×

University of West London (Britaniya) oliygohining BAAdagi filiali Grantlar.uz bilan hamkorlikda oʻzbekistonlik talabalarga 25% gacha grant ajratmoqda!


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

6667 marta

CHOP ETILGAN

10.06.2019

University of West London (UWL) oliygohi Buyuk Britaniyada joylashgan nufuzli oliygohlardan biri hisoblanadi. Bu universitet biznes yo’nalishiga ixtisoslashgan bo’lib, Londondagi eng yaxshi biznes maktablardan biridir. Universitetda bakalavr va magistratura kurslari o’qitiladi. Sifatli ta’lim va iqtidorli talabalari uchun University of West London 2018-yilda “Yil universiteti” deb topish uchun nomzodlar qatoriga qoʻshilgan (Times Higher Education Awards 2018), hozirda esa eng zamonaviy oliy ta’lim muassasalari reytingida London bo’yicha 1, Buyuk Britaniya bo’yicha 8-o’rinda turadi. Umumiy reytingda esa UWL Buyuk Britaniyada 50-oʻrindan joy olgan (The Guardian University Guide 2019). Shuningdek University of West London oliygohi hozirgacha oʻz bitiruvchilarining 98% foizi bitirganidan keyin 6 oy ichida nufuzli kompaniyalarga ishga qabul qilinganigi fakti bilan ham faxrlana oladi.

2017-yilda Birlashgan Arab Amirliklarining Ras-al-Xayma (Ras Al Khaimah – RAK) amirligida UWL oliygohining filiali ochilgan. Ishga tushirilganidan boshlab universitet butun dunyodan minglab talabalarni o’ziga jalb etib kelmoqda. University of West London RAK oliygohi talabalarni Buyuk Britaniya diplomi, Londondan kelib dars o’tadigan mutaxassislar qo’lida tahsil olish va sifatli ta’lim olish imkoniyati bilan birga o’z joylashuvi bilan ham o’ziga tortad. Grantlar.uz hamda University of West London hamkorligi natijasida endi o’zbekistonlik talabalar University of West London oliygohining RAKdagi filialida tahsil olish uchun maxsus imkoniyatlarga ega bo’lishlari mumkin (maxsus grantlar imkoniyati quyiroqda keltirilgan). Quyida RAKdagi University of West London haqida batafsil ma’lumot beramiz.

BAKALAVRIAT KURSLAR

UWL RAK Dubay aeroportidan 45 daqiqalik (avtomobilda) uzoqlikda joylashgan. Shuni ham taʼkidash joizki, BAA xavfsizlik darajasi boʻyicha dunyoda 2-oʻrinda turadi. UWL RAKda biznes va moliya yo’nalishida bakalavr hamda magistratura kurslari o’qitiladi. Mashg’ulotlar Londondagi asosiy muassasa tomonidan biriktirilgan malakali mutaxassislar tomonidan olib boriladi.

Universitetda quyidagi bakalavriat kurslari mavjud:

  1. BA (Hons) Accounting and Finance (Moliya va Buxgateriya)
  2. BA (Hons) Business Studies (Biznes)
  3. BS (Hons) Computer Science (Kompyuter fanlari)

Buyuk Britaniyadagi University of West London oliygohida kontrakt to’lovlari ancha yuqori bo’lib, yiliga 20000-30000 AQSh dollarini tashkil qiladi. Dubaydagi filialda esa o’qish ancha hamyonbop – bakalavr kurslari uchun kontrakt to’lovi yiliga 8100 AQSh dollarini tashkil etadi (qoʻshimcha qiymat soligʻi hisobga olinmagan). Bakalavr kurslari 3 yil oʻqitiladi. Bitiruvchilar Byuk Britaniyaning University of West London diplomini qoʻlga kiritishadi. Talaba 2-kursdan keyin oʻz oʻqishini Buyuk Britaniyadagi asosiy universitetga koʻchirishi va oxirgi kursni oʻsha yerda oʻqishi mumkin. Biroq bu holda 3-kurs uchun kontrakt toʻlovi biroz oshadi – bir yil uchun 12500 funt-sterling.

