Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti va grantlari haqida yozgandik. Bugun TXVU’ga 100% grant asosida o’qishga qabul qilinib, 4 yil davomida bepul ta’lim olish imkoniyatini qo’lga kiritgan hamyurtimiz Rasulov Mashhur bilan bo’lgan suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.
Assalomu alaykum. O’zingiz haqingizda qisqacha ma’lumot bersangiz.
Mening ismim Mashhur, 18 yoshdaman. Toshkent Xalqaro Vestminster Universiteti 2-bosqich talabasiman va grantda o’qiyman. 2019 yilda Toshkent shahridagi 110-maktabni tugatgan.
Hozirga qadar bo’sh vaqtimda o’quv markazida o’qituvchi bo’lib ishlab kelganman. Bu orqali bilim almashaman va talabalarga kerakli universitetlarga kirishda yordam beraman.Talabalarga turli imtihonlarni topshirishga tayyorgarlik ko’rishda ham yordamlashaman.
TXVU’dagi o’qishingiz haqida nimalar deya olasiz?
Universitetda biznesni boshqarish yo’nalishida o’qiyman. Bu yo’nalish uchinchi kursdan boshlab 3 xil yo’nalishga bo’linadi. Bular: BM (asosiy), Moliya bilan biznes boshqaruvi hamda Marketing bilan biznes boshqaruvi. Uchinchi bosqichga o’tgach, Moliya bilan Biznesni Boshqarish yo’nalishini tanlashni rejalashtiryapman.
TXVU’da biznesni boshqarishdan tashqari, biznes-axborot tizimlari (IT), moliya bilan iqtisodiyot, moliya va tijorat huquqi kabi kurslar ham bor. Universitetimizda barcha darslar ingliz tilida olib boriladi. O’qituvchilar boshqa tillarni bilishsa ham, faqat ingliz tilida dars o’tishadi.
TXVU’ning sizga yoqqan jihatlari nimada?
Menga ayniqsa bu yerdagi o’zgacha ichki muhit yoqadi. Universitet Toshkentning markazida joylashgan bo’lib, ancha katta hududga ega. Qulay ta’lim olish uchun barcha qulayliklar mavjud. Universitet hududida 3 ta asosiy binodan tashqari, TXVU akademik litsey binosi ham bor. Shuningdek, kutubxona binosi va sport zali ham mavjud. Futbol va basketbol maydonlari, skameykalar va maysazor bilan qoplangan maydonlar, yig’ilishib olib suhbatlashib, dars qilib o’tiradigan talabalar juda yoqimli atmosfera hosil qiladi. Xuddi Amerika filmlaridagi kabi :))
Siz qabul qilingan grant dasturi qanday imkoniyatlarni taqdim etadi?
Har yili TXVU 30 ga yaqin talabani to’liq grant asosida ishga qabul qiladi. Bu haqida hujjat topshirayotganimda universitet veb saytida o’qib qolgandim. Bilishimcha, kirish uchun boshqa grant variantlari mavjud emas. Yoki butunlay bepul o’qish huquqini qo’lga kiritasiz, yoki kontrakt to’lab o’qiysiz. Qisman grant berilmaydi. Men ham to’liq grant yutdim.
Bakalavr kursida o’qish to’lovi yiliga 30 million so’mni tashkil qiladi. Lekin, kontrakt asosida o’qishga kirgan va birinchi kursda barcha fanlardan 60% yoki undan yuqori ball to’plagan talabalarga o’qish to’lovi uchun 15% chegirma berishadi.
TXVU to’liq grantining imtiyozlari va o’ziga xos mas’uliyatlari bor. Masalan, o’qishni tamomlagandan so’ng talabalardan ma’lum muassasa bilan shartnoma tuzish talab qilinmaydi. Ular xohlagan joylarida ishlashlari mumkin.
Lekin birinchi kursda grantga o’qishga kirgan talabaning keyingi yillar ham grant olishi kafolatlanmaydi. Grantni saqlab qolish uchun siz har yili a’lo baholarga ega bo’lishingiz kerak. Bunda birinchi kursda kamida 60%, keyingi yillarda esa kamida 70% baholar talab qilinadi. Agar baholaringiz pasayib ketsa, grantdan mahrum bo’lasiz va belgilangan kontrakt to’lovini to’lashingiz kerak bo’ladi.
Grantga kimlar hujjat topshirishi mumkin?
Grantga universitetning umumiy qabul talablariga mos (kamida IELTS 5,5 va matematikadan imtihon topshirish) barcha nomzodlar ariza berishlari mumkin. Onlayn arizani to’ldirayotganda grant uchun maxsus katakchani belgilasangiz bo’ldi, nomzodlardan biriga aylanasiz. Saralash jarayoni va imtihonlardan eng yaxshi o’tganlar qatoriga kirsangiz, sizga grant belgilanadi. Lekin odatda, (amalda) grant uchun odatdagidan ancha yuqori natijalar talab qilinadi. Ya’ni, grant yutish ehtimoli baland bo’lishi uchun odatiy nomzodlardan balandroq IELTS va matematika bilimlariga ega bo’lish kerak. Bo’lmasa, umumiy talablarga mos bo’lsangiz ham, eng yuqori 30 talikka kirolmay qolasiz.
Grantga hujjat topshirish sanalari va jarayoni qanday?
