×

Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti haqida batafsil: kurslar, qabul jarayoni, kontrakt to’lovi va grantlar


Blog

BO'LIM

Universitetlar

O'QILGAN

239295 marta

CHOP ETILGAN

08.10.2020

Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti Buyuk Britaniyaning University of Westminster universitetining O’zbekistondagi filiali hisoblanadi. Bu universitetni tamomlagan talabalarga Buyuk Britaniya diplomi beriladi. Vestminster universiteti diplomi O’zbekistonda nostrifikatsiyasiz qabul qilinadi.

Ushbu maqoladagi barcha ma’lumotlar http://wiut.uz/ veb saytidan olindi. Universitetga hujjat topshirish oldidan universitet bilan shaxsan bog’laning yoki veb-saytdagi ma’lumotlar bilan qayta tanishib chiqing. Universitet qabul jarayoni, o’qish to’lovi va boshqalarga o’zgartirishlar kiritishi mumkinligini unutmang.

Universitet haqida umumiy ma’lumot

Universiteti manzili: 12 Istikbol Street, Tashkent 100047

Telefon raqami: 8 71 238 74 00

Email: info@wiut.uz

Muhim linklar:

Kontrakt haqida | Kurslar ro’yxati | Hujjat topshirish | Grant | FAQ (ko’p so’raladigan savollarga javoblar)

Qanday kurslar mavjud?

Vestminster universitetida tayyorlov (“podkurs”), CIFS, bakalavr, magistratura va kasbiy sertifikat kurslari mavjud.

Tayyorlov kurslari

Universitetda odatiy 4 yillik o’quv kursiga qabul uchun talab qilinadigan 2 fan – matematika va ingliz tili fanlaridan universitetga tayyorlov kurslari mavjud. Ushbu kurslar rasman Course in Pre-Foundation Studies (CPFS) deb ataladi. Ushbu kurslarda o’qishga kirish va o’qishni davom ettirish uchun zaruriy bilimlar beriladi. O’qish to’lovi – bitta fan uchun 4 999 000 so’m (2021-yil 8-aprel holatida).

CIFS kursi

Toshkent Xalqaro Vestminster universitetidagi bakalavr kurslari Buyuk Britiya oliy ta’lim tizimi asosida o’qitilgani bois, bu universitetda bakalavr kursi 3 yil davom etadi. Bakalavr kursiga to’g’ridan-to’g’ri qabul qilinish uchun CIFS yoki shu kabi xalqaro Foundation kursini tamomlagan bo’lishingiz kerak. O’zbekiston maktab, kollej yoki litseylarini tamomlagach, to’g’ridan-to’g’ri bakalavr kursiga qabul qilinmaysiz. O’qishni CIFS kursidan boshlashingiz kerak bo’ladi.

Talabalarni 3 yillik intensiv bakalavr kursiga tayyorlash maqsadida esa, o’qishga qabul qilinganlaridan keyin 1 yil davomida maxsus kurs – Certificate of International Foundation Studies (CIFS) kursi o’qitiladi. Bu kurs bakalavr kursi hisoblanmaydi va barcha uchun deyarli bir xil o’qitiladi. Bu vaqtda talabalar hali fakultetlarga bo’linmaydilar. Ya’ni, Vestminster universitetiga o’qishga kirgan talaba o’qishning birinchi kursida umumiy tayyorlov kursida o’qiydi. O’qishning birinchi yili yakunida talabaga CIFS sertifikati beriladi. Bu sertifikat Buyuk Britaniya va 3 yillik bakalavr kursi tizimi mavjud boshqa davlatlarda bakalavr kursini to’g’ridan-to’g’ri boshlash imkonini beradi. Kurs davomida har semestrda 3 tadan, jami 6 ta fan o’qitiladi. Bu fanlar universitetda mavjud yo’nalishlarga tanishtiruv fanlari hisoblanadi. Birinchi kursni tamomlagan talaba bakalavr kursi uchun o’qishi mumkin yo’nalishlar qanday bo’lishi haqida tushunchaga ega bo’lgan bo’ladi. Kontrakt to’lovi butun yil uchun 29 994 000 so’m (2021-yilgi 8-aprel holatida).

