Angliyaning Liverpul shahrida joylashgan University of Liverpool oliygohi Hodgson Law Scholarship dasturiga arizalar qabul qilmoqda. Grant mashhur huquqshunos Liverpul Jozef Hodjsonning sharafiga uning turmush oʻrtogʻi Elizabet Hodjson tomonidan tashkil etilgan. Grant universitetning huquqshunoslik magistratura (postgraduate taught, LLM) kursida oʻqishni istagan talabalarga beriladi. Grantlar 1 yilga moʻljallangan.
Grant kimlar uchun?
Huquq boʻyicha magistraturada oʻqishni xohlovchilar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
University of Liverpool LLM magistratura kurslarida oʻqish toʻlovi yiliga taxminan 17 000 funt-sterling. Oʻqish kunduzgi boʻlimda 1 yil davom etadi.
Grant yutib olgan nomzodga quyidagi imkoniyatlar beriladi:
- 1 yil muddatga oʻqish puli toʻliq qoplanadi.
- Bir yilga 9 135 funt-sterling stipendiya beriladi.
Talablar:
Nomzodlar quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:
- Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlmagan hamda Buyuk Britaniyalik boʻlmagan nomzodlar grantga ariza bera oladilar (Oʻzbekistonliklar ariza berishi mumkin).
- Nomzod universitetning LLM kurslaridan biriga ariza topshirgan boʻlishi/topshirishi kerak.
- Nomzod yuqori akademik koʻrsatkichga ega boʻlishi lozim. Grant uchun bakalavrlik diplomi darajasi kamida Britaniya tizimida 2:1 darajaga teng boʻlishi kerak (Bu daraja xalqaro tizimda 100 balldan 60-69 ballga toʻgʻri keladi. Lekin Oʻzbekiston universitetlaridan olingan diplom uchun 100 ballik tizimda oʻrtacha ball kamida 80 boʻlishi tavsiya etiladi).
- Nomzod ingliz tilini a’lo darajada bilish zarur. Ingliz tilini qanchalik yaxshi bilish kerakligi tanlangan kurs sahifasida koʻrsatilgan. Odatda IELTS kamida 6.5 talab qilinadi (hech bir boʻlimi 6 dan past boʻlmasligi kerak.).
- Bakalavr va/yoki unga ekvivalent darajaga ega boʻlishi kerak.
Yanada batafsil ma’lumot: shu yerda va shu yerda.
Dasturga qabul jarayoni:
Grantlar universitetning LLM (postgraduate taught) kurslariga oʻqishga kirgan talabalarga beriladi. Shuning uchun avval oʻqishga ariza berish kerak. Keyin esa alohida grantga ariza topshiriladi. Oʻqishga arizalar 2021-yil sentabrda boshlanadigan kurslar uchun 2021-yil 31-iyulga qadar qabul qilinadi, grantga esa 2021-yil 1-maygacha hujjat topshirish mumkin, demak oʻqishga arizani erta topshirish kerak.
Oʻqishga hujjat topshirish quyidagicha amalga oshiriladi:
- Avval shu yerdan kerakli dasturni tanlang.
- Tanlangan dastur uchun oʻqishga qabul talablari bilan tanishing.
- Overview sahifada umumiy ma’lumotlar berilgan.
- Module details sahifasida modul uchun necha kredit yigʻish kerakligi koʻrsatilgan.
- Entry requirements boʻlimida kirish talablari haqida yozilgan.
- Fees boʻlimida kontrakt toʻlovi va qanday toʻlash mumkinligi haqida aytilgan.
- Applying boʻlimida hujjat topshirish tartibi koʻrsatilgan. Apply yozuvini bosib, ariza toʻldiring va kerakli hujjatlarni ilova qilib, joʻnating.
- Qabul jarayoni haqida savollar tugʻilganda kurs sahifasi oʻng tarafida berilgan manzilga yoki International Teamga murojaat qilish lozim. Universitet qabul komissiyasi mutaxassislari masalaga oydinlik kiritadilar.
Oʻqishga qabul uchun hujjatlar tarkibi:
- Toʻldirilgan ariza.
- Diplom va diplom ilovasi. BA (bakalavrlik) yoki LLB diplomi topshiriladi.
- Ingliz tili sertifikati. LLM kurslari uchun IELTS 6.5 yoki unga teng darajadagi boshqa xalqaro til sertifikati talab etiladi.
- Ikkita tavsiyanoma.
- Qoʻshimcha hujjat sifatida esse talab qilinishi mumkin.
Grantga ariza berish. Stipendiya talablari haqida batafsil ma’lumot bilan tanishing, keyin ariza shakli toʻldiriladi (arizada qanday hujjatlar arizaga ilova qilishi kerakligi yozilgan) va 1-mayga qadar hodgscho@liverpool.ac.uk manziliga joʻnatiladi.
Nomzodlarni saralash ularning liderlik qobiliyati, a’lo baholari va yutuqlari, tadqiqot olib borishga layoqati, sohaga tegishli kasbiy bilim va tajriba kabilarga koʻra amalga oshiriladi.
Grant yuzasidan savollaringiz boʻlsa, quyidagi kontaktga murojaat qilishingiz mumkin:
Dr John Tribe (jtribe@liverpool.ac.uk).