Universitetga qabul uchun onlayn ariza topshirish qishda ochiladi. Grantga ariza berganda IELTS topshirganligingizni ham ko’rsatish kerak. Agar hali topshirmagan bo’lsangiz, onlayn arizani to’ldiraverasiz, IELTS natijasini taqdim etish uchun qo’shimcha muhlat olish mumkin. Bu muhlat iyul oyigacha. Buning uchun ariza topshirayotganda, IELTS topshirish uchun ma’lum bir sanada ro’yxatdan o’tganligingizni ko’rsatasiz va test natijasi chiqqandan so’ng sertifikatni taqdim etasiz.
Matematikaga kelsak, imtihonlar bir necha marta o’tkaziladi. Oldindan ma’lum sanadagi matematikaga ro’yxatdan o’tiladi. Imtihonlarning birinchisi aprel atrofida boshlanadi, ikkinchisi esa iyulda bo’ladi. Siz ulardan biriga registratsiya qilib, imtihondan o’tishingiz kerak. Har bir imtihonda qatnashishi mumkin abituriyentlar o’rni cheklangan bo’ladi, shuning uchun joylar to’lib qolmasidan avval imtihon uchun TXVU saytida ro’yxatdan o’tib olish zarur.
Grantga qabul uchun ingliz tili va matematika natijalari qanday bo’lishi kerak?
Avval aytib o’tganimizdek, grant uchun eng yuqori ball to’plagan 30 nafar talabgor tanlab olindi. Ballar quyidagicha hisoblanadi:
Ingliz tili (IELTS) – 60%
Matematika (imtihon) – 40%
Jami 100%.
Aytaylik, IELTS natijangiz 7.5 ga teng. Matematikadan imtihonda ham 100% ball to’pladingiz. Hisoblaymiz:
IELTS da eng yuqori ball 9,0 bo’lgani uchun, foiz hisobida 7.5 ball ingliz tili imtihonini 83,3% natija bilan topshirganligingizni bildiradi. 83,3% 0,6 ga ko’paytirildi (ingliz tili umumiy balning 60% qismini tashkil qilganligi uchun) – natija 50% ga teng bo’ladi.
Matematikadan to’plagan ballingiz 100% * 0,4 = 40% usulida hisoblanadi. Shunda, qabul uchun to’plash mumkin 100 ball hisobida ingliz tilidan 50 ball, matematikadan 40 ball olib, umumiy hisobda 90 ball to’plagan bo’lib chiqasiz. Boshqalarning ballari ham shunday hisoblanadi. Keyin esa umumiy ballari eng yuqori 30 talaba saralab olinadi.
Grant uchun o’tish ballari har yili har xil chiqadi. 2019 yilda o’tish balli 87,3, 2020 yilda esa, yanglishmasam, taxminan 84 bo’lgan. Umuman olganda, grantga kirish uchun IELTS 7.5 va matematika kamida 95% bo’lishi kerak. Agar IELTS 8.0 bo’lsa, unda matematika o’rtacha 85-90% atrofida bo’lsa yetadi.
O’qishni tamomlagach, nimalar qilmoqchisiz?
O’qishni tugatgandan so’ng GMAT imtihoniga tayyorgarlik ko’rish va bir necha yil o’z mutaxassisligim bo’yicha ishlashni rejalashtirmoqdaman. Keyin esa AQShning yaxshi universitetlaridan biriga MBA magistratura kursiga hujjat topshiraman. Bunday kursga qabul qilinish uchun GMAT imtihonidan yuqori ball to’plash va o’z sohasida ish stajiga ega bo’lish muhim.
TXVU grantini yutib olish istagidagi nomzodlarga nima maslahatlar berasiz?
IELTS va matematikaga boshqa narsalarga chalg’imasdan, astoydil tayyorgarlik ko’ring. Agar tayyorgarlikni oldinroq boshlab, qunt bilan bilim olinsa, grant uchun yetarli ball to’plash, menimcha, unchalik qiyin ish emas. Motivatsiyangiz tushib ketmasin, matematikani 100% ga yechib, IELTS’dan 7.5+ olish darajasiga keling. Ikkala imtihon uchun ham kamida bir yil oldin tayyorgarlik ko’rishni boshlang. Omad ham ma’lum darajada rol o’ynaydi. Lekin bunga ishonib qolmang.
Maktab va litsey / kollejda o’qib yurgan vaqtlaringizda ko’proq shu ikkala fanda mustaqil tayyorgarlik qiling. Yana bir tavsiya: agar AQSh yoki shu kabi chet el universitetlariga hujjat topshirmoqchi bo’lsangiz, maktab, litsey yoki kollejda yuqori baholar olishga harakat qiling, chunki qabul uchun baholaringiz ham inobatga olinadi. Lekin TXVU uchun maktabdagi baholar emas, IELTS va universitet matematika imtihoni natijalarigina hisobga olinadi, shuning uchun nimaga ko’proq e’tibor berish kerakligini aniqlab oling.
Umuman, TXVU, o’qish, qabul va boshqalar haqida qo’shimcha ma’lumot yoki tayyorlanish uchun yordam zarur bo’lgan abituriyentlar men bilan Telegram ijtimoiy tarmog’i orqali bog’lanishlari ham mumkin (username: @rmashkhur).