×

O’zbekiston hukumati yoshlarning xorijda magistratura va doktoranturada o’qishi uchun to’liq grant ajratadi


Blog

BO'LIM

Yangiliklar

O'QILGAN

9033 marta

CHOP ETILGAN

26.09.2018

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekdi.

Mazkur hujjat xorijda yashayotgan va ishlayotgan vatandoshlarimiz, ayniqsa, katta ilmiy salohiyatga ega boʻlgan olimlar, mutaxassislar va isteʼdodli yoshlar bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, jahon mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish kabi maqsadlarda qabul qilingan.

“Isteʼdod” jamgʻarmasi negizida tamoman yangi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyat yuritadi. Jamgʻarmaning shu paytga qadar bajarib kelgan funksiyasi bundan buyon ham davom etaveradi. Endilikda jamgʻarma zimmasiga xorijdagi vatandoshlar bilan muloqot qilish vazifa ham yuklandi.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha tanlov oʻtkazish va tayyorgarlikni tashkil qilish, shuningdek, davlat tuzilmasi, iqtisodiyot tarmoqlari, taʼlim va ilmiy muassasalarning istiqbolli mutaxassislarini rivojlangan mamlakatlardagi ilmiy va taʼlim muassasalariga malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazishga ham joʻnatadi.

Farmon bilan, yangi jamgʻarmaning tashkiliy tuzilmasi, uning Nizomi, Vasiylik kengashi tarkibi hamda xorijda taʼlim olish, stajirovka oʻtash va malaka oshirish uchun nomzodlar oʻrtasidagi tanlov Tartibi ham tasdiqlandi.

Jamgʻarma stipendiyalari har yili tasdiqlanadigan maqsadli dasturlarga muvofiq quyidagicha ajratiladi:

Xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarda malaka oshirishga – 2 oygacha;

Xorijiy ilmiy, taʼlim, ijod muassasalari, davlat idoralari, korxona va boshqa tashkilotlarda stajirovka oʻtashga – 6 oygacha muddatga;

Yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy muassasalarda magistratura dasturi asosida oʻqishga – 1-2 yil mobaynida;

Doktorantura dasturi boʻyicha esa 1-4 yil mobaynida.

Tanlovdan oʻtgan stipendiatlarga jamgʻarma stipendiyalari quyidagi xarajatlarni qoplash uchun ajratiladi:

  • xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarda oʻqish qiymatining toʻlovi;
  • stipendiatlarning viza olish xarajatlari;
  • barcha turdagi transport vositalari bilan oʻqish joyiga qadar – yilda bir martadan ortiq boʻlmagan yoʻlkira xarajatlari;
  • borgan mamlakatdagi oʻqish davrida yashash, ovqatlanish va transport xarajatlari;
  • zarur oʻquv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar xarid qilish;
  • xorijda oʻqish davrida stipendiatlarni tibbiy sugʻurtalash.

Jamgʻarmaning moliyaviy koʻmagi bilan magistratura yoki doktorantura dasturlari boʻyicha taʼlim olgan stipendiatlar tuzilgan shartnomada belgilab qoʻyilgan muddat davomida oliy taʼlim yoki ilmiy muassasa, shuningdek, vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlarida ishlab berish majburiyatini zimmalariga oladi.

Toʻgʻrirogʻi, chet elda malaka oshirib yoki stajirovka oʻtab kelgan stipendiatga, uni tavsiya etgan oliy taʼlim yoki ilmiy muassasada, shuningdek, davlat tashkilotlarida 3 yildan kam boʻlmagan muddat davomida ishlab berish sharti qoʻyiladi.

Basharti stipendiat magistratura yoki PhD dasturi boʻyicha chet elda taʼlim olganda, egallagan mutaxassisligi boʻyicha 5 yildan kam boʻlmagan muddatda, stipendiatni oʻqitishga qilingan barcha xarajatlar miqdori 75 ming AQSH dollaridan ortiq boʻlsa, ularga 7 yilgacha uzluksiz ishlab berish majburiyati yuklanadi.

Endilikda jamgʻarma xorijdagi malakali vatandoshlarimiz hamda Oʻzbekistondagi kadrlar zaxirasiga ehtiyoji bor vazirlik va idoralar uchun oʻziga xos koʻprik vazifasini oʻtaydi.

Manba: Uza.uz

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!