×

Turkiyada xususiy universitet taʼlimi


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

1846 marta

CHOP ETILGAN

20.10.2021

Kundan kunga Turkiyada taʼlim olishni istaganlarning koʻpayib borayotgani sababli Turkiyadagi xususiy universitetlar ham ularga xuddi davlat universitetlaridagi kabi imkon va sharoitlar, kezi kelganda esa chegirmalar qilishni boshladi.

Juda koʻpchilik Turkiyada taʼlimning bepul ekanligini aytib, sizni ruhlantirishi mumkin. Ha, Turkiyada taʼlim bepul va bu faqat Turkiya fuqarolarigagina oid narsa. Biz va siz kabi xorijlik statusidagi talabalar esa har bir universitetning oʻziga xos shartnoma tizimiga koʻra muayyan miqdorda toʻlovni amalga oshiradi. Davlat universitetlarida mazkur toʻlovlar oʻqiyotgan boʻlimingizga qarab, yillik oʻrtacha 300 dollardan 1000 dollargacha boʻlishi mumkin. Oʻta obroʻli oliygohning tibbiyot fakulteti talabasi boʻlsangiz, bu narxning oshish ehtimoli katta. Faqat oʻquv yili davomida oʻzingizni koʻrsata olsangiz, universitet tomonidan turli grantlar (burs)ga loyiq deb topilishingiz mumkin. Bu haqida keyinroq gaplashamiz.

Bugungi mavzumiz esa xususiy universitetlar.

Mendan Turkiyadagi taʼlim boʻyicha maslahat soʻraganlarning koʻpchiligi Istanbul, Anqara, Izmir kabi katta shaharlardagi oliygohlarda oʻqish uchun imtihonga kirish kerakligini eshitgach, aksar hollarda fikrlaridan qaytishadi. Albatta, imtihonsiz davlat universitetlari ham bor, lekin ular kichikroq shaharlardagi oʻziga yarasha, oʻrtacha bilim dargohlari boʻladi. Xoʻsh, ham imtihonsiz, ham katta shahardagi universitetda oʻqish mumkinmi? Albatta! Faqat bu sizga biroz qimmatga tushishi mumkin.

Birgina Istanbulning oʻzida qirqqa yaqin xususiy universitet bor. Turkiyadagi hamma xususiy oliygohlar soni esa saksondan ortiq. Bu universitetlarda oʻqish narxi koʻpincha yillik 3 mingdan 25 ming dollargacha borishi mumkin. Misol uchun, Istanbuldagi kichikroq Halich (Haliç) universitetida bakalavriat uchun yillik kontrakt toʻlovi 3500 AQSHdollar boʻlsa, toʻliq amerika tizimida, oʻta sifatli taʼlim beruvchi Koʻch (Koç) universitetining toʻlovi 19 500 AQSH dollar (2021-yil oktabr oyi holatiga koʻra). Xoʻsh, bu oliygohlar chindan shu summaga arziydimi?

Yaxshi taraflari:

Xususiy universitetlar davlat universitetlarida endigina ochilgan va hali toʻliq rivojlanmagan baʼzi sohalarda yaxshi taʼlim berishi mumkin. Masalan, nanotexnologiya, sunʼiy intellekt va kompyuter dasturchiligida chet ellardan malakali pedagog olib kelish boʻyicha xususiy universitetlar yetakchi hisoblanadi. Bundan tashqari, ular siz bergan mablagʻni toʻliq oʻzlariga olmay, baʼzan sizga toʻlovingizdan ham ortiq darajada stipendiyalar berishi mumkin. Va, ushbu stipendiyalar sizning muayyan gʻoya yoki texnik loyihangiz, oʻtkazayotgan tajribangiz uchun beriladi. Siz ushbu universitetlarida nafaqat talaba, balki pulini toʻlagan xaridor sifatida istagan sharoitingizni talab qilishingiz mumkin. Agar universitetning imkoni siz istagan narsaga yetsa va buning foydali ekanligiga ishonsa, albatta qabul qiladi.

