×

Universitet talabalari va oʻqituvchilariga ijaraga olish uchun turar joy topishda yordam koʻrsatish xizmati: Yevropa amaliyoti va Oʻzbekistondagi masalalar


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

5521 marta

CHOP ETILGAN

05.08.2020

Muallif: Maqsud Salomov

Yevropaning bir qancha davlatlarida universitet talabalari (bakalavr, magistr, doktorant) va oʻqituvchilariga ijaraga olish uchun turar joy topishda yordam koʻrsatish xizmati mavjud. Xizmatdan ham mahalliy, ham xorijiy talaba va oʻqituvchilar foydalanishi mumkin.

Aniqroq tasavvurga ega boʻlishingiz uchun shunday xizmatlardan birini misol sifatida olamiz: Resa Housing.

Resa Housing xizmati Ispaniyaning Barselona va Jirona shaharlaridagi universitet talabalari va oʻqituvchilariga turar joy topishda yordam beradi.

Xizmat qanday ishlaydi?

Xizmat uy egalari bilan hamkorlikda ishlaydi. Ularning ijara eʼlonlarini saytiga joylab, ijarachi topib beradi.

Bu xizmat Oʻzbekistondagi Olx.uz, Uybor.uz kabi saytlarga oʻxshash emas. Chunki ushbu xizmatdan foydalanish uchun biror universitetda talaba yoki oʻqituvchi boʻlishingiz kerak. Talaba yoki oʻqituvchi boʻlmaganlar xizmatdan foydalana olmaydi (Olx.uz, Uybor.uz kabi saytlar ham koʻp, ularda odatda makler, koʻchmas mulk agentliklari eʼlonlari, ayrim hollarda uy egalarining eʼlonlari boʻlib, ular faqat talaba va oʻqituvchilarga yoʻnaltirilmagan, umumiy saytlar).

Bunda, dastlab, xizmat saytidan roʻyxatdan oʻtishingiz kerak. Roʻyxatdan oʻtish jarayonida shaxsingizga oid maʼlumotlar bilan birga universitetingiz, fakultetingiz va universitetdan biror masʼul shaxs kontaktlarini kiritasiz. Xizmat sizning chindan talaba yoki oʻqituvchi ekaningizni shu shaxsdan aniqlab oladi.

Roʻyxatdan oʻtgach, saytdagi kvartiralarni koʻrib chiqib, maʼqulini tanlab, ijaraga olish haqida soʻrov yuborasiz.

Soʻng xizmat vakili soʻrovingizga javob yozib, kvartirani ijaraga olish uchun nimalar qilish kerakligini aytadi.

Odatda bunday xizmatlardan kvartira olishingizda 1 yoki 2 oylik ijara puliga teng miqdordagi summani depozit sifatida topshirasiz (koʻchmas mulk agentliklari, maklerlar va uy egasidan kvartira olsangiz ham depozit summasi topshiriladi). Ijara muddati tugagach, bu summa oʻzingizga qaytariladi (30 kun muddat ichida).

Lekin kvartiradan chiqishingizda nimanidir buzgan, sindirgan yoki nimagadir shikast yetkazgan boʻlsangiz, ularning haqi depozit pulidan ushlab qolinadi. Qolgani qaytariladi.

Kvartirani saytdan band qilgach, 48 soat ichida depozit summasi, kvartiraning 1-oyi uchun ijara haqi va xizmat toʻlovini oʻtkazishingiz (toʻlashingiz) kerak boʻladi. Agar 48 soat ichida toʻlovlarni amalga oshirmasangiz, tanlagan kvartirangiz saytda boshqalar ijaraga olishi uchun yana ochib qoʻyiladi.

