×

Yuridik ta’limda qanday o’zgarishlar bo’ldi?


Blog

BO'LIM

Yangiliklar

O'QILGAN

7658 marta

CHOP ETILGAN

17.06.2017

Bugun (2017-yilning 17-iyun kuni) Xushnudbek.uz saytida «Yuridik ta’limda qanday o’zgarishlar bo’ldi? Qolgan OTMlarda ham tezroq shunday bo’lsa edi» nomli maqola chop etildi. Ushbu maqolada, asosan, Toshkent davlat yuridik universitetidagi ta’lim tizimiga oid oxirgi o’zgarishlar haqida gap boradi. Quyida maqola to’laligicha keltirilgan.

2017 yil 2 iyun kuni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori qabul qilindi.

Bundan avvalroq, ya’ni 2017 yil 28 aprel kuni «Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi Prezident qarori imzolangani va u orqali milliy ta’lim tizimida bir qator inqilobiy o’zgarishlar qilingani haqida Xushnudbek.uz’da ma’lumot berilgandi.

Xo’sh, Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan yana qanday o’zgarishlar kiritildi? Shu haqida hozirgi tahliliy maqolada tanishishingiz mumkin.

Ushbu qaror bilan ikkita narsa, Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish tartibi to’g’risida nizom tasdiqlandi (1) hamda O’zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish belgilandi (2).

1-o’zgarish. Toshkent davlat yuridik universitetiga xorijiy fuqarolarni qabul qilishda boshqa OTMlardan farqli o’laroq, test sinovlaridan voz kechilib, shunchaki suhbat o’tkaziladigan bo’ldi.

Izoh: O’zgarishga ko’ra, endilikda Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi mamlakatlaridan kelgan xorijiy fuqarolar nafaqat TDYU, balki barcha OTMlar bakalavriatiga suhbat natijasida qabul qilinadigan bo’ldi. MDHdan boshqa mamlakat fuqarolari uchun esa OTMlarda test sinovi saqlanib qolgan. TDYUda barcha xorijliklar suhbat asosida qabul qilinadi.

2-o’zgarish. Xorijiy fuqarolarni qabul qilishda abiturientlar o’z hujjatlarini internet orqali yuborishi yo’lga qo’yildi. Faqat abiturientlardan suhbatga kelganda o’zlari bilan hujjatlarning originallarini olib kelish va tasdiqlash talab etiladi xolos.

Izoh: Aslida bunday tizim deyarli barcha xorijiy OTMlarida mavjud. Tegishli hujjatlarning oddiy skaner varianti birlamchi hujjat topshirish uchun etarli hisoblanadi. Chunki keyinchalik ularning haqqoniyligini tekshirish va agar kimdir aldagan bo’lsa, unga rad javobini berish imkoni har doim bo’ladi. Bu juda oddiy tartib.

Internet orqali hujjat qabul qilish tartibni nafaqat xorijiy fuqarolar, balki o’zimizning abiturientlarga ham qo’llash vaqti allaqachon etib kelgan. Ammo bizda qo’rquv bor. OTMlar bunga tayyor emas, abiturientlar bunga tayyor emas, hali bizda internet savodxonligi rivojlanmagan, firibgarlik ko’payadi, u bo’ladi, bu bo’ladi, xullas son-sanoqsiz bahona. O’qishga kirish mavzusi shunchalar darajaga etganki, har qanday qarorimiz ortida firibgarlik paydo bo’lishi mumkinligidan qo’rqib qolganmiz. Lekin qachongacha yangilik qilishdan qo’rqib yashaymiz?

Hozirda faqat Toshkent axborot texnologiyalari universitetidagina bakalavriat uchun hujjatlarni onlayn qabul qilish yo’lga qo’yilgan xolos.

3-o’zgarish. Bir semestrda nazariy bilimlarni egallashga ajratilgan 18 haftalik o’quv jarayonlari 14 haftaga qisqartirildi. Ortib qolgan 4 haftalik muddat talabalarning mustaqil izlanishlari va nazorat ishlari uchun ajratiladi.

Shuningdek, auditoriya darslari hajmining haftalik maksimumi 36 soatdan 30 soatga qisqartirildi. Bu TDYUda haftasiga 5 kun o’qish bo’ladi degani.

