×

Yevropadagi eng goʻzal 10 ta universitet


Blog

BO'LIM

Universitetlar

O'QILGAN

16507 marta

CHOP ETILGAN

19.03.2019

Goʻzallik qanday nazar bilan qarashga bogʻliq, deyishadi. Ammo bugun biz aytmoqchi va koʻrsatmoqchi boʻlayotgan goʻzallikni koʻrmaslik mumkin emas, fikrimizcha.

Albatta, oʻqishga hujjat topshirishda universitet taklif etayotgan oʻquv dasturlari va fanlarga birinchi eʼtibor beriladi. Albatta, tahsilning samarali boʻlishi qanday muhitda taʼlim olish bilan ham bogʻliq. Bugungi maqolamizda eʼtiboringizga Times Higher Education Student tomonidan taqdim etilgan Yevropaning eng chiroyli 10 ta universiteti roʻyxatini havola etamiz. Bu universitetlar oʻz binolarining takrorlanmas mahobatli arxitekturasi va goʻzalligi bilan ajralib turadi.

1. Bolonya universiteti, 1088-yilda tashkil etilgan Bolonya universiteti dunyodan eng qadimgi oliygoh hisoblanadi. Universitet asrlar davomida doim taʼlim berib kelish bilan birga dunyodagi eng goʻzal universitetlar orasida birinchilikka daʼvogar boʻla oladi. Oliygoh hududida Podja Saroyi joylashgan. Bu inshoot ichida tabiatshunoslik, anatomiya, akusherlik, fizika va kimyo boʻyicha koʻrgazmalarni qamrab olgan uchta muzey mavjud. Universitet binolari ichida gotik uslub va uygʻonish davri arxitekturasi namunasi boʻlgan Collegio di Spagna ham diqqatga sazovor. Arxitektura yodgorliklaridan tashqari universitet hududining 2 gektar maydonini Botanika bogʻi tashkil etadi.

2. Salamanka universiteti, Ispaniya. Bu universitet 1134-yilda tashkil qilingan. Qadimiyligi boʻyicha Ispaniyada birinchi, dunyoda esa uchinchi oʻrinda turadi. Oliygoh chet ellik talabalarga oʻqish uchun tavsiya etiladigan birinchi universitet hisoblanadi. Universitet binosi barokko usulida qurilgan. Ayniqsa, 160 000 jild kitobga ega boʻlgan universitet kutubxonasi alohida eʼtiborga loyiq. Kutubxona fasadida yashirin amfibiya (qurbaqa) tasviri bor. Aytishlaricha, uni topgan talaba imtihonlarni osongina topshirarkan:))). Salamanka shahrida YUNЕSKO roʻyxatiga kiritilgan boshqa qadimiy obidalar ham bor.

3. Koimbra Universiteti, Portugaliya. 1290-yilda asos solingan. Universitet binosi sobiq Alkasova qirollik saroyiga joylashtirilgan. Shu sababli, u oʻzining hashamatliligi va boy arxitekturasi bilan ajralib turadi. Bino oppoq rangda. Uning asosiy ramzi – Soat minorasi. Mashhur bino barokko uslubida qurilgan Santa-Krus sobori va shiftgacha kitoblar bilan toʻldirilgan Juanin kutubxonasini oʻz ichiga oladi. Mazkur inshoot har qanday arxitektura ixlosmandining orzusi boʻla oladi.

4. Rostok universiteti, Germaniya. Germaniyada joylashgan Rostok universiteti Germaniyaning eng qadimiy oliygohlaridan biri. Taʼlim muassasasi yildan-yilga chet ellik talabalarni yanada oʻziga jalb etmoqda. Universitetning koʻpchilik binolari gotik uslubda qurilgan, ularning orasiga esa daraxt va gullar ekib, hiyobonga aylantirilgan. Oliygoh hududining markazida bir qarashda diqqatni tortadigan fontan bor. Tashrif buyuruvchilar va talabalar vaqti-vaqti bilan bu yerda madaniy hordiq chiqaradilar.

