×

Turkiyada taʼlim olish uchun 5 sabab


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

4153 marta

CHOP ETILGAN

29.01.2023

Zamonaviy jamiyatda xorijiy mamlakatlarda oʻqish avvalgidan koʻra ancha osonroq. Koʻpgina davlatlar butun dunyo boʻylab xorijiy talabalarga oʻz universitetlarida oʻqishni taklif qilmoqdalar. Bu mamlakatlarning sanoqli qismigina talabalar uchun yuqori imkoniyatlar yaratib berganligi bilan qolgan davlatlardan ustunroq sanaladi. Ulardan biri Turkiya hisoblanadi.

E’tirof etish kerakki, Turkiya xalqaro talaba sifatida oʻqish uchun dunyodagi eng yaxshi davlatlardan biridir. Statistik ma’lumotlarda 2022-yilda Turkiyadagi xorijiy talabalarning umumiy soni 260 mingdan oshgani qayd etilgan. Bu esa soʻnggi 8 yil ichida mamlakatdagi xorijiy talabalarning nufuzi 5 barobar oshganidan dalolat beradi (2014-yilda Turkiyada qariyb 52 ming nafar xalqaro talaba tahsil olayotgan edi). Ha, bu raqamlar Buyuk Britaniya yoki Kanadada tahsil olayotgan chet ellik talabalarning miqdorichalik katta emas, lekin rasmiy tili ingliz tili boʻlmagan davlat oʻlaroq, Turkiya uchun bu raqamlar juda yaxshi koʻrsatgichdir.

Yuqoridagi raqamlardan va hayotimizdagi voqealardan ham Turkiyada ta’lim olishga boʻlgan qiziqish muntazam ortib borayotganini koʻrmoqdamiz. Buning sababi nimada? Bu mamlakatning qaysi jihatlari xalqaro talabalarni o’ziga jalb etmoqda?

Quyida sizlar uchun Turkiyada ta’lim olishning 5 ta asosiy afzalligi bayon qilingan:

1. Hamyonbop turmush tarzi. Albatta, har bir talaba o‘qishni boshlashidan avval shu shaharga joylashib, yashashi uchun uy yoki yotoqxona topishi kerak. Bilamizki, ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda talabaning 1 oylik xarajatlari o‘rtacha $1000 atrofida pul kerak bo‘ladi (kommunal to‘lovlar va oziq-ovqat xarajatlari bilan birgalikda hisoblanganda). Lekin Turkiyada boʻlsa, siz talaba sifatida 1 oy davomida bundan 2.5 barobar kamroq mablagʻ evaziga ham bemalol yashay olasiz ($400). Bugungi kundan kelib chiqib aytganda, uy-joy uchun oʻrtacha $200 atrofida sarflasangiz, qolgan barcha xarajatlaringiz uchun ortib qolgan $200 miqdoridagi pulingiz yetarli bo’ladi. Bundan tashqari, deyarli barcha kafelarda, kinoteatrlarda va jamoat transportida, hattoki texnika sotib olishda ham talabalar uchun turli xildagi chegirmalar mavjuddir.

2. Mehmondoʻst millat. Siz boshqa davlatda yashasangiz, xohlaysizmi yoki yoʻqmi, siz oʻsha mamlakat aholisi bilan muloqot qilasiz, ular bilan tanishasiz. Siz uchun yangi boʻlgan jamiyatga moslashishingizda ularning ta’siri ham katta boʻladi. Turk xalqi mehmondoʻst va doʻstona boʻlganligi sababli siz ilk kelgan paytlaringizdanoq oʻzingizni bu yurtda qulay his qila boshlaysiz va bu yangi mamlakatga koʻnikishingizga ancha yordam beradi. Odatda turklar oʻlkalariga kelgan har qanday talabani iliq kutib olishadi va ular bilan samimiy munosabatda bo‘lishadi.

