×

Volontyorlar qishloqda mashgʻulotlarni boshladi!


Blog

BO'LIM

Yangiliklar

O'QILGAN

2619 marta

CHOP ETILGAN

09.07.2019

7-iyul kuni “Young Volunteer Teachers” loyihasi yuzasidan Samarqand viloyatining Narpay tumaniga yetib keldik. Bu yerlarda internetning yaxshi ishlamasligi sababli, volontyorlik dasturi haqidagi yangiliklarni ertaroq joylashning imkoni boʻlmadi.

Uzrli sabablarga koʻra, Bobonazarov Davrbek biz bilan birga kela olmadi.

Volontyorlar 7-iyulda Grantlar.uz jamoasi vakili Maqsud Salomov hovlisiga (yaʼni, bizning hovliga :)) joylashishdi va loyihaning 1-kuni uchun tayyorgarlik koʻrishdi.

Ikkinchi kuni (8-iyul) soat 7:00 da tumandagi 43-sonli umum taʼlim maktabiga bordik va maktab direktori va oʻqituvchilari bilan volontyorlar tanishtirildi. Tanishib olingach, soat 8:00 ga chaqirilgan bolalar kutila boshlandi. Soat 7:50 boʻlgan boʻlsa-da, birorta ham bola kelmagan. Men tashkilotchi sifatida asabiylasha boshladim. “Agar hech kim kelmasa, shuncha qilgan harakatimiz yoʻqqa chiqadi, koʻngillilar yonida ham rosa xijolat boʻladigan boʻldim”, oʻylayman men.

Volontyorlar esa har 30-40 soniyada soatga sabrsizlarcha qarab qoʻyar ekan, kelishmayapti-ku degan ifoda bilan menga nigoh qadashadi. Noqulay sezaman oʻzimni. Ularning qarashlaridan qochish uchun oʻzimni kimgadir  telefon qilmoqchi va bu uchun antenna “topmoqchi” boʻlganga solib, korridorning oxiriga qarab yuraman ikkinchi qavatga chiqish zinasi tagiga, soʻroqlovchi koʻzlardan panaga oʻtib olaman. Oʻsha yerda asabiylashaman.

1 daqiqa yashirinib turmasimdan, korridorda men tomonga yaqinlashayotgan va meni yanada asbiylashtirayotgan qadam tovsuhlarini eshitaman. Volontyorlar orasida eng emotsional va energiyaga toʻlaligi bilan taasurot qoldirgan Laylo Madumarova berkinib turgan yerimda shart paydo boʻlib, “Maqsud aka, hali ham kelishmadi-ku?” deydi. “Obboo, – deyman ichimda, – berkinib ham boʻlmas ekan”.

Shunda korridor eshigi ochilib, ikki nafar yosh bola kirib keldi. Layloning koʻzlari katta-katta boʻlib, “kelishdi” deydida, bolalar tarafga shoshib yurib ketdi. Men sal yengilladim. Keyingi yarim soat ichida 40 dan ortiq bola yigʻildi. Xavotirlar tarqadi. Koʻngillilar 2 ta xonaga boʻlinib, mashgʻulotlarni boshladi. Men xursand.

Tushlikdan keyingi mashgʻulotlarda bolalar soni yanada oshdi, uchinchi sinfxonadan ham foydalanishga toʻgʻri keldi.

Bolalar qiziquvchan, ichiga sigʻmaydi. Savol soʻralsa, yosh bolalar javob berish uchun qoʻlini koʻtarib oʻqituvchi yoniga yugurib chiqib oladi. bundan zavqlangan oʻqituvchi ham kulgancha “hozir, hozir” deb bolalarni joyiga qaytishi soʻraydi.

Birinchi kun yomon oʻtmadi. Koʻngillilar 13 yoshgacha boʻlgan bolalar darajasini oʻzlari kutganidan yuqoriroq ekanini, 14 va undan yuqori yoshlilari oʻz uka-singillari bilan solishtirilsa, biroz orqada ekanini aytdi. Buning sababi (menimcha), yaqindan boshlab (adashmasam 3 yil oldindan boshlab) ingliz tilining 1-sinfdan oʻrgatila boshlangani boʻlsa kerak. Yuqori sinflarga, undan oldin, ingliz tili darslari 5-sinfdan boshlab oʻtilar edi.

Kechki ovqatdan keyin (ayamning ovqatini maza qilib yedim) koʻngillilar bilan hovlida suhbatlashamiz. Ular bir-birga hazil qiladi, qizlar uchib yurgan qoʻngʻizlar yaqinlashganda, qoʻrqqanidan sakrab turib qochishga tushadi. Ularning hurkakligidan zavqlangan yigitlar qoʻngʻizlarni ushlab, ularni qoʻrqitadi. Kun yakunlanadi.

Hozir (9-iyul, ikkinchi kun) koʻngillilar ertalab 7:00 dan mashgʻulotlarni boshlagan. Men esa antenna izlab Oqtosh shaharchasiga keldim va qisqa hamda biroz kech boʻlsa-da, loyiha jarayonini yoritishga harakat qilyapman.

Bundan keyingi jarayonni ham imkon qadar yoritamiz. Koʻngillilardan va bolalardan intervyu olamiz. Faqat qishloqdagi antenna va aloqa tanqisligi tufayli, maʼlumotlar yuklanishi biroz kech qolishi mumkin.

2019-yil, 9-iyul, soat 9:16
Maqsud Salomov

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!