5. Arxus universiteti, Daniya. Bu universitet Daniyaning kattaligi boʻyicha ikkinchi oʻrinda turadigan shaharida joylashgan. Oliygoh oʻz binolarining oʻsimliklar bilan qoplanganligi bilan diqqatga sazovor. Universitet kampuslari yashil chirmovuqlar bilan qoplangan. Shuning uchun ular doim yashnab turadi va oʻziga xos hayratlanarli manzara hosil qiladi. Bu yerda hordiq va ishni uygʻunlashtirish imkoni bor. Daniyalik arxitektor S.F.Moller tomonidan loyihalashtirilgan universitet binolari oliygohning yoshligini aks ettiradi. Taʼlim muassasasining Moller hamda uning hamkasblari Kay Fisker va Paul Stegmanlar tomonidan qurilgan sariq gʻishtli inshootlari Daniyaning 12 ta eng mashhur arxitektura yodgorliklari sirasiga kiradi.

6. Gdansk Texnologiya universiteti, Polsha. Universitet bir necha arxiterkura uslublaridan foydalanib qurilgan. Oliygohning asosiy binosi neorenessans (yangi uygʻonish davri arxitekturasi) stilida boʻlib, bir koʻrganda yodda qoladi. Bino fasadida uning taʼlim markazi ekanligiga ishora qiluvchi bir nechta tosh belgilar mavjud. Universitet binolari va hududida aql-zakovat va donolik ramzi boʻlgan boyqush ramzi hamda sher haykallari, Gdansk shahri gerbi bor.

7. Upsala universiteti, Shvetsiya. Oliygohning koʻpchilik binolari German Teodor Xolmgren tomonidan roman uslubida loyihalashtirilgan. Universitetga 1880-yillarda asos solingan va u oʻzining mahobati, ulkanligi va katta maydonda joylashganligi hamda takrorlanmasligi bilan tashrif buyuruvchilarni oʻziga tortadi. Bino interyeri geometrik shaklli pol plitalari, devorlari esa goʻzal naqshlar, marmar haykallar, qubbalar va qandillar kabi goʻzal dizayn detallariga toʻla. Asosiy binodan hozirga qadar dars mashgʻulotlarini olib borish bilan birga turli tadbirlarni oʻtkazishda ham foydalaniladi. Universitetda goʻzal arxitektura binolaridan tashqari Botanika bogʻi, Linney va Linnes Xammarbyu bogʻlari mavjud. Shuningdek, oliygoh hududidagi issiqxonalardan birida Shvetsiyadagi yagona Tropik oʻrmon joylashgan.

8. Grenobl Alp universiteti, Fransiya. Fransiya Alp togʻlari yaqinidagi Grenobl shahrida joylashgan bu universitet hududida uchta togʻ yonbagʻirlari mavjud. Universitet 175 ga maydonga ega. Talabalar taʼlim olish va togʻ sayohatini uygʻunlashtirish, toza havodan bahramand boʻlishlari mumkin. Universitetning binolari esa eng zamonaviy va noanʼanaviy uslublarda qurilgan.

9. Dublin Triniti kolleji, Irlandiya. Oksford va Kembrij uslubida 1592-yilda yaratilgan. 18-asr arxitekturasi, koʻkalamzor maydon va yoʻlaklar oliygohni Irlandiyaning ideal taʼlim muassasalaridan biriga aylantirgan. Kollejning mashhur yozuvchi va faylasuflar haykallari bilan bezatilgan Long Room va Qadimiy kutubxonasini ziyorat qilmaslikning iloji yoʻq. Triniti kolleji binolari koʻpchilik filmlar, shuningdek Bollivud kinofilmlarida ham suratga olingan.

10. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Rossiya. Universitetning asosiy binosi 240 metr maydonda joylashgan. Balandligi 57 metr boʻlgan minora va 12 tonnalik besh qirrali yulduz bilan bezatilgan. Aytishlaricha, binoda 33 km koridor va 5000 ta xona mavjud ekan. Universitetga kirish barcha uchun ochiq boʻlmaganligi uchun u sirliday tuyuladi. Oliygoh atrofiga buta va daraxtlar ekilgan, ular bahorda gullab, qishda esa oppoq qorga burkanib koʻzni quvontiradilar.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!