×

Yangi Zelandiyada o’qish qanchaga tushadi?


Blog

BO'LIM

Universitetlar

O'QILGAN

7013 marta

CHOP ETILGAN

22.04.2019

Yangi Zelandiya go’zal tabiati va nufuzli oliygohlari bilan minglab xalqaro talabalarni jalb etadi. Bu yerda bugun 106000 dan ziyod chet ellik talabalar tahsil olmoqda. Agar Siz ham ular safiga qo’shilishni rejalashtirayotgan bo’lsangiz, ushbu maqola siz uchun.

Yangi Zelandiyada qanday oliygohlar mavjud?

1.  Oklend Universiteti (University of Auckland). Yangi Zelandiyaning eng yirik oliygohi hisoblangan Oklend universiteti 2019-yilgi QS jahon universitetlari reytingida umumiy 85-o’rinni egallab turibdi, yo’nalishlar reytingida esa biznes, hamshiralik, arxeologiya kabi 18 yo’nalish bo’yicha kuchli 50 talikka kiritilgan. Universitetda 42000 ga yaqin talaba tahsil oladi.

2. Otago Universiteti (University of Otago). Jahon reytingida 175-o’rinni egallagan Otago Universiteti Yangi Zelandiyadagi eng birinchi universitet hisoblanadi. Universitetning asosiy binosi Dunedin shahrida joylashgan. Otago Universitetida 21000 ga yaqin talaba tahsil oladi.

3. Vellingtondagi Viktoriya Universiteti (Victoria University Wellington). Bu oliygoh Yangi Zelandiyaning poytaxti – go’zal Vellington shahrida joylashgan. Maqomi ham shunga yarasha – huquqshunoslik, kutubxonachilik va axborot boshqaruvi kabi yo’nalishlarda Jahon reytingidagi kuchli 50 talikka, boshqa 12 xil yo’nalishda top 100 talikka kirgan. Umumiy reytingda Fransiyaning Sciences PO universiteti va Otago Universiteti birgalikda 221-o’rinni egallab turipti.

4. Canterbury Universiteti (University of Canterbury). Bu universitet Yangi Zelandiyaning janubiy orolida joylashgan, davlatdagi eng qadimiy oliygohlardan biri sanaladi. 2019-yilgi QS Jahon universitetlari reytingida 231-o’rinni egallab turibdi. Universitetda 80dan ortiq millat vakillaridan iborat 14000 talaba tahsil oladi.

5. Vaikato Universiteti (University of Waikato). Ushbu oliygoh Yangi Zelandiyaning shimoliy orolida joylashgan. Jahon reytingida 274-o’rinda (2019-yilgi reytingda naq 18 pog’ona yuqorilagan).

6. Linkoln Universiteti (Lincoln University). Bu oliygoh Jahon universitetlari reytingida 317-o’rinni, yo’nalishlar bo’yicha reytingda esa agrosanoat bo’yicha kuchli 50 ta o’rinlardan birini egallagan.

7. Massey Universiteti (University of Massey). Bu universitet Yangi Zelandiyadagi nano-fanlar (nanoscience), aviatsiya, nizolarni bartaraf etish va veterinariya bo’yicha kurslar o’qitiladigan yagona oliygoh hisoblanadi. Jahon reytingida 331-o’rinda.

8. Oklend Texnologiya Universiteti (Auckland University of Technology). Jahan reytingida 464-o’rinda turuvchi bu universitet chet ellik talabalar soni bo’yicha jahonda 23-o’rinda turadi.

Yangi Zelandiyada o’qish va yashash qanchaga tushadi?

Yangi Zelandiyada ta’lim haqida rasmiy ma’lumotlar joylashtiriladigan sayt ma’lumotlariga ko’ra, bu davlatda bakalavr bosqichi uchun kontrakt miqdori yiliga 22000-32000 Yangi Zelandiya (NZD) dollari atrofida bo’ladi. Bu taxminan 15000-28000 AQSh dollariga to’g’ri keladi. Magistraturada o’qish uchun yiliga 26000-37000 NZD (taxminan 18000-25000 AQSh dollari), doktorantura uchun esa yiliga 6500-9000 NZD (taxminan 4500-6000 AQSh dollari) kontrakt to’lash kerak.

Yangi Zelandiyaga o’qishga ketish niyatidagilar u yerda kontrakt to’lovi va turar-joydan tashqari yashash xarajatlarini ham hisobga olgan holda reja tuzishlari kerak. Kontrakt to’lovidan tashqari oziq-ovqat, turar-joy, sug’urta, o’quv materiallari va shu kabilarga ham ancha mablag’ sarflash kerak bo’ladi. Agar talaba Yangi Zelandiyada bir yildan ortiq o’qishi rejalashtirilgan bo’lsa, viza olish jarayonida o’z hisobida kamida 20000-25000 NZD (taxminan 13500-19000 AQSh dollari) miqdorida mablag’ borligini ko’rsatishi kerak. Lekin o’qish joyi va yashash hududiga qarab yashash xarajatlari ham ortishi mumkin. Masalan, poytaxt Vellington va davlatning eng yirik shahri Oklendda yashash boshqa shaharlarga nisbatan ancha qimmatga tushadi.

Oklend Universitetining hisob-kitoblariga ko’ra o’rtacha chet ellik talabaning hafftalik xarajatlari taxminan quyidagicha bo’ladi:

  1. Uskunalar – 23 NZD (~US$15.50)
  2. Internet – 8 NZD (~ $5)
  3. Telefon tarifiga to’lash uchun – 10 NZD (~ $6.75)
  4. Sug’urta – 8 NZD (~ $5)
  5. Oziq-ovqat – 120 NZD (~ $80)
  6. Transport – 35 NZD (~ $24)
  7. Ko’ngilochar mashg’ulotlar – 55 NZD (~ $37)

Boshqa xarajatlarga majburiy tibbiy sug’urta (yiliga taxminan 200-700 NZD – 135-470 AQSH dollari), o’quv qurollari (500 NZD – 340 AQSh dollari) va doktor ko’rigidan o’tish (45 NZD – 30 AQSh dollari) kiradi.

Dam olish va ko’ngilochar mashg’ulotlarda qatnashish uncha qimmat emas – taxminan 40 AQSh dollariga shug’ullanish zali uchun oylik obuna sotib olish mumkin, kinoga tushish uchun esa taxminan 10 AQSh dollari kerak.

Turar-joy narxlari qayerda yashashingizga qarab farq qiladi. Chet ellik talaba uchun eng qulay turar-joy talabalar yotoqxonasi hisoblanadi. Yangi Zelandiyada barcha universitetlarning yotoqxonalari mavjud. Yotoqxonaga ko’chib o’tishdan oldin u yerda ovqat bilan ta’minlanish yoki oziq-ovqatni o’zingiz tayyorlashingizga qarab oyiga 180-320 AQSh dollari to’lash kerak bo’ladi.

Yangi Zelandiyada o’qish va yashash xarajatlarini qoplash uchun to’liqsiz stavkada ishlash mumkin. Lekin bunday ish barcha xarajatlaringizni qoplashga yetarli emas. Talabalar o’qish vaqtida haftasiga 20 soatgacha, ta’til vaqtida esa to’liq stavkada ishlashlari mumkin. Agar o’qish uchun grant yutib olsangiz, xarajatlaringizning katta qismi qoplab beriladi. Yangi Zelandiyada o’qish uchun grantlar bu yerdagi rasmiy saytda joylashtirib boriladi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!