Granlar.uz jamoasi bu safar bakalavr bosqichida toʻliq grant asosida oʻqish imkoniyatini beruvchi US-CAEF dasturini qoʻlga kiritgan hamurtimiz bilan suhbat qildi. Suhbatni eʼtiboringizga havola etamiz.
1. Assalomu alaykum, Oybek. Avvalo, oʻzingiz haqingizda qisqacha soʻzlab bersangiz.
Assalomu alaykum. Men Turaev Oybek Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanidanman va shu yerdagi 20-sonli oʻrta taʼlim maktabni tugatganman. Keyinchalik Shahrisabz Akademik Litseyda iqtisodiyot yoʻnalishida oʻqidim. Hozirda US-CAEF dasturi orqali American University of Central Asia (AUCA) oliygohida Software Engineering (Dasturiy taʼminot muhandisligi) sohasida tahsil olyapman.
Oʻqishga qiziqishim juda yuqori. Hozirgacha SAT, SAT Subject va IELTS imtihonlarini topshirganman.
Dastlab xorijda oʻqish uchun kuchli moliyaviy taʼminotga ega boʻlish kerak, deb oʻylardim. Keyinchalik turli granitlar asosida bepul oʻqish mumkinligi, yashash xarajatlari ham qoplanishi mumkinligi haqida xabar topdim. Litseydagi oʻqishim davomida turli tadbirlar, volontyorlik dasturlarida faol qatnashish, yaxshi oʻqish orqali shunday granitlarni yutib olishim mumkinligini bilganimdan keyin harakatimni boshlaganman.
Bakalavriat bosqichini xorijiy universitetda oʻqish uchun AQSH, Angliya, Yaponiya va boshqa davlatlardagi koʻplab oliygohlarga hujjat topshirgandim. Ulardan 35 tasiga oʻqishga qabul qilindim. Jumladan, qabul qilgan universitetlarning aksariyatidan turli granitlarni ham qoʻlga kiritganman – bilan Full-tuition (toʻliq kontrakt toʻlovi)dan Full-Ride Scholarship (barcha xarajatlar qoplanadi universitet toʻlovi, yashash)gacha. Shulardan US-CAEF dasturi orqali tahsil olishni tanladim.
2. Siz qoʻlga kiritgan US-CAEF dasturi qanday dastur va u ishtirokchilarni qanday imkoniyatlar bilan taʼminlaydi?
US-CAEF dasturi – bu Markaziy Osiyodagi iqtidorli talabalarni Amerika tizimidagi universitetda toʻliq grant dasturi orqali oʻqish imkoniyatini beradi. Ushbu grantni qoʻlga kiritganlar Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahrida joylashgan American University of Central Asia oliygohida bakalavriat bosqichida tahsil oladi.
Grantni qoʻlga kiritgan nomzod quyidagi imkoniyatlar bilan taʼminlanadi:
- Bakalavriat bosqichida oʻqish uchun 4 yillik kontrakt summasidan toʻliq ozod qilinadi.
- Turar joy va yashash xarajatlari qoplanadi.
- Oʻqish boshlanishida Bishkekka borish va oʻqish yakuniga vatanga qaytish xarajatlari qoplab beriladi.
- Oʻqish davomida doimiy akademik maslahat va yordam bilan taʼminlanadi.
- Har yozda mazkur grant sohiblari haq toʻlanadigan amaliyot (internship) dasturida ishtirok etishi mumkin.
- Talabalar Student Exchange dasturi orqali 1 yil davomida AQSH va Yevropa universitetlarida oʻqish imkoniyati bilan taʼminlanadi (barcha xarajatlar qoplanadi).
- 4-kursni bitirgach, talabalar Vashingtonda amaliyot oʻtashi mumkin. Amaliyot jarayonidagi xarajatlar ham toʻliq qoplanadi. Mazkur amaliyot dasturiga nomzodlar tanlov asosida saralab olinadi.