Toʻlovlarni amalga oshirishingizdan oldin yoki oshirganingizdan keyin xizmat ofisiga borasiz. Xizmat vakili sizni uy egasi bilan tanishtiradi, ijara shartnomasi shartlarini ikkalangizga ham tushuntiradi. Soʻng shartnomani imzolab, uy egasi bilan kvartiraga borasiz. Uy koʻrsatiladi, kalitlar topshiriladi, ish – hal.

Afzalliklar

Bunday xizmatlar talaba va oʻqituvchilar uchun juda qulay va hamyonbop. Jumladan, xizmatning afzalliklari quyidagilardan iborat.

1. Xizmat haqi makler (koʻchmas mulk agentliklari)ning xizmat haqidan kamida 3-4 barobar arzon. Masalan, Jironada 2 xonali kvartiraning ijarasi oyiga oʻrtacha 600-700 yevro (kommunal toʻlovlari bilan).

Mazkur xizmat oʻz mehnati uchun kvartirada turuvchi har bir kishidan 85 yevrodan oladi. Agentlik va maklerlarning xizmat haqi esa odatda olayotgan kvartirangizning 1 oylik haqiga teng. Shuningdek, qoʻshimchasiga ijara haqining 22% foizi miqdorida QQS ham toʻlashingiz kerak boʻladi.

Demak, ikki kishi 700 yevrolik kvartirani ushbu xizmatdan foydalanib, ijaraga olsa, xizmat uchun 170 yevro, makler/agentliklar yordamida olsa, 844 yevro haq toʻlaydi.

2. Ishonchli va qulay. Uy egalari ham oʻz kvartirasi ijarasi haqida eʼlon beruvchi saytlar bor. Lekin bunday eʼlonlar orqali ijaraga olish 2 noqulay jihatga ega: a) eʼlonni qoʻygan shaxs firibgar boʻlishi, unga soʻrov yuborsangiz, tezroq depozitni toʻlashingiz, boʻlmasa kvartirani boshqaga berib yuborishini aytishi, depozitni olgach, gʻoyib boʻlishi mumkin; b) uy egasi ingliz tilini bilmasligi mumkin. Til bilmagach, siz bilan gaplashmaydi va ijara masalasi hal boʻlmaydi.

3. Doimiy yordam. Ijara davri mobaynida ijara va kvartiraga oid har qanday muammo yoki masalani mazkur xizmatga orqali hal qilishingiz mumkin.

Talaba va oʻqituvchilarga ijaraga olish uchun kvartira topishga yordam koʻrsatish xizmatini Oʻzbekistonda joriy qilish masalalari

Yuqoridagi kabi xizmatni Oʻzbekistonda joriy qilish mumkinmi? Bunday xizmat Oʻzbekistonda ham oʻzini oqlaydimi? Mazkur postda shu savollarni koʻrib chiqamiz.

Albatta, mumkin. Bunday xizmatni universitetlar hamkorlikda yoki Yoshlar ishlari agentligi, Oliy taʼlim vazirligi yoxud birorta xususiy tadbirkor tashkil etishi mumkin.

Lekin bir qancha masalalar ushbu xizmatning samarali ishlashiga xalal berishi mumkin. Jumladan:

1. Koʻpchilik kvartirasini talabaga ijaraga berishni xohlamaydi (Toshkentda yashaganimda bu yaqqol sezilgan). Buning sabablari bor:

  1. Talabalar (ayniqsa, oʻgʻil bolalar) koʻpincha kvartirani ozoda va tartibli saqlamaydi.
  2. 3 kishi turamiz deydi-yu, 4-5 kishi yoki undan ham koʻp boʻlib turishadi.
  3. Talabalarning ayrim paytlari shovqin qilishi, kechki payt faol boʻlishi qoʻshnilarga yoqmasligi, ular uy egasiga shikoyat qilishi mumkin.
  4. Talabalarning tanish-bilish, oshna-ogʻaynilar koʻp boʻladi; kvartira sal kam mehmonxonaga aylanib qolishi mumkin.

