi bir yil uchun 30 000 000 so’m.

SOL (logistika) kurslarida o’qish uchun kontrakt miqdori bir yil uchun 31 500 000 so’m.

Qabul qanday bo’ladi?

Universitetda 2020-2021 o’quv yili uchun jami 420 nafar talaba qabul qilingan. Shundan 200 nafari kompyuter va axborot muhandisligi fakultetiga (10 nafari grant), 120 nafari logistika fakultetiga tegishli.

Qabul onlayn suhbat natijalari va matematika/fizika imtihoni natijalarini qo’shib hisoblab, umumiy ball chiqarish asosida bo’ladi. Grant imtihonida matematika va fizikadan imtihon topshiriladi. Kontrakt uchun imtihonda faqat matematikadan imtihon bo’ladi.

  1. Hujjat topshirgan abituriyentlar avvaliga matematika/fizika imtihonini topshirishlari kerak bo’ladi. Imtihonlar Toshkentdagi Inha universiteti binosida, yoz oylarida jami 3 marta o’tkaziladi. Imtihon sanalaridan istalganiga ro’yxatdan o’tish mumkin. Grant uchun imtihonda matematika natijalari 70%, fizika natijalari 30% hisoblanib, umumiy ball chiqariladi.
  2. Matematika va/yoki fizika imtihonidan o’tgan nomzodlar onlayn suhbatdan ham o’qishlari kerak bo’ladi. Qabul uchun umumiy ballni hisoblashda matematika (+ fizika) natijasi 70%, suhbat natijasi 30% ulushga ega.
  3. Yuqoridagi bosqichlardan o’tgan nomzodlar endi ingliz tili testi sertifikatini taqdim etishari kerak bo’ladi. Ingliz tili natijasi sifatida quyidagi test sertifikatlari qabul qilinadi:

Bu yerda qabul imtihonlariga tayyorlanish uchun namuna masalalar va ularning yechimlari berilgan. Bu yerda xorijlik talabalar uchun qabul haqida o’qing.

Hujjatlar qachon topshiriladi?

Universitetda qabul hozir yopilgan. 2021-yilda boshlanadigan kurslar va imtihon uchun arizalar 2021-yil bahoridan boshlab qabul qilinadi.

Qanday hujjatlar topshirish kerak?

  1. Pasport nusxasi.
  2. Diplom/shahodatnoma va baholar.
  3. Oxirgi 3 oy ichida tushirilgan 3,5 x 4,5 fotosurat.
  4. Ingliz tili testi sertifikati.

Grantlar

Toshkentdagi Inha universitetida quyidagi grant dasturlari mavjud:

Admission scholarship

Qabul imtihonlarida eng yuqori ball to’plagan talabalarga SOCIE fakultetida o’qish uchun to’liq grant beriladi. Bunda talaba kontrakt to’lovini to’lashdan butunlay ozod etiladi. To’liq grant belgilangan talaba universiteti bilan maxsus shartnoma imzolaydi. 2020-yilda 10 nafar talabaga grant ajratilgan. Grant uchun imtihon alohida bo’ladi. Grantga hujjat topshirish uchun onlayn arizaning kerakli qismini to’ldirish kerak.

Academic Excellence Scholarship

O’qish davomida ham har semestrda eng yuqori baholarga o’qigan jami 15 nafar talabaga qo’shimcha grantlar beriladi. Bunda SOCIE fakultetidan eng yaxshi 10 nafar talabaga (4 ta 100%, 6 ta 50% grant), SOL fakultetidan esa 5 nafar talabaga (2 ta 100%, 3 ta 50% grant) grantlar belgilanadi. 100% grant yutib olgan talaba kontrakt to’lovidan butunlay ozod etiladi. 50% grant berilgan talaba esa kontraktning faqat yarmini to’lash imkoniga ega bo’ladi.

Grant beriladigan talabalar har semestr almashib turadi. Bu semestr grant yutgan talaba, agar eng yaxshi 15 nafar talabalar safidan joy ololmasa, keyingi semestr grantdan mahrum bo’ladi. Batafsil

Koreyada yozgi maktabda bepul o’qish imkoniyati

Har yili 10 nafar eng faol va iqtidorli talabalarga Janubiy Koreyadagi Inha universiteti yozgi maktabida bepul o’qish imkoniyati taqdim etiladi. Yozgi maktabga foydali amaliy loyihalar ishlar chiqqan talabalar saralab olinadilar.

Eng yaxshi loyihalarning yaratuvchilari yozgi maktabga koreys tili, sharqiy Osiyo siyosati va xalqaro aloqalari, koreys madaniyati, iqtisodiyot va biznes kabi kurslarda o’qish huquqini qo’lga kiritadilar. Yozgi maktabda ishtirok etish xarajatlarini universitet qoplab beradi.

Universitet, kurslar, qabul va boshqalar haqida savollaringiz bo’lsa, bu yerga bosing.

Ma’lumot uchun:

Manzil: Ziyolilar str 9, Mirzo Ulugbek district, Тошкент

Telefon: 8 71 289 99 99

Veb sayt: https://inha.uz/

Email: info@inha.uz

Muhim havolalar:

Kontrakt miqdori | Grantlar | Qabul jarayoni | Koreyada yozgi maktab | FAQ (ko’p so’raladigan savollar va javoblar)

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!