×

Yaponiya qanday ta’lim imkoniyatlarini taqdim etadi? (Habibullo Bakiyev bilan suhbat)


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

9758 marta

CHOP ETILGAN

13.04.2017

Yaponiya nafaqat Osiyo balki jahonning rivojlangan mamlakatlaridan biri. Bugungi kunda mazkur davlatning boy tarixi, o‘ziga xos madaniyatiga qiziquvchilarni ko‘plab uchratishimiz mumkin.

Sizga havola etiladigan navbatdagi  maqolamizda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ingliz filologiyasi o‘qituvchisi, bir necha yillar Yaponiyada tahsil olgan Habibullo Bakiyevdan ushbu yurtning ta’lim tizimi  va boshqa kerakli ma’lumotlarni  bilib olishingiz mumkin.

M.: – Assalomu alaykum Habibullo aka! Hozirgi kunda yoshlarimiz orasida “Kun chiqar” mamlakatga qiziqish bildirayotganlar talaygina. Bunga Yaponiyaning yuksak iqtisodiy salohiyatga ega ekanligini sabab sifatida aytishadi. Sizningcha Yaponiya taraqqiyotining tub mazmuni nimada?

  1. B.: – Yapon xalqi ma’rifatni sevadigan, ilmni qadrlaydigan xalq. Ularning yaqin tarixiga nazar solinsa, 19-asrda “Meydzi inqilobi” tufayli modernizatsiya davri, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng qayta tiklanish harakatlari muvaffaqiyatli kechganligining guvohi bo‘lamiz. Va bu tarixda “yapon mo‘jizasi” nomini olgan. Bunday rivojlanishga ular yoshlar ongini har tomonlama boyitishga, “yaponcha milliy ruh”da tarbiyalashga urg‘u berganliklari sabab deb, bilaman. Qolaversa, mamlakat xalqining birinchi o‘rinda jips bo‘lib istiqomat qilishi, sinovlar oldidagi matonati, yuksak vatanparvarligi iqtisodiyotining ilgarilashini ta’minlagan.

M.: – Ta’lim jarayonlarida ularning qanday o‘ziga xos tomonlari bor?

  1. B.: – Men bir necha yillar muqaddam Yaponiyaning Sinday shahrida tahsil olganman. Yashash davomida shunga amin bo‘lganmanki, yaponlar umrining tub mazmunini ilmda hisoblashadi. Misol uchun, maktabgacha ta‘lim ikki bosqichga bo‘lingan. Birinchi bosqichda chaqaloqlarni 6 oyligidan qabul qilishadi. Ota-onalar esa ish yoki o‘qish faoliyatida davom ettiraverishadi. Maktabda esa, ta’lim va tarbiyaga alohida e’tibor qaratilgan. Katta qizim boshlang‘ich tahsilni Yaponiyada olgan. Havas qilarli jihati, maktabga qabul qilinganidan keyin o‘quvchiga yangi ko‘chat ektirilib, to o‘qishni bitirgunlaricha parvarishlash vazifasi yuklanadi. Bu ish ta’til paytida ham davom etadi. Qolaversa, ularning barcha ta’lim muassasalarida basseynlar mavjud bo‘lib, har bir yoshga yaxshi suzish talabi ham qo‘yilgan. Shuningdek, ularda deyarli oshxona va farrosh xizmati mavjud emas. Ovqatlanish ma’lum to‘lov evaziga maxsus tashkil etiladi. Bunda tanavvul qilinayotgan mahsulotning sifatli bo‘lishiga ahamiyat beriladi. Maktabning barcha qismlarini tozalash ishlari o‘quvchilar tomonidan bajariladi. Bu orqali bolani kichikligidan pokizalikka, buyumlarni asrash hissini shakllantirish maqsad qilinadi. Yana meni hayratlantirgan narsalardan mamlakatda o‘rta maktabdan keyin ta’lim majburiy bo‘lmasa-da, statistik ma’lumotlarga ko‘ra qariyb 98 foiz aholi kollejlarda o‘qishni davom ettirishadi. Shu kabi jihatlar ularning naqadar ilmga muhabbati balandligini ko‘rsatadi.

M.: – Yapon tili va alifbosi haqida ham ma’lumot bersangiz?