Izoh: Barcha xorijiy OTMlardan farqli ravishda O’zbekistonda 2 sentyabrdan yanvar oyining o’rtasiga qadar o’quv mashg’ulotlari davom etadi. Natijada o’qish samaradorligiga bu faktor salbiy ta’sir ko’rsatadi. O’qituvchi charchaydi, talaba charchaydi, chunki vaqtining aksariyat qismini auditoriyada o’tkazadi, amaliy ko’nikma hosil qilmaydi. TDYUda esa 18 haftalik muddat 14 haftaga qisqartirildi.

Shuningdek, OTMlarda haligacha talabalar o’z ish faoliyatida biron marta kerak bo’lmaydigan, mutaxassisligiga umuman aloqasi bo’lmagan qo’shimcha fanlarni o’qishga majbur bo’lishmoqda. TDYUda keraksiz, mutaxassislik uchun kam ahamiyatli fanlarni chiqarib tashlash evaziga 4 yil davomida o’qitiladigan fanlarning umumiy soni 30 tagacha qisqartirildi. Ilgari ularning soni 60 ga yaqin edi.

Bundan tashqari, TDYUda barcha fanlar kesimida haftasiga 1 ta leksiya va 1 ta seminar o’tiladigan bo’ladi. Bu o’z navbatida o’qituvchilarning o’quv yuklamasini sezilarli darajada kamaytiradi va ularga qulaylik yaratadi, o’qitish samarasini oshirishga olib keladi.

4-o’zgarish. TDYU davlat ta’lim standartlarida belgilangan o’quv bloklariga o’zgartirish kiritish huquqiga ega bo’ldi.

Izoh: Bugungi kundagi ta’lim tizimimizda barcha yo’nalishlardagi o’quv rejalariga kiritiladigan fanlar standart ravishda majburiy 5 ta bloklardan iborat qilib belgilangan. Bunday umumiy “standartlar” xalqaro tajribaga mutlaqo javob bermaydi. Chunki talabalar ko’plab ortiqcha va keraksiz fanlarni majburan o’qishadi, vaqtlarini behudaga ketkazishadi. Biz “universal askar”larni chiqarishga urinamiz, lekin aniq bir yo’nalishdagi kuchli mutaxassislarni tayyorlash darajasida muammolarimiz etarlicha.

TDYUga berilgan ushbu huquq orqali endilikda o’quv dasturlaridan matematik va tabiiy-ilmiy fanlar bloki chiqarib tashlanadi. Buning ustiga fan bloklarini gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar, umumkasbiy fanlar, maxsus fanlar va qo’shimcha fanlar tarzida bo’lish ham maqsadga muvofiq emasligi sababli, TDYUda xalqaro tajribadan kelib chiqib fanlar ikkita blokka: mutaxassislik (profil) va nomutaxassislik fanlariga ajratiladi. Va ikkala blokda ham majburiy hamda tanlov fanlari kiritiladi.

5-o’zgarish. TDYUda O’zbekistondagi OTMlar orasida birinchi bo’lib, o’qitishning kredit tizimiga o’tiladi. Kredit tizimi talabalar o’quv yuklamalari hajmini aniqlashning shartli belgisi bo’lib, xorijiy ta’lim muassasalarida eng keng tarqalgan tizim hisoblanadi.

Izoh: Kredit tizimi haqida quyidagi maqolalar orqali ma’lumot olishingiz mumkin:

6-o’zgarish. Toshkent davlat yuridik universitetiga pedagog xodimlar adliya organlari va muassasalari uchun belgilanadigan tartibda o’tkaziladigan tanlov asosida qabul qilinadi.

7-o’zgarish. TDYUga bakalavr darajasiga ega bo’lgan shaxslar ham o’qituvchi sifatida ishga olinishi mumkin.

Izoh: Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 10 fevraldagi “Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga ko’ra, O’zbekistonda oliy ta’lim o’qituvchisi lavozimini egallash uchun albatta magistrlik darajasi bo’lishi lozim.