3. Dasturda nomzod uchun qoʻyilgan asosiy talablar nimalardan iborat?
Dastur yuzasidan nomzodga qoʻyilgan asosiy talablar quyidagilardan iborat:
- AUCA universitetining qabul talablariga mos boʻlishi va grant taqdim etilishidan oldin universitetga oʻqishga qabul qilinishi;
- Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston yoki Qirgʻiziston fuqarosi yoxud shu davlatlarda doimiy istiqomat qiluvchisi boʻlishi;
- Ogʻzaki va yozma ingliz tili ravon boʻlishi;
- Akademik oʻzlashtirishi aʼlo, iqtisodiy jihatdan muhtoj, biznes boshqaruvi, iqtisodiyot, amaliy matematika va informatika hamda dasturiy taʼminot muhadisligi sohasida tadbirkorlik va iqtisodiy rivojlanish borasida kasbiy qobiliyat va yetakchilik potensialiga ega boʻlishi;
- AUCA universitetining 2021-2022-oʻquv yilidan boshlab oʻqishni boshlay olishi;
- Barcha zaruriy immigratsiya hujjatlarini olish imkoniga ega boʻlishi;
- Oʻqish tugagach, oʻz vataniga qaytish (yoki oʻz vatanida qolish) hamda vatanidagi biznes jamiyati va iqtisodiy oʻsishga oʻz hissasini qoʻshishga ahd qilgan boʻlishi lozim.
4. Ushbu dasturga hujjat topshirish necha bosqichdan iborat?
Dasturda hujjat topshirish jarayoni 3 bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda AUCA universitetga hujjat topshirgandan soʻng, US-CAEF dasturiga Merit based va Financial based ariza topshirasiz: birinchisi sizning akademik jihatdan holatingiz haqida boʻlsa, ikkinchisi moliyaviy yaʼni oilaviy sharoit holatingiz haqidagidir.
Ikkinchi bosqichda (1-bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtsangiz) sizni American Councils xodimlari tomonidan oʻtkaziladigan suhbatga taklif qilishadi. Bunda suhbat oluvchilar siz bilan yaqindan tanishish, kelajak maqsadlaringiz haqida bilishlari uchun tashkil qilinadi.
Soʻnggi — uchinchi bosqichda saralab olingan talabalar roʻyxati yakuni qarorni qabul qilish hamda gʻoliblarni tanlab olish uchun Vashingtonga – Stipendiya Qoʻmitasiga joʻnatiladi.
5. Sizningcha, dasturga topshiriladigan hujjatlardan eng muhimlari qaysilar va ularni tayyorlash/yozishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?
Dasturga Merit based ariza toʻldirilayotganda sizdan baʼzi insholar yozish talab qilinadi. Bular asosan nega aynan bu dasturga topshirayotganingiz va dasturning sizga qanday amaliy foydasi tegishi haqida boʻladi, odatda. Buning uchun sizda oldindan aniq rejalar boʻlishi kerak, yaʼni topshirayotgan yoʻnalishingiz orqali qanday ishlarni kelajakda amalga oshirmoqchisiz va ular sizning jamiyatingiz uchun qanchalik muhim. Nega aynan bu sohani tanlaganingiz, oʻqishini tugatib qanaqa maqsad yoki startaplaringiz borligi haqida yozasiz. Eng asosiyni – rostini aytish, hech qanaqa oldi-qochdi gaplar emas. Aniq sababingiz boʻlishi kerak, shunchaki qiziqaman, zoʻr soha degan gaplar sizni orqaga tortishi mumkin. Shuning uchun batafsilroq, aniq maqsadlar orqali inshoni yozishga harakat qilish kerak.
Hamda tavsiyanomalaringizdagi ustozlaringiz yoki biror guruhning yetakchi aʼzosi fikrlari ham inobatga olinadi.
