×

Xorijiy universitetga hujjat topshirishda qanday qilib mukammal ariza yozish mumkin?


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

4792 marta

CHOP ETILGAN

28.03.2019

Bugungi maqolamiz universitetga hujjat topshirishda aynan nimalar arizangizni “yaxshi” dan “aʼlo”ga koʻtarishi haqida.

Universitetga qabul uchun hujjat topshirayotganda oʻqishga kirish uchun kerak boʻladigan omillar faqatgina aʼlo baholar bilan cheklanmaydi. Toʻgʻri, aʼlochi boʻlish juda yaxshi va bu sizning qabul qilinishingizda muhim rol oʻynaydi. Ammo universitet qabul komissiyasida oʻtirgan odamlar sizga oʻxshagan yuzlab, baʼzan minglab abituriyentlarning arizalarini saralashdan oʻtkazadilar. “Gʻalvir suvdan koʻtarilganda” qolganlar ichida siz boʻlishingiz uchun, albatta, arizangizda esda qolarli nimadir boʻlishi kerak. Ijobiy maʼnoda.

Xoʻsh, universitet sizni tanlashi uchun ariza (personal statement) qanday yozilishi kerak?

Sizning akademik yutuqlaringiz umumiy hisobda 100 dan 70 foiz oʻrinni egallaydi. Sizda oʻzingizning eng yaxshi nomzod ekaningizni isbotlashga yana 30 foizlik imkoniyat qoladi. Bu esa sizning auditoriyadan tashqarida kim ekaningizni belgilaydi.

Darsdan tashqari tadbirlarda qatnashish yaxshi, albatta. Lekin sizning kerakli fanlardan qoʻshimcha shugʻullanganingizni “superkurs” tadbirlardagi ishtirokingiz yanada yaxshiroq koʻrsatadi. Buning uchun esa, quyidagi uchta sohaga eʼtiboringizni qarating:

1. Qoʻshimcha oʻqish. Dastlab, siz oʻzingiz tanlagan soha yoki fanga qanchalik katta qiziqishingiz borligini koʻrsatib berish kerak. Bunda maktab, kollej yoki universitetda oʻqigan darslardan tashqari yana qoʻshimcha koʻproq oʻrganishga harakat qilganingizni namoyish etish lozim. Eng yaxshi yoʻli – internetdan sohangiz boʻyicha materiallar bilan tanishish. Odatda ular tanlagan universitetingiz veb-saytida berilgan boʻladi. Shuningdek, tanlagan mutaxassisligingizga tegishli keng muhokama qilinayotgan ishlarni ham oʻqib chiqishingiz zarur. Masalan, boʻlajak biolog-evolyutsionist Darvinning “Turlarning kelib chiqishi” ni oʻqishi kerak boʻlsa, modernizm adabiyotini tanlagan abituriyent Ulissning “Mayoq”ini mutolaa qilgani yaxshi. Bundan tashqari, asarlar boʻyicha turlicha fikr bildirilgan boshqa adabiyotlarni ham oʻrgangan maqsadga muvofiq.

Shu bilan birga sohangizga oid kerakli jurnal va gazetalarga obuna boʻlish va muhim oʻzgarish, yangiliklarni kuzatib borish kerak.

2. Ishtirok va hamkorlik. Albatta, qoʻshimcha adabiyotlarni oʻqish yaxshi. Lekin bu koʻproq chetdan kuzatish hisoblanadi va masalaning uchdan bir qismini egallaydi. Sohaning ichiga kirib borish uchun esa undagi jarayonlarda qatnashish kerak.

Bunda muzey, koʻrgazmalarda ishtirok etishingiz mumkin. Masalan, ingliz tilini oʻrganayotgan boʻlsangiz, shu tilda gaplashadigan davlatga sayohat qilish. Arxitekturani oʻrganayotgan boʻlsangiz, diqqatga sazovor binolarni borib koʻrish kerak. Bu haqida gapirayotganingizda shunchaki aytib bermasdan, mavzuga nisbatan munosabatingiz, shaxsiy kuzatishlaringiz va qiziqishingizni ham koʻrsata oling.

Buni yana bir yoʻli – darajangizga mos guruh, klub yoki uyushmalarga qoʻshilish. Masalan, huquqshunos talaba muhokama guruhiga aʼzo boʻlishi mumkin boʻlsa, Model United Nations falsafa, siyosat va xalqaro aloqalar boʻyicha tayyorlanayotganlar uchun mos keladi.

Bundan tashqari, universitetga hujjat topshirayotgan paytda erkin tinglovchi sifatida maʼruzalarda qatnashish – ajralib turishning yana bir usuli. Buning uchun universitet sizga yaqin joyda maʼruza yoki tadbirlar tashkillashtirayotganidan xabardor boʻlish kerak.

3. Mustaqil oʻqish va oʻzini-oʻzi rivojlantirish. Va nihoyat, universitetlar sizning mustaqilligingizni va qatʼiyatliligingizni koʻrishni istaydi. Ommaviy ochiq onlayn-kurslarda oʻqish orqali siz oʻqishga jiddiy kirishganingizni koʻrsatasiz. Kurs soʻngida sertifikat olganingiz esa buni isbotlaydi. Shu tariqa qabul komissiyasida oʻzingiz toʻgʻringizda ijobiy tasavvur qoldira olasiz.

Yana, tanlagan faningiz boʻyicha olimpiada, musobaqa va tanlovlarda qatnashish ham sizni boshqalardan ustunligingizni namoyish etadi.

Chet ellik abituriyentlar uchun arizadan kutilayotgan barcha omillarni hisobga olish va ularni toʻgʻri aks ettira olish qiyin. Bunda ariza yoziladigan tilni yaxshi bilish ham talab qilinadi. Chunki, oʻylayotgan va oʻzingizda bor yutuqlarni koʻrsatish uchun mos keladigan soʻz-ifodalardan foydalanish kerak. Muhimi – qabul komissiyasini sizning shu kursda oʻqish uchun jiddiy kirishganingizga, munosib nomzod ekaningizga ishontirish. Albatta, bu oson boʻlmaydi, ammo, tirishqoqligingiz va intilishingiz mos darajada baholanishiga imkon beradi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!