Misol uchun, ular sizni birinchi bor tanishgandan so‘ngra choy ustida suhbat qilishga chaqirishlari bu oddiy holdir.

3. Ta’lim sifati. Ta’lim sifati ham koʻplab xalqaro talabalarni Turkiyaga jalb qilmoqda. Turkiya universitetlari sizga tibbiyot, muhandislik va arxitekturaning turli sohalarida ta’lim olishingiz uchun katta imkoniyatlar taqdim etadi. Turkiya Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar qatorida boʻlmasa-da, Turkiya universitetlarida olgan darajangiz deyarli barcha Yevropa davlatlarida tan olinadi. Undan tashqari, muhandislik sohasida ta’lim olayotgan talabalar uchun Turkiyaning dunyoga mashhur «Baykar Teknoloji» samolyot va dronlar ishlab chiqaruvchi zavod, «TOFAŞ» avtomobil zavodi va «Rönesans Holding» kabi qurilish korxonalarida tajriba orttirish imkoni bor. Har yili o’tkaziladigan TEKNOFEST – Aviatsiya, kosmik va texnologiya festivalida ham qatnashib, zamonaviy ixtirolar bilan tanishishingiz va bilimlaringizni oshirishingiz mumkin.

4. Sayohat. Chet elda oʻqiyotgan har bir talaba uchun sayohat qilish ham qiziqarli, ham koʻngilochar mashgʻulotlardan biri boʻlsa ajab emas. Bu borada Turkiya boshqa davlatlardan yaqqol ajralib turadi. Ta’til davomida talabalar Turkiyaning turli joylariga sayohat qilishlari, u yerda dam olishlari va yangi odamlar bilan tanishishlari mumkin. Ular Izmir, Antaliya, Fethiye, Mersin kabi dengizga yaqin shaharlarga, Bursa, Istanbul, Anqara kabi tarixiy shaharlarga, Kapadokiya, Eskishehir va Konya kabi betakror shaharlarga borishlari mumkin. Bundan tashqari, koʻplab boshqa shaharlar oʻzining noyobligi, antiqaligi bilan ham ajralib turadi.

Qulay va tartibli yoʻlga qoʻyilgan shaharlararo transport xizmati esa sizga yanada koʻproq qulaylik yaratadi. Siz manzilingizga poyezd, avtobus, mikroavtobus, hattoki kema orqali ham arzon narxlarga sayohat qilishingiz mumkin.

5. Grantlar. Hozirda koʻplab talabalar Turkiyaga “Turkiye Bursarı”, “Diyanet Bursarı” va “IsDB Scholarships” kabi nomdor tanlovlarida gʻolib boʻlish orqali kelishmoqda. Ushbu stipendiyalar hukumat tomonidan tashkil etiladi, ular talabalarning barcha xarajatlarini qoplaydi va oylik stipendiya bilan ham ta’minlaydi. Turkiye Bursarı” stipendiyasining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, 2023-yildan boshlab talabaning baholari oʻrtalamasi (ya’ni GPA) 3,5 dan yuqori bo‘lsa, stipendiya miqdori 2 barobar oshirilishi ma’lum qilindi. Bu yildan boshlab bu tanlov gʻoliblarining oylik stipendiyalari ham 70% ga oshdi.

Bundan tashqari, Turkiyada turli vaqf fondlari mavjud. Ular orqali talabalar qo‘shimcha oylik stipendiya olishlari mumkin. Bu sizga ko‘p mamlakatlarda mavjud bo‘lmagan ajoyib imkoniyatni beradi. Ya’ni, talaba darsdan bo‘sh zamonlarida ishlamasdan ham katta miqdorda pul ishlab topishi mumkin. Bu moliyaviy mustaqillik har bir talabaga bor e’tiborini sifatli ta’lim olishga yo‘naltirish uchun yanada erkinlik beradi.

Sakarya universiteti talabasi Abdulaziz Bohodirov tayyorladi

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!