6. Suhbat jarayoni qanday oʻtdi? Unda asosan nimalarni soʻrashdi?
Suhbat American Councils xodimlari tomonidan oʻtkaziladi va taxminan 4 ta suhbat oluvchi boʻladi. Suhbatda ularga oʻzingiz haqingizda, oʻqish davomidagi tajribalaringiz, kelajak rejalaringiz haqida gapirib berish imkoni beriladi. Suhbat samimiy, doʻstona tarzda oʻtadi. ular faqat sizni tinglashadi, savollar berishadi. Suhbatda batafsil va rost javob gapirish kerak. Hamda maslahatim – suhbatdan oldin tayyorgarlik koʻrib qoʻying, maʼlumotga ega boʻling, oʻqimoqchi boʻlgan soha va jamiyatdagi shunga aloqador kamchiliklar va bunga sizning yechimlaringiz haqida oʻylab qoʻying. Albatta, savollar ham tayyorlab qoʻyish kerak, xoh universitet, haqida xoh dastur haqida.
7. US-CAEF dasturida gʻolib boʻlish uchun tilni qay darajada bilish kerak deb oʻylaysiz? Til darajasiga aniq chegara oʻrnatilganmi? Hujjat topshirishda sizning til bilish darajangiz qanday boʻlgan?
Dasturga topshirganda faqat til bilish darajasi katta rol oʻynamaydi, sizning oʻqish davomida qilgan ishlaringiz, baholaringiz va boshqalar hammasi jamlangan holatda koʻriladi. Shuningdek AUCA universitet tomonidan belgilangan til bilish darajasiga ega boʻlishning oʻzi kifoya qiladi. Biroq suhbat ingliz tilida boʻlishini unutmang, erkin muloqot oʻzingiz uchun yaxshi. Menda 6,5 balli IELTS bor edi topshirganimda. Agar sizda IELTS yoki TOEFL sertifikatlari boʻlmasa ham muammo emas, AUCA universitetining til boʻyicha ichki imtihoni mavjud boʻlib, shundan oʻtsangiz ham boʻladi.
8. Mazkur grantni qoʻlga kiritish uchun nomzodlar grant dasturiga ariza toshirishidan tashqari, AmericanUniversity of Central Asia universitetiga alohida hujjat topshirar ekan. Universitetga hujjat topshirish jarayoni, undagi asosiy talablar haqida qisqacha soʻzlab bersangiz.
Albatta, siz US-CAEF Fellow boʻlishingiz uchun, avvalo, American University of Central Asia universitetiga oʻqishga qabul qilinishingiz kerak. Universitetga ham hujjat topshirasiz, bunda uning talablariga mos boʻlishingiz kerak. Yaʼni bu universitetda kirmoqchi boʻlgan talabalar maktab yoki litsey baholarini notarial tarjima qilgan holatda topshirishadi hamda AUCAning Entrance Exam (kirish imtihoni)da matematika, ingliz tili, insho yozish sohalari boʻyicha kerakli ballarni toʻplashi kerak boʻladi. Lekin sizda IELTS va SAT with Essay imtihonlaridan test natijalaringiz boʻlsa siz AUCAning ichki imtihonidan ozod qilinishingiz mumkin. Menda shunaqa boʻlgan, ichki imtihondan ozod qilinganman. Sababi IELTS va SAT with Essayʼdan yetarlicha ballarim boʻlgan. Bularni universitetga (Admission Office) email orqali bildirasiz va ular sizda chindan yetarlicha ballar boʻlsa, buni tasdiqlashadi hamda imtihondan ozod qiladi. AUCAga qabul qilinish javobi US-CAEF dasturidan oldinroq chiqadi.
