×

Xorijiy universitetlar hayoti haqidagi uydirmalar


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

6323 marta

CHOP ETILGAN

31.03.2019

Universitet hayoti haqidagi ayrim narsalar baʼzan biz tasavvur qilganimizdagidan koʻra boshqacha boʻlib chiqadi. Bu miflarning ba’zilari notoʻgʻri ekanligi ushbu maqolada oʻz aksini topgan.

  1. “Birinchi koʻrgandayoq doʻstlashgan oʻrtoq – bir umrga!”

Xuddi Gollivud kinolarida koʻrsatilgandek, eshik taqillab, xonangizga boʻlajak turmush oʻrtogʻingiz, yaqin doʻstingiz, sevgilingizning dugonasi…va hokazo odamlar kirib kelishini kutmang. Hayotda hamma narsa ham filmdagidek boʻlmaydi.

Agar oʻqishning birinchi kunidayoq doʻst topa olsangiz – omadingiz. Lekin, sizga sal uzoqroqqa nazar tashlashni va voqealarni tezlashtirmaslikni maslahat berardik. Hali klublar, tadbirlar, kecha va diskotekalar bor. Doʻst orttirishga ulgurasiz. Oldinda 3 yoki 4 yillik oʻqish turibdi. Chin doʻst topish uchun kam muddat emas, bizningcha.

  1. “Birinchisi hisobmas!”

Bu mif oʻzidan-oʻzi kelib chiqmagan. Toʻgʻri, chet el universitetlarida birinchi yilga baho qoʻyilmaydi.

40 foiz oʻzlashtirish koʻrsatkichi koʻp emas. Lekin oʻrningizdan turib, tanlagan fanlar boʻyicha adabiyotlarni oʻqimasangiz va berilgan vazifalarni bajarmasangiz shu 40 foizniyam toʻplay olmaysiz. Vaholanki, birinchi kurs keyingi asosiy kurslar uchun tayanch vazifasini oʻtaydi. Qanday qilib esse yozish, topshiriqni bajarish va tizimga joylash kabi standart bilimlar aynan shu kursda oʻrganiladi.

Poydevori mustahkam boʻlmagan bino, albatta, yiqilishini esdan chiqarmang…

  1. “Ovqat qilishni bilmagan och qoladi”…

Agar tuxum qovurishdan boshqasini bilmasangiz, yana variant sifatida “Rollton” lagʻmonini yeyish mumkin J.

Albatta, talabalik davrida boyvachchalardek yashash, bizningcha, qiyin. Shuning uchun, pissa buyurtirish yoki restoran-kafelarda ovqatlanish qanchaga tushishini hisoblab koʻring. Siz chet elga oʻqishga borgansiz, asosiy maqsaddan chetlashmang. Ovqat boʻlsa…internet ovqat retseptlariga toʻla. Oʻzingiz pishirgan boʻlsangiz, birinchi martasiga qovurilgan kartoshka ham shirin tuyuladi. Agar rosa boʻlmasa, maslahat uchun oyingizga qoʻngʻiroq qilish mumkin.

  1. “Uying tor boʻlsa ham koʻngling keng boʻlsin”…

Universitet talabalar turar joyi yoki ijaraga olingan xona siz oʻrganib qolgan hashamatli uylardan farq qilishi mumkin. Baribir, inson yaxshi narsalarga tez koʻnikadi-yu, noqulayliklarga oʻrganishi qiyin kechadi. Ammo bemalol aytish mumkinki, bir oʻzingiz “lyuks” da yashagandan koʻra, doʻstlaringiz bilan kichik yotoqxona xonasida istiqomat qilganingiz yaxshi. Toʻgʻri, bu vaziyatda qulayliklar bilan “xayrlashish”ga toʻgʻri keladi, ammo eng yaqin, balki, bir umrlik doʻstlarni shu “katalak” turar joylarda topsangiz ajabmas.

  1. “Talabalik – har kecha diskoteka avjida”…

Ana bu aniq mif. Talaba hayotining juda koʻp tungi qismi imtihon, yozilgan esse va mustaqil ishlarni tekshirish, qayta koʻrib chiqish bilan oʻtadi. Ha, agar vaqt boʻlsa, kompyuter yoki telefonda oʻyin oʻynash mumkin. Ozgina fursat ortib qolganda esa, sevimli filmlarni tomosha qilsa boʻladi. Toʻgʻri, chet el universiteti talabalari spirtli ichimliklarni isteʼmol qilishni yoqtirisharkan, lekin hammasi emas. Kembrij universiteti tadqiqotlari natijasiga koʻra, 30 foiz talaba umuman “ichmaydi”. Rostdan ham, doʻstlar davrasida foydali suhbat yoki kitob mutolaasi bilan vaqt oʻtkazishga nima yetsin.

  1. “Universitet “krutoy”lar uchun”…

Hech ham unday emas. Universitetda oʻqiyotgan talabaning kimligi, qayerdan kelganligi bilan hech kimning ishi yoʻq. Frenk Tyornerning qoʻshigʻida aytilganidek: “Kimliging muhim emas, qayerga ketayotganing muhim”.

Universitet turli joylardan kelgan va har xil millat, elatlar farzandlari oʻqiydigan joy. Bu yerda madaniyatlar almashuvi yuz beradi, odamlar doʻstlar orttiradi, foydali tajribalarga ega boʻladi.

Faqat bitta masalada talaba sal tushunmovchilikka uchrashi mumkin holos: “dinner” deganda siz tushlikni nazarda tutdingizmi yoki kechki ovqatnimi?

  1. “Universitet jiddiy odamlar joyi: demak faqat oʻqish kerak!”

Unchalik emas-ov. Hamma faqat oʻqisa va ishlasa, multfilmda mushuk aytganidek “umrning eng gullagan payti shoxda oʻtirib” oʻtib ketadi-ku! Demak, vaqtni toʻgʻri taqsimlash kerak: shunda oʻqishga ham, oʻyin-kulgi va yoqimli mashgʻulot bilan shugʻullanishga ham vaqt yetadi.

Koʻpchilik talabalar uchun oʻqish payti birinchi mustaqil hayot boshlagan davr hisoblanadi. Aynan shu davrda aksariyat “tajriba”lar yuz beradi. Xayol boshqa tarafga ketmasin, biz rasvo ovoz bilan “karaoke”da qoʻshiq aytish, tirda miltiqdan otish (va bitta oʻqini ham nishonga tekkiza olmaslik) birinchi marta ovqat pishirib koʻrish (odatda, yo pishmay qoladi yo kuyib ketadi)ga oʻxshagan “eksperiment”larni nazarda tutyapmiz.

Eng muhimi – nima boʻlsa ham yaxshilikka. Har bir yaxshi va uncha yaxshi emas voqealar, hattoki, “qovun tushirgan” vaziyatlar ham qandaydir tajriba hosil qiladi. Xulosa chiqarishga undaydi. Va “oltin davr”ingizni yodda qolishiga xizmat qiladi.

Talabalik davringiz unutilmas boʻlsin, azizlar!

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!