Bakalavr kurslari

Universitetda Tijoriy Huquq (Commercial Law), Biznes Axborot Texnologiyalari (Business Information Technogolies), Moliya (Finance), Iqtisodiyot va Moliya (Economics with Finance) va Biznesni Boshqarish (Business Management) bakalavr kurslari mavjud. Ushbu kurslarning barchasi Buyuk Britaniyaning “honours” bakalavr darajasini olish imkonini beradi. Kontrakt to’lovi – 29 994 000 so’m (2021-yil 8-aprel holatiga koʻra).

Magistratura kurslari

Vestminster universitetida magistratura kurslari 1 yil davom etadi. Mavjud magistratura kurslari:

  • Xalqaro Biznes Boshqaruvi (MA in International Business Management (MAIBM))
  • Amaliy Iqtisodiyot (MSc in Applied Economics (MSAE)))
  • Xalqaro Tijoriy Huquq (LLM International Commercial Law)
  • Biznes Intellekti va Analitikasi (MSc in Business Intelligence and Analytics)
  • Inson Resurslarini Boshqarish va Iste’dodlarni Rivojlantirish (MA in Human Resource Management and Talent Development) kurslarini o’z ichiga oladi.

Kontrakt to’lovi – butun kurs uchun 44 991 000 so’m (2021-yil 8-aprel holatida).

Sertifikat kursi

Vestminster universitetida o’qituvchilarning malakasini oshirish maqsadida professional sertifikat kursi mavjud. Kurs University Certificate of Special Study in Teaching and Learning course deb nomlanadi. Kontrakt 14 997 000 so’m (2021-yil 8-aprel holatida).

Barcha kurslarga kontrakt to’lovlarini onlayn tarzda ham, bank orqali ham, naqd to’lovda ham amalga oshirish mumkin.

Qachon hujjat topshiriladi?

Barcha kurslarga qabul har yili taxminan fevral oyida boshlanadi. Hujjat topshirish onlayn tarzda amalga oshiriladi. Qabul boshlanganda barcha hujjatlar onlayn topshiriladi, o’qishga qabul qilinmaguningizcha hujjatlarning asl/rasmiy nusxalari talab qilinmaydi. Onlayn ariza tizimida grant uchun ham ariza berish mumkin. Bunda arizaning “Scholarship” qismiga maxsus belgi qo’yish kifoya. Ariza bu yerda topshiriladi. Hujjat topshirish jarayoni haqida o’zbek tilida maxsus video tayyorlangan (bu yerda rus tilidagi videoni ko’ring).

Hujjat topshirish uchun nimalar kerak?

Qabul uchun taxminan quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  1. Pasport nusxasi
  2. Fotosurat
  3. Ingliz tili sertifikati nusxasi
  4. Agar bor bo’lsa, xalqaro matematika imtihoni sertifikati (bo’lmasa, matematika imtihonini universitetda topshirasiz) nusxasi
  5. Diplom/shahodatnoma va baholar nusxasi.

Qabul qanday bo’ladi?

Bakalavr

CIFS’dan boshlanadigan bakalavr kurslariga qabul uchun ingliz tili va matematikadan yetarli bilimga ega bo’lish talab etiladi. Bunda ingliz tili darajasini xalqaro sertifikat natijalari orqali tasdiqlash zarur. Ya’ni, o’qishga hujjat topshirayotganda IELTS, TOEFL kabi sertifikatlaringiz so’raladi. Ingliz tili testlaridan quyidagilarning sertifikatlari qabul qilinadi:

  • IELTS Academic
  • IELTS Indicator: bu test natijalari faqat COVID-19 sababli real IELTS testlari to’xtatilgan vaqtdagina qabul qilinadi. Ammo, grantga hujjat topshirish uchun IELTS Indicator topshirish mumkin emas.
  • TOEFL (IBT)
  • Pearson PTE Academic
  • Cambridge Assessment English
  • GCSE
  • IGCSE
  • European Baccalaureate English
  • LanguageCert International ESOL SELT (B2)
  • The Duolingo English Test (95-100)

Universitetning o’zida ingliz tili imtihonlari tashkil etilmaydi.