GRANTLAR VA OʻQISHNING MANFAATL JIHATLARI

University of West London hamda Grantlar.uz hamkorligi asosida, UWL RAK bakalavr kurslariga 25% gacha kafolatlangan grantlar kontrakt to’loviga chegirma sifatida taqdim etiladi. Grantlar Grantlar.uz orqali hujjat topshirgan o’zbekistonlik talabalarga beriladi. Quyida grantlar miqdori bilan tanishing:

  • Kollej/litseydagi baholar oʻrtachasi 60-69% ni tashkil etsa, nomzod kontrakt toʻloviga nisbatan yillik 10% chegirmani qoʻlga kiritishi mumkin.
  • Kollej/litseydagi baholar oʻrtachasi 70-79% ni tashkil etsa, nomzod kontrakt toʻloviga nisbatan yillik 15% chegirmani qoʻlga kiritishi mumkin.
  • Kollej/litseydagi baholar oʻrtachasi 80-89% ni tashkil etsa, nomzod kontrakt toʻloviga nisbatan yillik 20% chegirmani qoʻlga kiritishi mumkin.
  • Kollej/litseydagi baholar oʻrtachasi 90% va undan yuqori natijani tashkil etsa, nomzod kontrakt toʻloviga nisbatan yillik 25% chegirmani qoʻlga kiritishi mumkin.

Shuningdek, yuqoridagi chegirmalardan tashqari. Grantlar.uz jamoasi UWL RAKga qabul qilingan dastlabki 3 nafar talabaga 1-yil uchun kontraktning 30%i miqdorida, 4- va undan keyingi qabul qilingan talabalarga esa 1-yil uchun kontraktning 20%i miqdorida grant taqdim qiladi.

Moddiy yengillikdan tashqari, Moliya va Buxgalteriya bakalavriat kurslari talabalari kursni muvaffaqiyatli yakunlasa, ACCA imtihonining birinchi 9 ta imtihonidan ozod qilinadi.

Kontrakt summalari va boshqa toʻlovlar

Universitetda barcha bakalavriat kurslari uchun kontrakt toʻlovi 8100 AQSh dollarini tashkil etadi (grant olgan talabaganing kontrkat toʻlovi mos ravishda kamayadi). Shuningdek, bakalavriat kursida oʻqiyotgan talabalar quyidagicha roʻyxatdan oʻtish haqi (Registration Fee) toʻlashi kerak boʻladi (qoʻshimcha qiymat soligʻi hisobga olinmagan):

  • 1-kursda 400 AQSh dollari;
  • 2-kursda 270 AQSh dollari;
  • 3-kursda 270 AQSh dollari.

Yillik kontrakt summasini har yili ikkiga boʻlib toʻlash imkoniyati mavjud.

QABUL JARAYONI

Bakalavr kurslariga qabul uchun umumiy talablar quyidagicha:

  1. Nomzod yuqori kollej yoki litseyni tamomlagan bo’lishi kerak. O’zbekistonlik talabalar akademik litsey yoki kasb-hunar kolleji diplomi bilan hujjat topshirishlari mumkin, maktab shahodatnomasi qabul qilinmaydi.
  2. Nomzodning baholari yaxshi yoki a’lo bo’lishi kerak.
  3. Nomzod kamida IELTS 6.0 darajasiga ega bo’lishi shart, bunda birorta band 5.5 dan past bo’lmasligi kerak. IELTS sertifikati boʻlmagan nomzodlar, agar baholari yaxshi boʻlsa, Skype orqali suhbat qilib, ingliz tilini bilish darajasi talabga mos ekanini isbotlashi va qabul qilinishi mumkin.

Shuningdek, oʻqishga qabul qilinganlar universitetda tashkil etiladigan bepul ingliz tili kurslariga qatnashi va ingliz tili darajasini yaxshilashi mumkin.

Barcha kurslar uchun kerakli hujjatlar:

  1. To’ldirilgan ariza shakli.
  2. Diplom va baholar. Hozirda litsey/kollaejning oxirgi kursida oʻqiyotganlar hozirgacha boʻlgan baholari va 2020-yilda oʻqishni tugatishi haqida maʼlumotnoma (litsey/kollejdan) taqdim etishi mumkin.
  3. Passport nusxasi
  4. Passport rasmi hajmidagi oq fonda tushirilgan rangli fotosurat.

