×

Xorijda tahsil olishning afzalliklari


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

11366 marta

CHOP ETILGAN

29.10.2019

Xorijda tahsil oluvchilarning oʻz maqsadlari boʻladi va aynan shu maqsad yuzasidan chet elda oʻqishni tanlaydilar. Ushbu maqsad sari intilish bilan bir qatorda, xorijda tahsil olish insonga bir qancha ijobiy imkoniyat va oʻzgarishlarni taqdim etadi. Quyida xorijda tahsil olishning ushbu ijobiy jihatlaridan ayrimlarini sanab oʻtamiz.

1. Hayot tarzingiz keskin oʻzgaradi. Taʼlim olish uchun xorijiy davlatga borish shunchaki komfort zonani (inson koʻnikkan qulay sharoitni) tark etishgina emas, balki inson hayotidagi keskin burilish hisoblanadi. Bunda siz oʻzingiz tushunadigan yoki tushunmaydigan muloqot tiliga ega yangi shaharda yashashni va ta’lim olishni boshlash bilan bir qatorda, yangi muhitni kashf qilasiz, moliyaviy harakatlaringizni rejalashtirasiz, koʻplab yangi insonlarni uchratasiz. Lekin vahimaga tushishning hojati yoʻq, buni tashvishli holat sifatida qabul qilmang.

Koʻpchilik talabalar doimiy bir xillikdan iborat hayotini oʻzgartirish uchun xorijda yashab tahsil olishni tanlashadi. Chunki Milan yoki Barselona kabi megapolislardagi impulsiv hayot zavqini kichik va sokin shaharchalarda his qilib boʻlmaydi. 

2. Yangi doʻstlar orttirish imkoniyati paydo boʻladi. Chet elda ta’lim olish dunyoning turli burchaklaridan boʻlgan yangi insonlar va yangi doʻstlar bilan tanishish imkonini ham taqdim etadi. Xorijda siz oʻzingiz kabi dunyoqarash va firklash tarziga ega (odatda ular ham boshqa davlatlar fuqarolari boʻlishadi) insonlar bilan topishish va birgalikda yashash imkoniyatlari mavjud. Baʼzi tanishlaringiz xorijdagi dastlabki kunlarida uyni qattiq sogʻingani yoki oʻziga noatish madaniyatdan shokka tushib qolganini eshitgandirsiz. Koʻz oldingizga keltiring, baland ovozda gapirayotgan hind yigitiga mas’um koreyalik yigitning hayratlanarli boqishini? Kulgili, shunday emasmi? Lekin bu ilk moslashuv holat hisoblanadi. Biroz vaqt oʻtgach, dam olish kunlarini birgalikda oʻtkazishga ulgurishgan turli madaniyat vakillari bir-birlariga oʻrganib olishadi va qarabsizki ajoyib jamoaga aylanishadi. 

3. Dunyoqarashingiz oʻzgaradi. Hatto bir marotaba xorijga chiqishning oʻzi, bitmas-tuganmas hissiyotlarni berishi mumkin. Chunki chet elda yashashni, oʻqishni televizorda koʻrish yoki boshqa insondan eshitishdan koʻra, oʻz boshingizdan oʻtkazib his qilishingiz toʻlaligicha oʻzgacha holatdir. Turli millat vakillari bilan muloqotda boʻlish, birga tahsil olish, ishlash va jamoaviy mashgʻulotlarni bajarish inson dunyoqarashini ijobiy tarafga oʻzgartiradi. 

4. Oʻzga xalqlar madaniyati bilan tanishasiz. Xorijda yashash davomida oʻzingizni oʻrab turgan madaniyatni anchagina oʻrganib olasiz. Siz yashayotgan uyning roʻparasida yashovchi qoʻshningiz Bryusseldan  boʻlishi yoki kursdoshingiz mumbaylik boʻlishi mumkin. Koʻchada yurganingizda esa har xil tilda soʻzlashayotgan insonlarga koʻzingiz tushadi yoki bir yotoqxonaning oʻzida tushlik payti turli millat madaniyatlarining qorishmasini koʻrasiz. Vaqt oʻtishi bilan turli millatlar madaniyati bilan yaxshiroq tanishib borasiz.