Amaliyotda tez-tez duch kelamizki, milliy OTMlardan birida bakalavr dajasini olgan ko’pchilik yurtdoshlarimiz xorijiy OTMlarda magistrlik darajasini olishadi. Ular yurtimizdagi OTMlarda dars bergisi, xorijda to’plab kelgan bilimi bilan o’rtoqlashgisi keladi, biroq bizda xorijiy diplomlarni nostrifikasiya qilish xuddi igna bilan quduq qazish kabi qiyinligi sababli ular ana shunday o’qituvchilik, ilmiy-tadqiqot va amaliy ish tajribasiga ega bo’lgan shaxslarning tajribasidan foydalana olmaymiz. Masalan, xorijiy OTMlarning yurtimizdagi filiallariga e’tibor bersak, ular bemalol bakalavr darajasidagi shaxslarni o’qituvchi sifatida ishga olishadi.

Mazkur o’zgarishga ko’ra, TDYUga o’qituvchi sifatida ishga kirishi mumkin bo’lgan shaxslar doirasi kengayadi va quruq magistrlik diplomiga emas, balki olinayotgan shaxsning tajribasiga qaraladi.

8-o’zgarish. TDYUda o’qituvchilarning yillik shaxsiy ish rejasi faqat o’quv tusdagi tadbirlarni o’z ichiga oladigan bo’ldi. Shuningdek, o’qituvchilardan 1540 soatlik “nagruzka” ham olib tashlandi.

Izoh: Bugungi kunda oliy ta’lim tizimida o’qituvchilarning yillik shaxsiy ish rejasi:

  • o’quv;
  • ilmiy-metodik;
  • ilmiy-tadqiqot;
  • tashkiliy-metodik;
  • ma’naviy-axloqiy;
  • tarbiyaviy tusdagi asosiy tadbirlar ro’yxatini, tadbirlardan har biri bo’yicha soatlar miqdorini ko’rsatgan holda, o’z ichiga oladi.

O’qituvchi o’zining asosiy vazifasi, ya’ni dars berishdan tashqari, yana ko’plab jamoatchilik ishlariga jalb qilinadi, har bir o’tkazgan tadbirini isbotlash uchun tonnalab qog’ozbozliklarga mahkum etiladi. Yil oxirida soati chiqmayotgan o’qituvchi qo’shib yozish uchun nimalarnidir o’ylab topishga majbur bo’ladi. Umuman o’qituvchining asosiy fikru xayoli 1540 soatlik “nagruzka”ni bajarishda bo’ladi.

Xo’sh, unda o’qituvchi qachon o’z ustida ishlaydi?

TDYUda endilikda o’qituvchining yillik shaxsiy ish rejasi faqat o’quv o’quv tusdagi tadbirlarni o’z ichiga oladi. Ammo bu degani o’qituvchilar qolgan yo’nalishdagi tadbirlarni bajarmaydi degani emas. Qo’shimcha tadbirlarni bajargani uchun o’qituvchilarni ish haqi fondining 85%i miqdorida alohida rag’batlantirish tizimi joriy etiladi.

9-o’zgarish. TDYUda tahsil olayotgan talabalar ikkinchi kursdan boshlab o’qishning bir o’quv yiligacha bo’lgan muddatni xorijiy OTMning yurisprudensiya yo’nalishida o’qish huquqiga ega. Talabaning xorijiy OTMda o’qigan davri va o’zlashtirgan fanlari ma’lumotnoma asosida universitet Kengashi tomonidan universitet o’quv rejasi va dasturlarining tegishli qismlarini o’zlashtirganligi sifatida qabul qilinishi va talabaga o’qishini tegishli o’quv semestridan davom ettirish huquqi berilishi mumkin.

Bugungi ta’lim tizimimizda talaba yoshlarning xorijda o’qishi yoki oddiygina amaliyot o’tashi bilan bog’liq bir qator qiyinchiliklar mavjud. Amaldagi qoidaga ko’ra, talaba 74 soat dars qoldirsa, u talabalar safidan chiqariladi. Shuning uchun xorijga, aytaylik atigi 1 oyga o’qishga ketmoqchi bo’lgan talaba o’z xohishiga ko’ra talabalar safidan chiqish uchun ariza yozishga majbur bo’ladi. Qaytib kelgach esa, yana oldingi kursidan o’qishni boshlaydi, natijada 1 yilini havoga sovuradi.