Hozirda 2020-yil, sentabrda boshlanadigan bakalavriat kurslari uchun hujjatlar qabul qilinmoqda. UWL RAKdagi barcha kurslarga kuzgi semestr uchun qabul 2020-yil 31-iyulgacha davom etadi.

Qabul jarayoni quyidagicha amalga oshiriladi:

  1. Toʻldirilgan ariza formasi bilan birga kerakli hujjatlarni topshiriladi.
  2. Talablarga mos nomzodlarga shartli qabul xati (Conditional offer letter) yuboriladi.
  3. Roʻyxatda oʻtish haqi (Registration Fee) toʻlanadi, taklifni qabul qilish shakli toʻldirib, universitetga yuboriladi.
  4. Oʻqishga qabul qilinganlikni tasdiqlash hujjati chiqariladi.
  5. Belgilangan kontraktning 50%i, yotoqxona haqi (agar nomzod universitet yotoqxonasida turmoqchi boʻlsa) va viza toʻlovi toʻlanadi.
  6. Talabaga viza chiqariladi va talaba aviachipta xarid qiladi.
  7. Yotoqxonadan xona ajratiladi.
  8. BAAga boriladi va oʻqish boshlanadi.

YOTOQXONAGA JOYLASHISH

Yotoqxona (EDRAK Residential Halls) universitetning asosiy o’quv binosidan 10 daqiqalik masofada joylashgan. Yotoqxona qizlar uchun alohida va yigitlar uchun alohida binolarga ajratilgan.

Yotoqxona xonalari quyidagilar bilan jihozlangan:

  • Yotoq va matraslar;
  • Yotoq yonidagi kichik shkaf (tumbochka);
  • Dars qilish uchun stol va kursi;
  • Kiyim-kechak uchun shkaf;
  • Katta kursilar;
  • Mikrotoʻlqinli pech;
  • Muzlatkich;
  • Internet-trafik nuqtalari;
  • Kitob javoni.

Shuningdek, yotoqxona 24 soatlik qoʻriqchi xizmati, ichki minimarket, avtoturargoh, umumiy darsxonalar, tozalash va yuvish xizmatlariga ham ega.

Yotoqxonaga arizalar vizaga ariza berish vaqtida berilishi mumkin. Universitet yotoqxonasida yashash narxlari:

  1. Boshqa talaba bilan birgalikda turiladigan xona – bitta talaba uchun oyiga 272 AQSh dollari.
  2. Bir kishilik xona – oyiga 470 AQSh dollari.

VIZA MASALALARI

Birlashgan Arab Amirliklariga viza olish uchun kerakli hujjatlar:

  1. 2 ta passport nusxasi. Bu paytda passportning amal qilish muddati tugashiga kamida 6 oy qolgan bo’lishi kerak.
  2. Passport rasmi o’lchamidagi oq fonda tushirilgan 2 ta rangli fotosurat.
  3. Attested qualification certificate –  kollej/litsey diplomining BAA Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan nusxasi (Toshkentdagi BAA elchixonasi orqali qilinadi).

Yillik viza to’lovlari:

Talabalar BAAda oʻqish davomida har yili vizani yangilashi (qaytadan olishi) kerak boʻladi. Viza olish/yangilash uchun toʻlov 625 AQSh dollarini tashkil etadi. Shuningdek, birinchi marta viza olishda talaba 400 AQSh dollari miqdoridagi summani depozit sifatida taqdim qilishi kerak. Bu summa keyinchalik talabaning oʻziga qaytariladi.

Viza olish jarayonida bevosita UWL RAK yordam koʻrsatadi. Viza masalasi odat 12-20 ish kunida hal boʻladi.

Batafsil maʼlumot olmoqchi va University of West London oliygohining RAKdagi filialida tahsil olmoqchi boʻlganlar telegram orqali @hamidziyo akkauntiga yoki email orqali info@grantlar.uz elektron manziliga murojaat qilishlari mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!