×

Xorijiy universitetga hujjat topshirishda talaba yoʻl qoʻyadigan 6 ta xato


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

9735 marta

CHOP ETILGAN

19.04.2019

Xorijiy universitetlarga hujjat topshiradigan talabalar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Har yili AQSh oliygohlariga bir milliondan ortiq, Buyuk Britaniya universitetlariga qirq mingdan ziyod, Avstraliya ta’lim muassasalariga esa besh yuz mingdan koʻproq talabalar oʻqishga kiradilar.

Ammo raqobat juda kuchli. Tanlagan universitetingizga kirish uchun, xorijiy oliygohga hujjat topshirayotganda abiturient yoʻl qoʻyishi mumkin boʻlgan ayrim xatolarni chetlab oʻtishga harakat qiling.

Yaxshi baholar va darsdan tashqari mashgʻulot

Avvallari oʻqishga kirish uchun yaxshi baholar va darsdan tashqari mashgʻulotlarni rezyumeda aks ettirish yetarli edi. Ammo bu vaqtlar oʻtib ketdi. Hozirgi kunda raqiblarni yengish uchun koʻproq narsalar talab qilinadi. Hammaga oʻxshab qolmaslik uchun sizni boshqalardan ajratib turadigan nimadir kerak.

Keng qiziqishlar doirasi va erishilgan yutuqlar ijobiy baholanadi. Ammo bu qiziqishlar aynan nima bilan oʻziga xos, hamda sizning ustunligingizni ta’minlaydi – bularni koʻrsatib bera olish muhim.

Ishtiyoqning yoʻqligi arizangizni boshqa koʻpchilik joʻnatgan arizalar toʻplamiga qoʻshilib qolishiga sabab boʻladi. Agar qiziqishlaringizni ustoz-murabbiylar yordamida yuqori sinf, kollejdan boshlab aniqlay olsangiz, boshqalardan koʻra koʻproq ustunlikka erishasiz.

Kuchli “tarix”ga ega boʻlmaslik

Balki, siz oʻqishga topshirayorgan arizangiz – yana bitta tarix ekanligini anglamasligingiz mumkin. Universitet haqida yozilgan esse arizangizni koʻrib chiqadigan odamlarda qanaqa taassurot qoldirishingizni belgilaydi.

Ishonavering, umuman olganda, oliygoh ma’muriyati essedagi tafsilotlarni eslab qolmaydi. Lekin, esse hosil qilgan kuchli taassurot siz aynan ular uchun yaratilganday kayfiyat uygʻotadi. Demak, hikoyangizni yanada koʻproq ta’sirchan qilib yozing. Aytaylik, sizni qiziqtirgan bir-ikkita yoʻnalish va shu sohalarda erishgan yutuqlaringizni samarali qilib koʻrsata oling.

Omadi kelib, oʻqishga kirib ketgan abituriyentlarning aksariyati oʻz “tarix”larini yigʻishga tahsil olishni boshlagan zahotiyoq kirishadilar. Shu tarzda ularda tayyorlanish uchun yetarlicha vaqt boʻlgan.

Nufuzli oliygohlarga “B” rejasiz hujjat topshirish

Koʻpchilik abiturientlar faqatgina AQShdagi Ivy League colleges va Buyuk Britaniyaning LSE, UCL kabi oliygohlarga hujjat topshirib xatoga yoʻl qoʻyadilar.

Bu universitetlar arizangizga rad javobini berganda (afsus, shunaqasi ham boʻlib turadi) esa, “zaxira” rejangiz boʻlmasa, yengilishingiz tabiiy. Shuning uchun hujjat topshirishda boshqa variantlarni ham oʻylab qoʻying.

Turli veb-saytlarda berilgan reytinglardan foydalangandan koʻra, oʻzingiz reyting tuzganingiz ma’qul. Bunda oliygoh sizning talablaringizga qay darajada javob beradi, oʻqitiladigan dasturlar siz tanlagan mutaxassislikka qanchalik mos, kampusdagi madaniy muhit sizning mentalitetingizga toʻgʻri keladimi, kabi mezonlarga tayaning.

