×

Yosh avlod va jamiyat kelajagi uchun oʻz hissangizni qoʻshing!


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

3017 marta

CHOP ETILGAN

13.06.2019

Grantlar.uz jamoasi hamda Oʻzbekiston ingliz tili oʻqituvchilari assotsiatsiyasi (UzTEA) ning volontyorlari “Yosh koʻngilli oʻqituvchilar” loyihasini boshladi.

Loyihaning maqsadi:

  • Oʻzbekistonning chekka hududlaridagi maktab oʻquvchilarining taʼlim olishga, shaxsiy va kasbiy rivojlanishga boʻlgan qiziqishini oshirish;
  • Oʻquvchilarning aniq maqsadlarni qoʻya olishi va ularga erishish uchun izchil oʻz ustida ishlashlarini ragʼbatlantirish;
  • ularni mavjud imkoniyat va sharoitlar haqida batafsilroq xabardor qilish;
  • chekka hududlardagi iqtidorli maktab oʻquvchilarini kashf qilish, ularning oʻz qobiliyatlarini rivojlantirish ustida davomiy ishlashga ragʻbatlantirishdir.

Buni qanday amalga oshiramiz?

Chekka hududardagi maktablarga borib, oʻquvchilar uchun turli fanlar boʻyicha qisqa motivatsion kurslar tashkil etiladi va kurslar oxirida olimpiada oʻtkazib, gʻoliblar taqdirlanadi. Motivatsion kurslar qaysi fan boʻyicha tashkil etilayotgan boʻlsa, shu fan orqali kelajakda qanday kasblar egasi boʻlish, qaysi sohalarda ishlash mumkinligi, ushbu fan/sohani oʻzlashtirish kelajakdagi shaxsiy va kasbiy faoliyatda qanday ustunlik hamda afzalliklar berishi, shu soha/fanni qanday qilib tez va samarali oʻzlashtirish usullari va shu kabilar haqida maʼlumot beriladi.

MEN BU LOYIHAGA QANDAY HISSA QOʻSHA OLAMAN?

Siz maktab oʻquvchilari uchun turli oʻquv qurollari (badiiy yoki boshqa yoʻnalishdagi kitoblar (ingliz tilidagi hikoyalar kitoblari tavsiya etiladi), daftar, ruchka, qalam va boshqalar) hadya qilish yoki loyihani tashkil etish, olimpiada goʻliblari uchun beriladigan mukofot jamgʻarmasini shakllantirish, yosh koʻngilli oʻqituvchilarning chekka qishloqlarga borishi, dars oʻtishi jarayonini tashkillashtirish xarajatlari hamda shu kabilar uchun, miqdoridan qatʼi nazar, pul mablagʻlari hadya qilishingiz mumkin.

Oʻquv qurollari hadya qilish uchun telegram orqali @hamidziyo akkauntiga, email orqali info@grantlar.uz elektron manziliga, telefon orqali +99897-441-21-42 raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.

Pul mablagʻlari hadya qilish uchun click yoki paymeʼdan quyidagi kartaga pul oʻtkazishingiz mumkin: 8600 5103 4127 4418 (Karta Salomov Maksudxon Soxibxon oʻgʻli nomida).

PayPal orqali quyidagi havola orqali pul oʻtkazishingiz mumkin: https://www.paypal.com/pools/c/8fiYnpzf1J

Shuningdek shartlarga mos boʻlsangiz, volontyor sifatida qatnashish orqali ham hissa qoʻshishingiz mumkin (Volontyorlikka saralash uchun rezyumelar qabul qilinmoqda va 15-iyunda rezyumelar qabuli tugaydi).

Hadya qilingan mablagʻlar va ularning sarfini kuzata olamanmi?

Ha, kuzata olasiz. Hadya qilingan mablagʻlarning umumiy va kunlik miqdori haqida @donationyvt kanalida kunlik hisobot berib boriladi.

Loyihaning dastlabki dasturi qaysi maktabda va qaysi fandan amalga oshiriladi?

Loyihaning ilk dasturi ingliz tili doirasida hamda Samarqand viloyati, Narpay tumani, “Xoʻjalar” qishlogʻidagi 43-sonli umumtaʼlim maktabida, joriy yilning 7-14-iyul oyida boʻlib oʻtadi. Bunda oʻquvchilarga:

  • ingliz tilining hozirgi davrdagi ahamiyati;
  • ingliz tilini oʻzlashtirish orqali qaysi kasblarda ishlash mumkinligi va qancha daromad topish mumkinligi;
  • boshqa kasb va sohlarda muvaffaqiyatli faoliyat olib borishda ingliz tilining oʻrni;
  • ingliz tilinini tez va samarali oʻrganish usullari va shu kabilar haqida maʼlumotlar beriladi.

Shuningdek dastur soʻnggida maktab oʻquvchilari oʻrtasida ingliz tilidan olimpiada uyushtirilib, gʻoliblar taqdirlanadi. Bundan tashqari, hadya qilingan oʻquv qurollari va kitoblar oqʻuvchilar hamda maktab fondga taqdim etiladi.

Oʻz navbatida, Grantlar.uz jamoasi dastur jarayonida kashf etilgan iqtidorli maktab oʻquvchilariga oʻzlariga mos ish oʻrinlarini taklif etishi (talablarga javob bergan holda) hamda turli fanlardan eng yaxshi yoshlarni ish beruvchilarga tavsiya etishi mumkin.

Dasturning amalga oshirilish jarayonini kuzatib bora olamanmi?