TDYUdagi o’zgarishga binoan, endilikda 1 yilgacha muddatga o’qishga ketgan talaba, qaytib kelgach, kelgan joyidan o’qishini davom ettiraveradi, behuda vaqt yo’qotmaydi.

10-o’zgarish. TDYU talabalari endilikda akademik o’zlashtira olmaganligi (qarzdorligi) uchun talabalar safidan chiqarilmaydi. Akademik qarzdor talabalar o’zlashtira olmagan fanlarni takroran o’qitish uchun tegishli kursda qoldiriladi.

Izoh: Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 18 iyundagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o’qishini ko’chirish, qayta tiklash va o’qishdan chetlashtirish tartibi to’g’risidagi nizom”ga binoan, semestr yakuni bo’yicha akademik o’zlashtira olmagan (qarzdor) talabalar talabalar safidan chiqariladi. Ular kelasi o’quv yilidan o’qishini qayta tiklaydi va barcha fanlarni yangitdan o’qishni boshlaydi. Garchi oldingi yili xuddi shu fanni o’zlashtirgan (baho olgan) bo’lishiga qaramasdan. Yana o’sha mavzular, yana o’sha ma’ruzalar, yana o’sha nazorat ishlari, yana o’sha referat va testlar… Buning ustiga talabalar safidan chiqarilgan talaba yoz oylarida qayta tiklanish uchun bir dunyo hujjatni yig’ishi, komissiyaga kirishi, buyruq chiqishini kutishi va yana bir qancha murakkab jarayonlarni boshidan kechirishi kerak.

Endilikda TDYUda fanni o’zlashtira olmagan talaba talabalar safidan chetlatilmaydi, shunchaki kursdan kursga qoldiriladi. Kelgusi o’quv yilida esa xuddi o’sha o’zi o’zlashtira olmagan fanni o’qiydi xolos. O’zlashtirgan fanlarini qayta o’qishi shart bo’lmaydi.

11-o’zgarish. TDYU huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish fakulteti negizida Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi tashkil etildi.

12-o’zgarish. Endilikda TDYU bakalavriat ta’lim yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo’yicha malaka talablari, o’quv rejalari va o’quv dasturlarini Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligidan mustaqil ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Izoh: Aslida ushbu o’zgarish faqat TDYU uchun kiritilgani yo’q. Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta’limning davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to’g’risida» 2001 yil 16 avgustdagi 343-son qarorining 1-ilovasiga o’zgartirish kiritilib, o’quv jarayoni o’qitishning modul tizimiga asoslangan barcha OTMlar yuqoridagi kabi o’quv rejalarini mustaqil o’zi tasdiqlashi belgilandi. Biroq hozircha faqat TDYUda qonun hujjatlariga muvofiq o’qitishning modul tizimi rasman yo’lga qo’yilgan. Garchi TATU, tibbiyot oliygohlarida ham modul tizimi asosida o’qitishga qisman o’tilgan, biroq ularda bu tizim rasman, qonun hujjatlariga asosan, tasdiqlangan emas. TDYUda esa Prezident qarori bilan modul tizimi joriy etilgan.

Maqolani tayyorlashda Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan taqdim etilgan materiallardan foydalanildi.

Xushnudbek.uz izohi:

Ta’limdagi bunday o’zgarishlardan quvonmaslikning iloji yo’q. Sekin-asta xorij havosi kirib kelyapti. O’zgarishlardan, yangiliklardan qo’rqmaydigan, sovet davridagi qotib qolgan standartlardan voz kecha oladigan avlod shakllanyapti. Shunisiga shukur.

Faqat bunday o’zgarishlarni birgina yuridik universitet misolida emas, barcha OTMlarda qo’llashni boshlash kerak. “Qanday bo’larkin, o’qituvchilarimiz tayyormas, talabalar tayyormas, sharoitimiz tayyormas, odamlar tayyormas” degan bahonalarni yig’ishtirish vaqti keldi.

Boshlanishiga xatolar, kamchiliklar bo’lsa ham, kelgusida bu faqat foyda keltiradi. Biz qanchalik o’zgarishlarni ortga suraversak, shuncha o’zimizga jabr qilaveramiz. Ayniqsa ta’lim tizimida buning to’lovi qimmat bo’ladi. Fursatni boy bermaylik.

Manba: Xushnudbek.uz

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!