Bundan tashqari, xususiy universitetlari oʻz bitiruvchilarini ish bilan ham taʼminlaydi. Chunki ular avvaldan turli firmalar bilan kadr yetishtirib berish boʻyicha shartnoma imzolashgan. Agar universitet boshqa bir shirkatning qoshida tashkil topganligini hisobga olsak, siz oʻsha shirkatga kirib ishlashingiz ham mumkin. Masalan, Istanbuldagi Sabanji (Sabancı) universiteti Sabanji korxonasiga tegishli va siz bu universitetning kompyuter muhandisligi boʻlimini bitirib, Sabanjiga tegishli kompyuter firmasida ishlashingiz mumkin. Bu Turkiyadan Yevropaga oʻtishdagi karyerangizga ham taʼsir qiladi.

Yomon taraflari:

Albatta, universitetlar sizga stipendiya va chegirmalar qilib berishi mumkin, biroq siz bularni oqlamasangizchi? Deylik, siz besh ming dollarlik kontraktni uch ming dollar qilib chegirmali holda toʻlagan talaba sifatida oʻqishdan oʻz loyihangiz uchun sakkiz ming dollar stipendiya oldingiz va loyiha oʻzini oqlamadi. Nima qilasiz? Tabiiyki, kontraktdan chegirib qolingan ikki ming va loyihaga berilgan sakkiz ming, jami oʻn ming dollar pulni universitetga qaytarishingiz kerak boʻladi. Agar qaytarolmasangiz, oʻqish bitgach, universitet qoshidagi firmalarda ishlab, oyligingiz bilan ham qarzingizni uzishingiz mumkin. Ham, Turkiyada yaxshi bir xususiy universitetni topish qiyin. Chunki, ular asosan 2010-yillardan keyin koʻpaydi. Unga qadar Turkiyada besh-oltitagina ildizi baquvvat, oʻz anʼanalari, tarixi va qoidalariga ega universitet bor edi, xolos. Bular: Bilkent İhsan Doğramacı, Sabancı, Koç, Kadir Has, Bilgi, İstanbul Aydın, Bahçeşehir, Fenerbahçe va boshqalar.

Yomgʻirdan keyingi qoʻziqorindek koʻpayib ketgan boshqa kichik, Istanbulning har bir tumanida ochilgan universitetlarni esa unchalik tavsiya qilmayman. Garchi ular baʼzi sohalarda chindan muvaffaqqiyatli boʻlsa-da, oralarida koʻpchiligining hatto Turkiyada ham obroʻsi uncha yaxshi boʻlmaydi. Keyinchalik Oʻzbekistonga qaytganingizda ham diplom nostrifikatsiya ishlari bilan band boʻlib qolishingiz mumkin. Biroq, oʻsha kichik va yangi universitetlarning bakalavr diplomi bilan Avstraliya, Buyuk Britaniya, Vengriya kabi davlatlarda magistratura, doktorantura oʻqiyotgan kishilar ham koʻp. Bu bilan aytmoqchimanki, xususiy universitetda oʻqish ham tanlovdagi ziyrakligingizga, ham oʻqish davomida yaxshi natijalar koʻrsatishga boʻlgan ishonchingizga bogʻliq.

Xulosa oʻrnida shuni aytishim mumkinki, agar siz ham odatiy, oʻrtahol oʻzbek oilasidan chiqqan va Turkiyada oʻqishni istasangiz, buning uchun savollari unchalik qiyin boʻlmagan YÖS imtihoniga tayyorlanishingiz mumkin. Shunda ham deyarli bepul oʻqiysiz, ham katta shaharlarda joylashgan, xalqaro taʼlim doiralarida yaxshigina hurmat-eʼtiborga ega jiddiy universitetlarda taʼlim olish imkonini qoʻlga kiritasiz.

Mirzohid Muzaffar,
Anqara universiteti talabasi,
Grantlar.uz uchun maxsus.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!