Albatta. Grantlar.uz maʼmuriyati dastur jarayoni haqida oʻz veb-sayti, Facebook sahifasi hamda telegram kanali orqali muntazam axborot berib boradi.

Volontyorlar kimlardan iborat?

Volontyorlar bilimli va iqtidorli yoshlardan iborat boʻlib, ularning shaxsi, faoliyati va boshqalar haqida dastur davomida navbatma-navbat maʼlumot berib boriladi.

Qisqa muddat ichida ingliz tilini oʻrgatib boʻlmaydi baribir. Bu qisqa muddatli mashgʻulotlar befoyda emasmi?

Ha, qisqa muddatda (1 yoki 2 haftada) ingliz tili, boshqa tillar yoki boshqa biror fanni oʻrgatib boʻlmaydi. Lekin bunday mashgʻulotlar orqali oʻquvchilarni oʻqishga qiziqtirish va ragʻbatlantirish mumkin boʻladi. Bundan tashqari, hozirda muddat ancha qisqa belgilangan boʻlsa-da, kelajakda muddatni uzaytirish rejalashtrilgan (imkoniyatdan kelib chiqib).

Loyiha jamiyatga nima beradi?

Birinchidan, loyiha yoshlarning jamiyat faoliyati bevosita va oʻz xohishi bilan ishtirok etishi, jamiyat rivojiga hissa qoʻshishiga yoʻl ochadi, Jumladan, koʻngilli yoshlar chekka qishloqlarda borib dars oʻtish orqali jamiyat foiliyatida oʻz xohishlari bilan, majburiy koʻrsatmalarsiz ishtirok etadilar (15-iyungacha volontyorlarni saralab olish uchun rezyumelar qabul qilinmoqda). Shuningdek oʻz bilim va tajribalarini maktab oʻquvchilari bilan boʻlishi, ularni shaxsiy va kasbiy mukammallikka intilishlarini ragʻbatlantirishga hissalarin qoʻshadi.

Ikkinchida, chekka hududlarda eʼtibordan chetda qolib ketayotgan iqtidorli yoshlarni oʻz qobiliyati ustida ishlashga ragʻbatlantiradi va ularning kelajakda aynan oʻz iqtidori hamda boʻyicha kasb faoliyatini olib borishiga oz boʻlsada, muhit va imkoniyat yaratiladi.

Uchinchidan, chekka hududlardagi yoshlarga mavjud yangi kasb va faoliyat turlari bilan tanishtirish. Maʼlumki, hozirgi kunda logistika, frilanserlik faoliyati va shu kabi Oʻzbekiston uchun nisbatan yangi boʻlgan koʻplab sohalar mavjud. Shu kabi sohalar va kasblar haqida koʻpchilik yoshlar bexabar va maʼlum fan hamda sohani oʻqib, oʻrganib qanday kasb egasi boʻlish mumkinligi, qanday ishlarda ishlash va qay tarzda daromad topish mumkinligi haqida toʻliq maʼlumot va tasavvurga ega emas. Vaholangki, bunday yangi sohalarda faoliyat olib borish orqali Rossiya, Qozogʻiston va shu kabi xorij mamlakatlariga ishlash uchun ketmasdan, Oʻzbekistonning oʻzida yaxshigina daromad topish mumkin. Ushbular haqida ham chekka hududdagi yoshlarga maʼlumot berish orqali ularni kelajakda boshqa mamlakatlarga ish qidirb chiqib ketishini kamaytirish, Oʻzbekistonning oʻzida ishlab ham yaxshi daromad topish, xorijiy davlatga ishlash uchun ketishsa ham, qora mehnat yuzasidan emas, aqliy va yaxshi daromad keltiruvchi kasblar yuzasidan borishlariga oz boʻlsa-da hissa qoʻshish mumkin.

Toʻrtinchidan, loyiha orqali oʻzbek xalqi va jamiyati orasidagi oʻzaro munosabat, integratsiya va hamjihatlilikni oshirish imkoniyati mavjud. Xususan, ushbu postni oʻqib turgan istalgan shaxs kelajakda loyiha boʻyicha volontyor boʻlishi yoki loyiha volontyorlaridan bilim olishi yoxud loyihaga hadya qilishi mumkin. Bu orqali oʻzi ishtirok etayotgan loyihaning boshqa ishtirokchilari bilan tanishishi, loyihani kuzatib borishi, loyiha yuzasidan taklif bildirishi va shu kabi oʻzaro munosabatga kirishuvchi harakatlarda ishtirok etishi mumkin.

Beshinchidan, loyiha ish beruvchilar va yoshlar oʻrtasida koʻpriq vazifasini oʻtashi mumkin. Jumladan, Grantlar.uz jamoasi iqtidorli va talabga javob beradigan maktab oʻquvchilariga oʻz imkoniyatlari darajasida hamda oʻqishiga salbiy taʼsir etmaydigan, aksincha, ijobiy taʼsir etuvchi ish turlarini taklif etishni rejalashtirgan. Bundan tashqari, boshqa ish beruvchilarga ham iqtidorli yoshlarni tavsiya etishi mumkin.

Oltinchidan, loyiha davlat tashkilotlari tomonidan emas, yosh koʻngillilar tomonidan amalga oshirilayotgani Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshadi.

Kitob, oʻquv qurollari va istalgan miqdordagi pul mablagʻi hadya qilish orqali siz ham yosh avlod va jamiyat kelajagi uchun oʻz hissangizni qoʻshing.

Hurmat bilan, Grantlar.uz maʼmuriyati

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!