Shunday boʻlsa-da, talabalar bari bir kvartiralarni ijaraga olib yashayapti-ku. Demak, ularga kvartirasini beradiganlar topiladi va bu muammoni hal qilishning imkoni bor deb hisoblasak boʻladi.

2. Xizmatning depoziti Oʻzbekiston sharoitida talabaga ogʻirlik qilishi mumkin. 1-oyda ham 1 oylik ijara haqi, ham 2 oylik ijara haqiga teng depozit, ham xizmat haqini toʻlashga talabalarning qurbi yetmasligi mumkin. Shu sababli xizmatni depozitsiz yoki kam miqdorda depozit bilan tashkillashtirsa, maqsadga muvofiq boʻladi.

3. Bunday xizmatni tashkil etgach, uy egalari bilan aloqa oʻrnatish va kelishuvga erishish masalasi ham bor. Uy egalariga shunday xizmat tashkil etilgani haqidagi xabarni yetkazish kerak boʻladi. Bunda ijtimoiy tarmoqlar, turli veb-saytlar, televizor va radiodan foydalanish mumkin.

Bosh ogʻritib, bunaqa xizmatni tashkil qilishdan nima naf?

Birinchidan, bu talaba va oʻqituvchilar uchun koʻpgina qulayliklar yaratadi: har yerdan kvartira izlab sarson boʻlmaydi, uy bozoriga chiqmaydi (ayniqsa, qizlar), xizmat haqi arzonroq boʻladi. Albatta, mavjud talabalar va oʻqituvchilarning hammasiga bu xizmat orqali kvartira topib berish amaliy jihatdan imkonsiz, lekin maʼlum qismiga xizmatning chindan yordami tegadi.

Ikkinchidan, shunday xizmatda ishlash uchun talabalarning oʻzini ishga olish orqali ayrim talabalarni ish bilan taʼminlash mumkin (kam sonli boʻlsa-da).

Uchinchidan, oʻgʻli yoki qizini boshqa shaharga oʻqishga yuborayotgan ota-onalar xotirjamroq boʻladi: qanday qilib uy toparkan(miz), firibgarga uchrab qolmasmikan va h.k. deb xavotirlanmaydi. Tasdiqlangan xizmatdan foydalanish har doim odamni xotirjam qiladi.

Toʻrtinchidan, qiz talabalar ham oʻzini ancha xotirjam his qiladi. Masalan, erkak makler yoki uy egasi bilan uyni koʻrishga borishda qiz talaba(lar) uchun har ham oʻzini xavfsiz, qulay his qilmaydi. Uyda ulardan boshqa hech kim boʻlmagach, ayrim qizlarning xavotirlanishi tabiiy hol.

Bunga misol sifatida bir tanish qiz bola talabaning tajribasini boʻlishmoqchiman. U ham Toshkentda oʻqigan. Oʻqish davomida bir necha bor kvartirasini alishtirishga toʻgʻri kelgan. U kvartira izlash va topish har safar oʻzi uchun stressli va xavotirli jarayon boʻlganini aytadi.

Kvartirani koʻrishga borishda biror tanishiga telefon qilib “Men mana shu manzilga kvartira koʻrgani boryapman”, deb aytib qoʻygan (har ehtimolga qarshi). Va kvartirani koʻrish davomida telefonining diktafonini yoqib qoʻygan.

Umumlashtirib aytadigan boʻlsak, Oʻzbekistonda ham talaba va oʻqituvchilarga uy-joy topishda yordam koʻrsatish xizmatini tashkil qilish mumkin. Hech boʻlmasa, aynan tahsil olayotgan xotin-qizlar uchun (oʻgʻil bolalar amallab yoʻlini topib ketaveradi) shunday xizmat tashkil qilinsa, ularga ancha yordam boʻladi.

Mazkur masala yuzasidan Sizning fikringiz qanday? Oʻz fikringizni BU YERDA yozib qoldirishingiz mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!