×

Xalqaro imtihon tizimlarida yuqori ball toʻplagan yoshlarga xarajatlari qoplab beriladi


Blog

BO'LIM

Yangiliklar

O'QILGAN

3965 marta

CHOP ETILGAN

14.04.2021

Hukumat qarori (209-son, 13.04.2021-y.) bilan Xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini toʻliq qoplab berishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

Qaysi xalqaro imtihonlarning xarajatlari toʻlab beriladi?

Quyidagi 5 ta xalqaro imtihon tizimi boʻyicha koʻrsatilgan ball/darajaga erishgan nomzodlarning xarajatlari 2021-yil 1-maydan boshlab kompensatsiya qilinadi (toʻlab beriladi):

  • IELTS – kamida 7 ball boʻlishi kerak;
  • TOEFL iBT – kamida 94 ball boʻlishi kerak;
  • GMAT – imtihon natijalari boʻyicha nisbat koʻrsatkich kamida (percentile) 75 boʻlishi kerak;
  • GRE – imtihon natijalarining har biri boʻyicha nisbat koʻrsatkich (percentile) 75 boʻlishi kerak;
  • SAT – kamida 1200 ball boʻlishi kerak.

Shuningdek, quyidagi 13 ta xalqaro imtihon tizimi boʻyicha koʻrsatilgan ball/darajaga erishgan nomzodlarning xarajatlari 2022-yil 1-yanvardan boshlab kompensatsiya qilinadi (toʻlab beriladi):

  • Cambridge Assessment English (CAE, CPE, BEC) – kamida C1 daraja boʻlishi kerak (CAE advance, CPE proficiency, BEC higher);
  • TestDaF (nemis tili) – kamida TDF 4 boʻlishi kerak;
  • Geothe-Zertifikat (nemis tili) – kamida C1 daraja boʻlishi kerak;
  • DELF/DALF (fransuz tili) – kamida C1 daraja boʻlishi kerak;
  • TCF (fransuz tili) – kamida C1 daraja boʻlishi kerak;
  • DELE/SIELE (ispan tili) – kamida C1 daraja boʻlishi kerak;
  • CELI/CILS/AIL (italyan tili) – kamida CELE 4/CILS Tre/DALI C1 daraja boʻlishi kerak;
  • TYS (turk tili) – kamida C1 daraja (71-88) boʻlishi kerak;
  • TOPIK I-II (koreys tili) – kamida 5-daraja (190-229) boʻlishi kerak;
  • JLPT (yapon tili) – kamida N2 daraja boʻlishi kerak;
  • HSK (xitoy tili) – kamida HSK 5 daraja boʻlishi kerak;
  • ALPT/APT/E-TOAFL/ACTFL (arab tili) – kamida C1 daraja boʻlishi kerak;
  • TORFL/ТРКИ (rus tili) – kamida ТРКИ III-IV (C1) daraja boʻlishi kerak.

Kimlar ushbu imtihonlar boʻyicha xarajatlarni qoplashni soʻrab murojaat qila oladi?

Xarajatlarni qoplashni soʻrab, imtihon topshirish paytida 31 yoshga toʻlmagan Oʻzbekiston fuqarolari va Oʻzbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali murojaat qilishlari mumkin.

Xarajatlarni kompensatsiya qilish qay tartibda boʻladi?

  1. Reglamentga koʻra, xalqaro imtihonlarda yuqori ball olgan yoshlar imtihon xarajatlarini qoplab berish uchun sertifikat olganidan 180 kunda davlat xizmatlari markazlariga yoki YAIDXP orqali (my.gov.uz) murojaat qiladi.
  2. DXM 10 daqiqada, YAIDXP orqali esa avtomatik tarzda hujjatlar Yoshlar ishlari agentligiga yuboriladi.
  3. Agentlik 15 kunda arizachining sertifikatini verifikatsiyadan oʻtkazadi.
  4. Sertifikatning haqiqiyligini verifikatsiya orqali aniqlash imkoni boʻlmasa, Agentlik 30 kunda maxsus sertifikatning haqiqiyligini tasdiqlashni soʻrab xorijiy tashkilotga soʻrov yuboradi.
  5. Sertifikat haqiqiyligi tasdiqlanganda 15 kunda kompensatsiya mablagʻlari Agentlik tomonidan Xalq bankiga oʻtkaziladi va ariza beruvchiga SMS xabar yuboriladi. Ariza beruvchi Xalq bankiga murojaat qiladi va kompensatsiya toʻlovlarini oladi.

Sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlanmaganda ariza beruvchiga SMS xabar yuboriladi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!