×

Xorij universitetlarida magistratura: “Research Degree” yaxshimi yoki “Taught Degree”?


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

3636 marta

CHOP ETILGAN

13.02.2019

Xorij universitetlarida magistratura bosqichini oʻqimoqchi boʻlganlar uchun bugungi mavzumiz juda dolzarb. Oʻzbekistonda magistratura bitta tizimda oʻqitiladi va yurtimizda bunday ajratish yoʻq. Ammo, magistratura dasturlarini chet eldan izlaganda “Research Master” va “Taught Master” birikmalari eng koʻp uchraydi. Koʻpincha bu tushunishda qiyinchiliklar keltirib chiqaradi. Ayniqsa, grantga ariza berayotganda. Bugungi maqolamizda shu masalaga oydinlik kiritishga urinib koʻramiz.

Asosiy farqlar

Taught Master

Taught Master kurslarida oʻqish nisbatan bakalavr bosqichiga yoki Oʻzbekistondagi magistratura dasturlariga oʻxshash. Bunda talabaning faoliyati meʼyoriy hujjatlar bilan chegaralanadi. Masalan, magistrant:

  • modullarga ajratilgan auditoriya soatlarida qatnashadi;
  • amaliyot oʻtaydi;
  • kurs ishi yozadi;
  • mustaqil taʼlim vaqtida esse, loyiha va h.k.larni tayyorlaydi va oʻquv rejada koʻrsatilgan boshqa vazifalarni bajaradi. Albatta, uning necha soat oʻqishi, qanday imtihonlar topshirishi belgilab qoʻyiladi. Yevropa kredit tizimi boʻyicha belgilangan kreditlarni (odatda bir semestrda 30, bir oʻquv yilida 60 kredit) yigʻadi. Taʼlim oxirida talaba davlat imtihonlarini topshiradi va magistrlik dissertatsiyasini himoya qiladi.

Bu dasturlarda oʻqigan talabalar oʻqishni tugatganda mutaxassislik boʻyicha “Master of Science” (MSc) yoki “Master of Arts” (MA) kabi ilmiy daraja (diplom) oladilar.

Research Master

Magistraturaning bu koʻrinishi koʻproq ilmiy tadqiqot ishiga urgʻu beradi. Mazmun-mohiyatiga koʻra, u Oʻzbekistondagi tayanch doktoranturada oʻqishga oʻxshaydi. Yaʼni, talaba tadqiqot uchun biror mavzuni tanlaydi va u boʻyicha ilmiy izlanishlar olib boradi.

Talabaning faoliyati shaxsiy reja asosida har oyda, har chorakda va har yilda bir marta nazorat qilinadi.

Bu tizimda talaba doim oʻqishi va universitetga har kuni kelishi shart emas. Butun oʻqish davrining ijobiy baholanishi dissertatsiyasida olib chiqayotgan ilmiy yangilik (gʻoya, nazariya, faraz)ning mazmuniga bogʻliq boʻladi. Yaʼni, talaba nisbatan erkin harakatlanadi.

Taʼlim olish vaqtida talaba biriktirilgan ilmiy rahbar (supervayzer) bilan birga ishlaydi. Xuddi taught master kabi kredit yigʻadi.

Diplom himoyasidan keyin bu turdagi magistrantlarga “Master of Research” (MRes) yoki “Master of Philosophy” (MPhil) kabi diplom beriladi.

Oʻxshash taraflari bormi?

Albatta, umumiy oʻxshash taraflar bor. Masalan, har ikkala magistratura kurslarida:

  • oʻqish muddati 1-2 yil;
  • kredit yigʻiladi (Bolonya yoki Yevropa kredit tizimi boʻyicha);
  • ilmiy rahbarga biriktiriladi;
  • ilmiy tadqiqot bilan shugʻullanadi (dissertatsiya ishi);
  • yakunda “master” diplomi beriladi.

Qaysi biri yaxshiroq?

Buning uchun, avvalo, sizga nima kerakligi haqida oʻzingizga savol berib koʻring. Yoki, kelajakda kim boʻlmoqchiligingiz toʻgʻrisida.

Agar kelajakda doktoranturada oʻqish va ilmiy ish qilish niyatingiz boʻlsa, yoki ilmiy tekshirish tashkilot/universitet/institutlarida ishlamoqchi boʻlsangiz, Research Masterni tanlaganingiz maʼqul.

Aksincha, oʻqib-oʻrganishga koʻproq qiziqsangiz va oʻqishni tugatib biror tashkilotda mutaxassis sifatida faoliyat olib borishni maqsad qilgan boʻlsangiz, Taught Master afzal.

Qanday hujjatlar topshiriladi?

Har ikki holatda ham oʻqishga talabgorlar universitetga taxminan quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

  • ariza;
  • qisqacha biografik maʼlumotnoma;
  • pasport nusxasi;
  • bakalavr diplom nusxasi;
  • bakalavr diplomi ilovasi;
  • nashr etilgan ilmiy ishlar roʻyxati, shuningdek ularning nusxalari (agar talab qilinsa);
  • esse;
  • motivatsion xat;
  • tavsiyanoma;
  • til sertifikati;
  • qoʻshimcha mukofotlar (agar bor boʻlsa);
  • tadqiqot rejasi/loyihasi/gʻoyasini taqdim etadilar.

Kirish imtihonlari

Kirish imtihonlari tanlangan mutaxassislikka koʻra mutaxassislik fanlari, aniq/tabiiy/gumanitar/ijtimoiy fanlardan topshirilishi, shuningdek, til imtihonlari ham topshirilishi mumkin. Koʻpincha, magistraturaga qabul qilinayotgan nomzod suhbatga chaqiriladi.

Stipendiya bormi?

Chet elda joylashgan universitetlarning koʻpchiligida oʻqish pulli. Ammo, universitet, davlat va turli tashkilotlar taqdim etayotgan grant/stipendiyalar dasturlari ham anchagina. Magistrant koʻrsatilgan grantlardan oʻziga mos keladiganini tanlab, hujjat topshirishi mumkin. Grant yutib olgan talabaga odatda toʻliq (barcha xarajatlar qoplanadigan) yoki qisman (maʼlum miqdorda) mablagʻ ajratiladi.

Diplom quyidagi koʻrinishda boʻladi:

Taught Master

Research Master

*Maqola: SHU YERDA va SHU YERDAgi manbalar asosida tayyorlandi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!