×

AQShda tibbiyotni endi bepul o’qish mumkin!


Blog

BO'LIM

Yangiliklar

O'QILGAN

11621 marta

CHOP ETILGAN

21.08.2018

2018-yil 16-avgust tongida Nyu York Universiteti o’zining MD kursi yangi talabalari va ularning ota-onalariga syurpriz sifatida Universitet tarixidagi eng katta yangiliklardan birini e’lon qildi: endi universitetning tibbiyot yo’nalishidagi magistratura kurslarida bepul o’qish mumkin!

Nyu York Universiteti AQShdagi eng kuchli OTMlar o’ntaligiga kiradi va ular ichida bunday ulkan qarorni qabul qilgan ilk oliygoh bo’ldi. Bunday qaror qabul qilinishiga asosiy sabab esa tibbiyot sohasida o’qishning talaba uchun juda qimmatga tushib ketayotgani va shu sababli qobiliyatli yoshlarning sohaga yaqinlasha olmay qolayotganidir. Tibbiyot yo’nalishlarining ba’zilarida o’qish narxlari o’ta yuqori, ba’zilarida esa kontrakt to’lovi nisbatan pastroq. Universitet vakillarining ta’kidlashicha, tibbiyotda o’qishning qimmatligi sababli ajoyib shifokor bo’lib yetishishi mumkin bo’lgan iqtidorli yoshlar boshqa, nisbatan arzonroq va daromadliroq sohalarni tanlab ketishga majbur bo’lishadi. Bu vaziyat yoshlarning katta qismini tibbiyot sohasidan uzoqlashtirib, shifokorlarga talab har qachongidan ham yuqori bo’lgan asrimizda kuchli shifokorlarning yetishmasligiga olib keladi. Shifokor bo’lishni xohlayotgan yoshlar sohada ta’lim olishga qaror qilishsa ham, kontrakt to’lovi ancha yuqori bo’lgan yo’nalishlarda (ko’pchilik yo’nalishlar shunday) o’qishga qurblari yetmagani uchun aynan pediatriya, hamshiralik va shu kabi nisbatan arzonroq yo’nalishlarni tanlashadi. Chunki shifokorlikka juda qiziqishadi, sohani tashlab ketishni xohlashmaydi, lekin nisbatan dolzarbroq yo’nalishlardagi kurslarda o’qishga pullari yetmaydi. “Biz o’quvchilarimiz soha tanlaganda hamyonlari emas, qiziqishlaridan kelib chiqib qaror qabul qilishlarini xohlaymiz” deydi Nyu York universiteti tibbiyot maktabi vakillaridan biri.

Ma’lumotlarga ko’ra 2017-yilda tibbiyot sohasini 75 foiz talabalar qarzga botgan holda tamomlashgan. Tibbiyot sohasida o’qish bir talaba uchun 59605 AQSh dollariga tushadi, bunday holda o’qishni tugatguncha talaba o’rtacha 200000 AQSh dollari qarzga kiradi. Xususiy tibbiyot oliygohlarini bitirayotgan talabalarning ta’limga to’lab berishi kerak bo’lgan qarz miqdori esa 300000 AQSh dollaridan ham oshib ketishi mumkin. Ko’p hollarda talabaga bepul ta’lim olish imkoniyati turli ta’lim grantlari hisobidan amalga oshiriladi, bunda esa bepul o’qish imkoniyatiga juda kamchilik, eng yuqori natijalarga erishgan talabalar muvaffaq bo’ladi. O’qishni hamma uchun birdek qilish orqali esa ta’lim olish ko’proq yoshlar uchun osonlashadi. Bunda ilgari erishgan yutuqlari, baholari va baholovchilar ko’zida qanchalik iqtidorli ko’rinishlariga qarab talabalar ajratilmaydi, hamma birdek ko’riladi. Ushbu yangi tizim kelajakda malakali shifokorlar yetishmovchiligi muammosiga yechim taklif qilishi kutilmoqda.

Nyu York Universiteti bundan oldin ham talabalar uchun o’qishni yengillashtirish va malakali shifokorlar yetishtirib chiqarish yo’lida talaygina ijobiy o’zgarishlar qilgan. Jumladan, Universitet 2013-yilda an’anaviy 4 yillik shifokorlik kursiga qo’shimcha ravishda tezlashtirilgan 3 yillik kurslar tashkil qilgandi. Endigi qadam esa talabalarning tibbiyot sohasida o’qishi yo’lidagi navbatdagi to’siqlarni olib tashlaydi.

Nyu York Unversitetida tibbiyot kursida o’qish haqida

Bepul ta’lim joriy qilingan MD (Doctor of Medicine) kurslari Nyu York Universitetida odatda 4 yil o’qitiladi, yaqinda tanishtirilgan tezlashtirilgan kurslarda esa o’qish 3 yil. MD kursida o’qishning bir yillik kontrakti 55018 AQSh dollarini tashkil qiladi, sug’urta, darslik va boshqa xarajatlar ham qo’shilganda esa yillik o’qish xarajatlari 82126 AQSh dollariga tushadi. Yangi tizim bo’yicha esa talabalar endilikda 55018 AQSh dollari bo’lgan kontrakt tolovidan ozod qilinadi. Shunda o’qishning yillik xarajatlari 30000 AQSh dollariga yetmaydi.

MD kursiga qabul jarayoni nomzodning qabul uchun munosibligini tekshirishga asosiy e’tibor beradi. Nomzod o’qishga hujjat topshirgach, uning arizasi bilan birga bakalavr kursida olgan baholari, Medical College Admission Testdan olgan ballari, erishgan yutuqlari, orttirgan tajribasi va shifokor bo’lishdan maqsadlari o’rganib chiqiladi. Nomzod bir emas, bir nechta mutaxassislardan tashkil topgan qabul jamoasi tomonidan suhbatdan o’tkaziladi. NYU Tibbiyot Maktabiga o’qishga qabul qilinayotgan talabalarning bakalavr kursida olgan baholari 4 ballik GPA tizimida 3.93 va 3.87 ga teng, bu esa bu yerga o’qishga kirishda raqobat ancha kuchli ekanligini va yuqori baholarsiz talaba bo’lish qiyinligini ko’rsatadi (Amerika Tibbiyot Oliygohlari Birlashma/si ma’lumotiga ko’ra AQSh tibbiyot maktablariga kirish bo’yicha o’rtacha GPA ko’rsatkichi 3.55 ga teng). MD magistratura kursiga kirish uchun genetika, biologiya, ingliz tili, statistika, fizika va kimyo fanlarini yaxshi bilish ham muhim hisoblanadi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!