Har doim yodda tuting: siz oʻsha “prestijniy” universitetlardan koʻra, xuddi shunday yoʻnalishda sifatli ta’lim beradigan “ikkinchi darajali” oliygohga oʻqishga kirishingiz mumkin. Bu universitet saviyasi past degani emas. Shunchaki odatda “brend” orqasidan ergashadigan chet ellik nomzodlar “reklama” qilinmagan universitetga kamroq ariza beradilar.

Masalan, AQShning Chikago shtatidagi Illinoys universitetida Caltech tashkiloti bilan bogʻliq kompyuter fanlari boʻyicha a’lo darajadagi dastur oʻqitiladi.

Imtihonga tayyorgarlikni juda kech boshlash

SAT imtihoniga tayyorlanishni iloji boricha erta boshlang. Masalan, oʻqishga topshirishdan 1-2 yil avval. Hali bilimlar esdan chiqib ketmasidan tezgina imtihonni topshiring.

Grant dasturlariga e’tibor bermaslik

Xorijiy universitetga hujjat topshirayotgan vaqtingizda e’tibor qaratish mumkin boʻlgan koʻplab grant dasturlari bor. Aksariyat talabalar “bunga munosib emasman” qabilida ish koʻradi va stipendiyaga ariza bermaydi. Siz ular qatoriga kirib qolmang. Stipendiya dasturlari davlatlar, jins, tanlangan fan, ijtimoiy kelib chiqish va moliyaviy ahvolga qarab taqdim etilishi mumkin. Agar oʻzingizni kelajak uchun yaxshi “investitsiya” ekanligingizni isbotlay olsangiz, aynan siz uchun ham biror moliyalashtirish manbai topiladi.

Kontrakt va yashash xarajatlarini notoʻgʻri hisoblash

Xorijiy universitetga hujjat topshirgan talabalar odatda moliyaviy hisob-kitoblarda xatoga yoʻl qoʻyadilar. Masalan, byudjetni taqsimlashda. Ba’zan, ular kontrakt puli aslidagidan kamroq, deb oʻylaydilar. Masalan, Finlandiya, Gollandiya kabi davlatlarda ikki xil toʻlov turi bor: Yevropa Ittifoqiga kiradigan va kirmaydigan davlatlar fuqarolari uchun. Tabiiyki, Oʻzbekiston fuqarosi mahalliy yoki YIga kiradigan davlat vakilidan koʻra koʻp kontrakt toʻlaydi.

Bundan tashqari, yashash, transport va sayohat kabi boshqa xarajatlarga ham anchagina pul kerak. Boshqa taraflama qaraganda esa, bepul ta’lim har doim ham ideal emas. Masalan, Germaniya, Polsha, Shveysariya kabi davlatlardagi ayrim universitetlar tekin oʻqitgani bilan, u yerda yashash juda qimmatga tushadi.

Qissadan hissa…

Xorijiy universitetga ariza berayotganda, hamma narsadan xabardor ekanligingizga ishonchingiz komil boʻlsin. Ba’zan chet elda oʻqish yaxshi tanlov boʻlmasligi mumkin. Ayrim talabalar ota-ona, tanish-bilish va oʻrtoqlarning maslahatlariga ishonib, oʻzi aslida nimani istashiga ahamiyat bermaydi. Siz nima deb oʻlaysiz: musofir yurtda, uyingiz va oilangizdan uzoqda mustaqil yashay olasizmi?

Agar chindan bunga ishonsangiz, ariza topshirish uchun toʻgʻri hujjat topshirishni, rad javobidan keyin (xudo koʻrsatmasin, arizangiz rad etilsa) yengilmaslikni ham uddalay olasiz.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!