Matematikani yetarli darajada bilishingizni isbotlashning ikki usuli bor. Birinchisi – xalqaro test natijasini yoki Vestminster universiteti pre-foundation (podkurs) kursi imtihoni sertifikatini taqdim etish. Agar bu sertifikatlaringiz bo’lmasa, universitetning o’zida bo’ladigan matematika imtihoniga ro’yxatdan o’tasiz. Imtihon topshirish uchun 150 000 so’m to’lov qilishingiz kerak.

Kontraktga hujjat topshirgan nomzodlar uchun imtihonlar yiliga bir necha marta bo’ladi. Grant uchun yiliga faqat bir marta saralash bo’ladi. Saralash jarayoni quyiroqda keltirilgan.

Bu yerda imtihonda tushadigan darajadagi savollar namunalari va boshqalar bilan tanishing. O’qishga kirish uchun matematikadan kamida (100 dan) 40% ball to’plash kerak.

Magistratura va sertifikat kurslariga qabul bakalavr kursinikidan farq qiladi va qabul uchun matematika imtihoni talab etilmaydi. Qabul nomzodning bakalavr kursi baholari, ish tajribasi, motivatsion inshosi va IELTS/TOEFL kabi test natijalariga asosan bo’ladi. Ingliz tilini bilish darajasiga qo’yilgan talablar ham magistratura kursi yo’nalishiga qarab farq qilishi mumkin. Batafsil ma’lumot uchun bu yerda kerakli kurs sahifasiga kiring.

Grantlar bormi?

Universitetda CIFS kursidan boshlab o’qishga kirayotgan talabalar uchun, ya’ni umumiy hisoblaganda 4 yillik bakalavr kursi uchun grant mavjud. Bu grant talabaga 4 yil davomida bepul ta’lim olish imkonini beradi, ya’ni talaba kontrakt to’lashdan butunlay ozod etiladi. Har yili o’zbekistonlik talabalar uchun jami 30 ta grant ajratiladi.

Grant asosida o’qimoqchi bo’lganlar ariza topshirishda «Grant uchun ko’rib chiqilishni xohlaysizmi?» savoliga «Ha» javobini belgilashi kerak.

Grantda o’qimoqchi bo’lganlar 2021-yilda 2 marta imtihon topshiradi.

1-imtihonda hamma bilan birga test topshiriladi. Shu testdan eng yuqori ball olgan taxminan 100 nafar nomzod grant uchun yana alohida imtihon topshiradi. Shu 100 nafar ichidan 2-imtihonda eng yuqori ball olgan 30 nafar talabaga grant ajratiladi.

Grant uchun nomzodlarni saralashda imtihon ballaridan tashqari IELTS sertifikati ballari ham hisoblanadi. Bunda grant uchun IELTS ertifikati balli 60%, matematika natijasi 40% ta’sir ko’rsatadi. Grantga hujjat topshirgan nomzodlar faqat Academic IELTS sertifikatini topshirishlari mumkin. TOEFL, IELTS Indicator va shu kabi boshqa test natijalari qabul qilinmaydi. IELTS natijalari 9.0 ball 100% deb olingan holda hisoblanadi. IELTS va matematika imtihonida to’plagan ballingiz qanchalik yuqori bo’lsa, grant yutish ehtimolingiz ham shunchalik baland bo’ladi.

Magistratura va sertifikat kurslari uchun grantlar mavjud emas.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!