9. AmericanUniversity of Central Asia oliygohidagi oʻqish jarayoni haqida qisqacha soʻzlab bersangiz.
Hozirda pandemiya sharoiti tufayli darslar onlayn rejimda boʻlyapti. Birinchi kurslar uchun boʻladigan Orientation Weekʼdan 17-avgustdan buyon universitetning qizgʻin hayotiga kirib bormoqdamiz. Darslar dushanbadan jumagacha davom etadi, kuniga 2 ta fandan dars oʻtiladi va har biri 75 daqiqa davom etadi. Oʻqish jarayonidagi qulay jihatlardan biri shuki, dars beruvchi professor va darsning soat hamda kunini oʻzingizga mos qilib tanlashingiz mumkin. Birinchi taassurotlarim – professorlar, universitet xodimlari talabalarga nisbatan juda samimiy munosabatda va har doim qoʻllab quvvatlashga harakat qilishadi. Darslar ingliz tilida olib boriladi, universitetda xorijlik professorlar ham anchagina. Shuningdek, AUCA Amerika tizimiga asoslangan hamda universitetni tugatganingizda sizga ikkita diplom beriladi: biri Nyu-Yorkdagi Bard College diplomi, ikkinchisi AUCA diplomi.
Bundan tashqari, universitetda bepul WARC tizimi boʻlib, unga koʻra, talabalar oʻzlari qiynalayotgan fanlardan individual oʻqituvchi yordami oʻz ustida ishlashi mumkin. Shuningdek, turli talabalar klublari ham mavjud, ular universitet hayotiga moslashish, yangi doʻstlar orttirishga yordam beradi va ularda har xil loyiha, startaplar qilishingiz mumkin. Bular barchasi bu universitetning qanchalik Markaziy Osiyoda hamda Yaqin Yevropa mamlakatlari orasidagi nufuzli ekanini koʻrsata oladi.
10. Oʻqish jarayonida biror qiyinchilik yoki noqulayliklarga duch kelyapsizmi? Agar javob “ha” boʻlsa, ular qanday qiyinchiliklar/noqulayliklar?
Hozircha qiyinchiliklar boʻlgani yoʻq.
11. US–CAEF dasturida ishtirok etib, gʻolib boʻlishni xohlovchilarga qanday tavsiyalar bera olasiz?
Shuni unutmang, US-CAEF fellow boʻlish bu — oʻzingizning yorqin kelajagingizga boʻlgan muhim qadamlardan biridir. Chunki siz oʻziga xos muhitga kirib borasiz – atrofingizda turli sohalarda turlicha qobiliyatga ega yoshlar, xodimlar, oʻqituvchilar toʻplangan boʻladi hamda har doim yordamga tayyor
Avvalo, oldingizga aniq maqsad qoʻying va tanlagan yoʻlingiz boʻlsin. Reja bilan hamma kerakli narsalarga qadam-baqadam astoydil va muntazam mehnat orqali erishishga harakat qiling. ariza toʻldirayotganda har bir bandga diqqat bilan, qoʻldan kelgancha maksimal darajada professional yondashing. Yozganlaringiz sizning oʻzligingiz – asliyatingizni koʻrsatsin. Eng muhimi oʻzingizni sinab koʻrishdan qoʻrqmang. Menda ham qoʻruv, ikkilanish hislari boʻlgan. Bunda oldinga qoʻyilgan aniq maqsad, uning jamiyat uchun ertangi foydasi haqida oʻylash, shuningdek oʻzingizga boʻlgan ishonch sizga yordam berishi mumkin. US-CAEF fellow sohiblari ham barchasi siz va bizdek oddiy insonlar. Mamlakatimizda bundan-da iqtidorli talabalar koʻp va ular safimizni kengaytirishlarini juda ham xohlab qolardim.
Grantlar.uz: Mazmunli suhbat uchun tashakkur. Oʻqish va ishlaringizga muvaffaqiyat tilaymiz.
Oybek: Rahmat. Sizlarga ham muvaffaqiyat tilayman.
Tahririyat: US-CAEF dasturi talablari va hujjat topshirish jarayoni bilan SHU YERDA batafsil tanishishingiz mumkin.
Grantlar.uz jamoasi mazkur suhbatni tashkillashtirishda yaqindan yordam bergan American Councilsʼga oʻz minnatdorchiligini bildiradi.