×

Yaponiyada oʻqishni xohlovchi oʻzbekistonliklarga viza berishdagi tekshiruv kuchaytiriladi


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

1126 marta

CHOP ETILGAN

09.02.2020

Manba: Maqsud Salomov

Viza talablariga amal qilmayotganlar soni keskin oshib borayotganligi sababli, Yapon hukumati Yaponiyada oʻqishni xohlovchi Oʻzbekiston fuqarolariga viza berishdan oldin amalga oshiriluvchi tekshiruvni kuchaytirmoqda.

Sababi nima?

Afsuski, Yaponiyada tahsil olayotgan koʻpgina xorijliklar oʻqishi yakunlanib, oʻqish uchun berilgan viza muddati tugagandan keyin ham Yaponiyadan chiqib ketmaydi – noqonuniy qolib, ishlab yurishga urinadi. Noqonuniy qolib ishlayotgani maʼlum boʻlgan xorijliklarga nisbatan Yaponiyadan deport qilishgacha boʻlgan choralar qoʻllaniladi. Bunday urinishlarni amalga oshiruvchi xorijliklar orasida oʻzbekistonliklar ham bor. Mazkur chora Yaponiyada noqonuniy qoluvchilar sonini qisqartirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Yaponiya hukumati bunday chorani oxirgi marta qachon qoʻllagan?

Aytish joizki, Yaponiyada ishchi kuchi yetishmaydi. Xorijliklar, jumladan xorijlik talabalar Yaponiyada yetishmayotgan ishchi kuchining oʻrnini anchagina toʻldirib turadi. Jumladan, Yaponiyada tahsil olayotgan xorijlik talabalarga haftasiga 28 soat ishlashi uchun qonunan ruxsat berilgan.

Ishchi kuchi yetishmasligi muammosiga qaramay, viza muddati tugagach mamlakatda noqonuniy qolayotganlar soni keskin oshishi Yaponiya immigratsiya xizmatlari agentligini qatʼiy chora koʻrishga majbur qilgan.

Agentlik xorijlik talabalarga viza berishdagi tekshiruvchi kuchaytirish chorasini oxirgi marta bundan 30 yil oldin qoʻllagan. Hozirda Yaponiyada oʻqishni xohlovchi 7 mamlakat fuqarolariga viza berishda kuchaytirilgan tekshiruv amal qiladi. Bu mamlakatlar –Xitoy, Vetnam, Nepal, Shri-Lanka, Myanma, Bangladesh va Moʻgʻuliston.

Bu safar nechta mamlakat fuqarolari uchun chora koʻrilishi rejalashtirilgan?

Bu safar jami 80 ta davlat fuqarolariga oʻqish uchun viza berishdan oldin kuchaytirilgan tekshiruvni qoʻllash nazarda tutilgan. Ular orasida Oʻzbekiston ham mavjud. Eʼtiborga molik jihati shundaki, bunday davlatlar orasidan Xitoyni chiqarib tashlash rejalashtirilgan.

Kuchaytirilgan tekshiruv qachondan amal qila boshlaydi?

80 mamlakat fuqarolari uchun kuchaytirilgan tekshiruv 2020-yilning aprelidan boshlab amal qila boshlaydi. Ungacha ushbu mamlakat fuqarolari odatiy tekshiruvdan oʻtkaziladi.

Davlatlar roʻyxati nimaga asoslanib tuzilgan?

Agentlik iqtisodiy holati nisbatan yaxshi boʻlgan davlatlar roʻyxatini shakllantirgan. Bu roʻyxatdan 118 mamlakat joy olgan. Iqtisodiy holat yaxshiroq davlatlar fuqarolarining noqonuniy qolib ishlash ehtimoli kam ekanligi hisobga olingan.

80 ta mamlakat esa iqtisodiy holati u qadar yaxshi boʻlmagan davlatlar roʻyxatidan joy olgan. Mazkur mamlakatlar fuqarolarining noqonuniy qolib ishlash ehtimoli yuqori boʻlganligi sababli, ularga nisbatan kuchaytirilgan tekshiruv joriy qilinmoqda. Noqonuniy qoluvchilar soni ham hisobga olingan, albatta.

Tekshiruv qiyinlashadi degani nima?

Bu degani vizaga nomzoddan qoʻshimcha hujjatlar talab qilinadi.

Masalan, hozirda kuchaytirilgan tekshiruv amal qiluvchi 7 mamlakat fuqarolari, boshqa davlat talabalaridan farqli ravishda, viza uchun Agentlikka ariza topshirishda quyidagi qoʻshimcha hujjatlarni ham taqdim qilishi lozim:

1. Eng oxirgi taʼlim bosqichida olingan diplom/sertifikat.
2. Talaba Yaponiyada oʻqiyotgan payti uni iqtisodiy taʼminlab turuvchi vatanidagi qarindoshlarining bank hisob raqamlaridagi summalar.
3. Talabaning ota-onasi/qarindoshlariga qarindoshlik aloqasi bilan bogʻlanganini isbotlovchi hujjat.

Shunday qilib, joriy yilning aprelidan boshlab Yaponiyada oʻqishni xohlovchi vatandoshlarimiz uchun viza olish yanada qiyinlashadi.

Tekshiruv kuchaytiriladigan 80 mamlakatning toʻliq roʻyxati bilan SHU YERDA tanishing.

P.S. Vatandoshlarimiz qaysi davlatda borishdan qatʼiy nazar, viza va boshqa masalalarga oid qonunchilikka amal qilishlarini soʻrab qolamiz.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!