5. Yangi tillar va muloqot koʻnikmalarini oʻrganasiz. Xorijga tahsil olish uchun boruvchi aksariyat kishilar u yerdagi mahalliy tilni bilmasligi mumkin. Hozirda ingliz tili xalqaro hamjamiyatda eng keng qoʻllaniladigan til hisoblanadi. Biroq borayotgan davlatingiz tilini, masalan, Germaniyaga borishdan oldin nemis tilini, Yaponiyaga borishdan oldin yapon tilini biroz boʻlsa-da oʻranib qoʻyish zarar qilmaydi. Borib olganingizdan keyin esa kundalik turmush tarzidagi muloqotlardan koʻproq mahalliy tilni yanada yaxshiroq oʻrganish va muloqot koʻnikmalaringizni rivojlantirish imkoni paydo boʻladi. Masalan, ilk davrlarda doʻkonda savdo qilishda, jamoat joylarida mahalliy til vakillari bilan muloqot qilishingiz boshqa tilda biror gapni ayta olmasangiz ham, fikringizni qanday qilib yetkazib berish koʻnikmasini oshiradi.

6. Koʻproq sayohat qilish imkoniyatiga ega boʻlasiz. Siz ta’lim olayotgan shahar boshqa davlatlar yoki yirik poytaxtlar hududiga yaqin masofada joylashgan boʻlishi mumkin. Bu esa boshqa shaharlarni sayohat qilish imkonini beradi. Florensiyadagi hayotni va har dam olish kunlari Rimga sayohat qilish imkoniyatini tasavvur qiling! Sayohat insonning dunyoqarashini kengaytiradi. Oddiy hayot tarzidan chiqib, dunyoning soʻlim joylarini kezish, oʻzga davlat – oʻzga madaniyat, urf-odat va an’analar bilan tanishishdan zavqliroq ish boʻlmasa kerak.

7. Yaxshiroq karyera imkoniyatlariga ega boʻlasiz. Xorijda tahsil olgan talabalarning ish bilan taʼminlanish ehtimoli anchagina yuqori boʻlishi hech kimga sir emas. Aksariyat talabalarning maqsadi ham aslida shu. Qaysi muassasa boshligʻi xohlamaydi, chet elda ta’lim olib kelgan yosh kadrni?!

8. Byudjetingizni mustaqil va yaxshiroq yuritishni oʻrganasiz. Chet elda yashashning yana bir foydali jihatlaridan biri bu oʻz byudjetingizni oʻzingiz mustaqil boshqarishingizdadir. Xorij – oʻzingizni moliyaviy taraflama kashf qiladigan real sahnadir. Oddiy qilib aytganda, pulni sarf qilishni oʻrganasiz.

Xorijdagi byudjet boshqaruvida oʻzingiz kabi ta’lim olayotgan yoki ishlayotgan insonlar bilan jamoa boʻlib yashash har taraflama qulay hisoblanadi. Bunda ijara haqi, kommunal toʻlovlar kabi badallar arzonroqqa tushadi.        

9. Munosabatlarni qanday qilib boshqarishni oʻrganasiz. Chet elda yashayotgan talabalar yaqinlaridan uzoqda yashashlari sababli, ular bilan xohlagan paytda muloqot oʻrnatishlari ozgina qiyinchilik keltirib chiqaradi. Sababi, mintaqalardagi soat vaqtlarining nomutanosibligidir. Shuning uchun chet elda oʻqiyotgan talabalar odatda kunning aniq biror soatini uydagilari bilan gaplashish uchun belgilab qoʻyishadi. Bu esa insondagi yaqinlariga boʻlgan mehr, sogʻinch va e’tiborni yanada mustahkamlaydi.

Shu bilan bir vaqtda, oʻqish va kundalik hayotda koʻplab yangi kishilar bilan muloqotga kirishasiz va bu insonlar bilan munosabatda boʻlish mahoratingizni oshiradi. 

10. Sabr va qanoatni oʻrganasiz. Aytaylik, siz Angliyada ta’lim olishni orzu qilgansiz. Siz qulay turar joyni topasiz va shahardagi eng yaxshi ta’lim dargohlaridan birida ta’lim olishni boshlaysiz. Ammo, vaziyat qanchalik “ideal” boʻlmasin, uydan uzoqda yashash oson boʻlmagan holatlar boʻlishi mumkin va nega sabr-toqat “fazilat” deb hisoblanishini bilib olasiz. Yangi shaharda yashaganingizda, har doim moslashuv jarayonlari boʻladi. Dastlab uyga ketayotib, siz bir necha bor yoʻlingizni yoʻqotib, adashib qolishingiz yoki soʻzlashayotganda biroz qiyinchiliklarga duch kelishingiz (mahalliy aholining sheva yoki jargonlari sabab) va yangi doʻstlar orttirishingiz qiyin boʻlishi mumkin. Ushbu moslashish davridan oʻtish uchun sabr-toqat kerak boʻladi. Vaqt – oliy hakam deyilganidek, vaqt oʻtgani sayin chet eldagi ta’lim va hayot osonlashadi.

Madina Abdijalilova tayyorladi

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!