Xorijiy diplomlarni nostrifikatsiya qilish yanada osonlashadi.
“Taʼlim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Prezident qarori imzolandi.
Unga koʻra, 2019-yil 1-martdan boshlab quyidagi shaxslarning xorijiy davlatlarda berilgan diplomlari toʻgʻridan-toʻgʻri (maxsus sinovlarsiz) tan olinadi va nostrifikatsiya qilinadi:
- Oʻzbekiston hududida alohida boʻlinmalari (filiallari) va qoʻshma taʼlim muassasalari faoliyat yuritayotgan xorijiy taʼlim muassasalarida taʼlim olgan Oʻzbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning;
- QS, THE, ARWU reytingida TOP-1000 talikka kirgan xorijiy OTMlarda taʼlim olganlarning (ilgari TOP-500 edi);
- tasarrufida OTMlari boʻlgan Oʻzbekiston vazirlik va idoralarining yoʻllanmalari asosida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan taʼlim olgan fuqarolarning;
- 1992-yil 1-yanvargacha xorijiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan fuqarolarning;
- Oliy taʼlimda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining (European Association for Quality Assurance in Higher Education) toʻlaqonli aʼzolari – vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan taʼlim muassasalarida taʼlim olgan fuqarolarning, ayrim istisnolar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;
- AQSH, Avstraliya, Isroil, Kanada, Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya davlatlarining ushbu davlatlar vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan taʼlim muassasalarida taʼlim olgan fuqarolarning, ayrim istisnolar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;
- xorijiy OTMlarda mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun Oʻzbekistonning vazirlik va idoralari tomonidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan taʼlim olgan fuqarolarning;
- Oʻzbekistonning xalqaro shartnomalari, Prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Diplomni nostrifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi arizalar faqatgina Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.
Manba: @xushnudbek.uz