  1. B.: – Yapon alifbosining 3 turi mavjud. 1-sinfdan bolalarga sodda hisoblangan Xirogana turi o‘rgatiladi. Ma’lum savod chiqarilganidan keyin milliy va qadimiy turi bo‘lgan Kanjiga o‘tiladi. Kanji turi tahminan 20 mingdan ziyod. Bu jihatdan Xitoy iyerogliflari bilan bir xil. Lekin, talaffuzda farqlanishlar bor. Ma’lumot uchun badiiy adabiyot, gazeta mutolaasiga 5 mingga yaqin Kanjini o‘qiy bilish lozim. Asosan, chet tilidan kirib kelgan so‘zlar va turli xalqaro korxonalar nomlarini yozishda ular alifbosining Katakana turidan foydalanishadi.

E’tiborli jihati Xirogana qolgan ikki turning o‘rnini bosa olsa-da, Kanjidan voz kechilmagan. Biror o‘quvchining bilimini ayan Kanjini bilish darajasidan beligilashadi. Kanjini o‘rganish ta’limning eng so‘nggi bosqichida ham hattoki undan keyin ham davom etaveradi. Shuni aytish o‘rinliki, yapon tilni talaffuz jihatida ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bor. Ammo, qunt bilan mehnat qilinsa, hamma ishning uddasidan chiqsa bo‘ladi, albatta. Chunki, Yaponiya tili qiziqarli til sirasidan.

M.: – Yaponiyaga grantlarni qo‘lga kiritish uchun nimalarga ahamiyat berish lozim?

  1. B.: – O‘ylashimcha, hech qaysi davlatning ta’lim grantlari Yaponiya hukumati taqdim etadigan kabi talabalar uchun qulay va to‘liq tarzda bo‘lmasa kerak. Ularda deyarli barcha grantlar MEXT tomonidan beriladi. Yaponiyaga ikki yo‘l bilan grantga ega bo‘lish mumkin. Birinchi yo‘l o‘zim kabi IELTSdan kamida 6 ball olish, ikkinchi usul yapon tilini bilishlik darajasi imtihoni JLPT (Japanese languge proficiency test) orqali. JLPTning 5 darajasi bo‘lib, N1 – N5 gachani tashkil etadi. Yapon tilida ta’lim olish uchun N1 yoki N2 bo‘lishi talab etiladi.

Men yoshlarimizga Yaponiyada texnika sohasi bo‘yicha tahsil olishni tavsiya beraman. Boisi, yaponlarda  ushbu soha ilg‘or taraqqiy etgan. Maktab davridan bolalarning turli texnik ixtirolari doimiy rag‘batlantirib kelinadi. Gumanitar yo‘nalish, ya’ni til bilishlikda O‘zbekiston ulardan peshqadamligini ko‘rganman. Bizda boshlang‘ich ta’limdan bolaga bir necha til o‘rgatilib kelinadi. Masalan, o‘zim 3 ta tilni bilishim ularning hurmatiga sazovor bo‘lishimga sabab bo‘lgan. Shuning uchun Yaponiyaga borishdan oldin, bir necha tillarni, tarixni bilishingiz ularda yaxshi taassurot qoldirishingizga zamin yaratadi.

M.: – Muvaffaqiyatga erishishning kaliti nimada hisoblaysiz?

  1. B.: – Albatta tinimsiz harakatda! O‘qish va izlanishda. Vaqtning qadriga yetish, uni shu orqali to‘g‘ri taqsimlashda deb, bilaman. Inglizlarda, shunday ibora bor, – “Sen birovdan zo‘r bo‘lishga urinma. Kechagi kunigdan zo‘r bo‘lishga intil!..” Shuningdek, sharq xalqlarining, – “O‘qimoq va o‘rganmoq daryoda suv oqimiga qarshi suzishdek gap – to‘xtasang orqaga qaytib ketasan”, kabi hikmatli so‘zlariga amal qilaman. Shunday ekan, nurli kelajakka erishmoqlik uchun keng mushohadali, sabr-qanoatli bo‘lish juda zarur. Bir so‘z bilan, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov aytganlaridek, “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”, ekanligini doimo yodimizda saqlashimiz shart.

M.: – Iliq suhbatingiz uchun rahmat!

Nurillo TO‘XTASINOV suhbatlashdi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!